BULBULNING CHO'PCHAKLARI
-----------------------------------------------
SALOMNOMALAR
Qo'rqoqlarning qo'rqog'i g'ilay Quyonga salom,
Yo'qdir yaqin o'rtog'i, sho'rlik Chayonga salom.
Shoxdan shoxga yugurgan, dumida uy supurgan,
Yong'oq chaqib tupurgan sho'x Olmaxonga salom.
Arg'amchidek buralar, yantoqlarga o'ralar,
Qo'ng'iz o'tsa mo'ralar, bo'g'ma Ilonga salom.
Ho'kizlarni yiqitgan, Qashqirlarni qo'rqitgan,
Bor jonzotni hurkitgan shoh Arslonga salom.
Xo'tikchaning qondoshi, ochlikka zo'r bardoshi,
Kamroq bo'lsa ham oshi, erkin Qulonga salom.
Xumbosh hamda hirqiroq, oziq tishi oshpichoq,
Ochko'zligi sal chatoq, hasis Qobonga salom.
Nafsi o'lja tilagan, qo'lin qonga bulgan,
Asta mo'ylov silagan pismiq sirtlonga salom.
Meshkay qorni qovoqdir, burni tappak tovoqdir,
Ikki lunji lavoqdir, go'l Karkidonga salom.
Guldor to'ni kelishgan, qurtlarni yeb to'lishgan,
Daraxtlarda in teshgan Qizilishtonga salom.
Chidab sovuq-ushukka, insof tilab Mushukka,
Pishloq sudrar teshikka, olg'ir Sichqonga salom.
O'g'rilarning ustasi, qushning xunuk tusdasi,
Ko'rib qo'yning nusxasin, sur Zag'izg'onga salom.
Tunu kun yer qazigan, zaxda yotib ozigan,
Ko'p tirishib, oz yegan go'sxo'r Yumronga salom.
Igna-bigiz sotuvchi, kuzda loyga botuvchi,
Ilon poylab yotuvchi Tipratikonga salom.
Bebahodir po'stini, poylar hatto do'stini,
Sipo demang siz uni, ayyor Qoplonga salom.
Rizqin mag'rur izlagan, yuksaklarni ko'zlagan,
Dushmanlarin tuzlagan botir Tarlonga salom.
Bulbul kabi izillar, tog'-toshlarda g'izillar,
Yirtqichlardan bezillar, do'stim Jayronga salom.