* * *
Yonidagi xonada bo‘lgan mo‘minlar onalari Oysha, Hafsa, Ummu Salama, Ummu Habiba, Savda, Juvayriya, Sofiya, Zaynab, Maymuna va joriyalari Moriya, Rayhona... va jigarporasi hazrat Fotima (Alloh taolo har birlaridan rozi bo‘lsin) qazish, ko‘mish ovozlarining to‘xtashi bilan dafn ishi bitganligini anglashganida hanuz atrof qorong‘u, shafaq ko‘rinmagandi.
Qayg‘uli xabar tez yoyildi. Ko‘p insrnlar buyuk Payg‘ambar (s.a.v.) ortidan ko‘zyosh to‘kib qolishdi. Tengi va o‘xshashi bo‘lmagan, qayta tug‘ilmaydigan insonni qayta ko‘rmaslik qayg‘usida qovurilishardi. Yagona tasalli, U (s.a.v.) ko‘rsatgan yo‘ldan borilsa, Unga va Uning Mavlosiga yetishish edi.
Rasululloh (s.a.v.)ning vafot xabari bir guruh insonlar yuzida shaytoniy tabassum ham paydo qildi. Uzoq yillar ko‘ksilarida siqilib kelayotgan qo‘rquv tuyg‘usini chuqur nafas bilan chiqarib yubordilar. Demak, ortiq vahiyning to‘xtashini ko‘radigan kunlarga ham yetishadi. Bundan so‘ng qalblaridagi munofiqlik tuyg‘usi haqida insonlarga gapira olishadi.
Rasululloh (s.a.v.)ni tuproqqa qo‘yishgandan bir necha soat keyin ikki birodar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan shu suhbat diqqatga sazovordir. Bu ikki sahoba Madinaning bir ko‘chasida lom-mim demasdan o‘tirishardi. Ikkisi ham dardli, ikkisining ham qalbi yarador. Bir — birlariga aytadigan ko‘p narsa bor, yoki hech narsa yo‘q. Chunki ikkisi ham ayni bir qayg‘udan iztirobda, ikkisi ham ayni bir ayriliqqa uchragan insonlar edi. Tug‘ilib o‘sgan shahar, qanchadan—qancha go‘zal xotiralarga guvoh bo‘lgan bu ko‘chalar endi ma’nosiz, go‘yo begonalashib ketgandek. Negadir Uvaym bin Said ko‘nglidagi tuyg‘ularini shunday tilga oldi:
— Vallohi Rasululloh (s.a.v.)dan oldin o‘lishni juda orzu qilardim.
Birodari Ma’n bin Adiy boshqacha o‘ylayotgandi:
— Ammo men Vallohi Rasululloh (s.a.v.)dan avval o‘lishini orzu qilmagandim. Istardimki, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hayotliklarida ko‘rsatgan e’tiqodimni, vafotlaridan keyin ham isbotlasam.
Ma’n bu so‘zlarining samimiyligini to‘la isbotlagan, payg‘ambarlik da’vosida chiqqan Musaylama qo‘shiniga qarshi kurashib, shahid bo‘lgandi. Birodari Uvaymga kelsak, uni yaqindan bilish uchun bu voqeadan bir necha yil oldin Rasululloh (s.a.v.)dan so‘ragan bir savol va olingan javobni xotirlaylik:
— Ey, Allohning Payg‘ambari!
«Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid - Sizning o‘shanda turishingiz loyiqroqdir. Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar.» (Tavba surasi 108-oyat) oyatida keltirilganlar kimlar edi?
Rasululloh bu savolga javob berarkanlar, muborak ko‘zlarini yonidagi zotga qaratib: «Uvaym bin Said ulardan biri sifatida qanday ajoyib inson»— degan edilar.
Bular ana shunday ashoblar orasida kam tanilgan, ammo ular Alloh taolo va Rasuli tomonidan taqdirlanib, taqdir ular ismini baxtli insonlar qayd qilinadigan daftarga, o‘chirilishi mumkin bo‘lmagan siyohda yozgandi,
"Allohim, sen tilaganini qilishga qodirsan...".