* * *
Keldi ona Murtazoning qoshiga,
Dedi: yordam ber, bolam tom boshida.
Necha bor yig‘lab chaqirdim: hoy, o‘g‘il,
Boqmadi, nogoh yiqilgay pastga ul.
Oqil ermaskim, so‘zimni tinglasa,
Qobil ermaskim, xatarni anglasa.
Qo‘llarim silkib, ishorat ayladim,
Kel, dedim, qoshimga, qancha imladim.
Ko‘rsatib ko‘ksim, kelar deb har tugul,
Em, desam, mendin o‘girdi yuzni ul.
Azbaroyi Haq madad ber, mehribon,
Sen suyanchim ul jahonu bul jahon.
Dardga darmon ayla, yechgil mushkulim,
Xavf-xavotir ichra titraydir dilim.
Murtazo burdi ayolga boshini,
Tomga opchiqqil, dedi, tengdoshini.
Shunda o‘g‘ling novadonni tark etar,
Jins degan jinsin hamisha jazb etar
Bo‘yla qildi ona, tengdoshin ko‘rib,
Bolasi o‘grildi, boqdi termulib.
So‘ngra tarnov boshini tark etdi ul,
Jins borkim, jinsiga jozib erur.
Umtilib keldi go‘dakning yoniga,
Shul yo‘sin yetdi omonlik joniga.
Bas, nabiylar ham bari jinsi bashar,
Odamiyni novadondin chekdilar.
Dedilarkim, jinsingizdanmen, keling,
Ergashib, o‘zni balodin qutqaring.
Jinsiyatkim munchalar jozib erur,
Jins har dam jinsiga tolib erur...