* * *
Keksalik tuprog‘i sho‘rdir, o‘ylakim,
Sho‘rlagan tuproqda ungaymu ekin?
Kuch suvi, shahvat suvi bo‘lmish ado,
Foyda yo‘q sendin birovga mutlaqo.
Hurpayib qoshlar, o‘siqdir, tasqara,
Yoshlanib boqqan o‘shal ko‘zlar xira.
Yuz ajin uzra ajin, ranglar uniq,
Til g‘aliz, ta’m betamiz, tishlar siniq.
Qosh qoraygan, tan mayibu, yo‘l yiroq,
Alxusus, korxona vayron, ish chatoq...
* * *
Nuri Haqdin nuri his gul-gul erur,
Nurun a’lo nur, degoni shul erur.
Nuri his tortar shu yer, maydon sari,
Nuri Haq tortar vale osmon sari.
Nuri Haqdin bahramand ersa kishi,
Ko‘rsatur shirin so‘zi, qilgan ishi...
Odamiy olsa Xudodin nur agar,
Qoshida jumla xaloyiq bosh egar.
Jonida yo‘q ersa zarra shubha-shak,
Sajda etgaylar o‘shanga chun malak...
* * *
Men yana devonadirmen, ey tabib,
Men yana savdoyidirmen, yo habib.
To uribsen zanjiringni menga chun,
Bo‘ylakim, har halqasida bir junun.
Bo‘ldi savdoyi fununim o‘zgacha,
Har nafas kelgan jununim o‘zgacha.
Bas, junun ermish funun-zarbulmasal,
Soldi zanjirga meni miri ajal.
Onchunon devonalik yuz berdi, tut,
Ki hama devonalar bergay o‘git...