* * *
Keldi giyloniyga yo‘qsil bir gado,
Qo‘l ochib, xayri duo etdi ado.
Chun duoe etdi ul olganda non:
Manzilingga Tangri yetkazsin omon.
Dedi giyloniy: bu uy-manzil manim,
Manzilingga Tangri yetkazsin seni.
Ahli g‘ofil bo‘ylakim kor aylagay,
So‘ylama, gavhar so‘zing xor aylagay.
Har kishi ham so‘zni uqmog‘i qiyin,
Qaddi bastni ko‘r-da, to‘n bichgil keyin...
* * *
Bir eshikka bir gado kelmish edi,
Yoki qotgan, yoki yumshoq non, dedi.
Dedi sohibxona: bunda non qani?
Non do‘konidin so‘rab, axtar ani.
Dedi: jindak yog‘ xayr etsang-da bas,
Dedi: bu qassob do‘koni ham emas.
Dedi bir kaf un xayr etgil, jigar,
Dedi: bu senga tegirmonmu magar?
Dedi: bir jom suv uzatgil bo‘lmasam,
Dedi: bu anhor emasdir, chashma ham.
Xullasi har ne tilandi, so‘rdi ul,
Yo‘q, debon keldi javobi, yo‘q nuqul.
Shunda uyga kirdi, dedi: qistadi,
Cho‘nqayib, hojat qilishni istadi.
Dedi: hay-hay, ne etarsen xonada,
Bir yozilgum, dedi shul vayronada.
Bas, tiriklikdin yiroq bir xona ul,
Uy emas, aslida hojatxona ul...