Ahmad Lutfiy Qozonchi. Abu Bakr siddiq (r.a.)  ( 94834 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 B


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:12:49

Bundan ikki yil avval Nabiyi Akram (s.a.v.)ning ko‘zlarining nuri bo‘lgan hazrat Fotima (r.a.)ni yuvgan hazrat Asmo, bu safar oxirgi bir necha yilini birga o‘tkazgan turmush o‘rtog‘i hazrat Abu Bakr (r.a.)ni yuva boshladi. Abdurahmon kerakli joyda yordamlashar, otasining vujudini o‘ngga, so‘lga o‘girardi.

Qabrga qo‘yilajak vujud Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning qabrlari bilan minbarlari oralig‘idagi bir joyga qo‘yildi. Hazrat Umar (r.a.) to‘rt takbir bilan namozini o‘qitdi.
Murdani qabrga hazrat Umar (r.a.), Usmon bin Affon, Talha bin Ubaydulloh va o‘g‘illari Abdurahmon tushirdilar. To‘shak ustidan olingan jasad yana «Bismillahi va ‘ala millati Rasululloh» deya qabrga qo‘yildi. Rahmat tilaklari bilan tuproq tortildi. Paygambarimiz (s.a.v.)ning sunnatlaridir, deya ustiga suv quyildi.

«Alloh seni o‘z rahmatiga sazovor qilsin, ey, Rasulullohning do‘sti va xalifasi» kabi duolar bilan ikki do‘st yolg‘iz qoldirildi. Ular ikki yilu, uch oy, o‘n kunlik ayriliqdan so‘ng qayta topishdilar.

Oltmish uch yoshida hayot bilan vidolashgan bu ikki insondan biri Payg‘ambarlarning eng buyugi edi. Hijrat safarida g‘orda hamrohlik qilish baxtiga muyassar bo‘lgan hazrat Abu Bakr (r.a.)ga Alloh taoloning bir ikromi sifatida bu safar Rasululloh (s.a.v.) bilan qiyomatga qadar yonma-yon yotish baxti nasib bo‘ladi va ular hech qachon ayrilmaydilar.

Hazrat Umar (r.a.) sevimli do‘stini dafn etgandan so‘ng vitr namozini masjidda o‘qidi va uyiga yo‘l oldi. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning uyidan eshitilgan faryodlar uni to‘xtashga majbur qildi. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning uyi yoniga keldi va faryod qilib yig‘lash nojoiz ekanligini eslatib o‘tdi. Ammo butun Madina xalqi yig‘lamoqda edi. Rasuli Akram (s.a.v.)ning vafotlaridan beri ahli Madinada bunday qayg‘u ko‘rilmagandi.

Ko‘kdagi oyga qaraganda jumodul oxir oyining tugashini yana sakkiz kun kutish kerak edi. Hijrati Muhammadiyadan keyin o‘n uch yil o‘tgandi. Chorshanba kuni tong payti hazrat Oisha (r.a.)ning eshigi oldida turgan bir kishi ko‘z yoshlari soqolini yuvgancha hazin bir ovoz bilan shularni so‘zlardi:
« — Ey, Abu Bakr, Alloh seni rahmatiga sazovor qilsin. Vallohi, sen Islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan, iymoni sog‘lom, e’tiqodi mustahkam, Rasululloh (s.a.v.)ga eng ko‘p ko‘mak bo‘lgan inson eding. Islomga kirgan musulmonlarga juda marhamatli, turmush kechirish jihatdan Rasululloh (s.a.v.)ga nihoyatda o‘xshagan inson eding. Buyuk Alloh senga mukofotlar bersin...

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:15:41

Iymonsiz kishilar Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni «yolg‘onchidir» deganlarida, Sen Rasululloh (s.a.v.)ning taraflarini olding. Unga qarshi harakatlar bo‘lganda sen Sayyidul Anbiyo (s.a.v.)ga ko‘mak berding. Alloh taolo kitobida senga «Siddiq» sifatini berdi. «Rostlikni keltirgan zot (Muhammad) va uni tasdiq etgan (mo‘minlar) - aynan o‘shalar taqvoli zotlardir.», deya marhamat qildi (Zumar surasi, 33-oyat). Yaratgan Alloh bu oyatda dinni keltirgan deganda - Payg‘ambarini, tasdiq etgan deganda esa - Seni anglatmoqni istagan.

Vallohi, ey, Abu Bakr, sen Islomga bir qal’a, kofirlarga esa azob eding. Sening e’tiqoding susaymadi, ruhing qo‘rquv nimaligini bilmadi. Sen shiddatli bo‘ronlar silkitolmagan bir tog‘, quyunlarga dosh bergan, yulib otilmagan ildizi mustahkam bir daraxt eding, Rasululloh (s.a.v.) buyurganlaridek, jismi zaif, Allohga ibodat yo‘lida baquvvat, nafsingga ko‘ra qadrsiz, Allohga ko‘ra juda qadrli inson eding. Hech kimga minnat nazari bilan qaramagan samimiy zot eding. Kuchli bo‘lgan kishi undan haq olingunga qadar sening yoningda zaif, xalq nazarida zaif bo‘lgan esa, unga haqqi toshpirilgunga qadar sening yoningda kuchli edi.

Seni yo‘qotib, tortgan musibatimiz tufayli Alloh bizni ehsonidan mahrum qilmasin. Sen yo‘qligingda bizni chorasizlikdan asrasin...»
Keyin esa ko‘z yoshlarini artib, u yerdan uzoqlashgan bu odam hazrat Ali( r.a.) edi.


Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:19:03

* * *
Hazrat Abu Bakr (r.a.) hayoti davomida to‘rt marta uylangan edilar. Avval Qutayla binti Abduluzza bilan turmush qurdi. Abdulloh ismli o‘g‘li va qizi Asmo bu xotindan bo‘lgan farzandlaridir. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning bu ayol bilan turmushi qachongacha davom etganini bilmaymiz. Ammo ularning ajralishgani aniq.

Bu xotinni hijratdan bir necha yildan so‘ng Madinada ko‘ramiz. O’zi yana mushrikdir, qizi hazrat Asmoni ko‘rib turar va uning munosabatini bilishni istardi. Bu vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini Rasululloh (s.a.v.)dan so‘ragan hazrat Asmo:
— Onangga yaxshi munosabatda bo‘laver, — degan javobni oladi.
Mushrik bo‘lishiga qaramay, qizidan bir onaga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan mehrni ko‘rgan bu ayol keyinchalik islom dinini qabul qilganligi haqida rivoyatlar bor.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) ikkinchi marta Ummu Rummonga uylandi. Bu turmushidan Abdurahmon va Oisha ismli farzandlari bo‘lgan. Farzandlari ichida Islomni eng oxiri qabul qilgani Abdurahmondir.
Ummu Rummon Makkadaligida Islomni qabul qilgan, Rasululloh (s.a.v.)ga hurmati baland ekanligini har doim isbotlagan qadrli bir ayol edi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning: «Jannat parilaridan birini ko‘rishni istagan Ummu Rummonga boqsin», degan hadislari bu ayolga berilgan yuksak baho edi.

Ummu Rummon hijratning to‘qqizinchi yilida bu foniy dunyoni tark etganda, Nabiyi Akram (s.a.v.) uning qabriga tushgan, unga Allohdan mag‘firat tilab: «Allohim, Ummu Rummonning sening yo‘lingda, payg‘ambaringning yo‘lida chekkan aziyatlarini sen juda yaxshi bilasan» degandilar.

Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning uchinchi ayoli esa, shahid bo‘lgan Ja’far bin Abu Tolbining xotini Asmo binti Umaysdir. Bu ko‘p azob chekkan ayol avval Habashistonga, keyin esa Madinaga hijrat qilgan va ikki hijrat savobi olganligini Rasululloh (s.a.v.)dan shaxsan eshitgan ayol edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Vido Hajiga chiqqan paytlarida Asmo ham bu safarga qo‘shilarkan, to‘qqiz oyu, o‘n kunlik homilasi bor edi. Shuningdek, Madinadan olti chaqirim uzoqlikda bo‘lgan Zulxulayfa degan joyga yetgan paytlarida bir o‘g‘il ko‘rdi. Rasululloh (s.a.v.)ga taqdim etilgan bu bolaning og‘ziga kirgan ilk yegulik Nabiylar sarvari Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning og‘izlarida chaynab yumshatilgan xurmo bo‘lgandi. Bu chaqaloqqa Muhammad, deb ism qo‘yilgan.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:20:19

Asmo binti Umays Rasululloh (s.a.v.)ning qaynsingillari edi. Chunki mo‘minlarning onalari orasida bo‘lgan hazrat Maymuna hazrat Asmoning singlisi edi.
Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning to‘rtinchi xotini Madinaga hijratdan keyin bir muddat mehmon bo‘lib qolgan va Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tomonlaridan muhojir Ansor birodarligi qurilarkan, hazrat Abu Bakr (r.a.)ga birodar qilingan Horisa bin Zaydning qizi Habiba edi.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) vafot etganda bu ayol homilador edi. Tug‘iladigan farzandi qiz bo‘lishidan umidvor ekanligini hazrat Abu Bakr (r.a.) hazrat Oisha (r.a.)ga aytgandi.
Xalifaning bu farzandiga hazrat Oisha (r.a.) tomonidan Ummu Gulsum, deb ism qo‘yiladi. Turmushga chiqish vaqti kelganda esa Talha bin Ubaydulloh bilan oila quradi.

* * *
Hazrat Umar (r.a.) xalifa sifatida yozgan ilk maktubini xat tashuvchiga berdi. Va bu nomani Yarmuk vodiysida jangga kirishish uchun to‘plangan qo‘shinga yetkazishini amr etdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:21:09

YARMUK JANGI

Qo‘shinlar Yarmuk vodiysida to‘plangan, ikki taraf ham oradagi nizoga yakun yasash uchun barcha xozirlikni ko‘rgan edilar. Xolid bin Valid Yarmukka kelgan paytda qo‘mondonlarning holati unga ma’qul bo‘lmadi. Har biri o‘z holicha harakat qilar va boshqaruvni o‘z qo‘liga olish orzusida edi. Abu Ubaydaning qo‘shinlari Amr bin Osning qo‘shinlariga yaqin edi. Shurayhning qo‘shini ham Yazid bin Abu Sufyon qo‘shinlarining yonidan joy olgandi. Namoz vaqtlarida Abu Ubayda ba’zan Amrning orqasida uning imomligida namoz o‘qirdi, ammo Amr, Abu Ubaydaning ortida namoz o‘qimasdi. Amrning bir necha yillar avval Zotus g‘azotida ham imomlikni Abu Ubaydaga topshirmaslik uchun qattiq turib olganligidan esga olinsa, o‘sha kundan bugunga qadar biror o‘zgarish ro‘y bermaganligini bilish mumkin edi.

Islom keltirgan odobning mohiyati insonlar bilan yaxshi muomalada bo‘lishdir. Rasululloh (s.a.v.): «Mo‘min xushmuomalali insondir. U bilan yaxshi muomalada bo‘lish imkoni mavjud. Xushmuomalada bo‘lmagan va xushmuomalada bo‘lish imkoni yo‘q kishida xayr yo‘qdir», - deganlar.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) taraflaridan «Bu ummatning aminidir» deya ta’riflangan va hayotlik paytidayoq jannat mujdasini olgan hazrat Abu Ubayda Islomning bu odobiga rioya qilardi. Ammo Amr bin Os o‘zligini yengolmasdi. Holbuki, «Sabiquna avvalun» nomi ostida to‘plangan ilk musulmonlarning biri bo‘lgan. Islomni va Qur’onni juda yaxshi bilgan, mo‘minlar orasida alohida mavqega ega bo‘lgan Abu Ubayda ham qo‘shin qo‘mondoni bo‘lgan joyda Amr xudbinlikdan voz kechishi va uni mehrobga o‘tkazishi kerak edi. Birlik, tenglik va bir-biriga yaqinlik islom tarixidagi eng buyuk jang bo‘layotgan bir paytda bo‘lmasa, qachon amalga oshishi mumkin?

Boshqa tarafda ba’zan Shurayh ham Yazidning ortida namoz o‘qirdi, ammo Yazid Shurayhning ortida namoz o‘qishni xayoliga ham keltirmasdi. Holbuki, Yarmukda to‘planish, bir tanu bir jon bo‘lib jang qilish zafar keltiradi, degan fikr ularni bu yerlarga keltirgandi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:21:58

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) davrida Badr jangi qanchalik ahamiyatli bo‘lgan bo‘lsa, Yarmuk jangi ham bugun shunchalik muhim edi. Islomning hayot-mamoti shu yerda hal bo‘ladi. Yarmuk vodiysi yo musulmonlarga yoki rumliklarga mozor bo‘lardi. Har ikki taraf ham butun kuchini shu yerda to‘plagandi. Bugunga qadar bo‘lib o‘tgan hech bir jangda bunchalik ko‘p sonli dushman bir joyga kelmagandi. Ikki yuz qirq ming kishidan iborat Rum qo‘shini bilan Islom qo‘shini taqqoslanganda har bir islom qo‘shinlari oltita Rum qo‘shini bilan kurashishga to‘g‘ri kelardi.

Barcha tayyorgarliklar ko‘rilgan, endi hisob-kitob payti kelgandi. Hazrat Xolid qo‘mondonlarni to‘plab majlis qildi:
— Bugun kekkayish va shoshqaloqlik qilish joiz emas. Jihodingizni samimiy niyatlar bilan qiling. Allohning rizosini ko‘zlab ish qiling, deya boshlagan gapini shunday davom ettirdi:
Hazrat Abu Bakr (r.a.) bizni bir-birimizga yordamchi bo‘lishimizni o‘ylab shunday vazifaga tayinladi. Agar bunday holat yuz berishini bilsa, albatta bitta qo‘mondon saylab boshqalarni unga bo‘ysundirgan bo‘lardi. Sizning bunday boshboshdoqligingiz musulmonlar uchun dushmanga duch kelishdan ko‘ra yomonroqdir. Dushmanimiz uchun esa tashqaridan keladigan yordamdan ko‘ra foydaliroqdir. Men yaxshi bilamanki, sizning orangiz mol-dunyoga bo‘lgan muhabbat tufayli buzilgan.

Agar biz bugun ularni ortga chekinishga majbur qila olsak, ko‘ngillariga g‘ulg‘ula tushadi va boshqa kunlarda ham ularni ortga chekintiramiz. Agar ular bizni xarob qilsa, qaytib o‘zimizni o‘nglay olmaymiz. Sizga bir taklifim bor. Keling, qo‘mondonlikni qo‘ldan qo‘lga o‘tkazib turaylik. Har birimiz qo‘shinga bir kundan qo‘mondonlik qilaylik. Shunda har birimiz jangni idora qilgan bo‘lamiz. Bugun men boshqarayin.

Xolid bin Valid kiritgan taklif ma’qullandi. Chunki, har qalay u bosh qo‘mondon edi.
Rum qo‘shinlari ming kishilik qismlar holida jang maydoniga chiqdilar. Arablar shu kunga qadar bunday intizomli qo‘shinga ro‘baro‘ bo‘lmagandilar. Hazrat Xolid ham qo‘shinini tartibga soldi.
Abu Ubaydani markazga qo‘ydi. O’ng tarafni Amr bin Os boshqaradi, Shurayh bin Hasana unga yordam beradi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:23:08

Chap tarafni Yazid bin Abu Sufyonga qoldirdi. Har ming kishilik qo‘shinga bittadan mas’ul qo‘mondon bor edi. Abu Sufyon qo‘shin orasida kezadi va jihodga tashviq etuvchi so‘zlar so‘zlaydi. Miqdod bin Asval esa Anfol surasidagi oyatlarni aytib, saflar orasida harakat qiladi.

Qo‘shinning eng oldida Sayfulloh Xolid bin Valid borardi. Otining ustida tik turardi. Ko‘zi qarshisidagi qo‘shinlar ko‘ngli Allohda edi. Zafar berishi uchun yolvorar, musulmonlarning oyoq ostida qolmasligini tilardi. U aslo o‘limdan qo‘rqayotgani yo‘q edi. Bir kun albatta o‘lishini bilgan (o‘lim haq ekanligini bilgan) bir kishi sifatida uning tilagi dushman bilan Alloh rizosi uchun kurashayotgan paytda o‘lish, ya’ni shahid bo‘lish edi. Bugunga qadar hech bir jangda ko‘ngliga qo‘rquv oralamagan edi. Barcha janglarda safning eng oldidan joy olar, hayotdan ko‘ra o‘limni ko‘proq sevuvchi kishining hujumi kabi dushmanga tashlanardi. Birgina xavotiri, musulmonlarning o‘zlaridan olti baravar ko‘p qo‘shinga dosh berolmay xarob bo‘lishi edi.

Ilgari nasroniylarni jangga tashviq etish maqsadida Injildan oyatlar o‘qigan ruhoniylarning ovozlari eshitilmoqda edi. Ular ham saflar orasida kezib, hayajonga soluvchi gaplar gapirib, musulmonlarning ta’zirini berishning zarurati va ahamiyatini anglatishga harakat qilishardi.
Xolid bin Valid oldingi safga keldi va:
—   Ey, Abu Ubayda, bir taklifim bor, — dedi.
—   So‘zla, ey, Xolid, tinglayman va itoat kilaman.
—   Bu dushman qo‘shini kuchli hujum qiladi. Men esa o‘ng va chap guruhlardan xavotirdaman. Suvoriylarni guruhga ajratib, har bir guruhni o‘ng va chap qanotning orqa qismiga joylashtirish kerak, deb o‘ylayman. Agar dushman oldindagilarni chekinishga majbur qilsa, orqa tarafdan yordam bersinlar.

—   Xuddi shunday qil, ey, Xolid.
Xolid bin Valid ikki suvoriy guruhidan birini Qays bin Xubayraning amriga berdi. Ikkinchisini esa buyuk sahobaga qarab:
—   Ey, Abu Ubayda, sen qo‘shinlarning ortida turasan. Agar ular tarqab ketmoqchi bo‘lib ortga chekinsalar, seni ko‘radilar va uyaladilar, — dedi.
Hazrat Abu Ubayda bu buyruqni olgandan so‘ng yonidagi Said bin Ubaydga:
—   Bu yerdagi vazifamni senga topshiraman, ey, Said, — dedi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:23:44

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) «Jannat ahlidandir» deb ismlarini sanagan o‘nta baxtli insonlardan biri bo‘lgan hazrat Said vazifani qabul qilib oldi. Hazrat Abu Ubayda orqaga o‘tdi. Hazrat Xolid otining boshini eng orqa qismida joylashgan ayollar tomon burdi. Ularning yonida yetarlicha qilich va harbiy qurollar mavjud edi.

—   Biror kimning jangdan qochayotganini ko‘rsangiz darhol o‘ldiring, deb amr etdi. Keyin esa vaqt o‘tkazmay o‘z joyiga keldi.
Hazrat Abu Ubayda baland ovoz bilan mo‘minlarga:
—   Ey, Allohning qullari, Alloh diniga yordam bering. Buning evaziga U ham sizlarga yordam beradi, oyoqlaringizni sobit qiladi, qalblaringizga quvvat baxsh etadi. Ey, musulmonlar, sabr qiling. Chunki sabr kufrdan qutulishga, Alloh taoloning rizosiga va uyatli holatga tushib qolishdan saqlanishga sabab bo‘ladi. Saflaringizda ajralib tarqalmang. Men amr etmagunimcha jang boshlamang. Ko‘nglingizda Allohni zikr etib jim kuting, — dedi. Shu payt bir odam hazrat Abu Ubaydaga yaqinlashdi:
—   O’ylaymanki, bugun shahidlik sharbatini ichadiganlardan biri men bo‘laman. Rasululloh (s.a.v.)ga yetkazilishini istaydigan biror gaping bormi? — dedi.

—   Ha, Allohning Rasuliga salomimni yetkaz! Rabbimizning bizga va’da qilganini haq yo‘ldan yurib topdik, deganimizni, bunga ishonishimizni unga xabar qil, — degan amrni oldi. So‘nggi nafasi chiqar-chiqmas o‘zini Rasuli Akram (s.a.v.) huzurlarida ko‘rishiga qattiq ishongan bu odamning ismini bilmaymiz. Ammo shunisi aniqki, u Buyuk Payg‘ambar (s.a.v.)ning: «Kishi sevgani bilan birgadir» deya bergan xabarlariga ismi kabi ishongan, tongda quyosh chiqishini, oqshom payti botishini bilganidek aniq ishonch bilan bu haqiqatni ko‘ngliga joylagandi. Hayoti davomida Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning sevgilariga sazovor bo‘lish va ular keltirgan hukmlarga amal qilishda boshqa narsani o‘ylamagandi. Bu dunyoning hech bir ishi uning ko‘nglidagi tuyg‘uning o‘rnini egallolmas va unuttirolmasdi. Nihoyat Yarmukning dahshatli kuni kelib yettanda ajal ko‘prigining narigi tomonida unutilmas sevgilisi bo‘lgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) kutishlarini, ruhi jismini tark etishi bilanoq, ularning huzurlarida yetishishini o‘ylab ichi yorishar, xuddi bir mahalladan boshqa bir mahallaga ketayotgandek, vayronadan saroyga ko‘chayotgandek bir his bilan kelib, Abu Ubaydadan jo‘natadigan xabarini so‘ragandi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:24:52

Haqiqatan ham o‘sha kuni Alloh yo‘lida jon bergan yigitlar orasida uning ham qonga belangan jasadini topdilar. U o‘z murodiga yetgandi. Qo‘shinga jasorat baxsh etuvchi gaplar gapirishini istagan Abu Sufyon baland ovoz bilan:
— Ey, mo‘minlar, bugun siz musulmon bo‘lmaganlarning tuprog‘idasiz. Oila a’zolaringizdan, mo‘minlarning amiridan uzoqdasiz. Orqangizdan yordam kelishini kutmang. Vallohi, sabr bilan, jasorat va sabot bilan ularga qarshi kurashishdan boshqa hech narsa sizni qutqara olmaydi. Rabbingizning rizosini ta’minlolmaydi. qilichlaringizdan va qurollaringizdan boshqa himoya izlamang. Olg‘a borsangiz, Allohning Rasuli bor, jannat bor, ortga chekinsangiz qarshingizda jahannam va shaytonni ko‘rasiz

Shu payt Xolid bin Valid bir kishining, «Rumlar qanchalar ko‘p, mo‘minlar qanchalar oz», deganini eshitdi va unga dedi: «Xayf senga, meni ularning ko‘pligi bilan qo‘rqitmoqchimisan?...»
Qo‘shin faqat Allohning marhamati bilan kuchli bo‘ladi. Uning marhamati bo‘lmasa, kuchsiz bo‘ladi. Vallohi, Ashqar xasta bo‘lmasaydi, bu kabi qo‘shin yana bo‘lsaydi, g‘am chekmasdim, — dedi.
Xolid bu jihatdan haqiqatan ham qayg‘uga botgan edi. Qizil yolli, qizil dumli «Ashqar» nomli otining shunday bir kunda yana ostida bo‘lishini va zafar qozonishini juda istardi. Ashqar Xolidga, Xolid Ashqarga qattiq bog‘lanib (o‘rganib) qolishgandi. Na choraki, Iroqdan kelayotib qisqa yo‘llardagi soylardan biri Ashqarning qulashiga va ortiq Xolidni ko‘tara olmaydigan holga kelishiga sabab bo‘lgandi.

Xolid kabi bir qahramon ayni paytda hech qanday otga minolmasdi. O’zining ko‘ngliga yaqin bo‘lgan, go‘yo qay tarafga qanchalik tezliqda yugurish kerakligini aniq bilib, tez harakat qiladigan Ashqarning ahvoli yaxshilanishini va buyuk qo‘mondonga hamroh bo‘lishini oyog‘idagi bog‘ichlarga qaray-qaray kutmoqda edi.

Shu payt Rum qo‘shinidan bir qo‘mondonning jang maydoni tomon kelayotgani ko‘rishdi. Ikki qo‘shinning o‘rtasida turdi. O’zini qo‘shin qo‘mondonlaridan bo‘lgan Yoruv ekanligini aytdi. Maqsadini bildirib:
- Xolid bin Valid bilan ko‘rishmoq istayman, - dedi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 16:25:37

Qo‘shinning eng oldida, jasorat timsoli kabi turgan odam otini ilgari surdi. Doimgidek haybatli qo‘rquv neligini bilmagan holatda ilgariladi. Ikki taraf ham kuchli hayajonda edi. Ko‘ngillardan chiqqan duolar, o‘n minglarcha kishidan yuzaga kelgan Islom qo‘shinining bosh qo‘mondonini aldanishdan saqlashini Allohga yolvormoqda edi. Chunki qarshidagi odamning qo‘lida qurol yo‘q edi. Shu bois Hazrat Sayfulloh ham qo‘liga qilich olmagandi. U odam kutilmagan paytda bir telbalik qilishi va hazrat Xolidga zarar yetkazishi mumkin edi.

—   Men urushish uchun kelmadim, ey, Xolid, gaplashmoqchiman, — dedi. Ammo bir nasroniyga, ayniqsa, shunday bir vaziyatda qanchalik ishonish mumkin?!
—Xolid bin Valid menman, — dedi.
—   U holda menga to‘g‘risini ayt. Aslo yolg‘on so‘zlama. Chunki hur va obro‘li kishi yolg‘on so‘zlamaydi, ham suhbatini aldamaydi.
—So‘zla, qulog‘im senda...
—Alloh sizning Payg‘ambaringizga ko‘kdan bir qilich tushirgan ekan. Paig‘ambaringiz u qilichni senga berganmidi-ki, qaysi qo‘shin bilan qilich solishsang, u qo‘shin chekinadi va sen g‘alaba qozonasan?
—Yo‘q, Alloh ko‘kdan hech qanday qilich tushirmagan.
—   U holda nima uchun seni «Sayfulloh» deyishadi?

—   Alloh taolo bizga bir Payg‘ambar jo‘natgan va u Payg‘ambar bizni Allohning diniga da’vat etgan. Biz avvallari bu dindan uzoq edik. Keyin esa bir qismimiz hazrat Payg‘ambar (s.a.v.)ning so‘zlari rost ekanligiga ishondik va ortidan ergashdik. Bir qismimiz esa payg‘ambarni yolg‘onchiliqda aybladik. Men ham payg‘ambarni yolg‘onchi deb hisoblagan, undan uzoq turgan, ham u bilan kurashganlardan biri edim. So‘ngra Alloh taolo bizning qalbimizga hidoyat baxsh etdi. Uning yo‘liga kirdik. O’sha paytda hazrat Payg‘ambarimiz (s.a.v.) menga: «Sen Allohning mushriklarga qarshi tushirgan qilichisan», dedi va zafar qozonishim uchun duo qildi. Shundan so‘ng menga «Sayfulloh» (Allohning qilichi) nomi berildi. Shu bois men mo‘minlarning mushriklarga qarshi turgan omonsiz bir zarba beruvchisiman.

—   Xo‘sh, meni nimaga da’vat qilmoqchisan, ey, Xolid?
—   Seni va boshqa insonlarni Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad esa Allohning quli va rasuli ekanligiga ishonishga, hazrat Payg‘ambar (s.a.v.) Allohdan keltirgan har bir xabarni haqiqat ekanligini qabul qilishga da’vat qilaman.
— Agar qabul qilmasam-chi?..
—   Unda juz’ya berasizlar. Biz esa sizni himoya qilish mas’uliyatini zimmamizga olamiz.
— Agar juz’ya berishni ham istamasak-chi?
—   U holda urush e’lon qilamiz va kurashamiz (jang qilamiz).

Qayd etilgan