Payg'ambarlar qissasi (Bolajonlar uchun)  ( 123262 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 B


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:34:10

 5— Banu Isroilga Allohning ne'mati

    Ular o'zlariga zamondosh xalqlardan tavhid aqidasi bilan ajralib turardilar. Mana shu bois Alloh ularni boshqalardan afzal qildi: "Ey Banu Isroil, sizlarga in'om qilgan ne'matimni va sizlarni butun olamga afzal qilgan paytimni eslang." (Baqara: 122)

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:34:42

6— Nonko'rlik

    Mushrik, butparast xalqlar bilan qo'shni yashash, aralashish va payg'ambarlar ta'limotlaridan uzoq vaqt uzilib qolish oqibatida yahudiylarga soxta e'tiqod va johiliy odatlar kirib keldi. Ular Misrda buzoqqa sig'indilar, Uzayr (payg'ambar) ni ulug'lab, uni insonlik darajasidan yuqori martabalarga chiqardilar. Sharmsizlik shu darajaga etib bordi-ki, ular shirk, butparastlik, sehr, kufr va yomon ishlarni ba'zi payg'ambarlarga nisbatladilar. Ularning haqlarida Allohdan qo'rqmadilar.

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:35:12

7— Kibr va nasl-nasabga suyanish

    Shunday bo'lishiga qaramay, yahudiylar nasl-nasabga qattiq suyanishar va orzu-umidlarga o'ta berilishar: "Biz Allohning o'g'illari va suyuklilarimiz" (Moida: 18) va: "Bizlarga do'zax o'ti sanoqli kunlardagina tegadi", (Baqara: 80) der edilar.

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:35:32

8 - Masih alayhissalomning tug'ilishi ma'lum narsalarga qarshi

    Iyso alyhissalomning tug'ilishi, hayoti, da'vati va turmush tarzi hammaga ma'lum narsalarga, keng tarqalgan urf-odatlarga, hayot qonunlariga, yahudiylar iymon keltirgan, uning ustida raqobatlashayotgan va u tufayli jang qilayotgan oliy g'oyalarga zid bo'ldi. Iyso alayhissalom g'ayriodatiy ko'rinishda tug'ildi; beshikdaligida odamlarga so'zladi; faqir va obida onaning bag'rida o'sdi; ulug'lik va boylikdan uzoq bo'lgan tahqiru-ta'nalar to'lib toshgan muhitda yashadi. Iyso alayhissalom kambag'allar bilan o'tirar, birga taomlanar va ularga mehribonlik qilar, zaif va g'ariblarga hamdardlik qilar, boy bilan kambag'alning, shoh bilan gadoning, aslzoda bilan oddiy odamning o'rtasini ajratmas edi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:35:51

9— Iysoning mo'jizalari

    Alloh taolo Iyso alayhissalomni payg'ambarlik bilan musharraf etib, unga Injilni berdi, uni Jibril alayhissalom va mo''jizalar bilan quvvatladi. Alloh taolo tabiblar davolashdan ojiz qolgan kasallarga Iyso orqali shifo berardi. U ko'r va mohovlarni tuzatar, Allohning izni bilan o'liklarni tiriltirar, odamlarga loydan qush yasab, unga dam solsa, u (tirik) qush bo'lib uchib ketar edi. Va yana u odamlar uylarida egan hamda saqlab qo'ygan oziq-ovqatlardan xabar berar edi.

    Bu ishlar Tavrotda bayon qilingan payg'ambarlarning mo'jizalari va ilohiy qudratga bo'lgan ishonchni qaytarar va ularga bo'lgan iymonni yangilar va ibodatni his va tajribaga yaqinlashtirar edi. Shunday bo'lsada, ilohiy qudratning keng qamrovliligi va rabboniy irodani inkor etgan kimsalar Iyso alayhissalom olib kelgan narsalarda o'zlari bilgan va ko'rgan narsalaridan ortiqcha biron narsa yo'q ekanini qat'iy aytdilar.

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:36:11

10— Iyso alayhissalomning dinga da'vati va yahudiylarning uni rad etishi

    Yahudiylar xom xayollari va g'uluvlari sababli yolg'on to'qishardi. Ular Alloh halol qilgan narsalarni harom, harom qilgan narsalarni halol qilishdi. Shuning uchun Iyso alayhissalom ularni dinning mag'zi va haqiqatiga, Allohni barcha muhabbatdan ustun muhabbat bilan yaxshi ko'rish, insoniyatga rahmli va kambag'allarga hamdard bo'lishga chaqirdi. U ularni xolis tavhidga, payg'ambarlar diniga kirib qolgan johiliy odatlar va botil e'tiqodlarning barchasini tark etishga da'vat etdi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:36:32

11— Yahudiylar Iyso alayhissalomga qarshi kurash boshladilar

    Iyso alayhissalomning so'zlari yahudiylarga og'ir botdi va ular unga qarshi birgalikda kurash boshladilar. Ular Iyso alayhissalomga tuhmat va bo'htonlar qilib, uni xunuk so'zlar bilan haqoratladilar. Uning onasi obida Maryamga tuhmat qilishdi, o'zini esa ta'qib qilishar, unga qarshi bezorilarni gij-gijlashar va uning yo'llariga to'siqlar qo'yishardi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:37:01

12— Iyso alayhissalomning Qur'on Karimdagi qissasi

    Keyin, yahudiylar Iyso alayhissalomni o'ldirib, undan qutilish payiga tushdilar. Biroq, Alloh taolo Iysoni ulardan himoya qilib, ularning hiylalarini puchga chiqardi-da, uni O'zining huzuriga (Osmonga) ko'tarib, mukarram qildi. (Bolalar,) Qur'ondagi Iyso alayhissalomning qissasini o'qinglar:

    "Eslang (ey Muhammad), farishtalar: "Yo Ma­ryam, albatta Alloh senga O'zining So'zini xushxabar qilib beradiki, uning ismi al-Masih Iyso ibni Maryam bo'lib, dunyoyu oxiratda obro'li va (Allohning) yaqinlaridan bo'lur hamda odam­larga go'daklik paytida ham voyaga etgan chog'idagidek gapirur va solih bandalardan bo'lur", deganlarida, Maryam: "Parvardigorim, menga odamzod tegmagan bo'lsa, qayoqdan menda farzand bo'lsin?" — dedi. Alloh aytdi: "Shunday, Alloh O'zi xohlagan narsasini (O'zi xohlagan suratda) yaratadi. Qachon biron ishni iroda qilsa, unga: "Bo'l!" — deydi. Bas, u ish bo'ladi".

    I z o h. Allohning so'zi — Iyso ibni Maryamdir. Chunki u zot Qur'onning xabariga ko'ra Allohning: "Bo'l!" — degan so'zi — farmoni bilan Maryamdan otasiz tavallud topganlar.

    48-49. Unga (Iysoga) yozish va hikmat ilmini, Tavrot va Injilni ta'lim beradi hamda uni bani Isroil qavmiga payg'ambar qiladi. (Iyso bani Isroilga deydi): "Men (o'zimning haq payg'ambar ekanligim haqida) sizlarga Parvardigoringizdan oyat-dalil keltirdim: Men sizlarga loydan qush timsolini yasab unga puflasam, u Allohning izni-irodasi bilan haqiqiy qush bo'ladi. Va yana ko'r, pes kasallarini tuzata olaman va Allohning izni bilan o'liklarni tiriltiraman hamda sizlarga eydigan va uylaringizda saqlaydigan narsalaringizni aytib beraman. Agar mo'min bo'lsangizlar, albatta bu ishlarda sizlar uchun aniq oyat-dalillar bordir".

    50. "(Men) sizlarga o'zimdan oldingi Tavrotning (haq ekanligini) tasdiqlovchi bo'lgan holda, sizlar uchun harom qilingan ayrim narsalarni halol qilish uchun (keldim). Va sizlarga Parvardigoringizdan oyat-dalil keltirdim. Bas, Allohdan qo'rqingiz va menga itoat qilingiz! 51. Albatta Alloh Robbim va Robbingizdir. Unga ibodat qilingiz! Mana shu to'g'ri yo'ldir!" 52-53. Qachonki Iyso ular tomondan kufrni ko'rgach: "Allohning diniga da'vat qilishimda kim menga yordamchi bo'ladi?" — dedi. Havoriylar aytdilar: "Biz Allohning (diniga) yordam beruvchilarmiz. Allohga iymon keltirdik. (Ey Iyso), guvoh bo'lginki, biz Allohga bo'ysunuvchilarmiz. Parvardigoro, nozil qilgan narsangga ishondik, payg'ambaringga ergashdik. Bas, bizni (O'zingning birligingga, payg'ambaringning haqligiga) guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin!" 54. (Yahudiylar) makr qildilar. Alloh ham "makr" qildi. Alloh makr qiluvchilarning yaxshisidir.

    I z o h. Ular Iyso alayhis-salomni o'ldirmoqchi bo'ldilar. Alloh esa unga biror zarar etkazmay O'z huzuriga — samoga ko'tardi. Allohning "makri" — tadbiri ustunroq bo'lib chiqdi.

    55. (Ey Muhammad), Alloh aytgan bu so'zlarni eslang: "Yo Iyso, albatta Men seni vafot qildiraman va O'z huzurimga ko'taraman. Kofirlar yomonligidan xalos qilaman hamda to Qiyomat Kunigacha senga ergashganlarni kofirlardan yuqori qo'yaman. So'ngra Menga qaytasizlar. O'zim sizlar talashib-tortishgan narsalar haqida oralaringizda hakamlik qilaman. 56. Kofir bo'lgan kimsalarga dunyo va oxiratda qattiq azob-la azob beraman, ular uchun hech qanday yordamchi bo'lmas. 57. (Alloh) iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga esa ajrlarini komil suratda beradi. Alloh zulm qiluvchilarni sevmaydi. (Binobarin O'zi ham hech kimga zulm qilmay, har kimga qilgan ishiga loyiq jazo beradi)". 58. (Ey Muhammad), Sizga tilovat qilayotganimiz bu qissa Allohning oyatlari va hikmatli eslatmalaridandir. 59. Albatta Iysoning (otasiz tug'ilishining) misoli Alloh oldida xuddi Odamning misoli kabidirki, uni tuproqdai yaratib, so'ngra "Bo'l", dedi, u (jonli odam) bo'ldi.

    I z o h. Rivoyat qilishlaricha, bir guruh nasroniylar payg'ambar alayhis-salom huzurlariga kelib: "Nega sen bizning payg'ambarimiz Iysoni: "u ham bir inson, Allohning bandasi", deb haqorat qilasan! Agar u xudo bo'lmaganida otasiz tug'ilarmidi?" — deyishdi. Shunda Odamning na ota, na onasiz dunyoga kelishi uni bandalik qilishdan to'smagani yanglig', Iysoning otasiz tug'ilishi ham uning banda bo'lishiga mone' bo'lmaydi, degan mazmunda yuqoridagi oyat nozil bo'ldi.

    60. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan bo'lgan haq so'zdir, shubha qiluvchilardan bo'lmang! (Oli Imron: 45-60)

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:38:32

13— Iyso alayhissalomning Qur'on Karimda bayon qilingan hayoti va da'vati

    Alloh taoloning Iyso alayhissalomning siyrati va da'vatini bayon qilgan ushbu oyatlarni o'qing:

    (Shu payt chaqaloq, ya'ni Iyso tilga kirib) dedi: "Men Allohning bandasidirman. U zot menga Kitob — Injil ato etdi va meni payg'ambar qildi. Yana meni qaerda bo'lsam, xayru-barakotli qildi va modomiki hayot ekanman, namozni va zakotni (ado etishni) amr qildi. Shuningdek, (Alloh) meni onamga mehribon qildi va meni sitamkor badbaxt qilmadi. Menga tug'ilgan kunimda ham, vafot bo'ladigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham tinchlik-omonlik bo'lur". (Maryam: 30-33)

Qayd etilgan


ZUBAIR  16 Mart 2009, 23:38:56

14— Qadimiy kurash

     Iyso alayhissalomning boshiga ham boshqa payg'ambarlar boshiga kelgan ishlar keldi. Undan kattalar va rahbarlar uzoqlashishdi, uni boylar va kuchlilar tark etishdi. Ular unga iymon keltirish va ergashishni ayb deb hisobladilar,  qo'llaridagi rahbarlik, imtiyoz va hukmronlikdan voz kechish ulur uchun og'ir edi. Allohning quyidagi so'zlari haqqi-rostdir:

    "Biz qaysi bir qishloq-shaharga biron ogohlantiruvchi (payg'ambar) yubormaylik, albatta u joyning boyonlari "Aniqki biz sizlar elchi qilib yuborilgan narsaga kofirdirmiz", dedilar. Yana ular: "(Bizlarning mol-dunyo va bolalarimiz — iymon keltirganlardan ko'ra) ko'proq, (binobarin bizlar) azoblanuvchi emasdirmiz", dedilar." (Saba': 34, 35)

Qayd etilgan