HIKMATLAR. Jaloliddin Rumiy  ( 82660 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 20 B


Munavvara  19 Mart 2009, 18:36:21

* * *

Badguharga  ilmu fan o‘rgatganing,
Yo‘lto‘sar ilkiga xanjar tutganing.

Mast-alast zanjiyga shamshir ber, bali,
Ilmu irfon berma nokasga vale.

Ilmu molu mansabu johu qiron
Badguharlar ilkiga tushsa, yomon.

Telbaga tig‘-aqlu insofdin emas,
Tig‘ni olmoqlik erur mo‘minga farz.

Joni majnundir, tani shamshir bo‘lib,
Telbadin shamshirini olgin yulib.

Mast etar johilni mansab, simu zar,
Yuz arslon ham qutirmas munchalar.

Vaqtu fursatni qulay topgan zamon,
Sudralib chiqqay inidin har ilon.

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:36:50

Jumla sahro moru kajdumga to‘lur,
Bitta johil kimsa gar podsho bo‘lur.

Molu mansab tegsa nokasga, yomon,
Har nafas rasvolik aylar begumon.

Yo karam, ehson yo‘lini boylagay,
Yo sochib oltinni, isrof aylagay.

Shohni vazir xonasiga qo‘ndirar,
Ulki johil, ishni bundoq do‘ndirar.

Taxtki gumroh ilkiga tushsa, tamom,
Simu zar choh qa’riga tushgay hamon.

Io‘lni bilmas yo‘lni ko‘rsatgaymu hech?
Yondirar borliq-jahonni erta-kech.

Yosh bola pirlik etarmu, o‘ylakim,
Ergashib borgan bo‘lur shaytonga yem.

Kel beri, der, oyni ko‘rsatgum senga,
Oyni ko‘rmoqmu nasib etgay anga?

Ko‘rmagansen suvda bir bor aksini,
Bas, netib ko‘klarda ko‘rsatgung ani?

Ulki axmoq, shoh bo‘lib solgay vahim,
Oqilu dono turar bir chetda jim.

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:37:39

* * *

Ul hadisda dedikim, Yazdonu hu
Xalqi olamni yaratdi uch guruh.

Bir guruhda jumla aqlu ilmu jud,
Ul malaklardir, faqat aylar sujud.

Yo‘q ularda zarracha hirsu havo,
Nuri mutlaqdir ular, ishqi Xudo.

Bir guruh borkim, ular hayvonsifat,
Yeb-ichib, uxlab, semirgaylar faqat.

Bilgani yolg‘iz yemishdir, o‘t-alaf,
Bilmagaylar na shaqovat, na sharaf...

Bor uchinchi bir guruh-qavmi bashar,
Yarmi inson, yarmisi eshshak magar.

Yarmisi fikru aqlning moyili,
Yarmisi hirsu jahlning moyili.

Yo‘q o‘shal ikki guruhda ixtilof,
Lek bashar qavmi aro jangu azob.

Odamiylar uchta ummat bo‘ldilar,
Imtihon bermoq uchun ayrildilar.

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:52:34

* * *

Bir faqirkim sallasin boylab edi.
Salla ichra bir balo joylab edi...

Toki ul masjidga kirgan pallasi,
Ajralib tursin bahaybat sallasi.

Latta-lutta, har nechuk qiyqim, quroq -
Solmish erdi, to ko‘ringay kattaroq.

Zohiran gar jannatul anvo edi,
Lek munofiqdek ichi rasvo edi.

Parcha-purcha har nechuk eski matoh,
Barchasi erdi buyuk dastorga jo...

Madrasa sori yo‘l oldi ertalab,
Erdi mundoq shuhratu obro‘talab.

Yo‘lda lekin yo‘lto‘sar hozir edi,
Yo‘lto‘sarlik bobida mohir edi.

Yuldi-qochdi boshidin dastorini,
Shul yo‘sin bo‘ldi bitirmoq korini.

Lek faqih qichqirdi: avval ko‘r ochib,
Mayli, so‘ng bir yoqqa ketgaysen qochib

Qo‘shqanot boylab ucharsen ne balo,
Olganingni bir ochib ko‘r avvalo.

Och-da, siypab ko‘r qo‘ling-la bemalol,
So‘ngra ol, mayli, senga etdim halol.

O’g‘ri ul dastorni ochdi bir mahal,
Har taraf sochildi latta-luttalar.

Sochilib ul jumla ko‘zi o‘ngida,
To‘rt qarich bir narsa qoldi so‘nggida.

O’g‘ri jahl ichra uloqtirdi ani,
Dedi: ey makkor, ado qilding mani...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:53:18

* * *

Ul tabiblarkim, badanlarga tabib,
Har ne darding ersa, bilgaylar boqib.

Siydigingni tekshirib, holing nechuk,
Aytishar avzoyu ahvoling nechuk. . .

Tadqiq etgaylar tomirga qo‘l urib,
Dam-nafas ham rangi ro‘yingni ko‘rib.

Lek tabiblar bor ilohiykim chunon,
Bir boqib, holingni ko‘rgaylar ayon.

Gar tomir, ko‘zlarga urmaslar ilik,
Zohir etgaylar vale yuz xastalik.

Ul tabiblar yosh va o‘rgamchik magar,
Har kasalga bir nishona axtarar.

Bul tabiblar ersa chin, komil tabib,
Ich-iching tadqiq etarlar, ey habib.

Sen hali dunyoga kelmasdan hamon,
Holu ahvolingni etmishlar bayon..

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 19:03:24

* * *

Shul yorug‘ olam, shu osmon birla yer,
Haq og‘ochida yetishgan olmadir.

Sen shu olma ichra qurtdirsen magar,
Ul daraxtu bog‘bondin bexabar...

Lekin ul qurtlar aro bor o‘zga ham,
Jonni bayroq aylagan, sohib alam.

Olmani yorgay u, ortiq turmagay,
Olma po‘sti unga bardosh bermagay.

Pardalarni yirtib ul, etgay ado,
Suvrati qurtdir, o‘zi lek ajdaho.

Avvalo uchqun temirdin sachragay,
Tashqari dunyoga so‘ngra uchragay.

Paxta bo‘lgay doyasi, lek bari bir,
Yog‘dirib yolqin, uni aylar asir.

Odamiy gar uyqu, ovqat birla band,
Oqibatda lek maloyikdin baland.

Paxtayu gugurt madad aylarsa to,
Shu’lasi yetgay zamindin to Suho.

Odamiy zulmatni ravshan aylagay,
Dashtu sahrolarni gulshan aylagay...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 19:06:38

* * *

Bo‘lsa hamdam necha do‘st, ravshan senga,
Garchi gulxandir, o‘shal gulshan senga.

Hamnishin ersa agarda dushmaning,
Gulshan ichra gulxan ermish maskaning.

Do‘stga ozor berma, man-man etmagil,
Berma qo‘ldin, do‘stni dushman etmagil.

Xalqqa ehson ayla Rahmoning uchun,
Azbaroyi rohati joning uchun.

Do‘stga doim do‘st debon solgil nazar,
Kiynadin keltirma ko‘ngligga zarar.

Ulki dushman, qoch nari, parhez ila,
Maslahat qil yori mehrangez ila...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 19:09:35

* * *

Aqlu idrok yoshda ermas, boshdadir,
Soch-soqol oqiga boqma, ey o‘g‘il.

Bormu iblisdan-da keksa bir ulug‘,
Yoshi keksa, lek zig‘ircha aqli yo‘q.

Yosh bola uchrar gahi Iso nafas,
Ko‘ngliga yotdir g‘urur birlan havas.

Soch-soqol oqi aqldanmas nishon,
Bo‘yla, deb ba’zida o‘ylaydir avom.

Ul muqallid doimo izlar dalil,
Bir alomat axtarib, bo‘lgay sabil.

Istasang bir ishni sen, tadbir top,
Rahnamo axtar o‘zingga, pir top.

Ulki taqliddan qutilmish, tut ani,
Nuri Xaq birla ko‘rar ul jumlani.

Nuri poki bedalilu bebayon,
Har ne ersa, baski etgaydir ayon.

Ulki zohirbin puchakni chin demish,
Qaydin ul bilgay, savatda ne emish.

Necha oltin bor, tutunlardin qaro,
Ki birov qo‘l cho‘zmasin deb el aro.

Necha mis ham borki, ul zarrin niqob,
Akdi qosirlar ko‘rib, aylar tavob.

Bizki botinni ko‘rarmiz har nafas,
Dilni ko‘rgaymiz, vale zohirnimas...


Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 19:10:49

* * *

Jahd qil, to piyri aqlu din bo‘l,
Aqli Kulldek sen-da botinbin bo‘l.

Aqli zebo ochdi yuz, xullas kalom,
Tangri to‘n kiydirdi, berdi mingta nom...

Kamtarin nomi ne ermish, xush nafas,
Bo‘ylakim, hech kimsaga muhtoj emas.

Aql yuz ochsa jahon ko‘zgusida,
Tiyra ermish kun uning o‘trusida.

Lekin axmoqlik agar zohir erur,
Oldida tun zulmati ravshan turur.

Ul qaro tundin qorong‘udir, qaro,
Shabparak uchgay o‘shal zulmat aro.

Andak-andak nurga etgil ishtiyoq,
Yo‘qsa, xuffoshdek qolursen bechiroq.

Ulki sevgay tunni, xuffosh bil ani,
Har qachon sha’mu chiroqdir dushmani...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 19:13:31

* * *

Oqil ul bo‘lgayki, mash’al birla ul,
Necha karvon ahliga yo‘l ko‘rsatur.

Payravi nuri Xudodir, peshrov,
Elni boshlab, o‘zni etmishdir garov.

Sizga keltirmish u iymoni hayot,
Nuri joniga etingiz e’tiqod.

Ul yarim oqil kishidir bo‘ylakim,
Ko‘z bilib oqilni, mahkam tutsa kim.

Ko‘r kishi bir bora tutgandek dalil,
Tutmish ul, shundan magar chustu jalil.

Ko‘r anuv eshshaknikim, ul ne emish,
Aqli yo‘q, oqil yo‘liga yurmamish.

Yo‘li yo‘qdir bir taraf yurmoqqa, hay,
Rahnamosi boshlasa, ergashmagay...

Qayd etilgan