Payg'ambarlar qissasi (Bolajonlar uchun)  ( 123140 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 19 B


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:51:35

8. Fir'avn qasrida

    Nil daryosi sohillarida Fir'avnning ko'p qasrlari bor edi.

    Fir'avn sohil bo'yidagi qasrlarida istirohat qilardi. Kunlardan bir kun u ayoli — misr malikasi bilan oyoqlari tagida shovillab oqayotgan daryoga tikilib o'tirardi. Banogoh to'lqinlar quchog'ida allalanib kelayotgan sandiqqa ko'zi tushdi.

    - Ey hojam, anavi sandiqni ko'rayapsizmi?- dedi Misr malikasi.

    Fir'avn e'tiborsiz javob berdi:

    - Nilda sandiq nima qiladi? U bir yog'ochdir-da.

    - Yo'q, aniq sandiq oqib kelayapti deya e'tiroz bildirdi malika.

    Bu orada sandiq ular oldiga ancha yaqin kelib qolgandi. Atrofdagilar ham — "Ha, ha sandiq ekan",- deb qichqirib yuborishdi.

    Shoh hizmatkorlaridan biriga sandiqni tutib kelishni buyurdi. Sandiq keltirildi. Uni ochgan kishilar hayratdan yoqa ushlab qolishdi. Sandiq ichida do'ndiq bir go'dak jilmayib yotardi.

    Hamma uni bir-bir qo'liga olib tomosha qilib chiqdi.

    Fir'avn ham hayron edi. Hizmatkorlardan biri "Bu bola Banu Isroildan, shoh uni albatta qatl qiladi" dedi.

    Lekin Misr malikasi bolani yoqtirib qolgandi. U qo'lidagi jajji go'dakni bag'riga bosib, o'pib erkalar ekan, eriga qarab shunday dedi:

    - "(Bu bola) Men uchun ham, siz uchun ham, ko'z quvonchidir. Uni o'ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni bola qilib olsak".

    Shunday qilib Muso ibn Imron Fir'avn qasrida yashay boshladi. Fir'avn jallodlari shuncha tirishsalar ham, bu bolani topa olmagan edilar. Vaholanki, ular lochindek o'tkir ko'zlari va chumolidek sezgir burunlari bilan o'lib-tirilib qidirishgandi.

    Alloh taolo irodasiga muvofiq go'daklar jallodi Fir'avn kelajakda uning mol-mulkini tortib oladigan go'dakni o'z uyida tarbiya qila boshladi. Bechora Fir'avn...

    Shunday qilib, shoh ham, uning vaziri Homon ham, butun askarlari ham qattiq yanglishdilar.

    "Bas, uni Fir'avn xonadoni (o'sib-ulg'aygach) o'zlariga dushman va g'am-tashvish bo'lishi uchun tutib oldilar. Albatta Fir'avn, Homon va ularning lashkarlari hato qiluvchi bo'ldilar".

     

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:51:57

9. Bolani kim emizadi

    Yangi topilgan bola qasrning quvonchiga, malikaning ovunchog'iga aylandi. Qasrdagi har bir kishi bolani suyub erkalatardi. Chunki malika bu bolani qattiq yaxshi ko'rardi. Shundan keyin Banu Isroillik jajji go'dakni saroy bekalari va xizmatkorlari qanday qilib suymasinlar.

    Malika go'dakka emizuvchi chaqirtirdi. Bolani emizish uchun unga ko'krak tutganida go'dak yig'lab emmadi.

    Malika boshqa emizuvchi olib keltirdi. Go'dak hanuz yig'lab emmas edi.

    Uchinchi, to'rtinchi, beshinchi, yangi, yangi emizuvchilar olib kelishdi. Lekin bola birortasining ko'kragini og'ziga olmadi.

    Ajabo, go'dak nega emmayapti?

    Nima uchun yig'layapti?

    Musoni emizgani kelgan ayollar malikani xursand qilib, undan hadyalar, sarpolar olish niyatida go'dakni emizishga rosa urindilar. Lekin Alloh taolo Musoga ularning sutini harom qilgandi.

    Go'dakning emmayotgani butun qasrga ovoza bo'ldi:

    - Hoy egachi, daryodan topilgan bolani ko'rdingizmi?

    - Ha ko'rdim, juda ham do'ndiq bola ekan. Lekin u boshqa bolalarga o'xshamaydi. Hech qaysi emizuvchini emmayotgan emish.

    - Uni emizamiz deb olsalar, chirqirab yig'lar emish. Bechora bola endi qanday yashaydi. Ochdan o'lib qolmaydimi?

    Darhaqqiqat Muso bir necha kun hech bir ayolni emmadi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:52:22

10. Ona bag'rida

    Musoning bechora onasi qiziga dedi:

    - Qizim, bor, ukangni qidir, shoyad u tirik bo'lsa. Alloh taolo uni saqlashni va sog'-omon qaytarishni menga va'da qilgandi.

    Musoning opasi ukasini daraklab ketdi.

    Atrofdagilar shoh qasridagi chiroyli go'dak haqida gaplashishardi.

    Qiz saroy ayollarini suhbatlariga quloq tutdi:

    - Malika so'ratgan bolaga emizuvchi keldimi?

    - Ha bekachim, lekin bola uni ham emmayotgan emish.

    - Yo Alloh! Bu bola nega hech bir ayolni emmaydi-ya? Endi adashmasam shu malika chaqirtirgan oltinchi ayol edi-ya?

    - Ha, aytishlaricha u judayam pokiza ayol ekan. Hamma uni o'z bolasiga enaga qilarkan.

    Shunda Musoning opasi odob bilan suhbatga qo'shildi.

    - Men shahardagi bir ayolni bilaman. Go'dak albatta uni emishi kerak.

    - Yo'q, men bunga ishonmayman,- dedi saroy bekachi, - biz oltita ayolni olib keldik, lekin bola birontasini ham emmadi.

    Saroyda hizmat qiladigan ayollardan biri aytdi:

    - Kelinglar, ettinchisini ham sinab ko'raylik, bizdan nima ketdi?

    Bu gap malikaning qulog'iga etdi. U qizni chaqirib dedi:

    - "Bor va o'zing bilan o'sha ayolni olib kel"!

    Musoning onasi qasrga keldi. Kanizaklar Musoni keltirishdi.

    Bola ayolning quchog'iga talpinib uni ema boshladi.

    Axir nima uchun ham uni emmasin?! Bu ayol uning mehribon onasi-ku! Muso uch kundan buyon och edi.

    Butun saroy ahli ajablandi.

    Fir'avn ichiga shubha kirdi:

    - Nega bola bu ayolni emishga talpindi. Nima, u onasimi?!

    Musoning onasi javob berdi:

    - Podshohim, men hushbo'y hidlik, shirin sutlik ayolman. Hech qaysi go'dak mendan yotsiramagan.

    Fir'avn jim bo'ldi. Musoning onasiga podsholikdan nafaqa tayin qilindi. Musoning onasi farzandini bag'riga bosib uyiga qaytdi.

    "Shunday qilib, biz (Musoning onasi) ko'zlari shodlanishi va g'am chekmasligi uchun hamda Allohning va'dasi haq ekanini bilishi uchun uni onasiga qaytardik. Lekin ko'p (odamlar Allohning va'dasi haq ekanini) bilmaydilar".

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:53:41

1. Yana Fir'avn qasriga

    Musoning emadigan vaqti bitib, sutdan chiqarilgach, yana qasrga qaytarildi.

    Muso podshoh saroyida huddi shahzodalardek ulg'aydi.

    Shu bois podshohlar va zodagonlardan qo'rqish uning qalbidan yo'qoldi.

    Muso Fir'avn va uning ahli qanday nematlar ichida yashayotganiga guvoh bo'ldi.

    Fir'avn va uning ahlining farog'ati uchun Banu Isroilning qanday ezilganini, Fir'avnning hayvonlari to'q yurishi uchun Banu Isroilning qanday och qoliganini Muso o'z ko'zi bilan ko'rardi.

    Doim qattiq mehnat ostida eziladigan Musoning qavmi o'ta og'ir kun kechirardi.

    Qavmining qanday azoblar ichida yashayotganini Muso ertayu kech ko'rib tursa-da lom-mim deya olmasdi.

    Lekin bu narsalar albatta izsiz o'chib ketmas, balki Muso qalbida g'azab-nafrat uyg'otar edi.

    Ahir ular ulug' payg'ambarlar farzandlari-ku?! Banu Isroilning aybi qibtiy (mahalliy millat) bo'lmaganimi!?

    Ularning gunohi Kan'ondan kelganligimi!?

    Yo'q! Bular aslo sabab bo'la olmaydi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:54:07

12. Hal qiluvchi musht

    Muso ulg'ayib kuchli yigit bo'lgach, Alloh taolo unga ilm va hikmat ato etdi.

    Muso zolimlardan nafratlanar, ularni xush ko'rmas edi.

    Barcha payg'ambarlar kabi mazlum, bechoralarni sevib, hamisha ularning yonini olib yurardi.

    Hamma o'yin-kulgu bilan mashg'ul bo'lgan bir paytda Muso Fir'avn shahriga kirib keldi.

    Yo'lda u ikki kishining urushayotgani ustidan chiqib qoldi. janjallashayotganlarning biri Banu Isroillik, ikkinchisi esa qibtiylardan edi.

    Banu Isroillik kishi Musoni yordamga chaqirdi.

    G'azablangan Muso qibtiyni bir musht urib o'ldirib qo'ydi.

    Muso alayhis-salom qibtiyni o'ldirib qo'yganiga qattiq afsuslandi. Buning shayton amalidan ekanini bilib Yaratganga tavbalar qildi.

    Albatta, barcha payg'ambarlar mana shunday ko'p tavba-tazarrular qilganlar.

    "(Muso) dedi: Bu shayton amalidandir. Albatta u ochiq adashtirguvchi dushmandir".

    Alloh taolo Musoning tavbasini qabul qildi. Chunki u qibtiyni qasddan o'ldirgani yo'q edi.

    Qibtiy to'satdan birinchi mushtdanoq jon berdi. Muso alayhis-salom Allohga hamdu-sanolar aytdi:

    - Darhaqiqat, Parvardigorim menga ko'p ne'matlar bergan va U meni mag'firat qildi. "Bas, (endi) hargiz mujrim-jinoyatkor kimsalarga yordamchi bo'lmasman".

    Muso Fir'avnning jallodlari kelib qachon olib ketar ekan, deya qo'rqib yurdi.

    Mirshablar Fir'avn xizmatkorlaridan bo'lgan qibtiyning jasadini topib oldilar. Lekin qancha urinmasinlar, kim o'ldirganini baribir bila olmadilar.

    Axir qotilning kimligini Muso va Banu Isroillik bir kishidan boshqa hech kim bilmasdi. Ro'y bergan qotillik haqida hamma yoqda duv-duv gap yurardi. G'azablangan Fir'avn qotilni topish haqida rasmiy buyruq berdi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:54:33

13. Sir fosh bo'ldi

    Ertasi kuni Muso o'sha Banu Isroillikni yana bir qibtiy bilan janjallashib turganini ko'rdi.

    Banu Isroillik uyalmasdan yana uni yordamga chaqirdi.

    Muso unga dedi:

    - Sen yaramas odam ekansan. Hadeb hamma bilan urishaverasanmi? Yana meni yordamga chaqirasan?! Nima, hamisha yoningni olishim kerakmi? "Albatta sen ochiq adashgan (kimsa)dirsan".

    Muso qibtiyga odob berib qo'yish niyatida ular tomon yurdi. Lekin Musoning malomatini eshitgan, g'azablanganini ko'rgan Banu Isroillik "Muso meni urgani kelayapti" deb o'yladi. U o'zining kechagi qibtiy holiga tushishidan qo'rqdi.

    "Bas (Banu Isroillik kishi) dedi: - Ey Muso ! Kecha bir jonni o'ldirganing kabi meni ham o'ldirishni xohlayapsani? Aniqki, sen er (yuzi)da zo'ravon bo'lmoqni istaysan. Va isloh qilguvchilardan bo'lishni xohlamaysan".

    Bu so'zlarni eshitgan qibtiy qotilning Muso ekanligini bilib qoldi va Fir'avn mirshablariga xabar etkazish uchun yugurdi.

    Kechagi qibtiyni o'ldirgan Musoligini eshitgan Fir'avn qattiq darg'azab bo'ldi.

    - U saroyda katta bo'lgan haligi boqimanda bola emasmi?!

    Muso Alloh irodasi bilan Fir'avn va uning jallodlari qo'lidan omon qoldi. Chunki u qasddan qotilik qilmagan edi. Lekin bu uzrni Fir'avn jallodlari qabul qilmasdi.

    Alloh taolo Fir'avn mulkini Muso qo'li bilan yo'qotishni, Banu Isroilni uning vositasida jabr-zulmdan xalos qilishni iroda etgandi.

    Alloh yozgan taqdirga ko'ra Muso insonlarni o'zlari kabi ojiz qullarga ibodat qilishdan Yolg'iz, Qudratli Allohga ibodat etishga olib chiqishi lozim edi.

    Fir'avn a'yonlari o'zaro kengashib, Musoni qatl qilishga qaror qildilar.

    "Shaharning narigi tarafidan bir kishi shoshgancha kelib: "Ey Muso, (Fir'avn) odamlari seni o'ldirish uchun til biriktirmoqdalar. Bas sen bu (shahardan) chiqib ketgin. Albatta men senga xolis bo'lgan kishilardandirman", dedi. Bas qo'rquvga tushib (ortidan etib kelib qolishlariga) ko'z tutgan holda u erdan chiqib, dedi: "Parvardigorim, O'zing menga bu zolim qavmidan najot bergin".

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:54:57

14. Misrdan Madyanga safar

    Muso Fir'avn qo'l ostida bo'lgan Misr mamlakatida qololmasdi.

    Shoh jallodlari hamma joylarda uni izlab izg'ib yurishardi.

    Musoning oldida faqat bitta yo'l qolgan edi — arab shahri Madyanga ketish. Chunki u erga Fir'avnning qo'li etmasdi.

    Sahroda joylashgan bir qancha qishloqlardan iborat bu arab diyorida Misrdagidek hashamatli saroylar, katta-katta bog'lar yo'q edi. Umuman, Misr madaniyati Madyan uchun begona hisoblanardi.

    Shunday bo'lsa-da, Fir'avn zulmidan ozod Madyan baxtli hayot kechirardi.

    Adolat va erkinlik hukm surgan qoloqlik adolatsiz taraqqiyotga qaraganda naqadar yaxshi!

    Xorlik va qullik bilan bo'lgan madaniyat kimga ham kerak?

    Madyan ahli Fir'avn zulmidan bexavotir yashardi.

    Ular Fir'avn jallodlaridan qo'rqmasdan tinch uxlardilar.

    Madyanda bolalar so'yilmasdi!

    Muso "Orqamdan hech kim quvib kelmayaptimikan" degan xavotir bilan qo'rqa-pisa yo'lga tushdi.

    "Bismillah" deb Allohdan madadlar so'rab Misrdan chiqib ketdi. Va qachonki Madyan (shahri) tomonga yuzlangach, dedi: "Shoyad Parvardigorim meni to'g'ri yo'lga hidoyat qilsa..."

     

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:55:16

15. Madyanda

    Muso o'zi uchun butunlay begona bo'lgan Madyan erlariga qadam qo'ydi.

    Bu kecha Musoga kim boshpana beradi?

    U hech kimni tanimasa, bilmasa, qaerda uxlaydi?

    Mana shu kabi savollar Musoning boshidan kechsa-da Allohning O'zi madadkor ekaniga zarracha shubha qilmasdi.

    Muso bir quduqdan mol-hollarini sug'orayotgan odamlar yonida to'xtadi.

    U erda odamlarning mollarini sug'orib bo'lishini kutib ikkita qiz o'z qo'ylariga qarab turardi.

    Mehribon qalbli Muso ulardan so'radi:

    - Nega sizlar qo'ylaringizni sug'ormayapsizlar?

    - Biz to odamlar qo'ylarini sug'orib bo'lmagunicha quduqqa yaqinlasha olmaymiz. Chunki ular kuchli, biz esa ojizmiz. Ular er kishilar. Bizlar zaifalarmiz. "Otamiz keksa chol",- dedi ular.

    Oilasida ishga yaraydigan er kishisi bo'lmagan bu qizlarga Muso yordam berdi.

    Ularning qo'yini sug'orib, otalari huzuriga jo'natib yubordi.

    Ho'sh, endi Musoning o'zi qaerga boradi? Bu begona shaharda uning birorta ham tanishi yo'q-ku?

    "So'ngra (bir chetdagi daraxt) soyasiga borib (o'tirib) dedi: "Parvardigorim! Men O'zing men uchun nima yaxshilik (ya'ni rizq) tushirsang o'shanga muhtojdirman".

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:55:38

16. Qizlarning otasi Musoni huzuriga chorlaydi

    Qizlarining bugun barvaqtroq qaytganini ko'rib otasi ajablandi.

    - Bugun ertaroq kelibsizlarmi? Qanday qilib qo'ylarni tez sug'orib bo'ldingiz?

    - Allohning O'zi bizga bir solih kishini etkazdi. U qo'ylarimizni sug'orib berdi.

    Qizlarining javobini eshitgan chol taajjubga tushdi va bildiki, qo'ylarni sug'orib bergan kishi bu erlik emas. Chunki shu kungacha hali hech kim qizlarga yordam bermagandi.

    - U yigit qaerda qoldi?

    - O'sha joyda. U boshpanasiz bir musofir odam ekan.

    - Qizlarim, sizlar yaxshi ish qilmabsizlar. Bir bechora musofir sizlarga yordam beribdi. Uning bu erlarda hech kimi yo'q ekan. Bu kech u qaerda tunaydi? Biz uni mehmon qilmog'imiz lozim. Sizlardan biringiz borib uni chaqirib keling.

    "Bas, ulardan biri hayo bilan yurib kelib: "Otam sizni bizlarga (qo'ylarimizni) sug'orib berganingiz haqini berish uchun chaqirmoqda", dedi".

    Duosini Alloh ijobat qilganini, unga boshpana berganini Muso tushundi-da, indamay qizning oldiga tushdi.

    Qizga ko'zi tushib qolmasligi uchun oldinda ketayotgan Muso ulug'vor qadam tashlardi.

    Ular qizning otasi huzuriga keldilar.

    Chol Musoning ismi, vatani va nimalar qilib yurgani haqida surishtirdi.

    Muso boshidan o'tganlarini birma-bir hikoya qilib berdi.

    Musoni jim turib sabr bilan oxirigacha tinglagan qariya dedi:

    - "Qo'rqmagin. Sen zolim qavmdan najot topding".

     

Qayd etilgan


ZUBAIR  12 Mart 2009, 23:56:00

17. Uylanish

    Muso qizlarnikida katta hurmat-izzat ko'rdi. Ular bu g'arib yigitni xuddi o'z farzandlaridek ko'rib izzat-ikrom qilishdi.

    Kunlarning birida qiz otasi huzuriga kelib ma'sumalik bilan shunday dedi:

    - "Ey ota, uni (ishga) yollagin. Zero sen yollagan eng yaxshi kishi kuchli, ishonchli kishidir".

    Chol dedi:

    - Ey qizim. Uning kuchli hamda ishonchli ekanligini sen qaerdan bilasan?

    - U odamlar bir necha kishilashib ko'taradigan quduq qopqog'ini bir o'zi ko'tarib qo'ydi. Shundan bildimki, u juda kuchli yigit. Endi ishonchligiga kelsak, uni chaqirib kelayotganimda oldinda yurdi va yo'l bo'yi biron marta menga qaragani yo'q.

    Xizmatkor kuchli va omonatdor bo'lmog'i shart. Chunki zaif xizmatkor yaxshi ishlay olmaydi. Sadoqatsiz xizmatkor esa kuchli bo'lsa ham xiyonati sababli xojasiga zarar etkazadi.

    Qizining taklifi otasining ham ko'nglidan o'tgandi. Lekin u masalaga ota sifatida, ko'pni ko'rgan keksa kishi sifatida yondoshardi.

    Chol o'z-o'ziga dedi:

    "Mana shu yigitni o'zimga kuyov qilib olsam-chi?! Axir undan munosibroq yigitni yana qaerdan topaman.

    Madyanda bunday yigit yo'q.

    Shoyad Alloh menga uni kuyov va ko'makchi bo'lsin, deb yuborgan bo'lsa!"

    Chol sekin, viqor bilan so'z boshladi.

    "(Ey Muso, agar rozi bo'lsang) menga sakkiz yil ishlab berishing evaziga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman. Endi, agar o'n yilni to'latsang (ya'ni to'liq o'n yil ishlab bersang) sen tomoningdan (bizga marhamat bo'lur). Men seni qiynashni istamayman. Inshaalloh, sen mening solih kishilardan ekanligimni ko'rursan".

    Chol o'zining yolg'iz qolib ketishidan cho'chidi. U Musoni yaxshilab bilib olmoq niyatida edi.

    Alloh taolo Musoni Madyanga, bu nuroniy keksaga o'zi etkazdi.

    Uning qalbida bu g'arib yigitga nisbatan muhabbat va mehribonlik uyg'otdi.

    Muso cholning taklifiga rozi bo'ldi. U o'z haqqini muhofaza qilish niyatida aql va hikmat bilan shunday dedi.

    "(Muso) dedi: "Mana shu siz bilan mening o'rtamizdagi (bitimdir). Ikki muddatdan qay birini ado qilsam bas, menga zo'rlik qilinmas. Alloh aytayotgan so'zimizga guvohdir".

Qayd etilgan