Ahmad Lutfiy Qozonchi. Abu Bakr siddiq (r.a.)  ( 94720 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 B


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:11:37

* * *
Kunlarning birida hazrat Abu Bakr (r.a.)ning huzuriga Uayna bin Hikam va Aqrab bin Hobislar kelishdi. Ularning har ikkisi ham — «Muallafai qulub» guruhidan bo‘lib, tashriflarining maqsadi o‘zlariga yer berilishini so‘rab kelishgandi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) bu istak bajarilishi uchun bir noma yozib qo‘llariga tutqazdi. Mamnun bo‘lgan ikki birodar yaxshi ish qilishganiga ishonishardi. Bundan hazrat Umar (r.a.)ni ham topib xabardor qilib qo‘yishni ma’qul ko‘rishdi. Bu nomaga guvoh sifatida uning ham imzo qo‘yishi foydadan holi emasdi. Uni topib ahvolni tushuntirishdi.

— Qani, ko‘rayin-chi, - javob qildi hazrati Umar (r.a.).
Shunday deya hazrat Umar (r.a.) nomani qo‘liga oldi va jahl bilan yirtib tashladi. Aqrab va Uayna hayratda qolishdi, vasiqa esa parcha-parcha bo‘ldi.
—   Nimalar qilayapsan, ey Umar?.. Uni shaxsan xalifaning o‘zi yozib bergandi.
—    Bilaman. Ammo sizlarga beradigan pulimiz yo‘q. Rasululloh (s.a.v.) bu to‘lovni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida bergan edilar. U payt Islom qudratli emas edi. Ammo endi yetarli kuchga ega. Fitnayu fasod chiqaruvchilarning jazosini bera oladi. Rozi bo‘lmasanglar o‘rtamizda qilich hakamlik qiladi.

—    Unda chiqar qilichingni!.. deya olishmadi. Bu gapni aytish falokat ortidan borish bo‘lardi. Qabila ahliga ishonib ish qiladigan vaqt emas.
G’azabkor va nafratli nigohlar hazrat Umar (r.a.)ni qo‘rqita olmasdi. Shu bois, qanday kelishgan bo‘lsa shunday ortga qaytishdi. Ammo oldinda muhim bir ish bor edi. To‘g‘ri hazrat Abu Bakr (r.a.)ning huzuriga bordilar va bo‘lgan voqeani tushuntirdilar. Va o‘z e’tirozlarini quyidagicha tugatishdi:
—   Ey, Abu Bakr! Biz tushunolmayapmiz. Sen amr berasan, Umar esa inkor etadi. O’zi xalifa senmi yoki Umarmi?

Bu bilan Aqrab va Uayna hazrat Abu Bakr (r.a.)ning jahlini chiqarmoqchi va ikki do‘stning orasiga nizo solmoqchi bo‘lishgan edi. Qay biri mag‘lub bo‘lsa ham foyda hisoblanar edi. Ammo ular kutmagan tarzda xalifa o‘ta vazmin va mulohazakor ohangda gap boshladi:
—Agar xohlasa Umar xalifa bo‘lsin.
Hazrat Abu Bakr (r.a.) shu birgina gapi bilan dunyoni qonga botiradigan, saltanat va taxtdan boshqa narsani o‘ylamaydigan kishilarning aqliga ham sig‘maydigan bir davlat boshlig‘i ekanligini isbot qilgandi. Bu javobdan so‘ng Aqrab va Uayna jimgina chiqib ketishdan boshqa chora topisha olmadi.

Hazrat Umar (r.a.)ning o‘zboshimchalik bilan ish ko‘rishi Muallifai Qulubdagilarning ulushini kamaytirgandi. Ya’ni umr bo‘yi keladigan daromad yo‘li yopilgandi. O’n besh kishidan iborat Muallifai Qulub guruhida hech bir zarar ko‘rmagan Hakim bin Hizam ham bor edi. Chunki u bu masala o‘rtaga qo‘yilgan kuniyoq o‘ziga tegishli hamma narsani sadaqa sifatida tarqatib, hech kishidan hech narsa umid qilmasligini Rasululloh (s.a.v.)ning shaxsan o‘zlariga aytgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:12:46

* * *
Hazrat Abu Bakr (r.a.) xalqqa maosh tarqatarkan, aholini erkak-ayol, boy-kambag‘al kabi toifalarga ajratmasdan, yeyish-ichish, kiyinish masalalarida teng ehtiyoj sohiblari sifatida qarardi. Shu sabab huzuriga kelgan har bir kishining maoshi boshqalarniki bilan teng edi. Abdurahmon bin Horis bin Hishomning xizmatkori Abu Kurra ham o‘zi bilan xo‘jayinining maoshi tengligini aytadi.

Shuningdek, hazrat Abu Bakr (r.a.) o‘lja bo‘lib, mulk sifatida tushganlardan ham o‘z ulushini olmasdan, «Sobiquna Avvalun» guruhidagi nochor kishilarga ulashganini ham eslab o‘tish joiz.
Qish mavsumi yaqinlasharkan, hazrat Abu Bakr (r.a.) turli xil kiyimlar sotib olib, Madinaning beva ayollariga tarqatardi.

Himmat va mehribonchilik o‘zini Allohga do‘st tutganlar uchun doimiy odatga aylanishi shart hisoblanadi.

Bir kuni hazrat Umar (r.a.) ko‘zi ojiz bir keksa ayolning xizmatini qilish uchun borardi. Ammo har gal borganida ayolning ishlari bajarilganligiga guvoh bo‘lardi. Bir kun sahar kelib u baxtli insonning kimligini bilmoqchi bo‘ldi va hazrat Abu Bakr (r.a.)ning o‘sha uydan chiqib ketayotganini ko‘rdi. Bu bilan hazrat Abu Bakr (r.a.) xalifalik bilan birga insonlarga xizmatchi ham ekanligini go‘zal namunalar bilan isbotlagan va Rasululloh (s.a.v.)ning: «Bir qavm boshlig‘i o‘sha qavmga xizmat qilgandir», mazmunidagi hikmatli so‘zlarining eng yorqin namunasini ko‘rsatgan edi.

Har holda, atrofdagilarning yordamiga ko‘z tikkandan ko‘ra, insonlarga xolis xizmat qilish va ko‘maklashish afzal va bu oliy insonparvarlik vazifasi hisoblanadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:14:14

UMRA SAFARI

Rajab oyi edi, hazrat Abu Bakr (r.a.) Abdurahmon bin Sabihaga uchradi va unga o‘zi bilan safarga chiqish taklifini bildirdi:
― Agar xohlasang, men bilan birga umraga borishing mumkin, — dedi.
Bu gapdan albatta Sabihaning boshi ko‘kka yetdi:
—    Mamnun bo‘lardim, yo Rasulullohning xalifasi!
—    U holda tayyorgarligingni ko‘r.

Shunday qilib, hazrat Abu Bakr sultonlardan bo‘lmagan, yonida atigi bitta sherik bilan (Islom tarixida nomi tanilmagan kishi bilan) Madinani tark etdi. O’rniga esa hazrat Umar (r.a.)ni qoldirdi.
Madina yaylovlari o‘rnini bora-bora tepaliklar egallab, yashil rang ko‘rinmaydigan, oqar suv nimaligini bilmaydigan cho‘llardan o‘tishdi. Go‘yo Madina xalqidagi yumshoq fe’llik, Makka xalqining qo‘pol, qaysar tabiati bilan joy almashayotgandi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) bu cho‘llardan o‘n ikki yil avval o‘tgandi. O’shanda juda hayajonlangan edi. Rasululloh (s.a.v.) uchrashi mumkin bo‘lgan falokatlardan ming bir andishada edi. Endi esa, uchragan har inson uning din birodari. Tanigan, kimligini biladigan har bir kishi hurmat bilan «Marhamat, ey Rasululloh (s.a.v.)ning xalifasi, mehmonimiz bo‘l», deya taklif etardi. Biri qo‘rquv, andisha va hayajonga to‘la, ikkinchisi ishonch va hurmat bilan bo‘lgan bu ikki safarda ham Allohdan boshqa najotkor yo‘q. Ammo hazrat Abu Bakr (r.a.) birinchi safarining sharafini dunyoning hech bir xazinasiga alishmasdi.

Yana bir yangi kun boshlanayotgan bir paytda Makka vodiylari ham ko‘rina boshladi.
Bu yil umrining to‘qson beshinchi yilini yashayotgan va anchadan buyon ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan bir kishi, eshik yonida o‘tirib, o‘tgan-ketgan bilan suhbat qurardi. Ortiq uning bu dunyoda qiladigan ishi qolmagandi. Hayoti davomida to‘plangan tajribalar va xotiralar qolgandi, xolos. Ularni yoshlarga gapirib berib vaqt o‘tkazar va shu yoshda biror narsa qila olish baxtini berardi.
—   Shu kelayotgan o‘g‘ling, ey, Abu Kuhofa!.. Suhbatning bir zumda uzilishi va bu xabarning berilishi ko‘pdan buyon faoliyatini yo‘qotayozgan quloqlarga unchalik yaxshi yetib bormadi:
—   Tushunmadim, — dedi.
—   Abu Bakr kelyapti.
 

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:14:44

Buni anglamay bo‘lmasdi. Nuroniy chol darhol o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi va yonidagilar ko‘magida turdi. Buni ko‘rgan hazrat Abu Bakr (r.a.) hozirjavoblik qildi:
—   Otajon, turmang,— u shunday deya tuyaning cho‘kishini ham kutmasdan sakrab tushib kelib qariyaning bo‘ynidan quchdi, ko‘zlaridan o‘pdi.

Bu o‘g‘lining xalifa bo‘lganidai so‘ng ilk marotaba kelishi edi. Bundan Abu Kuhofa yaxshigina hayajonga tushgandi, ko‘zlaridan yirik-yirik yosh tomchilari oqardi. Oralarida o‘ttiz uch yosh farq va o‘n ikki yillik hasrat bor edi. Umrining to‘qson ikki yilini kufr va shirkda o‘tkazgan Abu Kuhofa, Makka fath etilgan kun qo‘lidan tutgan o‘g‘lining gapi bilan Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib, shahodat kalimalarini keltirgandi. Olamlar rahmati bo‘lgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning nurli yuzlarini ko‘ra olmagan, ammo ovozini eshitib nasihatlarini tinglagandi. O’zi Islomga xizmat qila olmadi. Ammo o‘g‘li, nabiralari va hazrati Oisha (r.a.) musulmon inson uchun sharafli bo‘lgan xizmatlarni bajarib, Allohning Rasuli (s.a.v.)ni eng ko‘p shu oila baxtiyor qilgandi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:16:02

* * *
Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning tashrifini eshitgan Makka volisi Attob bin Osid, yoniga Suhayl bin Amr, Ikrima bin Abu Jahl, Horis bin Hishomni olib keldi.
Har birining Rasululloh (s.a.v.) bilan achchiq-shirin bir muncha xotiralarga ega bo‘lgan bu insonlar bilan o‘tgan kunlar yodga olindi. Bu paytda hazrat Abu Bakr (r.a.)ning ko‘zlari qaytmas bo‘lib ketgan sevikli Payg‘ambari (s.a.v.) ortidan hasrat to‘la yoshlarni to‘ka boshladi.

Shunda Abu Kuhofa o‘g‘liga qarab murojaat qildi:
—   Ey Atiq, bular qurayshlarning eng faol kishilaridir. Ular bilan muomalada iltifotli bo‘l.
—   Otajon, har ish Allohning iznidadir. Yelkamga juda og‘ir vazifa yuklangan. Uning yordami bilan boshkaryapman va faqat Ungagina burchlidirman, — deya javob berdi.
So‘ng birodarlariga yuzlanib:
—   Men g‘usl qilishim kerak. Baytullohga pokiza holda bormoq lozim. Sizlar ishingizga boring, — dedi.

Shundan keyin yuvinib, poklangach yolg‘iz o‘zi kibr va g‘ururga joy bermasdan Baytullohga yo‘l oldi. Yo‘lda uni uchratganlar hurmat bilan salom berishar va «Xush kelding, ey, Rasululloh (s.a.v.)ning xalifasi», deyishardi. O’ng qo‘lini ehrom ustiga qo‘yib turdi, so‘ng Ka’baga yo‘l oldi. Xajari Asvodni ziyorat qildi. Duo qilib atrofini yetti marotaba aylandi. So‘ng Maqomi Ibrohimda ikki rakat namoz o‘qidi. Safo tepasiga yo‘l oldi. U yerdan Marva tomon yurdi. Takror Safoga keldi. Shunday qilib, uch marta Marvadan Safoga to‘rt marta Safodan Marvaga yurib, yetti marta borib keldi. Bu orada Rasululloh (s.a.v.) bilan birga bu ikki tepa orasida borib kelganini o‘ylab, bir vaqtlar hazrat Hojarning bu ikki tepa orasida suvsiz qolgan dilbandiga suv topish umidida yugurib-elganini xotirladi. Ertasi kun odamlar hazrat Abu Bakr (r.a.)ning yana Ka’bani tavof etayotganini ko‘rishdi. Birozdan so‘ng Safo tepasi yonidagi «Dorunnadva»ga keldi. Kimning shikoyati, arzi bo‘lsa, kelsin, deya e’lon berdi. U yerda biroz o‘tirdi. Chaqirig‘iga binoan huzuriga kelganlar bo‘ldi. Kelganlarning hammasi vali Attob haqida, idorasining yaxshiligi haqida so‘zladilar. Shikoyat uchun kelganlar bo‘lmadi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) o‘sha kuni peshin namozini o‘qigach, odamlar bilan xayrlashdi. Birodari bilan yo‘lga chiqdi. 450 chaqirimga cho‘zilgan bu zerikarli sahrolar va qum daryolaridan takror o‘tish lozim edi. Keksa ota yonida faqat bir kecha bo‘lib, o‘rtacha o‘n ikki kunlik bu safar charchog‘i hanuz ketmagandi. Shunga qaramay yana o‘n ikki kunlik safarga yo‘l olish lozim edi. Ammo u xalifalik markazida bo‘lishi va chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarga chora topishi lozim edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:18:03

* * *
Kunlarning birida Habiba xonimning ko‘ngli shirinlik tusab qoldi. Ammo bu haqda hazrat Abu Bakr (r.a.)ga aytishni ham ma’qul ko‘rmadi. O’zicha chora topishga qaror qildi. Har kun o‘zlariga keladigan oziq-ovqatdan bir miqdorini olib qolsa, uch-to‘rt kunda bir halvo pulini chiqara oladi. Darhol o‘sha kundan boshlab qarorini tadbiq qilishni boshladi. Bir kun hazrat Abu Bakr (r.a.) dasturxoniga bir tovoq halvo qo‘yilganini ko‘rib, ajablandi. Ko‘pdan buyon shirinlik nomini unutayozgan va o‘ziga beriladigan oziq-ovqatda shirinlikning nomi ham bo‘lmaydigan bir paytda dasturxonga qo‘yilishi uni haqiqatan ajablantirgandi:
— Bu qaerdan keldi, - so‘radi darhol.

Shundan keyin Habiba xonim vaziyatni bildirdi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) og‘ir sukutda qoldi. Va Baytulmulkni boshqaruvchi kishi, bundan buyon hazrat Abu Bakr (r.a.) uyiga yuboriladigan ulushning bir miqdorini kesish amrini oldi. Xalifa bu amrni berarkan: «Hazrat Abu Bakr oilasi bundan oziga ham qornini to‘ydira oladi», dedi.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) xalifalikdan avvalgi hayotida ham bunday tansiq taom yeganini eslolmasdi. U topganida yer, yo‘qsillarga berar, shukr qilishdan tinmaydigan bir mo‘min sifatida yashagandi. U hech vaqt qo‘shnisi och ekan o‘zi to‘q bo‘lib, vijdon azobini chekmagan, chekishni istamasdi ham. Chunki Rasululloh (s.a.v.)ning: «Mo‘minlar ahvoli bilan qiziqmagan, ularning dardini o‘z dardi deb bilmagan bizlardan emasdir», deganlarini eshitgan va bu gapning nihoyasida «qo‘shnisi och bo‘lib, o‘zi to‘q yuradiganlar bizlardan emasdir», deya aytganlarini eshitgandi. Bir mo‘min sifatida bu masalada qo‘li ochiq, ko‘ngli rohatda edi. Iymon keltirgandan buyon o‘zi uchun orzu qilgan har ezgulikni mo‘min birodarlari uchun ham samimiyat bilan orzu qilar, o‘ziga kelishga rozi bo‘lmagan hech bir yomonlikning boshqa mo‘minlarga kelishini tilash uning xayoliga ham kelmasdi. Shu sabab «Bugun men qornimni to‘ydirdim, och qolgan bilan nima ishim bor», demasdi. Shu kunga qadar bir mo‘min vazifasi sifatida bajargan bu ahloqiy fazilatlarni bundan buyon mo‘minlar ajri sifatida yanada mas’uliyatlilik bilan bajarardi. Qo‘shnisi och holda u xotirjam tong ottirmasdi. Endi esa xalq och ekan, amir ham to‘q bo‘lmaydi. Agar to‘q bo‘lsa, ochlar holini qayoqdan bila oladi, qanday chora topa oladi?...

Hazrat Abu Bakr (r.a.)ni Baytulmulkka yetaklagan va «Hazrat Abu Bakr oilasi shu bilan ham to‘yadi», deyishiga majbur qilgan tuyg‘u mana shu edi. Yo‘qsa u ham yeyishni bilardi. Uning ham to‘ydirilishi kerak bo‘lgan bir qorni, go‘zal taomlarni inkor qilmaydigan nafsi bor edi. Ammo ertaga hisob beradi. Rasululloh (s.a.v.)ga qaysi o‘lchovlar bilan xalifa bo‘lganligi masalasi ko‘riladi, bu hisobni yorug‘ yuz bilan bera olish, haqiqiy ma’noda fuqaro oldidagi mas’uliyati, xalqni o‘ylaydigan bir amir bo‘lish uchun to‘rt kunlik dunyoning o‘tkinchi ne’matlariga aldanolmasdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:20:11

* * *
Hayratli bir savol, hazrat Abu Bakr (r.a.) bu masalada ilgarilab ketganmidi? Nahotki o‘zidan keyin tayinlanadigan xalifalar ham bemalol bajarishi mumkin bo‘lgan bir hayot tarzini o‘rtaga qo‘ya olmaydi? Hamma xalifalar ham bu masalada hazrat Abu Bakr (r.a.)dek bo‘lishi mumkinmi?.. O’zi xohlagan hayot tarziga ayoli va farzandlarini ham bo‘ysundirish majburiyati bormidi?.. Bu savollarga javob topish imkoniga ega emasmiz.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:21:27

* * *
Hazrat Abu Bakr (r.a.) haqida sifat bildirish asnosida shu gapni alohida ta’kidlash o‘rinlidir. U kishi (r.a.) urushni, qilich ko‘tarishni xush ko‘rmaydigan bir zot edi. Shu bois xalifalikdan avvalgi va keyingi hayotida ham jang kishisi sifatida tanilmagandi. Uni bu masalada Umar bin Xatgob, Hamza bin Abulmuttalib, Ali bin Abu Tolib, Xolid bin Validlar bilan tenglashtirib bo‘lmasdi. Turli voqealar natijasida hazrat Umar (r.a.) tarafidan: «Izn ber, ey, Rasululloh (s.a.v.)ning xalifasi, shu odamni boshini tanasidan judo qilayin», degan qancha takliflar bo‘lgan va bularning barchasi hazrat Abu Bakr (r.a.) tomonidan rad etilgan edi. Shu bilan birga u hech vaqt qo‘rqoq shaxs sifatida ham tanilmagandi. Yaxshi bir jangchi emasdir, ammo hech kimda bo‘lmaydigan bir iymon quvvatiga ega edi. Shu iymon uni ismlari yuqorida sanab o‘tilgan insonlar qatorida jasur qilgandi. O’lim qo‘rquvi uning hech bir qadamiga to‘siq bo‘lolmas, aslo tashvishiga qo‘ymas, dushmanlar ko‘pligi, hatto ba’zan musulmonlarning tarqalib ketishi uni ortga chekintirolmasdi. Hamma safarlarda Rasululloh (s.a.v.) yonlarida bo‘lib, unga ko‘ngil bilan yo‘ldosh bo‘lgan, janglarda uni muhofaza qilib kelgandi.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) qalbini to‘ldirgan, suyaklarigacha singib ketgan iymon hanuz iymon keltirmagan o‘g‘li Abdurahmonni Badr maydonida ko‘rganda, uning islom va Rasululloh (s.a.v.)ga qarshi qilich ko‘tarishiga chidolmasdan kerakli saboqni berib qo‘yish uchun shaxsan o‘zi maydonga tushmokchi bo‘lganda Rasululloh (s.a.v.) izn bermagandilar. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning bu harakati ko‘zbo‘yamachilik uchun emas edi, albatta. U hayoti davomida hech qachon nosamimiy harakat qilmagandi. Shuningdek, keyinchalik iymon keltirgan va o‘ta samimiy musulmon bo‘lgan o‘g‘li Abdurahmon bilan oralarida Badr jangi bilan aloqador suhbatda Abdurahmon:
—   Agar siz o‘sha kun menga qarshi chiqib, qilich ko‘targaningizda men qaytib ketardim, — degan edi.

O’shanda hazrat Abu Bakr (r.a.) shunday deb javob bergan edi:
—   Agar men maydonga chiqsam va sen menga qarshi qilich ko‘targaningda men hech ikkilanmasdan seni o‘ldirardim, — deya javob bergan edi.
Agar inson fazilati va ishlari bilan g‘ururlanish kerak bo‘lsa bunga eng munosib kishi hazrat Abu Bakr (r.a.) edi, shubhasiz. Ammo u hech kachon g‘urur va kibrga yo‘l qo‘ymasdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:23:28

Chunki uning ko‘z oldida insoniylikning barcha go‘zal fazilatlarini o‘zida jo qilgan Rasululloh (s.a.v.) bor edilar. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning maqsad va g‘oyasi fazilat yo‘lida Rasululloh (s.a.v.)ga bir qadam bo‘lsa-da, yana ham yaqinlashishi, U (s.a.v.)ning sunnati va hayot tarzini ruhiga biroz bo‘lsa-da, singdirish edi. Butun olamga rahmat qilib yuborilgan bo‘lishiga qaramasdan, u qilmagan, hatto xush ko‘rmaydigan holatga hazrat Abu Bakr (r.a.) ham tushmasdi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) shaytonning ilohiy rahmatdan yiroqlashtiruvchi xususiyatlarning boshida o‘zini yaxshi ko‘rish va kibrlanish turishini va ular chirkin axloqiy xastalikka boshlashini bilardi. Shu sabab hech kim uni qilgan ishlari bilan maqtangan va kibrlangan holda ko‘rmagandi. U Rasululloh(s.a.v.)ning «Kim Alloh rizosi uchun kamtarlik qilsa, Alloh uning qadrini yuksaltiradi», degan so‘zlarini eshitgan, kamtarlikning eng go‘zal namunalarini ham yana Rasuli Akram (s.a.v.)da ko‘rgandi. Allohning qiyomatga qadar barcha insonlarga har tomonlama namuna bo‘lib ko‘rsatilgan Rasululloh (s.a.v.) tavoze yo‘lini tutganda, hazrat Abu Bakr (r.a.) uning aksi bo‘lgan yo‘lga kanday keta oladi, qanday kibrlana oladi?!

Rasululloh (s.a.v.)ni eng yaxshi tanuvchi inson sifatida qanday qilib boshqa yo‘lni tuta oladi?!
Alloh huzurida aziz bo‘lishning yagona yo‘li bor, bu ham bo‘lsa Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yo‘llaridan borish, U (s.a.v.)ning har bir harakatidan o‘rnak olishdir.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) o‘zini qanday tutishni biladi. Ko‘z oldida Buyuk Mavloning bitmas-tuganmas ne’matlari bor, Mavlosiga qul bo‘lish yo‘lida Qur’onda keltirilgan Payg‘ambarlar bor va nihoyat uzoq yillar birga bo‘lgan Payg‘ambarlar Sultoni bor. Shunday holda manmanlik qilish, kibr va g‘ururga berilishdek noma’qul va johillarcha harakat bo‘lmas. Shularni ruhiga singdirgan hazrat Abu Bakr (r.a.) haqiqiy mo‘minlarga xos fazilatli hayot kechirib, kamtarlikning eng go‘zal namunalarini ko‘rsatgan, hatto qullikdan ozod qilingan Bilol Habashni «afandim», deyishdan ham qaytmagandi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:38:36

* * *
— Namozdan so‘ng o‘qiladigan bir duo tavsiya et, ey Allohning Rasuli, — deya murojaat bilan kelgan sevimli birodariga Rasululloh (s.a.v.):
—   Ey Allohim, men nafsimga ko‘p zulm qildim. Sendan boshqa gunohlarni kechirguvchi yo‘q. Meii avf et, menga rahmat va mag‘firating bilan muomala buyur. Shubhasiz, marhamati keng, karami cheksizdirsan, deya niyoz etishni tavsiya etgan, bu tavsiyaga binoan Hazrat Abu Bakr (r.a.):
—   Men qanday nafsimga zulm qilgan bo‘laman?.. Agar men ham zulm qilgan bo‘lsam, zulm qilmagan hech kim qolmaydi, demagan va hayoti so‘nggiga qadar namozdan so‘ng: «Allohumma inni zolamtu nafsi zulman kasiron»... duosini o‘qidi.

Hazrat Abu Bakr (r.a.)ga tegishli va haqiqatan ham uning tabiatiga xos bir munojot bor. «Jud bilutfika...» deya boshlanuvchi bu munojotda u Bukj Mavloga shunday niyoz qiladi:
—   Ey, Allohim, ulushi juda kam, gunohlarini samimiylik bilan e’tirof etishdan boshqa sarmoyasi bo‘lmagan bir faqir huzuringga keldi. Undan marhamatingni ayama.
—   Ey, Olamlar egasi, bu qulning gunohi kattadir. Sendan boshqa najotkori yo‘q bir g‘aribdir. Uning gunohlarini kechirgin.
—   Ey, Buyuk rahm qiluvchi, bu qulniig qilganlari faqat isyondir, sening nematlaringni unutishdir, gunoh ustiga gunohdir. Sendan kutganim esa faqat ehson, ikromdir.
—   Marhamatli Allohim, gunohlarim qum zarrachalaridan ham ko‘p, sanog‘i yo‘q. Sen avf qilib gunohlarimni kechirgin, sabr ber.
—   Yaratgan egam, xayrli amalim yo‘q, yomon amallarim ko‘p, ibodatim esa juda ham oz. Bu ahvolda holim ne kechadi? Bu qulingni turli xastaliklardan saqla. Hojatini chiqargin. E’tirof etamanki, mening qalbim xastadir. Xastaga haqiqiy shifoni sen bera olasan,
—   Ey, Allohim, Ibrohiming uchun olovga «O’ch!»... amrini berganingdek, meni yoquvchi olovga ham shu amrni bergin! Shifo beruvchi sensan.
—   Ey, Rabbim, ikrom xazinalaringdan menga ehson qil. Chunki sen marhamati keng ikrom qilguvchisan. Menga ko‘nglimning murodini ber. Men eng xayrli telba ketidan ayirma.
—   Ikki olam egasi bo‘lgan Buyuk Mavlo, Jabroil yordamchi bo‘ladigan qiyomat kunida bizga muborak bir mulk va saltanat ber. Biz qo‘rquvchi narsalardan qutqar va asra!
—   Qani Muso, qani Iso, Yahyo qaerda?.. Nuh qaerda?.. Bu buyuklarning har biri umrlarini yashab ketmadilarmi?..
Ey, isyonkor Siddiq, sen Buyuk Mavloga qaytib tavba qil...

Qayd etilgan