ABU BAKRNING TAVALLUDI
Shoshib ketayotgan Ummulxayrdan so‘radilar:
— Qayoqqa ketayapsan, ey Ummulxayr?
— Baytulloh ziyoratiga, — javob qildi u.
— Tuqqaningga atigi uch kun bo‘ldi, sen damingni olishing kerak.
— Gaping rost...
Ummulxayr nafasini rostlagan bo‘ldi va quchog‘idagi chaqalog‘ini ko‘rsatib, so‘zida davom etdi:
— Qachonki mana shu bolam yashab ketsagina men xotirjam bo‘laman. Shu vaqtgacha ko‘rgan farzanddarimning birortasidan «Onajon» degan so‘zni eshitmadim. Bu narsa esa meni juda qiynaydi.
Ummulxayr peshonasidagi terni artarkan, so‘zida davom etdi:
— Hammasini yerga topshirdim.
Ummulxayr qadamini tezlatdi. Baytulloh qarshisida to‘xtadi-yu, ammo biror qarorga kelolmasdi. Oyog‘i yonidagi butga qaradi. Unsiz, sadosiz harakatsiz, jonsiz butlarning qay biriga ta’zim qilishni, ahvolini qay biriga aytishni, qay biridan madad so‘rashni bilmasdi... Biriga borsa ikkinchisi nima deydi?... Birinchisidan yordam so‘rasa ikkinchisinichg g‘azabi kelmaydimi?... «Meni yoqtirmadingmi?» deb g‘azablansa nima bo‘ladi?..
Dadil qadamlar bilan bir chapga bir o‘ngga qarab yurdi. Bir muddat o‘tgach o‘zini qo‘lga olib, o‘z-o‘ziga savol berdi: «Avvalo Ka’bani tavof qilish afzal emasmi?».
Hajar ul-asvadning qarshisida to‘xtadi-da, quchog‘idagi chaqaloqni yerga qo‘yib Ka’bani tavof qila boshladi. Baytullohni yetti marta aylanib, murojaatini boshladi:
— Allohim, bu bola senga qurbon bo‘lsin, uni menga ehson qil.
Shu tarzda xasta ko‘ngil bilan ushbu duoni bir necha marta takrorladi. Butlardan birini tanlab «hojatimni mana shunga arz etdim» deya olmasdi. Agar shu paytda Ummulxayrdan "kimga iltijo qilding",— deb so‘rashsa «Baytullohning asl egasi kim bo‘lsa o‘shanga» — deya olardi, xolos.
Iltijosi qabul bo‘lganiga ishonib, uyiga qaytdi. Mushtipar onaning ko‘nglidagi duosi faqat shunday bo‘lishi mumkin edi.