Payg'ambarlar qissasi (Bolajonlar uchun)  ( 123228 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 19 B


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:09:07

12. Sigir voqeasi.

    Muso alayhis-salom Allohga duo qildi.

    Pok Rob Bani Isrol qavmiga bir sigir so'yishni vahiy orqali buyurdi.

    Xuddi mana shu erda masala chigallashdi. Banu Isroil yana masxaraomuz savollarini boshlagandi.

    "Eslang! Muso o'z qavmiga:

    - "Alloh bir sigir so'yishlaringni buyurdi, deganda ular:

    - "Ustimizdan kulyapsanmi?" —dedilar.

    Muso dedi:

    - "Unday johillardan bo'lib qolishdan Alloh panoh berishini so'rayman".

    Ular dedilar:

    - "Robbingga duo qil, uning qandayligini bayon qilsin".

    (Muso dedi):

    - "U zotning aytishicha, u qari ham, yosh g'unajin ham bo'lmagan o'rta bir sigirdir. Endi farmonni ado etinglar".

    Ular shu erda ham to'xtashmadi. Endi sigirning rangini surishtira boshlashdi.

    Ular dedilar:

    - "Robbingga duo qil. Uning rangini bayon qilsin".

    (Muso) aytdi:

    - "U zotning aytishicha, u ochiq-mallarang sigir bo'lib, ko'rganlarning ko'ngli chog' bo'ladi".

    Hech qanday savol topa olmaganlaridan keyin umumiy qilib yana bir marta so'rashdi:

    Ular aytdilar:

    - "Robbinga duo qil, uning qandayligini bayon qilsin, bu mol bizga ishtibohli bo'lib qoldi. Inshaolloh, endi yo'limizni topib olamiz".

    (Muso) aytdi:

    - "U zotning aytishicha, u shunday bir sigirki, xor bo'lib er haydamaydi, u bilan (suv tashib) ekin sug'ormaydilar, aybu nuqsonsiz, unda o'z rangidan boshqa rang-bo'yoq yo'q".

    Ular:

    - "Endi haqiqatni aytding", dedilar".

    Lekin Banu Isroil o'ziga-o'zi og'ir qilib qo'ygandi. Agar ular hadeb savol beravermasdan to'g'ri kelgan bir sigirni so'yganlarida ham kifoya qilgan bo'lardi.

    O'zlari qattiq olganidan keyin, Alloh ham ularga qattiq qilib qo'ydi.

    Banu Isroil aytilgan sigirni uzoq qidirdi. Chunki yuqoridagi sifatlarga ega bo'lgan sigir juda ham kam uchrardi.

    Bir sigir ochiq mallarang bo'lsa-da, o'rta yoshli bo'lmasdi.

    Yana birida ko'p sifatlar topilardi-yu, lekin u er haydardi yoki suv tashirdi...

    Qidiraverdilar, qidiraverdilar...

    Nihoyat o'zlarining xato qilganliklarini tushundilar.

    Alloh taolo bir etimning baxtini ochdi. Vahiyda ta'riflangan sigir faqat mana shu etimda bor edi.

    Banu Isroil sigirni juda katta pulga sotib oldilar.

    Alloh taolo o'ldirilgan kishini sigirning bir bo'lak go'shti bilan urishni buyurdi. Shunda o'lik tirilib qotilining nomini aytadi.

    Xuddi shunday bo'ldi....

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:09:30

13. Shariat

    Banu Isroil endi odamlardek yashay boshladi. Ular cho'lda hur, erkin edilar.

    Endi bu qavmga ilohiy bir shariat lozim edi. Toki ular mana shu shariat bilan hukm qilsinlar, hayot yo'llarini yoritsinlar.

    Inson faqat ilohiy shariat nuri ostidagina insondek yashashi mumkin.

    Olam tim qora zulmat. Bu erda Rob tomonidan berilgan mash'ala zarur.

    U Payg'ambarlar qo'lidagi mash'aladir.

    Kimda-kim mana shu nur ortidan ergashmas ekan, hayotda mudom ko'r tuyadek adashib yuradi.

    Ilohiy nurdan tashqarida turib to'qilgan aqidalar bolalarga ermak bo'ladigan ertaklardan boshqa narsa emas.

    Siz mushriku kofirlar - turli adashgan kimsalar aqidalarini, xurofotlarini eshitmaganmisiz?

    Ularning ilmi jaholat, taxmin va shubha-gumon asosiga qurilgan.

    "Ular faqat gumon-taxminga ergashurlar xolos. Aniq-ki, gumon haqiqatdan biron narsaning o'rniga o'tmas!"

    Johiliy axloq bu isrof, qosirlik, haddan oshish va sustkashlikdir.

    Payg'ambarlar yo'liga ergashmagan kimsalar o'zgalar haq-huquqini bemalol hazm qilib yuboradilar. Ular havoi nafslariga ergashib o'z chegaralaridan tashqariga chiqib ketishadi.

    Hukm yurgizish, siyosat esa zulm, istibdod va kishilar moli-yu haq-huqlarini toptashdan iborat bo'ladi.

    Allohdan qo'rqmaydigan podshohlar o'z fuqarolari qonini behuda to'kishlari, haq-huquqlarini poymol etishlari, omonatlarga hiyonat qilishlarini nahot bilmasangiz?!

    Qancha-qancha kishilar qullik zanjiriga solindi. Insonlar guruh-guruhga ajratib yuborildi. Ayollar tirik qoldirilib erlar qilich tig'idan o'tkazildi

    Siz birinchi va ikkinchi jahon urushlarida necha million insonning yostig'i quritilganini bilasizmi?!

    Dunyo tim qora zulmat.

    "(Ular) ustma-ust zulmatlardir. U o'z qo'lini chiqarib (qarasa) ko'rishga yaqin bo'lmas. Kimga Alloh nuri (iymon) bermasa, bas, uning (uchun) hech qanday nur bo'lmas".

    Payg'ambarlar insonlarga qanday ibodat qilish kerakligini o'rgatish bilan bir qatorda ularga o'zaro muomala-munosabat haqida ham ta'lim bergan.

    Alloh taolo elchisi din odobidan ham, hayot odobidan ham ta'lim beruvchi muallimdir. U insonlarga barcha odoblarni — eyish, ichish, o'tirish, uxlash... odoblarini o'rgatadi.

    Go'yo mehribon ota bo'lib o'zining aziz jigarbandlariga pand-nasihat qiladi.

    Insonlar Payg'ambarlar qarshisida go'dak maqomida turadilar. Ular go'daklikda otalari tarbiyasiga qanchalik muhtoj bo'lgan bo'lsalar, balog'atga etgan chog'larida Payg'ambar tarbiyasiga shunchalik muhtojdirlar.

    Nubuvvat ta'lim-tarbiyasidan bebahra qolgan mana shu kimsalar yovvoyi holda o'sgan daraxtga o'xshaydilar. Zero parvarishsiz katta bo'lgan o'simlik qing'ir-qiyshiq bo'lib o'sishi mumkin.

     

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:09:52

14. Tavrot

    Alloh taolo Banu Isroilni kitobsiz-hidoyatsiz qavmlar kabi adashib-uloqib ketishni istamadi.

    Ularni ko'r tuyadek tentirab yurishdan asramoqni iroda qildi.

    Alloh taolo Muso alayhis-salomga poklanish uchun 30 kun ro'za tutishni, so'ngra Tur tog'iga kelishni buyurdi. Alloh taolo Tur tog'ida Muso alayhis-salomga xitob qilishi va aynan shu erda unga kitob nozil etishi kerak edi.

    Muso alayhis-salom qavmidan 70 kishini guvoh bo'lsin deb o'zi bilan birga olib ketdi. Chunki o'jar, hadeb har narsani kavlashtiraveradigan Banu Isroil uchun tirik guvohlar zarur edi.

    "Muso akasi Horunga dedi: "Qavmim ustida mening o'rinbosarim bo'lgin va (agar yomon amal qilsalar) tuzatgin".

    "Buzg'unchi kimsalar yo'liga ergashmagin".

    Albatta, jamoani yo'lboshchisiz tashlab ketib bo'lmaydi.

    Muso alayhis-salom Tur tog'iga hammadan ilgari etib keldi.

    "Tur tog'i tomon ketayotgan Muso yo'lda ulardan ilgarilab ketadi. Shunda Alloh dedi;

    - "Qavmingdan munchalar ko'p ilgarilab ketding, ey Muso!"

    U aytdi:

    - "Ular ana izimdan kelishayotir. Men esa sen rozi bo'lishing uchun shoshdim, Robbim!".

    Alloh taolo Muso alayhis-salomga ahdlashilgan qirq kunni to'liq qilishni buyurdi. Muso Tur tog'ida Robbi bilan gaplashdi.

    Alloh taolo uni O'ziga yaqin kishilardan qildi. Bundan to'lqinlanib ketgan Muso Allohdan jamolini ko'rsatishni so'radi.

    Lekin Muso bunga dosh berolmasdi. Zero, "Ko'zlar uni idrok qilolmas, U esa ko'zlarni idrok etar! U mehribon va (har narsadan) ogoh zotdir".

    Hatto buyuk tog'lar Alloh jamolini qo'ya turing, Uning kalomini ko'tarishga dosh bera olmaydi:

    "Agar biz ushbu Qur'onni biron tog'ga nozil qilganimizda albatta siz u (tog')ni Allohning qo'rquvidan egilib, yorilib ketgan holda ko'rgan bo'lur edingiz".

    - "Sen Meni (bu dunyoda) hargiz ko'rolmaysan. Ammo mana bu toqqa boq (Men unga ko'rinurman). Bas, agar u (Men ko'ringanimda) o'rnashgan joyida tura olsa, sen ham meni ko'rajaksan.

    Qachonki, Robbi u toqqa ko'ringan edi, uni mayda-mayda qilib tashladi va (bu holni ko'rgan) Muso hushsiz holda yiqildi. O'ziga kelganidan keyin esa dedi:

    - "Pok Robb (noo'rin savol so'rashdan) O'zingga tavba qildim. Endi men (sening naqadar buyuk zot ekanligingga) iymon keltiruvchilarning avvali - peshqadamiman".

    Alloh aytdi:

    - "Ey Muso, haqiqatan men seni odamlar ustida Payg'ambarim bo'lishingga va (bevosita) kalomimni eshitishingga tanlab oldim. Bas, senga ato etgan narsamni (ya'ni buyruq va qaytariqlarimni) olgin va shukr qilguvchilardan bo'lgin!".

    Muso alayhis-salom Banu Isroilga zarur bo'lgan batafsil bayon va ma'ruzalar bitilgan lavhlarni oldi. Alloh taolo ularni etkazishga amr qilgan edi.

    Muso tanlab olgan 70 kishi yoniga qaytib Alloh in'omi haqida so'z boshlaganida ular surbetlik bilan shunday dedilar;

    - "Ey Muso, Allohni ochiq ravshan ko'rmagunimizcha hargiz senga ishonmaymiz!"

    Shunda ularni qarab turgan hollarida chaqmoq urdi.

    Alloh taolo yaratgan chaqmoqni ko'tara olmagan kishilar u zotning nuriga bardosh bera olarmidilar?!

    Muso alayhis-salom Robbiga iltijo qilib dedi:

    - "Robbim, agar xohlasang ularni ham, meni ham ilgari halok qilsang bo'lur edi. Oramizdagi aqlsiz kimsalarning qilmishlari sababli (endi) bizlarni halok qilasanmi?!

    Alloh taolo Payg'ambarining iltijolarini qabul qildi. Ularga qaytadan hayot baxsh etdi. Shoyad endi shukr qilsalar?!

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:11:10

15. Buzoqqa sig'inish

    Banu Isroil Misrda ancha vaqt mushriklar bilan qo'shni yashagan edi. Qibtiylarning juda ko'p narsaga sig'inishlarini ular o'z ko'zlari bilan ko'rardilar.

    Shu bois Isroil farzandlari asta-sekin shirkdan nafratlanmay qo'ydilar. Xuddi eski uy devorlaridan suv sizib kirganidek ular qalbiga ham shirk muhabbati in qura boshladi.

    Ozgina fursat topilishi bilanoq misli pastlikka yugurayotgan suvdek shirkka qarab chopishardi.

    Qalblar buzilgan, xohish-istaklar noto'g'ri yo'nalishga burilgan edi. Haq yo'lni ko'ra-bila turib tashlab ketardilar. Zalolatga mudom quchoq ochardilar.

    Banu Isroil Fir'avn ta'qibidan qochib Qizil dengizdan o'tib ketdi.

    "So'ng ular butlarga sig'inib turgan bir qavm oldidan o'tdilar va: "Ey Muso, bizlarga ham ularning ilohlari kabi xudo qilib (yasab) ber", dedilar".

    Ularning bu noo'rin tilaklaridan Musoning jahli chiqdi.

    - "Albatta sizlar bilmaydigan qavmdirsizlar!"

    Vo ajab! Bu ne zulm?! Bu ne ko'rnamaklik?! Axir Alloh ularga hali hech kimga berilmagan ne'matlarni bermadi-mi?

    Axir Alloh taolo ularni butun olamlardan afzal qilib qo'ymadimi?!

    Muso dedi:

    - "Men, sizlarni butun olamlardan afzal qilib qo'ygan Allohdan o'zgani (ya'ni jonsiz butni) sizlarga xudo qilib beramanmi?"

    Muso Robbi bilan so'zlashmoq uchun Tur tog'iga qarab ketdi. Banu Isroil Muso ketganidan so'ng shaytonning o'ljasiga aylandi.

    Ularning orasida Somiriy degan bir badbaxt kimsa ham yashardi.

    "So'ng (Somiriy o'sha zeb-ziynatlarni olovda eritib, xuddi tirik buzoq kabi) ovozi bor haykal-buzoq (yasab) chiqarib berdi. So'ng (Somiriy va uning sheriklari): "Sizlarning ham, Musoning ham ilohi shu edi, (Muso) unutib, (uni boshqa erdan izlagani ketibdi"), dedi".

    Banu Isroil qavmi mana shu buzoq bilan fitnalandi.

    Ular ko'rlarcha buzoqqa yukina (sig'ina) boshladilar.

    "Axir uning o'zlariga biron so'z qaytara olmayotganini va biron ziyon ham, foyda ham etkazishga qodir emasligini ko'rmaydilarmi?!

    Holbuki (buzoqqa sig'inishlaridan) ilgari Horun ularga:

    - "Ey qavmim, sizlar bu bilan faqat imtihon qilindinglar xolos, (bas, u buzoqqa sig'inmanglar!) Shak-shubha yo'qki, sizlarning. Robbingiz yolg'iz Rahmon Marhamatli Allohdir. Bas, menga ergashinglar va amrimga itoat qilinglar!"- degandi"

    Lekin Somiriyning sehri bilan aldangan Banu Isroil bu zalolatidan qaytmadi.

    "Ular: "To bizlarga Muso qaytmagunicha, unga (shu butga) ibodat qilib—sig'inishdan hargiz ajralmaymiz", degan edilar".

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:11:41

16. Jazo-uqubat

    Alloh taolo Musoga qavmining Somiriy sehri bilan fitnalanganini ma'lum qildi.

    Muso g'oyat xafa bo'lib, g'azablanib qaytdi.

    U Alloh uchun qavmiga va og'asi Horunga g'azab qildi.

    "(Muso qaytib kelgach) dedi:

    - "Ey Horun, sen ularning yo'ldan ozganlarini ko'rgan paytingda mening ortimdan borishingdan (va menga bu haqda xabar berishingdan) seni nima to'sdi?! Mening amrimga itoatsizlik qildingmi?!"

    "(Horun) dedi:

    - "Ey onamning o'g'li, sen menining soch-soqolimdan tortmagin. Men (agar buzoqqa sig'inayotganlarni qo'yib, yo'ldan ozmagan kishilar bilan sening ortingdan borsam) mening so'zimni kutmay, Banu Isroilni bo'lib yuboribsan, deyishingdan qo'rqdim".

    "(Horun) dedi:

    - "Ey onamning bolasi-birodarim", bu qavm meni xo'rlab, o'ldirishlariga oz qoldi, endi sen ham bu dushmanlarni mening ustimdan kuldirmagin va meni bu zolim qavm bilan birga deb bilmagin".

    (Muso) dedi:

    - "Robbim, meni va birodarimni o'zing mag'firat qilgaysan va bizni o'z rahmatingga dohil qilgaysan.

    O'zing rahm qilguvchilarning rahmlirog'isan".

    So'ng Muso Somiriyga yuzlandi;

    - Ey Somiriy! Bu nima qilganing?!

    Somiriy o'z gunohiga iqror bo'ldi:

    "Menga nafsim ana shunday qilishni chiroyli ko'rsatdi".

    (Muso) dedi:

    - "Bas yo'qol! Endi sen uchun hayotda "Menga tegmanglar", deyishgina bordir, (ya'ni umringning oxirigacha yakkamoxov bo'lib qolursan)".

    Muso uni shunday jazoladi.

    Endi Somiriy to ajali etgunicha vahshiy hayvonday odamlardan yiroqda bir o'zi yuradi.

    Inson uchun bundan ham qattiq jazo bormi dunyoda?!!

    Minglab kishilarni shirk balchig'i ila bulg'atgan kimsadan hazar qilmoq lozimdir. Alloh bilan bandalari o'rtasini ajratmoqchi bo'lgan kas (odam) yakkamoxov qilinmog'i shart.

    Alloh erida turib unga o'zgalarni sherik qilishga chaqirgan kimsa uchun butun er yuzi zindon bo'lmog'i kerak.

    Muso Somiriy yasagan la'nati buzoqni o'tda yondirib, so'ng kulini dengizga sochib yuborishni buyurdi.

    Banu Isroil o'zlariga ma'buda bo'lgan buzoqning oxir-oqibat bir hovuch kul ekanini ko'rdilar.

    Muso Banu Isroilga xitob qildi:

    "Qavmim, sizlar buzoqqa ibodat qilish bilan o'zingizga zulm qildingiz. Endi o'zingizni (bir-biringizni) o'ldirish bilan sizni bor qilguvchi zotga tavba qilasiz. Bor qiluvchi zot nazdida mana shu (qatl) sizlar uchun xayrliroqdir".

    Buzoqqa sig'inmagan kishilar buzoqqa sig'inib ketganlarni qatl qildilar. Alloh taolo ular tavbasini mana shunday qabul etdi.

    "Shubhasiz, buzoqni ("xudo" qilib) ushlagan kimsalarga Robblari tarafidan g'azab va hayoti dunyoda xor-zorlik etar. (Alloh sha'niga) yolg'on to'quvchi kimsalarni mana shunday jazolaymiz".

    Allohdan o'zgaga qul bo'lgan kimsalarning holi to qiyomatga qadar mana shunday bo'ladi.

     

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:12:04

17. Banu Isroilning qo'rqoqligi

    Misrda Banu Isroil qul edi. Ularing bolalari ham qul bo'lib o'sdi. Xorlik va ozorlarga ko'nikib ketgan Banu Isroil yigitlarining qoni qaynoq emasdi.

    Ular jang qilishni, o'zlari o'zlariga hokim bo'lishni unutib yuborgan edilar. Isroil farzandlari xor-zor bo'lib, bevatan yurishga odatlanishdi. Alloh vahiysi bilan Muso alayhis-salom orzu qilardi: qani endi Isroil farzandlari muqaddas zaminga qadam qo'ysalar.

    Shunda Banu Isroil ham ozod hayot kechirardi.

    Lekin qavmining tabiatidagi qo'rqoqlikdan Muso bexabar edi.

    Muqaddas zaminni kuch-quvvatli, zo'ravon kimsalar egallab olgan edi.

    Muso qavmini shaharga-muqaddas zaminga kirishga unday boshladi. Ularga Allohning Banu Isroilga bergan ne'matlarini eslatdi. Butun olamlardan mufazzal qilinganliklarini aytdi. Zora Banu Isroil bu xor hayotdan kechib Alloh yo'lida jihodga otlansa!

    Lekin to shahardan zo'ravon kimsalar chiqib ketmagunicha yahudiylar u erga kirishga rozi bo'lmasdi.

    "Muso qavmiga dedi:

    - "Ey qavmim, Allohning sizlarga bergan ne'matini - orangizdan payg'ambarlar chiqarganini, yana sizlarni mulku davlat egalari qilib, barcha olamlar ichra biron kishiga bermagan in'omlarni sizlarga ato etganini yodga olingiz".

    - Qarshingizda muqaddas zamin turibdi. Sizlar uni dushmanlaringizdan tortib olmog'ingiz lozim. Agar Alloh kishining peshonasiga bir ne'matga etishishni yozgan bo'lsa, hech kim bu kishini qaytara olmaydi. Zero Alloh taqdirini qaytarguvchi yo'qdir.

    - "Ey qavmim, Alloh sizlar uchun yozib qo'ymish bu muqaddas erga (shaharga) kiringiz! Ortlaringizga qaytib ketmangiz, aks holda ziyon ko'ruvchilarga aylanib qolursiz", deganida ular;

    - "Ey Muso, u erda zo'ravon odamlar bor. To ular chiqmagunlaricha biz u erga zinhor kira olmaymiz. Agar ular chiqib ketsalargina biz doxil bo'lurmiz", dedilar.

    (Shunda o'n ikki boshliq orasidan) Allohdan qo'rqadigan va uning in'om-marhamatiga muyassar bo'lgan ikki kishi:

    - "Ularning ustiga darvozadan to'satdan kiringiz, undan kirib olishingiz bilanoq shubhasiz g'olib bo'lursiz. Agar mo'min bo'lsangizlar, yolg'iz Allohgagina suyaninglar!" dedilar".

    Lekin bu gap ham Banu Isroilga ta'sir qilmadi.

    - Ey Muso,- deyishdi ular - Agar shu shaharga kirishimiz juda shart bo'lsa, sen o'zing bir mo''jiza bilan kirib ola qol. Agar sening kirganigni eshitsak, keyin biz ham emin-erkin kiraveramiz.

    "(Qavm) aytdi:

    - Ey Muso, modomiki ular shu joyda ekan, biz hech qachon kira olmaymiz. Bas, borgin, sen o'zing va Robbing ular bilan urishaveringlar. Biz esa mana shu erda o'tirib kutamiz".

    Muso alayhis-salomning o'z qavmidan hafsalasi pir bo'ldi.

    "Muso aytdi:

    - Robbim, men faqat o'zimga va birodarim (Horunga) egaman xolos. Bas, O'zing biz bilan bu itoatsiz qavmning orasini ajratgin.

    Alloh dedi:

    - "Endi qirq yil mobaynida bu er ular uchun haromdir. Ular erda (sahrolarda) adashib-uloqib yururlar. Sen bu itoatsiz qavm qilmishidan mahzun bo'lmagin".

    Mana shu muddat ichida Misrda qullik va xorlikda o'sib ulg'aygan avlod dunyodan o'tib ketardi.

    So'ng yangi avlod dunyoga keladi. Bu avlod sargardonlikda qiynalib katta bo'ladi. U kelajak avlod.

    Yahudiylar oqibati hamisha mana shunday. Ular mudom adashib-uloqib xorlikda yashab o'tadilar.

     

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:12:32

18. Ilm yo'lida

    Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan quyidagi mazmunli hadis rivoyat qilingan:

    Bir kuni Muso Banu Isroil orasida xutba qilayotganda undan "Dunyoda eng ilmli kim?", deb so'rashdi. Musoning "Eng ilmli zot Allohdir!" demaganligi uchun Robbi olam unga tanbeh berdi.

    Alloh taolo Musoga vahiy qildi:

    - Ikki dengiz qo'shiladigan joydagi bir bandam sendan ilmliroq.

    Muso so'radi:

    - Robbim, men u bandangni qanday topaman?

    Unga aytildi:

    - Sen savatga bir baliq solib yo'lga tush. Qaerda baliqni yo'qotsang uni (Hizrni) o'sha erdan topasan.

    Muso Yusha' ibn Nun ismlik yigiti bilan savatda baliq ko'tarib yo'lga tushdi. Ular bir qoyatosh oldida to'xtab uyquga ketdilar. Shunda baliq savatdan chiqib dengizga sho'ng'idi.

    Muso ham, xizmatkor yigit ham hech narsani sezmadi. Ular yana yo'llarida davom etishdi.

    Tong otgach, Muso Yusha' ibn Nunga buyurdi:

    - Nonushtamizni keltir! Darhaqiqat biz bu safarimizda juda toliqdik.

    Ular to'xtashlari kerak bo'lgan joydan o'tib ketmagunlariga qadar sira qiynalmagan edilar.

    - Qoyatosh yonida to'xtaganimizni eslaysizmi?- dedi Yusha' — Ana o'sha erda baliqni unutib qoldiribman.

    - Axir, biz izlayotgan narsa ham shu edi-ku! -dedi Muso.

    Ular kelgan izlari bo'ylab orqaga qaytdilar.

    Dam olgan qoyatoshlari yoniga etganlarida u erda kiyimiga o'ralgan bir kishini uchratishdi.

    Muso unga salom berdi.

    - Sening yurtingda (bu) salom qaerdan bo'lsin?, -dedi haligi kishi.

    - Men Musoman.

    - Banu Isroilning Musosimi?

    - Ha. Sizga bildirilgan ilmdan menga ham ta'lim berishingiz uchun sizga ergashsam maylimi?

    - Men bilan birga yurishga sabr qilolmaysan. Ey Muso, Alloh menga shunday bir ilm berganki, sen uni bilmaysan. Senga ham bir ilm berilganki, men uni bilmayman.

    - Inshaolloh, siz mening sabrli kishilardan ekanimga o'zingiz amin bo'lasiz. Men hech bir ishda sizga qarshi chiqmayman.

    Muso bilan Hizr sohil bo'ylab yurib ketishdi.

    Banogoh dengizda kema ko'rindi. Ular kemadagilardan o'zlari bilan birga olib ketishlarini so'rashdi.

    Kemadagilar Hizrni taniganliklari uchun hech qanday haq olmasdan Muso ikkisini kemaga chiqardilar.

    Ittifoqo, kema chetiga bir chumchuq kelib qo'ndi-da, dengiz suvidan bir-ikki cho'qidi.

    Shunda Hizr Musoga dedi:

    Ey Muso, sening ham, mening ham ilmim Alloh ilmi oldida mana shu dengizdan chumchuqning bir cho'qishichalik, xolos.

    To'satdan Hizr kema taxtalaridan birini sug'urib olib kemani teshib qo'ydi.

    Muso dedi:

    - Ular bizdan hech qanday haq olmasdan kemalariga chiqarsalar-u, siz odamlarni cho'ktirish uchun kemani teshasizmi?

    - Men senga "Men bilan yurishga sabr qilolmaysan," demabmidim?!

    - Unutib qo'yganim uchun meni ayblamang va bu ishim sababli meni og'ir holga solmang.

    Bu Musoning birinchi unutishi edi.

    Ular kemadan tushib yo'llarida davom etishdi.

    (Qarshilaridan bir to'p bola chiqdi.) Banogoh Hizr o'ynab yurgan bolalarning birini boshidan ushladida, shartta uzib tashladi.

    - Hech kimni o'ldirmagan, begunoh bir bolaning qonini to'kdingiz-ku?!

    Men senga "Men bilan birga yurishga sabr qilolmaysan," demabmidim?

    Muso yana uzr so'radi.

    Ular bir qishloqqa kirib borishdi. Qishloq ahlidan taom so'ragan edilar, ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Qishloqda  yiqilib ketay deb turgan bir devorni Hizr alayhis-salom tiklab qo'ydi.

    Muso alayhis-salom yana o'zlarini to'xtata olmadilar:

    - Agar xohlasangiz, bu ishingiz uchun ulardan haq olardingiz.

    - Mana shu sen bilan mening ajralishimizdir.

    Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar:

    "Alloh Musoni O'z rahmatiga olsin. Qani edi, Muso sabr qilganida-yu, ikkisining qissasi bizga (to'la) hikoya etilganda".

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:12:54

19. Sharh

    So'ng Hizr alayhis-salom Musoga dedi:

    "Endi men seni sabr qilishga toqating etmagan narsalarning ta'vili (sharhi)dan ogoh qilurman.

    Kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan miskin-bechoralarniki edi. Bas, men uni aybli qilib qo'ymoqchi bo'ldim. (Chunki) ularning (kemadagilarning) ortida (ko'zlab ketayotgan manzillarida) barcha (butun) kemalarni talon-taroj qilib, tortib olguvchi bir podshoh bor edi.

    Haligi bolaning esa ota-onalari mo'min kishilar edilar. Bas, biz u (bola) tug'yon va kufr bilan ularni qiynab qo'yishidan qo'rqdik.

    Shu sababdan, ularga Parvardigor (bola)dan ko'ra pokizaroq, undan ko'ra mehribonroq (boshqa bir bolani) badal-evaz qilib berishini istadik.

    Endi devor esa shu shahardagi ikki etim bolaniki bo'lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otalari juda yaxshi kishi edi.

    Bas, ular voyaga etib, Robbingning rahmat-marhamati bo'lmish xazinalarini chiqarib olishlarini Robbing iroda qildi.

    Men bu (ishlarning birontasini) o'z-o'zimcha qilganim yo'q. Mana shu sen sabr qilishga toqating etmagan narsalarning ta'vilidir".

    Alloh taolo ilmini qamrab olishga hech kim qodir emasligini Muso alayhis-salom tushundi.

    Parvardigari olam har kimga har xil ilmni bildirdi. Shubha yo'qki, har qanday ilm egasi ustida barcha narsadan ogoh Alloh turadi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:13:14

20. Banu Isroil Muso alayhis-salomdan keyin

    Banu Isroil qilmishiga yarasha jazo olib sahroda sarson bo'lib yurganida, Muso alayhis-salom vafot etdi.

    Alloh taolo ularni xor-zorlikka mahkum qilib qo'ydi. Ular Alloh g'azabiga uchradilar.

    Parvardigori olam Banu Isroilga o'z davrida hech kimga berilmagan ne'matlarni bergandi. Ularni boy-badavlat qilib, oralaridan payg'ambarlar chiqargan edi.

    Fir'avn Banu Isroilni dahshatli azoblarga solardi. Erlarini o'ldirib, ayollarini tirik qoldirardi. Alloh taolo ularni Fir'avn zulmidan qutqardi.

    Dengizni yorib ularga yo'l ochdi. Ko'z o'nggilarida Fir'avn va uning qo'shinini g'arq qildi.

    Banu Isroil ustiga bulutlarni soyabon etdi. Osmondan shirinliklar va bedana go'shti tushirdi.

    Eyish-ichishlarini keng qildi. Erlarida zilol buloqlarni oqizib qo'ydi.

    Mana shu ne'matlarning barchasiga ular kufr bilan, isyon bilan javob berdilar.

    Banu Isroil ularga eng ko'p achinadigan payg'ambarlari Muso alayhis-salomni ham darg'azab qilishdi.

    Yo'qsa Muso ularga ota-onalaridan ham mehribonroq edi.

    Mehribon ona etim go'dagi atrofida parvona bo'lgani kabi Muso ham Banu Isroilga parvona edi.

    Uni haqorat qilsalar, ularni duo qilardi. Ustidan kulsalar, ularga achinib yig'lardi. Har qancha ozor bersalar ham ularga qayg'urardi.

    Fir'avn qulligidan, Misr zindonidan, badbaxt qullik hayotidan ularni ozodlikka, hur insonlar hayotiga olib chiqqandi.

    Alloh oldida e'tiborli bo'lgan Muso alayhis-salomni o'zlaricha past ko'rar, masxara qilar edilar.

    Mana shunday qavm xorlikka, azobga, doimiy adashib-uloqishga loyiq emasmi?!!

    Ha, ular o'zlarining qilmishlari sababli bundan ham qattiqroq jazoga loyiqlar.

    "Alloh ularga zulm qilmadi. Va lekin ular o'zlariga (o'zlari) zulm qildilar".

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:31:11

Dovud va  Sulaymon alayhimassalomlar qissasi


Yuqorida eslatib o'tganimizdek Qur'on Karim Allohning azoblari, payg'ambar va nabiylar o'zlari yuborilgan qavmlar tarafidan duch kelishgan rad etish, masxara, tahqir va quvg'inlar va bu qavmlaming boshiga payg'ambarlarini rad etgani, rnasxara va tahqir qilgani, ularga qarshi makru hiyla va hatto o'ldirish uchun rejalar qilgani sababli kelgan azob-uqubat, halokat va vayronagarchiliklarni bayon qilish bilan cheklanmagan.

Qayd etilgan