7— Shuayb da'vatini sharhlaydi
Shuayb ularga nisbatan muloyim muomalada bo'ldi: ularga qattiqqo'llik ham, g'azab ham qilmadi. Balki, uzoq sukunat va ularning buzuq axloqlari va sitamli harakatlariga qarshi bo'lmay yurib, keyinchalik bunday da'vatga uni majbur qilgan narsa, Alloh taoloning unga payg'ambarlikni, vahiyni berishi, qalbini keng qilishi va nur ato etishi ekanini ularga tushuntirdi.
Meni bunga hasad majbur qilmadi. Zotan, Alloh taolo meni bunday narsalardan behojat qildi va menga pok va halol narsalari rizq qilib berdi. Men bu narsalar bilan baxtiyor, xotirjam hamda Alloh taologa qalbim va tilim bilan shukrona aytaman.
Shuayb bir ishni qilib, qavmini undan qaytarmas, ularni bir ishdan man qilib o'zi o'sha ishni qilmas edi. U odamlarni yaxshilikka buyurib, o'zlarini unutadigan, qilmaydigan narsalarini gapiradigan odamlardan emas edi. Balki, u qavmining islohi, baxt-saodati va boshlari uzra aylanib yurgan azobdan qutqarmoqchi edi. U bu marhamatlarning barchasi Allohdan ekani va Ungagina suyanajagini bayon qilib shunday dedi:
"Ey qavmim, xabar beringizchi, agar men Robbim tomonidan aniq hujjatga ega bo'lsam va U zot meni O'z tomonidan go'zal rizq bilan rizqlantirgan bo'lsa (shu halol rizqni haromga aralashtirishim kerakmi?!) Men sizlarga xilof qilib, sizlarni qaytarayotgan narsani (ya'ni, halolni haromga aralashtirishni) o'zim qilishni istamayman. Men faqat imkonim boricha isloh qilishni istayman, xolos. (Bunga) yolg'iz Allohning yordami bilangina muvaffaq bo'laman. O'ziga suyandim va O'ziga iltijo qilaman". (Hud: 88)