37— Sof tavhiddan chigal e'tiqodga
Dinlar tarixidagi ko'zlarni yoshlatadigan va qalblarni ezadigan taajjub narslardan biri, Iyso alayhissalomning sof tavhidga, chigalliklar, o'zgartish va ta'villardan uzoq bo'lgan qulay dinga, Allohning o'zigagina ibodat qilish, Undangina ehtiyojlarni so'rash, Ungagina iltijo qilish va Unigina yaxshi ko'rishga bo'lgan da'vati noaniq e'tiqod va chigal falsafaga aylanib qolishidir. Natijada, Iysoga ergashganlar u haqida g'uluv ketib, uni bashariy hududlardan chiqarib, xudolik darajasiga ko'tardilar. Ular: "Masih (Iyso) Allohning o'g'lidir" (Tavba: 30) dedilar. "Allohning bolasi bor" (Baqara: 116), va "Alloh — Masih ibn Maryamdir" (Moida: 72), dedilar. Ular tug'magan va tug'ilmagan Beniyoz, Yagona ilohdan uch kishidan iborat oilani qilishib: "œUlarning barchasi xudodir! Ular ota, o'g'il va muqaddas ruhdir"— dedilar. Ular Iysoning onasi Mar'yamni muqaddaslash va unga ibodat qilish darajasiga olib boradigan ishlarni qildilar. Ular: "œMar'yam — Allohning onasidir!"— dedilar. Natijada, Mar'yamning surat va haykallari cherkovlarga qo'yildi va nasroniylar unga iltijo, duo, nazr va ta'zim kabi ibodatlar qildilar. Alloh taolo ularning bu e'tiqodlarini inkor qilib va qilgan ishlarini yomon ko'rib dedi:
"Masih ibn Maryam faqat bir payg'ambar bo'lib, undan ilgari ham ko'p payg'ambarlar o'tgandir. Uning onasi esa siddiqa — Allohga haqqirost iymon keltirgan ayoldir. Ikkalalari ham taom er edilar. (Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam), oyat-hujjatlarni ularga qanday bayon qilishimizni ko'ring, so'ng ularni qanday bo'hton tomonga og'ayotganlarni ko'ring! Ayting: "Allohni qo'yib, sizlar zarar ham, foyda ham berishga ega bo'lmagan narsalarga ibodat qilasizmi? Alloh eshituvchi, biluvchidir". (Moida: 75, 76)