Ahmad Lutfiy Qozonchi. Abu Bakr siddiq (r.a.)  ( 94841 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 24 B


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:02:36

* * *
Hazrat Abu Bakr (r.a.) zimmasidagi vazifani bajargach bir chetga chiqdi. Rasululloh (s.a.v.)ning dafn hozirliklarini ko‘rish kerak edi. Bu ish esa uning oila a’zolari tomonidan qilinadi. Hazrat Oysha (r.a.)ga tegishli bo‘lgan va endi Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qabriga aylangan xonaga Hazrati Ali (r.a.), Abbos, Abbosning ikki o‘g‘li Fazl va Qusam, Hazrati Payg‘ambarimizning (s.a.v.) xizmatchilari, Shuronlar kirib xonani bekitishgandi. Shu payt Xazraj qabilasidan Avs bin Havl keldi:
— Ey, Ali, Alloh taolo rizoligi uchun, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hurmati uchun meni ham ichkariga kirgiz!..— deya yolvordi va unga bir burchakda o‘tirishga izn berildi. Shu unga yetarli edi. Bir chetga o‘tirdi va boshqalarni kuzata boshladi.

Rasululloh (s.a.v.)ning muborak vujudlari bir vaqtlar As’ad bin Zurora tomonidan hadya qilingan sadrda yotardi. Ichkaridagilar bu aziz vujudni bezovta qilmaslik uchun past ovozda gapirishardi. Ular orasidan bir inson, «Ey, imon keltirganlar, amallaringiz o‘zlaringiz sezmagan holingizda zoe bo‘lib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg‘ambarning ovozidan yuqori ko‘tarmanglar va unga bir-birlaringizga baland ovoz (dag‘al so‘z) qilgandek baland ovoz qilmangizlar!» (Hujurot surasi 2-oyat) degan ma’nodagi oyatni xotirladi. Avs bin Havl bundan so‘ng faqat tushida ko‘rishi mumkin bo‘lgan Rasulullohning (s.a.v) aziz vujudi ila bir ikki soat bo‘lsa—da birga bo‘lishning baxtini his qilmoqda edi. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan buyuk Payg‘ambarlarini (s.a.v.) tuproqqa qo‘yish vaqti yaqinlasharkan yuragidan toshib kelgan qichqiriqni to‘xtatishga harakat qilar, ammo ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni to‘xtatolmasdi. Darhaqiqat, bu ko‘zlar, Nabiylar Sarvari (s.a.v.) uchun yosh to‘kmasa kim uchun to‘kadi?!

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:12:12

TARIXIY MAYDON
SA’D O’G’ILLARI QARORGOHI

Ichkarida tayyorgarliklar davom etarkan, vafot xabaridan so‘ng bir necha xazrajliklar masjidni tark etgani va Sa’d bin Ubadaning uyiga ketganligini fahmlashmadi. Hammaning o‘ziga yarasha dardi bo‘lib, kelib — ketgan bilan qiziqadigan holda emasdi.

Uyida xasta bo‘lib yotgan Sa’d bin Ubada xabarni tingladi. Musulmonlar boshsiz qolishgandi. Rasululloh (s.a.v) o‘rniga idorani qo‘lg‘a oladigan insonga ehtiyoj bor edi. Agar vaqtida harakat qilinsa, bir yig‘ilishda hal qilish mumkin edi. Vaqt o‘tsa butun Madina xalqi orasida saylov o‘tkazilsa, bu fursat qo‘ldan chiqardi.

Hubob bin Munzirning suhbatlari va birodarlarining dastagi ila Sa’d, bir qarorga kelib o‘rnidan turdi. Birodarlari ko‘magida otga mindi, yaxshilab o‘randi va «Bani Saida Saqifasi» (Saida o‘g‘illarining soyaligi) degan joyga keldi. Bu yer taxminan Rasululloh (s.a.v.) masjidlaridan besh yuz metrcha sharqda bo‘lib, kichikroq bir joy edi. Yashirincha bir — birlariga xabar yetkazishgan xazrajliklar birin —ketin to‘planishmoqda edi. Yetarli kishi to‘plangach maqsadga o‘tilib «bay’at marosimi» ijro qilinardi.

Bu orada, bir tomonda jamoa to‘planayotganini ko‘rgan bir kishi sekingina masturga yo‘l oldk. Agar uning aytganlari rost bo‘lib chiqsa, mutlaqo marosim tugagunga qadar ko‘zdan qochirilmasdi. Ismi noma’lum bo‘lgan bu odam Avs qabilasidan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:13:59

* * *
Dastlab Huzayma bin Sobit so‘z boshladi:
—   Ey, Ansor jamoasi, agar siz idorani quraysh qabilasiga tashlab qo‘ysangiz, bu to qiyomat kunigacha davom etadi. Keyin qaytib Madinaga hokimlik qila olmaysiz. Holbuki sizlar Alloh taoloning kitobidan Ansor nomi ila joy olgan insonlarsiz. Hijrat sizning yurtingizga qilindi, Rasululloh (s.a.v.)ning qabri sizning tuprog‘ingizdan qaziladi. Shuning uchun bu ishda bir qarorga kelinglar va qurayishliklar hurmat qiladigan, Ansorlar ishonadigan bir insonni Rasululloh (s.a.v.)ning xalifasi qilib tayinlangiz, — dedi.

Yig‘ilganlar javob qaytarishdi:
—   Ey, Huzayma, to‘g‘ri gapirding. Biz raisimiz va boshlig‘imiz qilib Sa’d bin Ubadani tayinlaymiz.

Avs qabilasi boshlig‘i Usayd bin Hudayr o‘rnidan turdi:
—   Ey, Ansor, siz Alloh taoloning buyuk ne’matlariga qovushgan insonlarsiz. Shu kungacha bo‘lganidek, bundan so‘ng ham ishingizni Alloh taolo taqdiriga qo‘ying. To‘g‘risini so‘zlash kerak bo‘lsa xalifalik sizning emas, qurayishliklarning haqqidir.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:15:10

Shu kunga qadar Ansor orasida sevimli va hurmatli inson bo‘lishiga qaramasdan Usaydga qarshi chiqishdi. U yer — bu yerdan turli gaplar gapirildi.

Bu safar Xazraj qabilasidan Bashir so‘z oldi:
—   Ey, Ansor jamoasi, siz faqat quraysh bilan bo‘lganingizdagina muvaffaqiyat qozondingiz, quraysh qabilasi ham siz bilan muvaffaqiyatga erishdi. Agar siz «muhojirlarga imkoniyat yaratdik, huzur va shodlik ichida bo‘ladigan bir joy hozirlandi va jonimiz bilan ko‘maklashdik», deydigan bo‘lsangiz, bilingki, Alloh taoloning ularga bergan ne’mati, siznikidan ko‘ra xayrliroqdir. Shuning uchun haddingizni biling va «Alloh bergan ne’matni kufrga almashgan va qavmlarini halok qiluvchi yurtga joylashtirganlardan» bo‘lmangiz, — dedi.

Usayddan so‘ng Bashirning so‘zlari xazrajliklarning g‘azabini qo‘zg‘agandi. Bu odamlar chiqib turgan shoxlarni (daraxt) kesishmoqchimi?... Yo‘qsa to‘g‘ri fikrlash qobiliyatlaridan ayrilishdimi?.. O’z oralaridan tayinlanadigan amir ular uchun sharaf hisoblanmaydimi?.. Bu safar Uvaym bin Said o‘rnidan turdi:
—   Ey, Ansor, sizlar din yo‘lida, Alloh taolo rizoligi uchun ilk marotaba qilich ko‘targan va jangga kirgan insonlarsiz. Shu bilan bu dinni sizga keltirganlarga qarshi ilk kurashga kirishganlar ham siz bo‘lmang. Nubuvvat kimga berilgan bo‘lsa xalifalik ham ularning haqqidir, — dedi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:16:08

* * *
Bu yerda shunday gaplar bo‘layotgan bir payt masjidning bir burchagida g‘am daryosiga botib o‘tirgan hazrat Umar (r.a.) yoniga yaqinlashib, shivirlab so‘zlagan bu odamning gaplarini eshitib, go‘yo uyqudan uyg‘ongandek bo‘ldi va darhol o‘rnidan turdi. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ni qidirardi, ko‘rdi va u tomonga yurdi:
—   Yo Abu Bakr, ortimdan yur, ahvol juda jiddiy, — dedi.
Umar (r.a.)ning yuzidagi tahlika sababini bilomagan Abu Bakr (ra.) chehrasidaham sarosimalik aks etdi:
—   Nima bor?.. Nima bo‘ldi yo Umar?..
—   Vaqt o‘tkazadigan payt emas, tashqarida tushuntiraman.

Masjiddan chiqishdi. Hazrat Umar (r.a.) boyagi odam keltirgan xabarni aytdi.
Abu Ubaydaga uchrab, yonlariga olishdi. Ko‘p o‘tmay Saqifaga bordilar.

Ko‘p kishi to‘plangan, qizg‘in suhbatlar bo‘layotgandi. Ular bir chetga o‘tirdilar.

Bu paytda Sa’d bin Ubada gapirayotgan edi. Baland ovozda gapirishga darmoni yo‘q edi. So‘zlarining baland ovozda takrorlanishini buyurdi va shunday dedi:
—   Ey, Ansor jamoasi, siz hech bir arabda bo‘lmagan fazilat va afzallik sohibisizlar. Muhammad (s.a.v.) qavmida, ularga islomni da’vat etib o‘n yildan ko‘proq qoldilar. Shunga qaramasdan Unga juda kam kishi iymon keltirdi. Faqat ular Payg‘ambar (s.a.v.)ni himoya qilishga va keltirgan dinga dastak bo‘lishga, zulmga bartaraf berishga qudrati yetmasdi.
Alloh taolo sizning baxtingizni berdi va ikromini sizlarga jo‘natdi. O’ziga va Rasuliga iymon qilishni nasib etdi. Sevimli Payg‘ambarini va ashobini himoya qilish sharafini sizlarga baxsh etdi. Keltirgan dinga sizlar dastak bo‘ldingiz, dushmanga sizlar qarshi turdingiz. Arablar sizning qilichlaringizga bo‘yin egdilar va sizning kuchingiz qarshisida Rasulullohga (s.a.v.) «ha» dedilar.
Alloh taolo sevimli Payg‘ambarini (s.a.v.) sizdan rozi bo‘lgan holda oramizdan oldi. Shuning uchun siz bu xalifalik ishini yagona o‘zingiz qo‘lga oling. Chunki xalifalik faqat sizning haqqingizdir, ularning emas

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:18:00

Behol va past ovozda gapirayotgan Sa’d so‘zini tugatishi bilan atrofdan ma’qullagan ovozlar eshitildi. Biz seni shu ishga munosib ko‘ramiz. Sen mo‘minlar ko‘nglini oluvchi, munosib amir bo‘lasan, — deyishardi.

Ansordan Sobit bin Qays o‘rnidan turdi va shunday dedi:
— Ey muhojirlar, sizlarga ma’lumki, Rasululloh (s.a.v) Makkada ekanliklarida ko‘rsatilgan aziyatlarga e’tibor bermasdilar. Keyin esa Alloh taolo Unga (s.a.v.) hijrat qilishini buyurdi, yurtimiz Uning hijrat joyi bo‘ldi. Keyin sizlar keldingiz. Mollarimizni siz bilan bo‘lishdik, ishlaringizni ko‘rdik, yurtimizda mehmon qildik. Ehtiyojlaringizni joyiga keltirishida, avvalo sizlarni o‘yladik. Biz Alloh taoloning yordamchilari, islomning ilg‘or kuchlaridirmiz.
Bizlar Rabbimiz: «Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa o‘zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suyurlar va dillarida ularga berilgan narsa (o‘ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (ehson qilishda o‘zgalarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar iqbollidirlar», (Hashr 9 — oyat) degan insonlarmiz. Sizlarga ma’lumki, Rasululloh (s.a.v.) biror xalifa tayinlamasdan bu dunyodan ketdilar. Insonlar bu holda kitob va sunnatlar ko‘rsatgan hukmlarga qoldirildi.

Alloh taolo bu ummatni zalolatdan qutqarib, janjaldan saqlasin. Shunday ekan, ey, muhojirlar, nima demoqchi bo‘lsangiz aytinglar.

Hazrat Umar (r.a.) turmoqchi bo‘ldi, ammo hazrat Abu Bakr (r.a.) uni to‘xtatdi va o‘zi turdi. Vazmin ohangda gap boshladi:
Ey, Ansor jamoasi, sizlar haqiqatni gapirayotgandeksiz. Dinda fazilatlari inkor qilinmaydigan, islomda afzalliklari unutilmas insonlarsiz. Alloh taolo va Rasuli sizlardan dinning yordamchilari sifatida rozi bo‘lgan. Alloh taolo Payg‘ambari (s.a.v.)ning hijratini sizning yurtingizga buyurdi. Bizningcha ilk muhojirlardan so‘ng sizning darajangizdagi kishilar yo‘q. Payg‘ambar (s.a.v.): «Agar butun insonlar bir yo‘lga, Ansor bir yo‘lga qo‘yilsa, men Ansorlar yo‘lidan ketardim» — degan edilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:19:20

Ammo bizlar ham Alloh taoloning: «(U o‘ljalar yana) o‘z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan zotlar — kambag‘al muxojirlarnikidir, zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaganlar hamda Alloh va Uning payg‘ambariga yordam berganlar. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar», (Hashr, 8-oyat) degan insonlarmiz. Sizlarga ma’lumki, ey, Ansor, Alloh taolo sizlarga, biz bilan birga bo‘lishni buyurarkan: «Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz!» — deya marhamat qiladi. Bilasizki, arablar bu ishda Qurayshdan boshqasiga bo‘yin egishmaydi. Ular arab millatining eng oliy tabaqasidan paydo bo‘lganlar.

Hubab bin Munzir, hazrat Abu Bakr (r.a.) ning gapini bo‘ldi:
— Ey, Ansor, ko‘zingizni kattaroq oching va qo‘lingizdagi ishga egalik qiling. Aldanib haqqingizni oldirmang. Abu Bakr (r.a.) va birodarlarining so‘zini tinglamang. Unday bo‘lsa nasibangizni qo‘lingizdan olib qo‘yishadi, unutmangki, faqatgina sizning yurtingizda Alloh taologa ibodat qilindi, sizning masjidlaringizda namoz o‘qildi, arablar sizning qilmishlaringiz kuchi ila yo‘lga kirib, iymon keltirdi. Siz dinda eng katga nasiba sohibisiz. Bu ishga hammadan ko‘p sizlar munosibsiz. Agar bular haqqingizni qabul qilmay qarshi chiqishsa, ularni yurtingizdan haydab chiqaring, o‘rniga hokim bo‘ling.

Arablar johiliyat davrida ham, islomni qabul qilgandan so‘ng ham sizning hurmatingiz va qudratingizga tan berishlari kerak. Aminmanki, bundan keyin bu ishni rad qiluvchi chiqsa uning burjini qilichim bilan to‘g‘rilab qo‘yaman.

—   Unda Alloh sening balongni beradi, ey, Hubab!..
—   Aksincha, sening balongni beradi, ey, Umar!...
—   Sa’d xalifalikka munosib kishi emas. Sobit bin Qays gapga aralashdi:
—   Yo‘q, ey, Umar, yanglishyapsan. Sa’d xalifalikka munosib kishi. Bu yurt uning yurtidir, sizlar uning musofirlaridirsiz.
Abu Ubayda bin Jarroh so‘z qotdi:
—   Ey, Ansor, sizlar bu dinga va Rasululloh (s.a.v.)ga ilk yordamchi bo‘lganlardansiz. Birinchi bo‘lib hol va vaziyatni o‘zgartirgan ham sizlar bo‘lib qolmang.
Hubab bin Munzir qaytadigan emasdi. Yana takrorladi:
—   Ey, Ansor, haqqingizdan aslo voz kechmang. Agar qarshilik qilinsa aytingki, bir amir bizdan, bir amir esa sizdan bo‘lsin.

—   Ey, Hubab bir yerda qanday qilib ikki amir bo‘ladi?.. Biri ikkinchisiga muxolif chiqsa nima qilasiz?

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:20:50

Bu so‘zlar Usayd bin Hudayr va Bashir bin Sa’d tomonidan aytildi.

Usayd Avs qabilasining raisi, Bashir esa Xazrajdan edi. Hazrat Umar (r.a.) ilova qildi:
—   Ey, Hubab, bir qinga ikki qilich sig‘maydi. Arab millati ham sizlarni xalifa sifatida qabul qilmaydi. Chunki Payg‘ambarimiz (s.a.v) quraysh qabilasidandir. Seni bu istaging ig‘vo, xolos. Alloh taolo birdir. Islom bir, din birdir. Ishlar ham yagona amir idorasi bilan bo‘ladi. Agar bugun ikki amir bo‘lsa ertaga tartib buziladi. Alloh taolodan qo‘rqing va bu ishni Muhojirlar ham Ansorlar ham ma’qul ko‘radigan bir kishiga topshiring.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) so‘z boshladi:
—   Ey, insonlar, sizlarga Rasululloh (s.a.v.) qadrlagan ikki insonni tavsiya qilmoqchiman. Umar bin Xattob va Abu Ubayda bin Jarroh. Bulardan birini tailang. Har ikkisi ham bu ishga munosib insonlardir.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) so‘zlarkan ikkisining ham qo‘lidan tutgandi. Ammo hazrat Umar (r.a.):
—   Ey, Abu Bakr, bu vazifani sendan boshqa hech kim zimmasiga ololmaydi. Muhojirlarning eng fazilatlisi, g‘ordagi ikki kishidan biri va Rasululloh (s.a.v.)ning tayinlagan imomi sensan. Kim sening oldingda namoz o‘qita oladi, kim senga amir bo‘la oladi? Qo‘lingni ber, seni duo qilaman, — dedi va qo‘lini uzatdi. Ammo, Xazraj qabilasidan Bashir bir Sa’d sapchib turdi, Vallohi hech kim mendan oldin bayat berolmaydi, — dedi. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning qo‘lidan tutdi: Seni Rasululloh (s.a.v)ning xalifasi sifatida qabul qilamiz va itoat qilishga so‘z beraman, — dedi. Hubab bin Munzir g‘azabdan sapchib ketgandi:
—   Ey, Bashir, seni bu ishga majbur qilgan narsa nima?.. Yo‘qsa amakingning o‘g‘li Sa’dga hasad qilayapsanmi?.. Shunday deya qilichini qinidan chiqardi. Bir necha kishi otilib qo‘lidan tutdilar. Bas qil, ey, Hubab, deyishardi.

—   Shunday qila turib yana menga bas qil deysizlarmi?.. Aminmanki, hali farzandlaringiz ularning eshiklaridan non va suv so‘raganini ko‘rasiz, quvilganiga guvoh bo‘lasiz.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:22:58

Hazrat Abu Bakr:
Mendanmi?.. Mening shu ishlarni qilishimdan andisha qilayapsanmi, ey Hubab?..

—   Yo‘q, men sendan qo‘rqayotganim yo‘q. Ammo, sendan keyingilarning shunday qilishidan qo‘rqaman.
—   Sen qo‘rqayotgan ishlarning qilinganini ko‘rgin, keyin xohlaganingni qilasan.
—   Nahotki, ey, Abu Bakr sen ham, men ham u payt bo‘lmaymiz. Keyin farzandlarimizga qayg‘uli azoblar beradigan qavm kelgan bo‘ladi.

Bu paytda hazrat Umar (r.a.) Abu Bakr (r.a.)ning qo‘lidan tutib bay’at bergandi.
Ketidan hazrat Ubayda uchinchi bay’atni berdi. Keyin Muhojirlar va Ansor navbatma — navbat kelishdi, o‘zlariga xalifa qilib qabul qilinganini bildirishdi. Bu jamoaning olovli notiqlari bo‘lgan Hubab, Sobit bin Qays va Huzayma bin Sobitlar ham bay’at qilayotganlar orasida edi. Bay’atga qo‘shilmagan yagona shaxs Sa’d bin Uboda bo‘ldi.

Ikki soat avval Rasululloh (s.a.v.)ning xalifasi Sa’d bo‘lishi kerak deya kelgan xazrajliklar, bu safar yanada xayrli, bu ishga yanada munosib bir insonni saylaganliklariga ishonib u yerdan ketarkan, Sa’d bin Ubada ham uyiga keltirildi. Katta umidlar bilan kelgan, ammo katta inqirozga uchrab yotog‘iga qaytgandi, ikki soat oldin faqatgina vujudi xasta edi, endi esa ko‘ngli ham nogiron bo‘ldi. Natija shunday bo‘lar ekan kelishmasa, unga umid berilmasa bo‘lmasmidi?...

Bu yoqda Rasululloh (s.a.v.) dafnlariga hozirlik ko‘rayotganlar, kech bo‘lsa ham Bani Said Saqifasidagi yig‘ilishdan xabardor bo‘lishgan, tayyorgarlik bir yoqda qolib, hazrat Fotima (r.a.)ning uyida to‘planishgandi. Bunday muhim ish shunchalik shoshilinch qilinadimi?.. Agar hazrat Payg‘ambar (s.a.v.)ga xalifa tayinlashsa hech bo‘lmasa o‘zlariga ham xabar berishmaydimi?.. Bu xalifa, hazrat Payg‘ambar (s.a.v) oilasidan biri bo‘lishi kerak edi—ku?..

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Mart 2009, 15:24:24

Hazrat Fotima (r.a.)ning uyida yig‘ilganlar fikri shunday edi. Hatto hazrat Abu Bakr (r.a.)ning kuyovi Zubayr bin Avvom qilichini sug‘urib, «Rasululloh (s.a.v.) xalifasi qilib Ali bin Abu Tolibga bay’at qilinmagunga qadar bu qilich qiniga kirmaydi!» — deya xitob qildi. Ular nega Bani Said yig‘ilishiga borishmadi?..
Avvalo yig‘ilish bo‘lishidan bexabar edilar. Xabar olganlarida esa «g‘isht qolipdan ko‘chgandi». Shunday muhim ishni bir—ikki soat ichida va ashoblarning ko‘pchiligi bo‘lmagan bir yig‘ilishda hal qilish mumkin emas, degan fikr ularni to‘xtatgandi. Borsalar va yig‘ilishga qo‘shilsalar, baribir saylov ular istagandek bo‘lmasa—chi. Ammo, natijada hazrat Abu Bakr (r.a.)ning xalifa qilib tayinlanishi ular tashvishini yo‘qotdi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) Bani Said yig‘ilishidan, jangda g‘alaba qozongan qo‘mondondek qaytmadi. Chunki u bir necha soat avval bu yig‘ilishga kelarkan xalifalikni qo‘lga kiritish orzusi yo‘q edi. U Rasululloh (s.a.v.)ning bir birodariga: "Ey, Abdurahmon bin Samura, xalifalik istama. Bilgilki, agar amirlik senga istaging sabab berilsa ilohiy yordamdan mahrum bo‘lasan. Agar u, senga istamasang ham berilsa yordam ko‘rasan», deganlarini eshitgandi. Islom dinini qabul qilgandan buyon eng samimiy orzusi Rasululloh (s.a.v.)ning ko‘rsatgan yo‘lidan yurish, hayotini U keltirgan qoidalar asosida to‘g‘rilash edi. U o‘rgatgan islomiy hayotda yashash edi. Bir davlat boshlig‘i bo‘lish orzu—havasi xayoliga ham kelmagandi. Shu sabab, u zimmasidagi vazifada Alloh taoloning ko‘magidan umidvor edi.
Fikru, ishonchi bu bo‘lgan hazrat Abu Bakr (r.a.)ni uyida «tabriklaymiz, shu ondan Rasululloh (s.a.v) xalifasi bo‘ldingiz» — deya qarshilashmadi. Oila a’zolari ham unda zafar sarxushligini sezishmadi. Uzoq yillardan buyon birodarlik qilib kelayotganlar, bugun g‘urur bilan ko‘tarilgan boshni ko‘rishmadi.
Chunki hazrat Abu Bakr (r.a.) qalbida bu begona tuyg‘ular mehmon bo‘lmagandi. U iskanjadagi insonlarni sotib olib ozod qilarkan, qullik qarzini bajargani, qobil mo‘minga xos harakat qilgani uchun Rabbiga hamd aytgan. Ammo, ozod qilingan insonlar uning g‘urur va kibr bilan o‘zlarini tomosha qilgan holda ko‘rishmagandi. Shafqatsiz azoblardan qutqarilib, hurriyat berilgan Bilol uning yonida hech qachon minnat ostida qolmagan, boqishlarida ham yaxshiligini yodga soluvchi tuyg‘u borligini umuman sezmasdi. Xalifalik unga faqat tashvish va mas’uliyat keltirardi. Kechagacha faqat bir oila boshlig‘i, shu ummatning bir odami edi, xolos. Endi esa, «LA ILAHA ILLALLOH. MUHAMMADUN RASULULLOH» degan har bir insonning dardi, uning ham dardi bo‘lajak. Bu insonlar farovon bo‘lishmasa, Buyuk Mavlo Abu Bakrni so‘roq qiladi.

Qayd etilgan