HIKMATLAR. Jaloliddin Rumiy  ( 82560 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 20 B


Munavvara  19 Mart 2009, 16:32:37

* * *

Rost demishdir dahr eliga Mustafo,
Qutbi dinu bahri daryoyi safo:

Oqibatda har nekim johil ko‘rur,
Boshdanoq bilgay uni, oqil ko‘rur.

Ne bo‘lur ish so‘ngiga yetgach tayin,
Oqil avvaldan bilur, johil keyin...

Haq duo aylarsa, bunga ne yetar?
Ul duo aylar, ijobat ham etar...

* * *

Dil degan bo‘lgay magar daryoyi nur,
Dil-nazargohi Xudo, bo‘lgaymi ko‘r?

Dil-necha xosu avomning ko‘nglimas,
Dil bo‘lur bir kimsaning ko‘ksida, bas.

Dil-muhitdirkim, jahonni qoplagay,
Dahr aro har oshiyonni qoplagay.

Olam ahliga kalomlar yo‘llagay,
Haq salomidin salomlar yo‘llagay.

Har kishi ersa musaffo ham habib,
Dil nisoridin anga yetgay nasib...

Siymu zar deb o‘ylading-da, bir yo‘la,
To‘ldirib olding etakni tosh ila.

Zar emasdi sen o‘shal zar bilganing,
Domaning yirtildi, oshdi ul g‘aming...

Yosh go‘dak bilgaymu toshning toshligin,
Ulg‘ayib, to qo‘ymaguncha yoshligin.

Pirlik ul sochu soqolning oqimas,
Ul aql birlan kelur insonga, bas...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:32:59

* * *

Gar aql bo‘lsa aqlga oshno,
Damba-dam ortgay magar mehru vafo.

Nafs agar nafs birla esh, hamdam bo‘lur,
O’rtada mehru vafo kam-kam bo‘lur.

Nafs ul illatga bergaydir rivoj,
Ma’rifat bo‘lgay zalolatga xiroj.

Oshno, do‘st bo‘lmagil g‘ofil bila,
Do‘st tutun, do‘st bo‘l faqat oqil bila.

Chun samumi nafs birla xastasen,
Har ne olsang, bir baloga bastasen.

Gavhar olsang gar, qo‘lingda tosh bo‘lur,
Mehr ko‘rsang gar, ko‘zingda yosh bo‘lur...

* * *

Har sifatkim, jon uchun Haq saylamish,
Begumon unga munosib aylamish.

Vasf ila jonni tanosib etdi ul,
Yuz ila ko‘zni munosib etdi ul.

Yo go‘zal, yoki xunukning vasfi ham,
Mos-munosibdir, Xudo chekkan raqam.

Ikki barmoq o‘rtasinda bu ko‘ngil,
Gohi ma’yus ersa, gohi xursand ul.

Ey qalam, faxr et, bu dunyo mulkida,
Xat chekarsen, o‘yla, kimning ilkida?

Jumla junbishing u juft barmoqdadir,
To‘rtta yo‘l boshida, to‘rt barmoqdadir.

Holi nazming ham - Xudoning xohishi,
Azmi jazming ham - Xudoning xohishi.

Bas, tazarru ayla, o‘zga roh yo‘q,
Har qalam bu shevadin ogoh yo‘q...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:33:15

* * *

Yo boqing avvalgilarning holiga,
Yo boring oxirgilarning oldiga.

Ehtiyot ne? Ishni salmoqlash demak,
Ikki tadbirdin birin tanlash demak.

Gar biri desa: yo‘lingdir yetti kun,
Yo‘l emas, qumlar kecharsen, tashna qum.

Boshqasi desa: ishonma, ey falon,
Har qadamda uchragay obi ravon.

Ehtiyotdin chora-tadbir shul bo‘lur,
Suvni g‘amlab chiqqaning ma’qul bo‘lur.

Yo‘lda suv ersa, to‘karsen hoynahoy,
Yo‘lda gar suv bo‘lmasa, holingga voy.

Ey xalifazodalar, insof qiling,
Ro‘zi Haqqa ehtiyot aylab keling.

Otangizga chun g‘azab etdi aduv,
Illiyyundin  sudradi zindonga u.

Baski ko‘rsatdi nechuk yiqmoqni ham,
To yiqib, ranglarni sarg‘aytmoqni ham.

Ul hasadchi oldi, qochdi bojini,
Otamiz ham onamizning tojini.

Qip-yalang‘och qo‘ydi, bundoq etdi xor,
Yig‘ladi Odam bu ishga zor-zor...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:33:28

* * *

Shukr qil, ne’matdin ortiq bil ani,
Noshukur ersang, senga ne’mat qani?

Shukr agar jon ersa, ne’mat ggo‘st anga,
Shukr ila kelgay visoli do‘st senga.

Ne’mat ul-g‘aflat, shukr-ogohlik ul,
Dom etib shukringni, ne’mat ovlagil...

Qona-qona ich mayi anvosidin,
To qutulgaysen qorin g‘avg‘osidin...

* * *

Kim yomondir, beomonlik aylagay,
Yaxshilik etsang, yomonlik aylagay.

Sabr ila nafsingga etgil qarshilik,
Ul yomondin kim ko‘ribdir yaxshilik?

Yaxshiga bir karra ehson ayla.bas,
Yetti yuz ehson ila bergay evaz.

Gar yomonga aylasang qahru jafo,
Senga banda, qul bo‘lib, etgay vafo.

Ahli kofir ham etib jabru sitam,
So‘ng jahannamda degaylar, yo Egam!..

* * *

Keldi dunyoga ibodat deb bashar,
Bo‘ldi munkirga ibodatgoh - saqar .

Odamiy dunyoda nelar aylasin,
Mayli, lekin bandalikni o‘ylasin.

Insu jinslarni yaratdi Haq, demak,
O’zga maqsad yo‘q ibodatdin bo‘lak.

Gar bashardin muddao irfon edi,
O’zgadir har odamiyning ma’badi.

Ma’badi mardu karim - mehru vafo,
Ma’badi pastu laim - jabru jafo.

Ur yomonni, bosh egar, ursang magar,
Yaxshilarga berki, bergaylar samar.

Ikki masjid Haq bunyod aylamish,
Kimga do‘zax bermish ul, kimga bihisht.

Ul Muso past qurdi Quddus qopqasin,
To kirarkan, qavm sajda aylasin...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:33:47

* * *

Ahli dunyo shohga etgay sajdalar,
Kibriyoga sajda etmaslar ular.

Bo‘yla mehrob etdi axlat zotini,
Shohu sulton qo‘ydi so‘ngra otini.

Bo‘yla ko‘ppaklarga pastlar bosh egar,
Boshini egmas arislon, or etar.

To‘s yuzing, ey kosales, sarqitxo‘r,
Senga non berganni Haq o‘rnida ko‘r...

Bas, yetar, bundan-da ortiq bo‘lsa gap,
Ko‘zg‘atur shohu amirlarda g‘azab.

Gapning indallosi shuldir, ey karim,
Bosh egur har dam laimlarga laim.

Nafsi badga kimda kim ehson etar,
Bilmagay ne’matni ul, kufron etar.

Ahli mehnat shukr etib, shokir erur,
Ahli ne’mat makr etib, botil erur.

Molu ne’matdin shukr kelgaymu hech?
Kelgay ul dardu alamdin erta-kech...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:34:01

* * *

Bul-Anas, farzandi Molikning ishi,
Ki uning mehmoni erdi bir kishi.

Ul hikoyat etdi, ovqatdin keyin,
Ko‘rdi mezbon sufraning dog‘ bo‘lganin

Kirlanibti, boq, dedi, ey xodima,
Sen uni tandirga tashla bir dama...

Oldi dasturxonni cho‘ri qiz hamon,
O’t to‘la tandirga otdi shul zamon.

Jumla mehmon bunga hayron erdilar,
Kul bo‘lur otashda sufra, derdilar.

Kechdi fursat, oldi dasturxonni qiz,
Sufra erdi beg‘ubor, poku tamiz.

Ey sahoba, dedilar, bul ne edi?
Ne sabab, otashga tushdi, yonmadi?

Dedikim, ovqat tanovul aylabon,
Mustafo surmishdilar dastu dahon...

* * *

Boqki, gulning yulsalar ham bargini,
Kulgusin qo‘ymaydi, egmas qaddini.

Kelsa boshingga baloyi nogahon,
Yaxshilikka yo‘y uni sen begumon.

O’zgalar qo‘rquv-la sarg‘aygan zamon,
Qarshila guldek kulib sudu ziyon.

Sen yo‘qotsang gar biror bir narsani,
Bir falokatdin xalos etmish seni.

So‘rdilar: ustoz, tasavvuf ne emish?
Dedi: g‘am kelganda fe’lni keng qilish...

Bir balo yuz bir balodin saqlagay,
Bir jafo yuz bir jafodin asragay...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:34:26

* * *

Ulki bergay, foyda kutmay mutlaqo,
Ul Xudodir, ul Xudodir, ul Xudo.

Ul g‘aniydir, o‘zgalar ermish faqir,
Bir evaz olmay qachon bermish faqir ?

Yo valiydirkim, anisi Haq emish,
Nurga aylanmish, nuri mutlaq emish...

Bir tamah etmay magar xosu avom,
Bir salom bermas birovga, vassalom.

Xaq salomin izla yakkash, unga to‘y,
O’yma-o‘y, manzilma-manzil, ko‘yma-ko‘y.

Odamiykim xushnafasdir, xush kalom,
Kelgay andin Haq payomi, Haq salom.

O’zi murda, Tangri birla zindadir,
Ul sabab asrori Alloh undadir...

* * *

Sen qo‘ling-la berganing xayru zakot,
Ul taraflarda bo‘lur naxlu nabot .

Jannat ichra chashmadir sabring sening,
Sutli irmoqdir magar mehring sening.

Toating zavqi - asal, nahri gulob,
Mastliging toatda - daryoyi sharob...

Ul sabablar amru farmoningdadir,
To‘rtta daryo sharqirab, yoningdadir.

Ne taraf ista, ravon etguvchi sen,
Ne sifat ista, chunon etguvchi sen...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:34:43

* * *

So‘rsakim, bilgaymusen sen Nuhni,
Ul Rasuli Haqni, nuri Ruhni?

Sen degaysen: nega bilmasmen, kabir?
Ul quyoshu oydanam ravshan, axir.

Nuhni ayturlar kitoblar bob aro,
Ne imomlar har kuni mehrob aro.

Nomi Qur’onda bitilmishdir yana,
Qissalar insho etilmishdir yana.

Rost dersan, chun bilarsen vasfini,
Sen vale aslida bilmassen ani.

Gar desangkim, bilmagaymen, kimdir ul?
Nuhni yolshz Nuhga monandlar bilur.

Lang chumoli filni bilgaymu sira?
Pashsha Isrofilni bilgaymu sira?

Bul so‘zing ham to‘g‘ri so‘zdir, ey falon,
Mohiyatni chunki bilmassen hamon.

Lekin, oshnam, mohiyat asli nima?
Bul jihatni barcha ham bilmas, dema.

Mohiyat ul garchi dengiz ichra dur,
Ahli komil nazdida ravshan erur.

Mulki borliq ichra Haqning zotidin -
Ham buyukroq sirru asror bormikin?

Ulki mahramlarga maxfiymas, ayon,
O’zga sirlar emdi qolgaymu nihon?..

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:34:57

* * *

Men tatib boqdim magar halvosini,
Ko‘zlarim ko‘rdi uning siymosini.

Gulga bir so‘z aytdi, xandon ayladi,
Dilga bir so‘z aytdi, chandon ayladi.

Boqdi, sarvning qaddini rost etdi ul,
Nargizu nasrinni hamroz etdi ul.

Nayga ehson etdi shirin jonu dil,
Chekdi tuproqdin go‘zal naqshi chigil.

Qoshni chizdi egmayu tarror etib,
Yuzni chekdi gulgunu gulnor etib.

Tilni etdi shul jahon afsungari,
Konga in’om etdi zarri ja’fari.

Uzdi o‘q ko‘nglimga, savdo ayladi,
Bir ajib oshig‘i shaydo ayladi.

Unga oshiqmenki, olam jonidir,
Aqlu jon hamrozi bir marjonidir.

Lof demang, lof ursa suvdek gar tilim,
So‘ndirarmen o‘tni, yo‘qdir mushkulim.

Bus-butun mahzan, suyanchim ul o‘zi,
Beti qattiqmen, tayanchim ul o‘zi...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 16:35:34

* * *

Boqki, Qur’on ichra so‘z zohir erur,
Ostida ma’nosi bor, qohir  erur.

Boz uning ostida qo‘sh ma’noyi hol,
Unga yetganda aql hayronu lol.

Bor yana to‘rtinchi ma’no, bo‘yla sir,
Voqif ul yolg‘iz Xudoyi benazir.

Boqma Qur’on zohiriga, bu - g‘alat,
Dev boqur odamga tuproq deb faqat.

O’ylakim, Qur’on-da bir odamsimon,
Jismi zohir, joni ko‘zlardin nihon...

* * *

Bu jahonda neki bor, Haq buyrug‘i;
Juft-juftdir, bir-birining oshig‘i.

Har ne borkim, juftini izlar hamon,
Kahraboga talpinur bargi somon.

Osmon deydi Zaminga: marhabo,
Men-temirdirmanki, sen-ohanrabo.

Osmon-erdir, zamin chun xotini,
Har ne eksa, yer yetishtirgay uni.

Gar sovuq qotsa, harorat bergay ul,
Chanqasa, namlik, tarovat bergay ul.

Yerga parvona hamisha osmon,
Er kishi xotindin aylangansimon.

Yer-da oybonu maqomiga o‘tar,
Necha bir farzand tug‘ib, ko‘krak tutar.

Qayd etilgan