Ahmad Lutfiy Qozonchi. Abu Bakr siddiq (r.a.)  ( 94728 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 24 B


Abdullоh  28 Mart 2009, 11:49:24

* * *
Abu Quhofa har tomonlama faxrlansa arziydigan farzandning otasi ekanligidan baxtiyor bo‘lsa, Ummulxayr ham, tom ma’noda yetuk, insoniy fazilatlarga boy bir insonning volidasi sifatida xursand edi.

Bir kun Abu Bakr (r.a.)ning ota — onasi o‘zaro suhbatlashib, o‘g‘illarining uylanish vaqti yetganligini muhokama qilishdi. Oqibat, Abu Quhofa, Amr bin Luiy qabilasi tomon yo‘l oldi. Abdul Uzzo bin Abdi As’adning eshigini qoqib, Qutayla ismli qizlariga sovchilikka kelganligini bildirdi.

Abu Quhofaning taklifi oila ichida muhokama qilindi va munosib qarshi olindi. Natijada Abu Bakr (r.a.)ning oila davri boshlandi. Bu yerdagi an’anaga binoan, Abu Bakr (r.a.)ning uch kun mudlatga qiz uyida qolishini aytishdi. Shunday qilindi. To‘rtinchi kun tongda Qutayla ota uyini tark etdi. Abu Quhofa va Ummulxayrga kelin, Abu Bakrga, zavja bo‘lib uyiga keldi. Bu nikohdan tug‘ilgan to‘ng‘ich farzand ismi Abdulloh edi. Arablar odatiga binoan otaga endi «Abu Abdulloh» nomi berilishi kerak. Ammo ota eski nomini tashlashni xohlamadi va Abu Bakrligicha qoldi.

Bir necha yil o‘tgach, Abu Quhofa uyida ikkinchi nabira ham tug‘ildi. Qiz bo‘lgan bu ikkinchi go‘dak ismi Asmo edi. Ummulxayr bu ikki go‘dakning buvisi bo‘lish baxtini ham ko‘rdi. Oltmishga yetgan Abu Quhofa keksayib, turmush yumushlari endi Abu Bakr (r.a.) zimmasiga yuklangandi. Hamon yoshlik yillarini o‘tkazayotgan Abu Bakr bozorma —bozor kezar, qo‘l mehnati va peshona teri bilan topganlarini dasturxonga to‘kardi. O’rta holli oila farzandi bo‘lib boshlangan tijorati barakali bo‘lib, boyiy boshladi. Bunga halolligi sabab erishganligini unutmadi. Kechagi hayoti bugun ham ayni sinovlar ichida davom etardi.

Bu orada Abu Bakr ikkinchi marta uylandi. Ummu Rummon ismli xonim ham Abu Quhofa va Ummulxayrning kelini bo‘ldi.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 11:50:32

O’ttiz to‘rt yoshlarida yong‘in falokatiga uchragan Ka’baning qayta qurilishida Abu Bakrning shaxsan o‘zi tosh tashib, ter to‘kdi. O’tirib hordiq chiqararkan bu muqaddas dargohning nega butlarga to‘laligini, shonli va irodali insonlarning nega jonsiz va irodasiz borliqlarning quli va soyasi ekanliklarini tushunmasdi. Kunlik hayotlarida aqlli ekanliklarini har qanday vaziyatda isbot qila oladigan va qo‘llaridan aldab bir dirham olib bo‘lmaydigan bu insonlar butlar qarshisiga kelgach tushunib bo‘lmas holga tushar, miyalari zaharlanib qolardi. Necha yildirki qo‘yilgan joylaridan bir odim ham jilmagan, shamol, yomg‘ir, issiq, sovuqda sas — sadosiz turgan, kelib — ketuvchilardan bexabar, hatgo o‘zlariga ibodat qilinayotganidan xabarsiz bo‘lgan bu borliqlar qanday qilib iloh bo‘lishi mumkin, qanday qilib ma’bud darajasiga ko‘tarilishi mumkin, bu haqda o‘ylashmasdi.

Abu Bakr(r.a) atrofida o‘zidek fikrlovchi ko‘plab insonlar borligini, ularning bir qanchasi haq dinni axtarib, Makkani tark etishganini bilardi. O’zi ham qilgan safarlarida din masalasini o‘rtaga tashlagan, biroq qoniqarli javob ololmagandi. Eng ishonchli inson, hamma tarafidan «Al—Amin» deya nomlangan Muhammad bin Abdulloh edi. U bilan ham bu masalada suhbatlashgan, ammo u ham biror aniq fikr aytmagan, faqat butlarga nafratini bildirgandi, xolos.

Abu Bakr (r.a.) og‘ir vaziyatda edi. Faqatgina u emas, ahli insoniyat shu ahvolda edi. Ularning qo‘lidan tutib, haq yo‘lni ko‘rsatuvchi hidoyat yo‘lboshchisiga ehtiyoj katta va bu ehtiyojni his qilayottan insonlar ko‘p edi.
Ramazon oyi kelgach bir guruh insonlarning oziq — ovqatlarini olib Makkadan ketishlariga ham aynan shu ehtiyoj sabab bo‘ldi.
Abu Bakr (r.a.) anchadan buyon tanigan, sevgan, hurmat qiladigan Abdulmuttalibning nabirasini ko‘pdan beri ko‘rmagandi. Bu samimiy do‘sti yonidaligida qalbi rohatlanar, ko‘ngli taskin topardi. Shu o‘ylarda Abu Bakr Hadicha binti Huvaylid uyiga keldi do‘stini so‘radi va uning ham notinchligini, yolg‘iz qolish uchun ketganligini bildi.

Bunday muhitda yashagan inson faqatgina yolg‘izlikda, odamlardan yiroqda taskin topa oladi. Ammo bu chora emasdi. Insonlar orasida, insonlar bilan birga topilmagan huzur tatimaydi. Kishi faqat vaqtincha o‘ziga orom beradi, xolos.
Keyingi paytda qilgan bir safarida yana din masalasi tilga olinganida bir ruhoniy, «najot umidi sen kelgan tuproqlardadir» degandi. Holbuki, Abu Bakr (r.a.) Hijozdagi hayot ko‘rsatgan iztiroblar bilan dardiga davo qidirmoqda edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 11:55:04

* * *
Nihoyat bir kun, ko‘ngliga yaqin, sodiq do‘stini uchratganda xursandchiligini yashirmadi:
—   Do‘stim, seni nihoyatda sog‘inib ketdim, qaerlarda yuribsan, axir?...
—   «Butun borliqni yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz nomi bilan o‘qing! U insonni laxta qondan yaratdi. O’qing! Rabbingiz esa karamli zotdir. U insonga qalam bilan (yozishni) o‘rgatgan zotdir. U insonga bilmagan narsalarini o‘rgatdi» (Alaq surasi. 1—5 oyatlar).

Do‘sti aytgan so‘zlar savolining javobi bo‘lmasa—da, bema’ni so‘zlar ham emas edi.
—   So‘zlaringni yana bir karra takrorla, ey, Muhammad!..
Takror tingladi. Ruhi to‘lqinlangandi, go‘yo. Noma’lum, ammo zinhor begona so‘zlar emas edi. Bu so‘zlarning xamiri go‘yo o‘zidan olingandi.
—   Gaplaring meni maftun qildi, ey, Amin. Ammo sen bularni kimdan eshitding?.. Axir bular sening so‘zlaring emas. Shuncha yildan beri sendan bu kabi so‘z eshitmagandim...
Do‘sti javob berdi:
— Ey, Abu Bakr, unda so‘zlarimni tingla!..
«Ey, (liboslariga) burkanib olgan kishi. Turing-da, (insonlarni oxirat to‘g‘risida) ogohlantiring. Rabbingizni ulug‘lang. Liboslaringizni poklang. Butlardan yiroq bo‘ling». (Muddassir surasi 1—5 oyatlar).
—   Ey, Abdullohning o‘g‘li, menga nima bo‘lyapti, sening so‘zlaring menga qanchalik yoqmasin, men ularning mag‘zini tushunolmayapman. Gaplaringning ma’nosini anglat!
Abu Bakr (r.a.) Hiro tog‘ida avval malakning kelgani, birozdan so‘ng vahiy eshitilganini, keyin esa kutishdan so‘ng tog‘dan qaytarkan, Batni Vodiysida malakning yana ko‘ringani, qo‘rquvdan titrab uyga kelib yotganda malakning qayta kelib avval o‘qigan «Ey, (liboslariga) burkanib olgan kishi» — deya boshlanuvchi oyatlarni keltirganini do‘sti—birodaridan eshitdi. Abdulmutgalibning nabirasi ushbu so‘zlarni so‘zlarkan, Abu Bakr (r.a.) ham yolg‘ondan yiroq, riyokorlikdan bexabar bu insonni qulog‘i bilan emas, balki qalbi bilan tinglardi.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 11:56:20

—   Shuni bilginki, ey, Abu Bakr, men Allohning yerdagi payg‘ambariman. Men insonlarga haq dinni tanitish amrini oldim. Sendan Alloh taoloning yagonaligiga ishonishingni va mening Payg‘ambarligimni qabul qilishingni so‘rayman...

Abu Bakr (r.a.)ning ko‘ngli izlaganini topgandi. Ko‘p yillardan buyon din, iymon, payg‘ambarlikka tegishli biror marta ham so‘zlamagan, ammo hech kimni aldamagan bu insonning haqiqatdan payg‘ambarligiga aslo shubha yo‘q edi. Hech ikkilanmasdan Uning qo‘lini tutdi va do‘stiga murojaat etdi:
—   Ey, Amin, men senga ishonaman, sen haqiqatdan ham Alloh yuborgan Payg‘ambarsan...

Abu Bakr (r.a.) hech ikkilanmadi. Sababi uzoq yillardan buyon bilgan, har bir so‘zi haqiqat, or — nomus sohibi bu insonning harakatlari aslo tanazzulga uchramasligini mushohada qilgandi. Ishonganga gumon bilan qarash, sinalganni qayta sinash, aql va mantiq sohibi bo‘lgan insonlarga xos emas edi.

Ma’noli hayotning ilk sahifasi ochilgan edi, Abu Bakr qaytadan dunyoga kelgandi. Haqiqiy hayot, yashashga qadrli umr mana shu onlardan boshlangandi.

Muhammad al—Amin( s.a.v) ham baxtli edi. Uzoq yillik qadrdon, ishonchli do‘sti, haqiqatdan do‘stligini isbotlagan, uning gapiga javoban aqalli «bir o‘ylab ko‘rayin» ham demagandi. Abu Bakr (r.a.) o‘sha kundan e’tiboran hayotga boshqacha nazar tashlay boshladi. Bundan keyingi hayot yashashga arzir edi.

Uning nazarida hayot faqatgina shu taskin, shu ishonch va shu dinning borligi bilan qadr, ma’no topgan edi.
Shu vaqtgacha nafratlanib yurgan va biror marotaba ularning huzuriga qadam bosmagan butlarning haqiqatdan ham qadrsizligini bu safar Alloh taoloning Payg‘ambaridan ham eshitgan, turli shubha-gumonlar va botil xayollar qurshovidan yiroqlashib, Olamlar Rabbi bo‘lgan Alloh taologa iymon keltirdi. O’sha kecha yotog‘iga kirarkan, butun vujudi tilga aylanib, Rasululloh (sa.v.)dan eshitgan muborak so‘zlarni takrorlardi: «Yaratgan Rabbing nomi bilan o‘ki...». O’zini ajib bir dunyoda his qilardi.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 11:57:14

MAZMUNLI HAYOT

Hazrati Abu Bakr (r.a.) ikki dunyo saodatiga yetaklovchi bu mazmunli hayotida endi mulohazali ish boshlash vaqti kelganligiga amin bo‘ldi va darhol shunga kirishdi. Uning nazarida Alloh taoloning Rasuli (s.a.v.)ga yelkadosh bo‘lmoq kerak edi. Shu fikrda avvalo ishonchli kishilar bilan uchrashib chiqdi. Yangi dinni Rasululloh (s.a.v.)dan eshitganidek qilib ularga tushuntirdi. Bu bilan o‘zini muvaffaqqiyatga boshlayotgandi. Buning sabablaridan biri, uchrashgan barcha insonlari johiliyat davrining behuzur havosidan bezgan va najotkor kutayotganlar edi.

Barchalarining qalbi islom diniga moyil, hidoyat nuri bilan yo‘g‘rilgan edi. Birozdan so‘ng payg‘ambarlar buyugi huzuriga yo‘l olishdi. Yangi dinni Payg‘ambarimiz (sa.v.)dan tingladilar va shahodat kalimalarini keltirib musulmon bo‘ldilar. Ular Usmon bin Affon, Abdurahmon bin Avf, Bilol bin Abu Raboh, Holid bin Said kabi islom sharafi hisoblangan bir guruh kishilar bo‘lib, hazrat Abu Bakr (r.a.)ning sharofati bilan iymon va islom doirasidan joy olgandilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 11:59:54

* * *
Farzandi har qancha ulg‘aysa—da, ona uchun u baribir bola. Ummulxayrning ham nazaridan bir muddat bo‘lsin o‘g‘li nari ketmaydi. O’ttiz sakkizga chiqqan, tijoratda yaxshi va halol inson kishisi bo‘lib tanilgan o‘g‘lining so‘nggi paytlarda ancha o‘zgarib qolganini sezdi. Faqat unga bo‘lgan qat’iy ishonchi unga nimadir bo‘layotganidan xavotirga tushishga mo’nelik qilardi. Islomga oshkora da’vat boshlanishi bilan iymon keltirgan bechora mo‘minlarga ham azob davri boshlandi. Bu qiynoqlarni ruhida his qilgan hazrat Abu Bakr (r.a.) chorani ularni qullikdan qutqarishda deb o‘yladi. Shu kungacha to‘plagan davlatini Alloh taolo rizoligi uchun sarfladi. Azob chekkan qullarning xojalari bilan savdoga kirishdi. Bilol, Amr bin Fuqayra, Zubyona, Zimurra, Nahdiyya va Ummu Abas nomli ikki erkak , to‘rt ayol hazrat Abu Bakr (r.a.) tomonidan sotib olindi va darhol ozod qilinib, hurriyatga erishdilar. Mana shu payt, bir necha yil avval onasi tomonidan qo‘yilgan «Atiq» laqabi yana bir marotaba boshqa tomondan izohlanib, bahslashildi va azobda qolgan bechoralarni qutqarishi Alloh taolo tomonidan yuksak taqdirlandi. Rasululloh (s.a.v.): «Jahannamdan ozod kilingan insonni ko‘rish bilan baxtiyorlik his qiladiganlar bu odamga boqsinlar» deya hazrat Abu Bakrni ko‘rsatdilar.

«Atiq» bo‘lish (jahannamdan ozod etilish)ning yaqqol ko‘rinishi mana shu edi. Buni u insonlarning ozodlikka haqiqiy munosibligini va o‘zi hurriyatga chiqargan kishilardan hech narsa talab qilmaganligi bilan isbotladi. Amallarining barchasini u, Alloh taolo rizoligi uchun bajargandi. Alloh uchun qilganlarining ajrini bandasining qo‘lidan kutishga haqqi yo‘qligini bilardi. Bundan keyin ham shu fikr va niyatda qolib, hatto Bilol bin Abu Raboha ko‘ngil uchun emas, yuksak iymon ta’siridan «Payg‘ambarimiz» (s.a.v.) deyishidan baxtli edi.

O’g‘lining yillar bo‘yi Yaman, Shom orasidaga minglarcha chaqirimlik masofalarni, ming bir tahlikaga ko‘ksini kerib, peshona teri bilan to‘plagan shuncha boylikni bir necha qulni ozod qilish uchun sarflaganini ko‘rgan Abu Quhofa o‘zini bu ishga aralashishi lozim deb o‘yladi va o‘g‘liga biroz aql bilan ish yuritishni xotirlatdi. Hech bo‘lmasa, navqiron, qo‘lidan ish keladigan, mehnatga yaraydigan qullarni olib qolishni, shunday qilsa zarar ko‘rmasligini ta’kidladi.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) otasini ham xafa qilmadi. Ya’ni bu savdodan zinhor zarar ko‘rmasligini aytish bilan kifoyalandi.
Zarar qilish emas, balki Abu Bakr (r.a.) bir inson qilishi mumkin bo‘lgan eng foydali ishni bajarayotgandi. Chunki Alloh taolo sharafli elchisi — Payg‘ambari qalbiga shu oyatlarni yozgandi:

«Qaysiki, u mol-davlatini (yaxshilik yo‘lida) sarf qilur. Uning huzurida (zimmasida) biror kimsaga qaytariladigan ne’mat yo‘qdir. U faqat eng oliy zot bo‘lmish Parvardigorining "yuzi"ni istab (ehson qilur). (U) yaqinda (ato etilajak mukofotdan) rozi bo‘lur.». (Layl surasi 18 — 21 oyatlar)

Hazrat Abu Bakr (r.a.) o‘ziga tegishli bo‘lgan ushbu oyatlarni so‘ngsiz hayajon va ko‘zlari yoshga to‘lib tingladi. Cheksiz baxt edi bu. Uzoq yillardan so‘ng tushirilgan boshqa bir oyatda esa: «Ey, insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda, bir-birlaringiz bilan tanishishlaringiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir.» (Hujurot surasi 13-oyat) deya marhamat qilinadi va bu bilan Muhammad (s.a.v.) ummatining eng ustun shaxsiyati bildiriladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 12:00:33

* * *
O’sha kunlarda Abu Bakr (r.a.) ikkinchi ayolining ikkinchi chaqalog‘ini qo‘liga oldi. Ismini Oysha qo‘yishdi. Juda go‘zal va yoqimtoy bu qiz doimo shunday bo‘lib qoldi va dunyo hayotida sevimli ayol bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Abu Bakr (r.a.) Ummu Rummondan bo‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘liga Abdulka’ba deya ism qo‘ygan, ammo Islom dini kelgandan so‘ng Rasululloh (s.a.v.) bu bolaning ismini Abdurahmon deya o‘zgartirgandilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 12:03:38

* * *
Bir kun Rasululloh (s.a.v.) mushriklar hujumiga duch keldi. Masjidi Haramda namoz o‘qiyotganlarida mushriklar bostirib kirdilar va uning joniga qasd qilmoqchi bo‘lishdi. Bo‘yniga arqon solib bo‘g‘moqchi bo‘ldilar. Bu holni ko‘rgan hazrat Abu Bakr (r.a.) mushriklarning yoniga bordi va ularga qarata xitob qildi:
—   Bir odamni «Rabbim Allohdir» degani uchun o‘ldirmoqchimisizlar ?

U o‘zini o‘rtaga qo‘yib Rasululloh (s.a.v.)ni qutqarish fikrida edi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) muvaffaqiyat qozondi. Mushriklar Payg‘ambar (sa.v.)ni o‘z holiga qo‘ydilar ve o‘zlariga qarshi chiqayotgan hazrat Abu Bakr (r.a)ga yuzlandilar. Yolg‘iz o‘zi ularga qarshi chiqishi aqlga ham sig‘masdi. Aslida hech janjallashib yurmagan hazrat Abu Bakr (r.a.) atrofini qurshagan odamlar tushirgan shapaloq (tarsaki), musht va tepkilarga qarshi hech narsa qilolmasdi. Uni bu holda tashlab ketishgan janjalkashlar bir chetga chiqishgan payt, voqeani tomosha qilib turgan Taym qabilasidan bir necha kishi keldi. Yuz-ko‘zi tanib bo‘lmas holga tushgan bu insonni bir chetga yotqizdilar va uyiga yo‘l olishdi.

Ummulxayr bir ahvoldagi o‘g‘lini ko‘rib ko‘zlariga ishonmadi. Axir fikri — yodi ezgulik, kishilarga yaxshilik qilish uchun yashagan inson qanday qilib bu holga tushishi mumkin?
Bechora ona o‘g‘lini bu ko‘yga solganlarga la’natlar yog‘dirib, faryod chekarkan, uni olib kelganlar ortlariga qaytishdi va ketish oldidan Ummulxayrni ogohlantirishdi:
—   Ey, Ummulxayr, unga biror narsa yedir, nihoyatda holdan toygan, hech qursa suv ichir.
Ammo bu tavsiya kor qilmadi. Shomga yaqin ko‘zlarini ochgan Abu Bakr (r.a.)ning dastlabki so‘zi Payg‘ambarini so‘rash bo‘ldi:
   —   Muhammad (s.a.v.)ning ahvoli qanday?...
—   Bilmadim. Sen biror narsa yeyishing va ichishing kerak, o‘g‘lim, deb javob berdi Ummulxayr.
Abu Bakr (r.a.) savolini takrorladi:
«Muhammad (s.a.v.)ning axvoli qanday?..» der, boshqa so‘z aytmasdi ham, tinglamasdi ham. Natijada Ummulxayr avval Muhammad (s.a.v.) bin Abdullohdan xabar olishi lozimligini angladi.
—   Uni qaerdan topaman? — o‘g‘lidan so‘radi u.
—   Xattobning qizi Ummu Jamil yoniga bor, undan so‘ra, — javob qildi Abu Bakr.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 12:09:07

* * *
Asli ismi Fotima bo‘lgan Ummu Jamil, kelgan ayolni uyiga kiritdi. Ammo unga yordam berolmasligini, chunki Abu Bakrni ham, Muhammad bin Abdullohni ham tanimasligini aytdi.
—   Qizim, iltimos qilaman, o‘g‘limni bir ahvolda tashlab keldim. Sendan oladigan xabarimdan tinchlanar. Biror narsa yedirib — ichirish imkoniyati bo‘lar, yordam ber.
—   Xolajon, ularni tanimasligimni aytdim-ku, — Ummu Jamil qayta rad javobini berdi.
—    Jonqizim...
Onaning yolvorishlari Ummu Jamilni yumshatdi:
—   Xohlasangiz, siz bilan borishim mumkin, — oxirgi so‘zi shu bo‘ldi Ummu Jamilning.

Ikki ayol birgalikda yo‘lga tushishdi. Uyga kelganlarida hazrat Abu Bakr (r.a.)ni bu holda ko‘rgan Ummu Jamil birdan faryod chekib, «Seni bu holga solganlar albatta, fosiqdir, kofirdir!», deya yig‘lay boshladi.
Ummulxayr ajablandi. Shuncha yolvorganda ham, tanimayman deb turgan bu ayol, endi jon jigaridek kuyinayotgan edi. Xasta esa yana avvalgi savolini qaytardi.

Ummu Jamil esa nihoyatda past ovozda unga javob berdi:
—   Onang shu yerda, ey, Abu Bakr, gaplarimizni eshitadi.
—   Tashvishlanma, onamdan qo‘rqishning hojati yo‘q, — deb tinchlantirdi uni Abu Bakr.
Shundan keyin ular o‘rtasida suhbat boshlandi:
—   Senga shuni aytishim mumkinki, Rasululloh (s.a.v.)ning ahvoli yaxshi, sog‘ —salomat.
—   Hozir qaerdalar?
—   Arqamning uyida. Ummulxayr hazrat Abu Bakrga:
—   O’g‘lim, maqsadingga erishding. Biror narsa yeb olishing kerak — dedi. Ammo xasta:
—   Yo‘q, avval Uni ko‘rishim kerak. So‘z beramanki toki Uni ko‘rmagunimcha hech narsa yemayman va ichmayman.

Qayd etilgan


Abdullоh  28 Mart 2009, 12:11:44

Ortiqcha urinishning foydasizligi aniq edi. Quyosh botib, ko‘chalarda qatnov kamayguncha kutdilar. Hazrat Abu Bakr (r.a.) zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Ikki ayol yordamida qadam tashladi. gaA’zoi badani zirqirab og‘rirdi. Oyoqlari go‘yo yerga botib ketayotgandi. Safo tepaligi tomonga yo‘l olishdi va Arqamning uyiga yetib kelishdi. Uni bu holda ko‘rgan Rasululloh (s.a.v.) juda xafa bo‘ldilar, ko‘zlaridan oqayoggan yoshlar bilan duo qildi. Rasululloh (s.a.v.)ni sog‘ — salomat ko‘rgan hazrat Abu Bakr (r.a.) jonlangandek bo‘ldi, go‘yo xastaligini unutgandi:
—   Ey, Allohning Payg‘ambari, bu mening onam, u oqila ayol. Hidoyat topishi uchun Alloh taologa duo qil:
Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning bu istagi bajo keltirildi. Payg‘ambar(s.a.v.)ning huzuridan ezgulik istovchi ona uchun duolar olib qaytishdi. Haqiqatdan ham hazrat Abu Bakr (r.a.) biroz oyoqqa turgach to‘g‘ri Nabiylar Sultoni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga borib onasining islomni qabul qilganligi haqida xabar berdi.

Abu Bakr (r.a.) islomni qabul qilmasdan avval ham Rasululloh (sa.v.) bilan do‘st edi. Ammo bu do‘stlik, shahodat kalimalarini keltirgan kundan buyon o‘zga bir ma’no kasb etgandi. Hech bir moddiy tuyg‘usiz, faqat Alloh taolo rizoligidagi do‘stlik va birodarlikning eng go‘zal namunasi, ularning munosabatlari edi. Bu do‘stlikdan Abu Bakr (r.a.) ta’rifsiz bir sevgi — muhabbat ichida his qilardi o‘zini... Bu sevgi uning butun borlig‘ini qoplagan fikr va tuyg‘u olamida Rasululloh (s.a.v.) bilan doimo birga edi. Tunda ko‘zlarini yumarkan, Rasululloh (s.a.v.) sevgisi ila huzurlanardi va tongda ham shu sevgi ila uyg‘onardi.

Bu sevgi Rasululloh (s.a.v.)ni, hazrat Abu Bakr (r.a.) uchun mukammal oyna holiga keltirdi. Shu oynaga qarab xatti—harakatlar to‘g‘rilandi. Fikru—xayollarga bu oyna qarshisida chek qo‘yishdi. Alloh taolo Habibini qay holda tarbiyalab istaganidek holga keltirgan bo‘lsa, Rasululloh (sa.v.) ham sevimli do‘stini shunday yetishtirdi. U voyaga yetgan erkaklar orasida ilk marotaba iymon keltiribgina qolmadi, balki Alloh taologa borish yo‘lida Rasululloh (sa.v.)ga eng yaqin va sevimli inson bo‘lish sharafini ham doimo muhofaza qildi. Bu sevgi va do‘stlik natijasida Rasululloh (s.a.v.)ni mamnun qilgan har bir narsa uni ham sevintirardi. Alloh taoloning Rasulini ranjitgan narsa uni ham ranjitardi.

Payg‘ambarlar Sultonining do‘stligi va tarbiyasi natijasida hazrat Abu Bakr (r.a.) bundan keyingi yigirma besh yil muddat ichida Alloh taolo uchun sevishning, Alloh taolo uchun sevmaslikning haqiqiy va jonli namunasi bo‘lib qoldi. Bersa Alloh taolo rizoligi uchun berdi. Bermasa bu ham Alloh taolo rizoligini ko‘zlagan fikru maqsadda bermadi. Hayotining har bir sahifasi shu tuyg‘u va fikr, shu ishonch va qanoat bilan to‘g‘ri yo‘lda ketdi. Ammo bu sevgi javobsiz qolmadi. Alloh taoloning Rasuli (sa.v.) ham, sevilishiga haqiqatdan loyiq bo‘lgan bu insonga nisbatan doimo ayni shu tuyg‘ularni asradi. Shunday qilib, Abu Bakr (r.a.) oilasi Makka ahli bo‘yicha, Rasuli Amin (s.a.v.) tarafidan har kun yo‘qlanish baxtiga erishdilar va bu ziyoratlar ular uchun shirin xotira bo‘lib qoldi.

So‘nggi nafasigacha davom etgan bu sevgi, qabrlarining yonma — yon qazilishi bilan nihoyalandi. Oxirat hayotining do‘stligi esa abadiyatga qadar davom etib ketadi. Payg‘ambarimiz (sa.v.), «sevn sevgani bilan birgadir»,— deganlar, bu birgalikning eng go‘zal namunasi ila o‘zi va sevimli do‘sti hazrat Abu Bakr (r.a.) o‘rtasida bo‘ldi.

Qayd etilgan