U yerdagilarning bir qismi roziligini bildirishdi. Bir qismi esa biz kimning xalifa bo‘lishini taxmin qilyapmiz, - dedilar. Hazrat Alining: «Umar bo‘lishi kerak!» degan ovozi eshitildi. Ammo hech kim e’tiroz bildirmadi. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning oldigacha kelgan va fikrlarini oshkora aytganlardan sas chiqmadi. Yoki olgan javoblari ularni qoniqtirgandi, yo aksariyat kishilar rozi bo‘lgan bu ishga noiloj rozi bo‘lishayotgandi.
Shu payt xonaning derazasi ochildi. Holdan toygan, majolsiz Abu Bakr (r.a.)ning yuzi ko‘rindi. Yiqilib ketmasligi uchun ayoli Asmo binti Umays uni suyab turardi.
— Sizga xalifa etib tayinlagan odamga rozimisiz? Vallohi, bu xususda ko‘p o‘yladim. Sizga biror qarindoshimni xalifa qilganim yo‘q. Umar bin Xattobni tayinladim. Uni tinglang va itoat qiling, — dedi.
To‘planganlar:
— Tinglaymiz va itoat qilamiz, — dedilar. So‘ngra hazrat Usmon qo‘lida ushlab turgan nomani o‘qidi. Shaxsan Abu Bakr (r.a.) tarafidan e’lon qilingan ism bilan, yozilgan vasiqadagi ism ayni bir shaxs ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Hazrat Abu Bakr (r.a.) orqaga chekindi va: «Menga Umarni chaqiring», - dedilar. Bu chorlovdan keyin hazrat Umar (r.a.) keldilar va ular yolg‘iz qolishdi. Shundan so‘ng hazrat Abu Bakr (r.a.) so‘z boshladi:
— Ey, Umar, seni Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalariga xalifa etib tayinladim. Doimo Allohdan qo‘rqishingni tavsiya qilaman. Alloh taoloning insonlar uchun tunda qilishi kerak bo‘lgan bir haqqi borki, uni kunduzi qabul qilmaydi. Qunduzi bajarilishi lozim bo‘lgan bir haqqi borki, tunda bajarilsa qabul qilmaydi. Allohning farz ibodatlari bajarilmasa, nafl qilgan ibodati qabul qilinmaydi.
— Ey, Umar, qiyomat kuni tarozisi og‘ir bosganlar faqat Allohni sevgan va unga bog‘liq bo‘lganlari uchun bu darajaga erishadilar. Haqdan boshqa bir narsa qo‘yilmagan bir tarozining og‘ir bosishi tabiiy hol. Tarozisi yengil bo‘lganlar esa faqat botinga bog‘liq bo‘lganlari tufayli bu natijaga erishadilar. Zalolatdan boshqa bir narsa qo‘yilmagan tarozining yengil kelishi ham tabiiy holdir.
— Ey, Umar, kengchilik haqidagi oyatlar, shiddatli oyatlar bilan birga tushirilgan. Shiddatli oyatlar esa huzur bag‘ishlovchi oyatlar bilan birga nozil qilingan. Toki mo‘min har ikkisini ham esda tutsin. Umid bilan yashasin, ammo azob qo‘rquvini ham unutmasin. Amalga oshmaydigan narsaga umid bog‘lamasin, o‘zni o‘zi tahlikaga qo‘ymasin!
— Ey, Umar, qara, Alloh jahannam ahlini qilgan gunoh amallari bilan eslaydi. Men ular haqida o‘ylagan paytimda, «Umid qilamanki, men undaylardan bo‘lmayman», deyman. Jannat ahlini esa qilgan savob ishlari bilan ta’rif etadi. Chunki ularning mayda-chuyda kamchiliklarini kechirgan. Men ularni eslaganimda «Ular qaerda-yu, men qaerda?» deyman.
— Ey, Umar, mening vasiyatimga amal qil! Qo‘lingdan kelmaydigan ishlarni emas, uzoqda bo‘lmagan va qo‘lidan qutulib bo‘lmaydigan o‘limni hamisha yodingda tut...
Ular o‘rtasidagi suhbat tugagandan so‘ng hazrat Umar (r.a.) xayrlashib chiqib ketdi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) esa qaytib joyiga cho‘zildi. Endi ko‘ngli xotirjam edi. Alloh huzuriga borishdan boshqa o‘yi yo‘q edi. Bu paytda hazrat Oisha (r.a.) otasining ahvolini ko‘rib, Hotam at-Toyining bir baytini takrorlashdan o‘zini tiyayolmadi. Hotam bu baytida, «Ont ichamanki, o‘lim kelib bo‘g‘zingga tiqilganda va nafasing qisganda boylik insonga hech qanday foyda bermaydi», - derdi.
Hazrat Abu Bakr (r.a.) mo‘minlar onasiga qaradi:
— Ey, qizginam, Allohning so‘zi juda to‘g‘ridir, — dedi va Quronning shu oyatini o‘qidi: «Mana o‘lim mastligi (jon chiqish payti) haqiqatan (etib) keldi. (Ey, inson,) bu (o‘lim) sen undan qochuvchi bo‘lgan narsadir.» (Qof surasi, 19-oyat).