Savolu-javob. ("Forumdoshdan forumdoshga savollar" arxivi)  ( 97123 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 18 B


shoir  30 Mart 2009, 14:42:43

AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:

1. Savol: Magistraturani dipliomini oldiz, inshaolloh. O’qishni davom ettirish niyatiz bormi?

Javob: Ha, inshaalloh, davom ettiraman. Faqat O'zbekistonda aspiranturada o'qish niyatida emasman. Alloh qodir qilsa, chet-elda PhD qilmoqchiman. Duo qilib turinglar.


2. Savol: Sizda faqat bir yo'l bor: Diniy ilm olishni tanlaysiz yoki dunyoviy ilm olishni. Dunyoviy ilm sizga insonlar orasizda obro' va boylik keltiradi. Siz qaysinisini afzal bilasiz?

Javob: Savol judayam aktual va qiyin savol. Javob berishdan avval o'ylanib qoldim.
Hozirgacha dunyoviy ilmlar orqali topgan ikkita diplomim bor. Hozircha mana shu ham yetadi. Diniy ilmlarimni oshirish niyatim ayni paytda ko'proq. Agar ozgina tirikchiligim uchun + yangi hunarlar egallashga (o'ylab qarasam, ilm bilan birgalikda ko'plab hunarlar ham kerak ekan) imkoniyat bo'lib, diniy ilmni ham davom ettirishga sharoit bo'lganda ikkilanmasdan shuni tanlardim.


3. Savol: www.ziyouz.com dan boshqa sayt va forumlarda ko'p ko'chirisharkan. Shularga qanday munosabatda bo'lasiz?

Javob: Ha, bunaqa hollar ko'p uchrab turadi. O'zlariga havola qilaman. Agar yozib qo'yishsa xursand bo'laman. Yozishmasa, biroz hafa ham bo'laman. Chunki, ba'zida mualliflarning maqolallarini hatto muallifsiz berib yuborgan hollar ham bo'ladi. Kimdir bir maqolani yozishda mehnat qiladi, yana kimdir esa...
Bu nafaqat internetda, gazeta, Radiolarda ham bizning saytdan ko'p foydalanishadi-yu, lekin qayerdan olinganligini aytishmaydi.
Yaqinda afg'onistonlik bir jurnalist bilan gaplashib qoldim. U yerda ham saytimiz materiallaridan ko'p foydalanisharkan. Xitoy, Qirg'iziston, Rossiya, Koreyada, AQShdagi o'zbek tilidagi nashrlardan ham minnatdorchilik maktublari olganman.


4. Savol: Bir kishi sizga xiyonat qildi. Sizni ishonchingizdan, mehringizdan foydalanib sizni aldab ustingizdan kuldi. Siz unga qattiq ishonardingiz. Buni anchadan keyin sezib qoldingiz. Ko'nglingiz qattiq og'ridi. Lekin u sizdan kechirim so'ramadi. Uni kechira olasizmi? Va bu tafayli barcha insonlarga bo'lgan ishonchingiz yo'qoladimi?

Kechira olardim. Lekin o'sha insonga bir umr ishonmay qo'yardim. Ishonchdan chiqadi u odam. Chunki xiyonat, yolg'on o'z-o'zidan boshqa gunohlarni ham orqalovchi katta ayb hisoblanadi. Sizni bir marta qattiq aldagan insonning ikkinchi marta aldashiga kafolat yo'q. O'sha insonga tavba qilishini, bundan keyin bunaqa ishlarini qilmasligini bir marta tushuntirishga harakat qilardim. Chunki Alloh Rahmdil, Mehribon zot.
"œAbu Farva ismli bir odam kelib Janobi Payg‘ambarimizdan:
— Boshdan-oyoq gunohga botgan, qilmagan noma’qulchiligi qolmagan bir kimsa tavba qilsa bo‘ladimi? — deb so‘radi.
Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, unga:
— Sen musulmon bo‘lganmisan? — dedilar.
— Ha.
— Unday bo‘lsa, bundan keyin yomonliklarni tashlagin-da, hamisha yaxshilik qil. Alloh taolo sening avval qilgan gunohlaringni yaxshiliklarga aylantiradi.
— Barcha xiyonatu soxtakorliklarimni hammi?
— Ha.
U odam takbir ayta boshladi va chiqib ketdi. Keta-ketgunicha (bizga ko‘rinmay qolgunicha) takbir aytdi».


5. Savol: Ishlaringiz yurishib ketib, hozir qo'lingizga 20000 $ halol pul tushganda nimaga sarflar edingiz?

Javob: Agar halolidan berib hozirda 20000 $ pulim bo'lganda birinchi navbatda eng katta orzularimdan biri ota-onam bilan birgalikda haj safariga otlanardim. Onajonim har doim san mani hajga olib borasan deya yaxshi niyatlar qiladilar. Shu niyatni amalga oshirolsam, judayam baxtli hisoblardim, o'zimni.

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 14:44:17

AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:

6. Savol: Qabristonga ko'p borib turasizmi?

Javob: Avvallari Marg'ilondaligimda ko'p borib turardim.
Esimda bor ilk marta qabristonda buvam bilan borganmiz. Deyarli har hafta borardik. Hamma ajdodlarimizning qabrlarini manga buvam ko'rsatganlar. Birgalikda tilovat qilib, qabr atrofini tozalab, supurib, suv sepib kelardik. Yo'l yo'lakay xonadonimiz tarixini aytib berardilar. Oxirgi marta borganimizda "O'g'lim, dedilar. Man ham o'lib ketsam, shunaqa maniyam oldimga kelib, ziyorat qilib turing-a, qur'on o'qib bag'sihlab turing". O'sha paytda nega bunday deganlariga tushunmagan edim... So'ngra ularni ham tuproqqa qo'ydik. Har gal o'sha gaplarini eslab turaman...


7. Savol: Hayotingizda eng esda qolarli hikmat yoki biror odamni so'zi yoki biror bir vasiyat, qaysinisi bo'lgan?

Javob: Yosh bola edim. Nima uchun namoz o'qilishi hali bilmas edim. Bir kun xolamlarnikiga bordim. Gap orasida xolamning erlari mani suhbatga tortdilar. Shukr haqida gap ketdi. Yosh bolaman, shukrning mohiyatiga hali to'liq yertmasdim,
Shunda menga tushuntirgan edilar:
- Mana bu shefanerlarni ko'ryapsizmi? (ular usta edilar)
- Ha.
- Xuddi bir xil, hammasida bir xil joyda tortqich, ochgich, ilgichi bo'lsin, nuqsonsiz bo'lsin. Lekin shundoq ko'rganda ko'rinishda bir-biridan juda katta farq qiladigan nechta shefaner yasah mumkin?
- Bilmayman.
- Nari borsa 10 ta yasay olarman. Yana kimdir 20 ta yasashi mumkin. Davronbek, dunyoda nechta odam bor?
- ... milliard.
- Ularning hammasida burun bor, ko'z, qosh, kiprik, oyoq-qo'l... Lekin nimaga hammasi bir-biriga o'xshamaydi?
- ...
- Chunki ularni Alloh yaratgan. Allohning qudrati mana shunda. Shunaqa qudratli zot bizlarni bus-butun qilib yaratib qo'ygani uchun shukr qilamiz, namoz o'qiymiz...
Shu gap bir umr esimda qolgan...


8. Savol: Siz har doim o'qiganda yig'laydigan Islom tarixidagi quvonchli voqea qaysi?

Javob: Har gal makka fathini o'qiganimda yoki "Risolat" kinosining so'nggini ko'rganimda ko'zimga yosh keladi. Dunyoda Sarvari koinot SAVning xulqalarichalik go'zal xulq-atvor, mehr-oqibat bo'lmaydi...


9. Savol: Hozirgi kunda badavlat kishilarni kibrga berilishlarini asosiy sababi nimada deb o'ylaysiz?

Javob: Bu narsa hamma davrlarda bo'lgan. Ularning mol-dunyolari ko'zlarini ko'r qilib qo'yadi. Mol-dunyo bir sinov. Lekin bu sinovdan eson-omon o'tish juda mushkul.
Alloh taolo mana shunday kimsalarni ogohlantiradi:
Ey mo‘minlar, na mol-dunyolaringiz va na bola-chaqalaringiz sizlarni Allohning zikridan (ya’ni Allohga ibodat qilishdan) yuz o‘girtirib qo‘ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchi kimsalardir!


10. Savol: Deylik, siz kochada ketyapsiz. Ko’z oldingizda ikki-uchta yigit (agar ularni yigit deb atash mumkin bo’lsa!!!) bir muslima, hijobli qizga shilqimlik qilib, gap otib, yo’l berishmayapti. Nima qilasiz? Qizni himoya qilasmi? Yoki…

Javob: Avvalo yaxshi gaplar bilan tushuntiraman. Yaxshilik bilan hal qilishga urinaman. Agar ular tushunmaydigan ahvolda bo'lishsa, bor kuchimni to'plab, ular bilan mushtlashib bo'lsa-da singlimizni himoya qilaman. Chunki musulmonlar aka-ukalardekmiz. Bir muslima singlimizni ko'z o'ngimda xo'rlashlariga chidab turolmayman.
PS. Yuqoridagi savollarga men ham o'z munosabatimni bildirsam qarshi bo'lmaysizlar degan umiddaman. Hijobli ayollarning  90% zi yaxshi ayollar emasligi haqida gap borligini sizdan eshitib turibman. Agar kimdir shunaqa degan bo'lsa, demak, judayam oshirib yuboribdi. Shaxsan mani Alloh buyurgan holda kiyingan musulmonlarga hurmatim baland. Lekin to'g'ri, ba'zilari buni moda yoki boshqa maqsadlarda o'zlariga qabul qilishyapti. Lekin shunisigayam shukr. Allohdan duo qilamizki, o'sha boshqa maqsadlarga ayollik libosini kiygan opa-singillarimiz ham shoyadki, bu muqaddas kiyimning asl mohiyatini anglashsa... Lekin hamma narsa niyatga bog'liq. Har birlarining niyatlari Alloh rizoligi bo'lmog'iga tilakdoshman. Ayollik libosiga kirgan birodarlarimiz boshqalarning o'zlari fikri yuzasidan qayg'urmasalar yaxshi bo'ladi. Vaqti kelib noto'g'ri anglaganlari ham haqiqatni tushunishadi. Yonlariga kelib, men ham shu libosni hohlayman, deyishlarini nasib qilsin.  

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 14:45:12

AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:

11. Savol: Hozirda g'iybatda ayollardan qolishmaydigan erkaklarga munosabatingiz? Ularni bu hollariga nima sabab?

Javob: Bir olim aytgan edi: dunyodagi eng sergap, g'iybatchi kimsalar bekorchilardir. G'iybat ko'pincha bekorchilikdan kelib chiqadi. Aslida musulmon odamning bekor vaqti bo'lmaydi. Qilayotgan amallari, ilmi, zikri doimo bekorchilikdan to'sib turadi. Lekin ayrim na ibodati, na ilmi, na zikri qoyilmaqom bo'lmagan erkaklarimizning ham hollariga achinasan. So'mggi paytlarda kuzatganim, odamlarda ko'ngil ochishga bo'lgan talab oshmoqda. Bunga ilm-fan, texnologiyaning rivojlanishi ham sabab bo'lgan. Ba'zi yoshlarning internet kafelardan soatlab, chatda qizlar bilan bema'ni gaplashib o'tirganlarini ko'rib, nahot ozgina hayotning qadriga yetmaydilar, deb o'ylab qolaman...


12. Savol: "O'tkan kunlar"dagi qaysi personajning qaysi gapini yaxshi ko'rasiz?

Javob: "O'tkan kunlar"ni har safar sevib mutolaa qilaman. ... "O'tkan kunlar" garchi muallif yozganidek, yangi zamon ro'monchilig'i bilan tanishish yo'lida kichkina bir tajriba, yana to'g'risi bir xavas bo'lsa-da, hali shu kunga qadar o'zbek adabiyotida unga yetadigan asar yaratilmadi...
Asarda Marg'ilondagi suhbatlardan birida Otabek o'sha paytdagi (hozirgi davrimizga ham xos) xalqning holatidan achinib shunday deydi:
"Darhaqiqat, mozoristonda "hayya alal-falah" xitobini kim ham eshitardi?"


13. Savol: Zararli adabiyot ham bo'ladimi? Misol keltira olasizmi?

Javob: Ha, zararli adabiyotlar ham bo'ladi.
Bunday adabiyotlar ko'pincha odamlarni buzish uchun maxsus yoziladi va tarqatiladi.
Bu turdagi kitoblar tarkibiga, yoshlarning ongini zaharlaydigan syujeti faqatginam fahshu jinoyatlardan iborat sariq kitoblar, qissa va hikoyalar ham kiradi.
Bunday hikoyalar, qissalar ayni paytda matbuotda juda ko'p e'lon qilinyapti. Bu turdagi kitoblarning bozori judayam chaqqon.
Yana bir zararli adabiyot turi ba'zi buzuq aqidalarni targ'ib qiladigan diniy adabiyotlardir. Missionerlik harakatining tashabbusi bilan o'zbek tilida xristianlikni targ'ib qiluvchi birqancha adabiyotlar hali hamon tarqatilmoqda. Bularning eng asosiy buzadigan usuli, ular o'z kitoblarini Qur'on oyatlari bilan boshlaydilar. Qur'onni, payg'ambar alayhissalomni tan olishlarini aytadilar, asta-sekin o'quvchi qalbiga kirib, xristianlik ham Islomning bir bo'lagi degan fikrni o'rtaga tashlaydilar. Asrlar davomida juda ko'p tahrirga uchragan va aziz zotlarga katta bo'hton qilingan "Injil"larning o'zbekcha nashrlari ham juda xatarlidir.
Yana konkret misol keltirsam, so'nggi yillarda juda mashhur bo'lgan Abdulhay Abdurahmonovning "Saodatga eltuvchi bilim" kitobi ham e'tiqodga ta'sir ko'rsatuvchi xatarli kitoblardandir. Chunki bu kitobda Islom e'tiqodi masalalari juda chalkashtirilib, xristian, yahudiy dinlari bilan aralashtirib yuborilgan. Muallif asosan, eski yahudiy kitoblari, hind, xitoy falsafasi fikrlari, xristianlikdagi turli rivoyat-qissalarni islom nomidan beradi. Aynan shu muallifning "Ruhiyat sirlari" deb nomlangan kitobida ham islom e'tiqodiga putur yetkazadigan bir qancha jihatlar o'tib ketgan. Kitobda muallif Islomga yot bo'lgan odam o'lgandan keyin uning ruhi boshqasiga o'tadi degan g'oyani isbotlamoqchi bo'ladi. Ruh bilan bog'liq bo'lgan birqancha e'tiqodiy masalalarni toptashga urinadi.
Shu kitoblardan ehtiyot bo'lish lozim.


14. Savol: Tasavvur qiling, siz turmush qurdingiz. Lekin ayolingiz hech sizni qalbingizni tushunmaydi, onangiz bilan esa yaxshi chiqishadi. Sizni tushunmaganidan qalbingiz og'riydi. Oradan bir necha yil o'tsa ham-ki, u sizni tushunmadi, shunda nima qilasiz?

Javob: Alloh saqlasin bunday bo'lishidan.
Judayam qiyin savol. Agar shunday deb tasavvur qilsak, Allohdan duo qilib so'rardim. Natija bo'lmasa, onam bilan gaplashib ko'rardim. So'ng istixora namozini o'qib qarorni qabul qilardim (Alloh saqlasin...)


15. Savol: Yaqinlaringiz tomonidan sizga berilgan eng yaxshi sovg'a qaysi bo'lgan?

Javob: Avloddan avlodga o'tib kelayotgan qadimiy Qur'oni karimni menga topshirganlarida judayam xursand bo'lgandim...

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 14:46:20

AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:

16. Savol: Siz uchun dunyodahi eng buyuk baxt nima?

Javob: Bu dunyoda iymon ne'mati.
Haqiqiy dunyoda esa jannat, payg'ambarimiz va yaqinlarimiz bilan birga bo'lish, Allohning jamolini ko'rish baxti.


17. Savol: Hayit kuni birinchi bo'lib kimni ziyorat qilasiz?

Javob: Hayit namozidan keyin avvalo birga chiqqan, birinchi dadajonim, keyin amakilarim, ukalarim, jiyanlarimni quchoqlab tabriklab, keyin birodarlarimni hammasini tabriklab ziyorat qilaman. Uyga borgacha esa, dastavval onajonim meni kutib turgan bo'ladilar, ularniyam quchoqlab, iyd bilan tabriklayman. Uydagilarni ham ziyorat qilib, birgalikda ziyofat qilganimizdan so'ng, keyin qarindoshlar, do'stlar ziyoratiga boraman.


18. Savol: Qurbon hayiti kuni ertalab hech nima yemasdan chiqib hayit namozidan so'ng yeyish kerak ekan. Buning hikmati nimada?

Javob: Ushbu maqolani o'qigan bo'lsangiz: http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=1806&Itemid=1
Zulhijja oyining 10 kunligi judayam fazilatlidir. Bu oyda 10 kun ro'za tutgan insonga Allohning buyuk ne'matlari bor. Endi qarang: zulhijjaning 10-kuni hayit. Hayit kuni esa ro'za tutib bo'lmaydi. O'sha, ertalab, hech narsa yemay, hayit namozidan keyin, agar qurbonlik so'yilgan bo'lsa, shuni go'shtidan, agar so'yilmagan bo'lsa, biron shirinlik yeyilsa, shu kun 1 kun ro'za tutganlik savobi berilarkan.


19. Savol: Ayol kishi tabiatidagi qaysi hislat sizni nafratizga sabab bo'la oladi?

Javob: Ayol kishi tabiatidagi Alloh va Rasuli qaytargan har qanday yomonlikdan hazar qilaman. Ayniqsa, yolg'onchilik, firibgarlik, birovlarning ishonchini suiste'mol qilish, xiyonat, behayolik, o'zini ko'z-ko'z qilish kabi marazliklardan nafratlanaman.


20. Savol: Sizga hayotda o'z ismingiz bilan emas, forumdagi nikingiz bilan chaqirishgan holatlar ham bo'lganmi?

Javob: Ha, bundan holatlar ham ko'p bo'lib turadi.
Asosan, internet orqali topgan birodarlarim shunday atashadi.
Ba'zida uyga telefon qilishganda ham shunday deyishadi.
Avvaliga uydagilar hayron bo'lishgandi. Keyin ko'nikib ketishgan.
Ba'zida singlim, ukam ham Abdulaziz aka deb murojaat qilib turadi.

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 14:48:44

AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:

21. Savol: Islomdagi dastlabki ta'limni kidan olgansiz?

Javob: Albatta ota-onamdan. Yana, buvijonim, umrlarini uzoq qilsin, har kuni yotishdan avval "Ixlos" va "Nos" suralarini o'qitardilar va shuni doimo odat qilinglar deb aytardilar. O'zlkari suralarni yodlatardilar....


22. Savol: Ayni paytda, shu bugun, 1-2 soat oldin qaysi kitobni o'qidingiz?

Javob: "Hikmatli latifalar va nishonga urilgan so'zlar" degan mo'jaz risolani o'qidim.
Judayam chiroyli hikoyalar, hikmatli so'zlar berilgan ekan.
Mana shulardan biri:
Bir olim g'iybatchiga debdi:
- Aytaylik. sen yomonlayotgan odamning obro'si kamaydi, ammo bu to'kilgan obro' senikiga kelib qo'shilmaydi-ku...


23. Savol: Ko'nglimda qabrlar bisyordir, degan iborani qanday tushunasiz?

Javob: Ajoyib savol. Birdaniga javob berish juda qiyin ekan.
Ko'ngil bu insonning hayr va sharri to'qnashadigan, insoniylik xususiyatlari jamlangan maskan. Qabr esa o'lim darakchisi.
Bu narsa bir yoqlama qaraganda shunday.
Aslida esa qabr asosiy vatanga bir ko'prik xolos.
"Ko'nglimda qabrlar bisyor" hikmatini biryoqlama tushunsak, qalbimga ko'mib qo'ygan armonlarim, orzularim ko'p degan ma'no ham kelib chiqadi.
Agar kengroq ma'noda tushunadigan bo'lsak, kqalbimda o'priklar bisyor: ular qayerga olib boradi bilmayman: bu ko'prik Alloh rizosiga olib boradimi yoki undan uzoqqa...
Xullas, Hozir aqlimga kelganlari shular bo'ldi. Yana o'ylab yaxshi fikrlar kelib qolsa yozib yuborarman.


24. Savol: Forum tashkilotchisi sifatida, bir yil oldingi forum bilan hozirgi forumni farqi nimada deb o'ylaysiz? Ijobiy va salbiy tomonga o'zgarishlari nimada deb o'ylaysiz?

Javob: Forumning avvalgi va hozirgi holatida bir qancha farqlarni sezaman.
Avvallari bu darajada ko'p userlar bo'lmasdi. Asosiy 20-30 ta user hammasi bir-birini tanir va qattiq hurmat qilardi.
Biron-bir masala yuzasidan yozilgan post birodarlarcha muhokama qilinib, ko'pchilik o'zining yakdil fikrini bildirar edi.
Ixtiloflar, fitnaga olib kelubchi postlar deyarli qilinmas, haqiqiy islomiy birodarlik ruhi sezilib turardi.
Shuningdek, ko'ngilochar, bema'ni postlar juda kam bo'lar edi.
Buni ko'pchilik eski muxlislarimiz eslashsa kerak.
Hozirgi forumda userlar soni ancha oshgan.
Ko'p userlarning o'z uslubi va forumda ishtirok etish tarzi mavjud.
Yaxshi jihati ko'pchilikning muhokamalarda ishtirok etishi va qilinayotgan hayrli amallardan bahramand bo'lishi va o'ziga munosib xulosa chiqarishidadir. Bu haqda ulardan juda ko'p maktub va go'zal fikrlarni olib, juda xursand bo'lamiz.
Yangi forumda paydo bo'lgan katta muammolardan biri ixtilofga borish va fitnaga olib keluvchi harakatlar bo'ldi...
Mashaalloh, Alloh o'zi bildirdi va ba'zi fitnalardan O'zi asrab qoldi.
Yana bir muammo ba'zi userlarimizning o'zaro birodarlik ruhidan chiqib, bir-birlariga g'arazda bo'lishlari va afsuski, bu holatning ba'zida forumdagi postlarga ham ta'siridir.
Yana bir bor aytamiz, bizlar birodarlarmiz, har xil bo'lmag'ur fikr va xayollarni uloqtirib, yaxshi gumonda bo'laylik va birodarchilik munosabatlarida Alloh va Rasuli roziligiga erishaylik.
Yana bir narsani qayta-qayta takrorlashni lozim deb topyapman. Yangi forumdoshlarga tarbiya jarayonini muloyimlik bilan amalga oshiraylik, toki ular forumdan bezib qolishmasin.
Moderatorlarga!
Bundan keyin har qanday g'arazli, fitnakor va ixtilofga olib keluvchi postlarni o'chirib yuboravering.
Yangi a'zolarga esa muloyimlik bilan, axloq doirasida tushuntiring, agar yomon bo'lsa ham unga yaxshi gapisak, inshaalloh tushunadi va o'zini o'nglaydi.
Forumimiz hammamiz uchun qadrli bo'lgan birodarona maskanga aylanadi, inshalloh.
Barchalarimizga Allohning salomi, rahmati, barakoti, mag'firatini tilab, AbdulAziz


25. Savol: Sizda ziyorat qilish imkoniyati tug'ildi deylik. Lekin bu ziyorat ham, sayohat uchta muqaddas masjid (Masjidul haram, Masjidun nabaviy, Masjidul-aqso) bo'lmasin. Siz shu uch masjiddan tashqari qayerni tanlardingiz va nima uchun?

Javob: Avvalo siz zikr qilgan uchta masjidni ziyorat qilish katta orzularimdan biridir.
Bu uchta masjiddan tashqari... yaqinda Mishariy Roshid al-Afasning ramazondagi tarovih namozi qiroatlarini eshitib juda maza qildim.
Niyat qildim. Inshaalloh, Kuvaytdagi al-Masjidul-Kabir masjidiga borib, Mishariy Roshid al-Afasning qiroatini eshitaman, deb...

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 14:49:59

AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:

26. Savol: Ayni paytda siz judayam orzu qilayotgan narsa? (Realroq, bu hayoti dunyoda amalga oshishi haqiqatga yaqin orzu bo'lsin)

Javob: Alloh tezroq nasib qilib, dastimga bersayu, ota-onam bilan Hajga borib kelsam. Chunki onamning ko'p yillardan beri orzulari shu.
Alloh jumla mo'minu muslimalar qatorida bizga ham mnasib aylasin!


27. Savol: Hozirgi kundagi "erkaklikka intilayotgan ayollar" qilomishi haqida 3-4 ta so'zlik qanday gap ayta olasiz?

Javob: Bunaqalar soqol qo'ya olmayaptilar xolos...  : )


28. Savol: Tasavvur qiling Alloh sizga Hajga borish uchun imkoniyat nasib qildi. Haj deyarli hal bo'ldi. Lekin o'sha paytda biron qo'shningiz yoki mahram bo'lmagan qarindoshingiz mablag'ga judayam muhtoj bo'lib qoldi. Siz o'ylanib qoldingiz, agar o'sha muhtojga bersangiz, onangizning necha yillik orzulari (zo'rg'a erishgan paytingizda) usholmay qolishi mumkin...
Qanday yo'l tutardingiz?

Javob: O’sha muhtoj bo’lib qolgan yaqinimizga o’sha pulni berardim. Inshaalloh, hajni boshqa sanaga qoldirardim. Onam bundan xafa bo’lmaydilar. Tushunadilar. Zora, bu amalimiz Allohga xush yoqib hajning savobidan-da ortiqroq savoblar bersa. O’zi barakot bersa hech narsa emas. Lekin orada bir birodarimiz muhtoj bo’lib turgan paytda, menda imkoniyat bo’lib turib, unga yordam bermasdan hajga ketishni o’zim uchun zulm deb bilaman.
Yaqinda bir hikoya o’qib qolgan edim.
Buyuk muhaddis va faqih Abdulloh ibn Muborakning tushiga farishtalar kiribdi. Ular o’zaro suhbat qurishayotganmish.
— Bu yil hajga nechta odam keldi?
- Olti yuz ming.
- Nechtasining haji qabul qilindi?
- Shomdagi Ali degan oyoq kiyim ta’mirchisining haji sababidan hammasining haji qabul qilindi.
Abdulloh ibn Muborak shunday hikoya qiladi:
"œUyg’onishim bilan Shomga qarab yo’l oldim. O’sha odamni izlab, uyini topdim. O’zimni tasnishtirganimdan so’ng u hayajonlanib, o’zini qo’yarga joy topa olmadi. Tushimni unga so’zlab berdim. Taqsir, nima amal qilgan edingizki, Alloh sizning va boshqa barcha hojilarning hajini qabul qildi? — deya so’radim. U bo’lgan voqeani gapirib berdi:
- Men oyoq kiyim ta’mirchisi edim. O’ttiz yildan beri hajga niyat qilib, o’ttiz yuz dirham kumush yig’dim. Mana shu yil hajga ketmoqchi edim. Ayolim xomilador edi. Qo’shnimizning uyidan kelayotgan ovqat hidi unga yoqib, o’sha taomdan istadi. Qo’shnimnikiga kirib vaziyatni tushuntirdim. Qo’shnim: "œEy, Ali, bizning bu taomimiz sizga halol emas. Uch kundan beri bolalarim tuz totgani yo’q. Butun Shom shahridan biron ish topolmadim. Hech kim menga ish bermadi. O’lib yotgan bir hayvonni ko’rdim-da, zarurat yuzasidan undan bir parchasini kesib, bolalarimga pishirayotgan edim"¦ Sizga halol bo’lmaydi bu." Buni eshitib unga ichim achidi. Haj uchun to’plagan kumushlarimni unga olib kelib berdim va : "œBuni bolalaring uchun nafaqa qil, bizning hajimiz shu bo’lsin!" dedim."


29. Savol: Oldingi savolda "erkaklikka intilayotgan ayollar" haqida so'ragandim.
"Ayollikka intilayotgan erkaklar" haqida nima deya olasiz?

Javob: Bunaqa "erkak"larga nisbatan nima deyish mumkin?
Bitta uzun ishtonam kiyvoling, desam unaqa kiyayotganlari ham bor ekan.  :(
Bitta ro'molam o'ravoling, desam ro'mol o'rayotgani ham bor ekan.  :(
Bitta sirg'a taqvoling desam, unaqasiyam bor ekan, qaysidir kanalda ko'zim tushib qoldi. Bitta o'zbek ashulachi, qanaqa ashula aytaotganini bilmadim-u, lekin ikkala qulog'iga ham sirg'a taqvobdi. Uyat-e...  :(
San'atkor o'zbek "yigit"lari yuzlariga pudra surtib chiqadi, desa ishonmasdim. O'zi guvohi bo'lgan bir kishi aytib qoldi: - Bu hechnarsamas, qoshini ham terdirib yuradi... Astag'firulloh, hatto ayollarga ham harom bo'lgan bu ishdan nahot xazar qilmasalar...  :(


30. Savol: Kelajakda inshaalloh uylanib, ayolingiz ishlash niyatini bildirsa, rozi bo'larmidingiz?

Javob: Agar oila yumushlaridan ortsa, vaziyatga qarab, uy sharoitida ishlash mumkin bo'lgan yoki faqatgina ayollar ishlaydigan, yosh bolalar yoki bog'cha ta'limiga ruxsat etishim mumkin. Chunki jamiyatning ta'lim tizimida muslimalar ham ishlasa, mutaallim bolajonlar ham iymonli, odobli bo'lib tarbiyalanadi.
Lekin uyda o'tirib o'z bolalariga go'zal tarbiya bergan ayoldan yaxshisi yo'q.

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 14:53:15

AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:

31. Savol: Mana necha yillaredan beri musofirchilikda o'qib, ishlayapsiz. Albatta buning qiyinchiliklari bo'ladi.
Aytingchi, umuman 1 tiyinsiz va yana boshpanasiz qolgan kunlaringiz bo'lganmi? Shunaqa paytlarda nima qilgansiz?

Javob: Ha, bunaqa holatlar ko'p bo'lgan. Allohim hammaning rizqini tayin qilib qo'ygan.
Talabalikda cho'ntakda bir tiyinsiz haftalab yurgan kunlarim bo'lgan. Lekin hech qachon och qolmaganman. Alloh rizqimni beravergan.
Boshpana masalasiga kelsak, bu ko'pincha og'ir kechgan. Shu paytgacha 10 dan ortiq manzilga ko'chishga muvaffaq bo'lganmiz. Gohida uy egasi uyini sotish kerakligi aytadi, gohida uy egasining turfa injiqliklari joningizdan o'tadi, gohida propiskangiz yo'qligi uchun militsiya dag'dag'a qiladi, gohida yashayotgan joy uzoqlik qiladi, xullas yana kvartira bozori, dallollar, yangi uy, ko'ch-ko'ronni ko'tarib (talabada 1 sumka kiyim, 1 sumka kitob, yarim sumka idish-tovoq, 1 ta ko'rpa (agar bo'lsa), 1 yostiqdan boshqa ko'ch-ko'ron kam bo'ladi) yana yashashni davom ettirilaveradi. Eng qiyin mahal kvartira izlash jarayonidir. Ayniqsa oldingiz kvartirangizning egasi tezroq chiqib ket, deb qistab turaversa...
Bir marta shunaqa holat bo'lganda bir birodarimiznikida vaqtincha kvartira topguncha 1 hafta yashagan edik. Bir kun shunday bo'ldi. O'rtog'im bilan uyga keldik. Aka, hali kelmabdi. U paytda hali uyali telefonlar ommalashmagan. Soat kechki 21.00 ga yaqinlashyapti. Nima qilamiz? Qayerda qolish kerak? Aka, kelmasa nima qilamiz. Ketdik deb bir do'stimnikiga bordik. Aksiga olib, unikiga ham mehmon kelgan ekan. Bir hol-ahvol so'rab kiruvdik, deb u yerdan ham ketdik. Keyin yana bir o'rtog'imiznikiga bordik, unikida ham vaziyat chatoq. 1 o'rtog'imiznikiga telefon qilsak, ko'tarmadi, boshqa joyda ekan. Nailoj orqaga qaytdik. Aka, hali kelmagan ekan. Soat 24.00 dan oshyapti. Uning ustiga o'sha kech juda sovuq, shamol bo'layotgan edi. Nima qilamiz endi? O'rtog'im, mayli bir kun endi, ostanovkada o'tirib chiqamiz... Bekatda dirdiraab o'tirdik. Biror soatlardan keyin tanish ovoz eshitildi: "Bollar, nima qilib o'tiribsizlar..."


32. Savol: Qalb hotirjamligining sirlari nimada ? nima deb o'ylaysiz hozirda insonlar qay darajada hotirjam?

Javob: Xotirjamlik haqida xayolimga kelgani Alloh taoloning oyatlari bo'ldi. Zero, Uning Kitobi - eng yaxshi ibratdir.
Alloh taolo haqiqiy ikki dunyoda qalb xotirjamligiga erishgan zotlarni, shuningdek, xotirjamlikka erishish yo'llarini shunday ta'riflaydi:
 :bs1:
Iymon keltirgan, o‘z iymonlarini zulm (shirk) bilan aralashtirmagan zotlar — ana o‘shalar xotirjam bo‘lguvchidirlar va o‘shalar hidoyat topguvchidirlar. ("An'om" surasi, 82-oyat)
Qur'oni karimdagi juda ko'p oyatlarda biz bandalarga eslatma mavjud. Ya'ni Allohning azobidan, uning makridan xotirjam qolmasligimizni Buyuk Karim ko'p joyda ta'kidlaydi:
Ular Allohning «makri»dan xotirjam bo‘lib qoldilarmi? Bas, Allohning «makri»dan faqat ziyon ko‘rguvchi qavmgina xotirjam bo‘lur. ("A'rof" surasi, 99-oyat)
Haqiqiy xotirjamlik esa Allohning mo'min bandalariga ato etgan jannatidadir:
Ular u joyda tinch-xotirjam bo‘lgan hollarida (xizmatkorlardan) barcha meva-chevani chaqirurlar. ("Duxon" surasi, 55-oyat)
(U Kunda hayoti dunyodan Alloh taoloning va’dasiga ishonib iymon va ezgu amallar bilan o‘tgan mo‘minlarga xitob qilinib, deyilur): «Ey xotirjam-sokin jon, Sen (Alloh ato etgan ne’matlardan) rozi bo‘lgan (va Alloh taolo tomonidan sening amallaringdan) rozi bo‘lingan holda Parvardigoring (huzuri)ga qayt! Bas, (solih) bandalarim qatoriga kirgin,
Va Mening jannatimga kirgin!»
("Fajr" surasi, 27-30-oyatlar)
Allohim, barcha mo'min-muslimalaring qatori bizning jonimiz ham xotirjam qilgin, O'zing bizdan rozi bo'lgin, solih bandalaring qatori bizlarni ham jannatingga chorla. Rahmatingdan umidvormiz, ey Rahmlilarning Rahmlisi!


33. Savol: Namozni ilk boshlagan paytingiz va undagi eng go'zal va qiziqarli voqealarni eslay olasizmi?

Javob: Ha, o'shanda yosh bola edim. Avvaliga ota-onam o'rgatgandek o'qiy boshladim. Keyin duolarning hammasini yodlash qiyin bo'lganidan kitobga qarab o'qidim. O'sha paytlar judayam maroqli edi. Namoz vaqti kirishini intiqlik bilan kutardim. hatto namozlarni vaqtidan avval o'qib olganimda, dadam: - hozir nimani o'qiding, - desalar. - Peshinni, derdim. - Hali azon chaqirmadi-ku! Keyin yana birga o'qiyverardik.
Keyin masjidga chiqa boshladik. Bizning tengqur yoshlar o'sha paytda hammasi Islomga qiziqqan, eng kamida "Muallimi soniy"dan ta'lim olardi. Birgalashib masjidga chiqardik. Ertalab kim bomdodga erta tursa, boshqa bolalarni uyg'otar edi. Keyin masjidga borardik. Ayniqsa, chollar bizni judayam yaxshi ko'rishardi. garchi qiroatimiz yaxshi bo'lmasa-da, namoz so'nggida bizga Qur'on o'qitishardi. Qizig'i, biz 8-9 yashar bolalarmiz-u, lekin bizni o'zlari bilan nahorgi osh-u ma'rakalarga olib ketishardi. Davraning aziz mehmoni bo'lib o'tirardik. Chunki imomimiz bizni yaxshi ko'rganidan oldiga olvolardi. Menga eng yoqqani chollarning suhbatlari edi. Bizga o'zlari bilgan diniy, ham dunyoviy ta'limni berishdan, bizga tushuntirishdan erinishmas edi. Ayniqsa, mahallamiz, opoqdadalarimizning qilgan ishlari haqidagi go'zal suhbatlar bizga shijoat bag'ishlar edi... Hozir o'sha nurli qariyalarning 1-2 tasi qoldi, xolos. Qolganlari o'tib ketishdi, Alloh ularni rahmat qilsin. O'shanda haqimizga ko'p duo qilishgan edi. Alloh rozi bo'lsin!


34. Savol: Yoshligingizdagi aynan namoz bilan bog'liq kulgili hodisa bo'lganmi?

Javob: Bolaligimda, qish paytlari edi, chamamda, bomdodni masjidda o'qirdim-da, o'shatdan nari maktabga ketardim.
5-sinfda o'qirdim (bizning davrimizda negadir 4-sinfni o'qilmasdi). Bir kuni saxar papkamni olib, masjidga bordim. Masjidda namozni o'qib bo'lib, maktab tomon yo'lga tushdim. Men o'qiydigan gimnaziya biroz uzoqroq bo'lib, piyoda yetib borguncha 15-20 daqiqa ketardi. Yo'lda ketyapman-u, negadir hamma menga qarayapti. Katta yoshdagilar, ayniqsa, qariyalar, meni ko'rib jilmayib qo'yishadi. Maktab kiyimidaman, qo'limda katta papka. Nima maktab bolasini ko'rishmaganmi? Hayron qolyapman. Maktabga kirib bordim, boshqa sinfnining bolalari ham hammasi menga qaraydi, jilmayib qo'yishadi.
Maktab foyesiga kirib, o'sha yerdagi oynaga qarasaaam:
Masjidda kiygan sallamni yechmay boshimda qolaveribdi. Shu bilan maktabga kelaveribman : )
(Masjidda savob bo'ladi, fazilati ulug' deya salla kiyib namoz o'qirdik. Judayam boshqacha bo'lardi. Hozir o'ylab ko'ryapman. Kichkina bolacha-yu, lekin boshida sallasi bor. Qiziq, o'sha davrni xotirlasam, doimo yuzimga tabassum keladi. Sallani ham o'zimiz o'rardik. Bir akamiz uni o'rash san'atini ham erinmasdan o'rgatgandilar. Masjidimiz oqsoqollarining sallalarini ham biz o'rab berardik. O'tgan safar Marg'ilonga borganimda masjidimiz qayta ta'mirlanib, tanish bo'lgan o'sha eski narsalarni ham ko'rib qoldim. Voajab, bolalikdagi jonajon sallamning uchlikkina maxsus do'ppisi haliham turibdi ekan. Borib, olib kiymoqchi bo'ldim. Aaancha kichkina keldi...)


35. Savol: Siz yoki birodaringiz guvoh bo'lgan, bilmaslik yuzasidan yuz bergan kulgili hodisa yuz berganmi?

Javob: Bu voqeani dadam hikoya qilib bergandilar:
"Bir birodarimiz iymonga kelib, Ramazon oyida ro'zani boshlab, bizni iftorlikka taklif etdi. Iftorlik marosimida yana 10-15 tanishlar, mahalla vakillari bor edi. Og'izni ochib, biroz tanovul qilganimizdan keyin shom namozini o'qishga kirishdik. Uy egasi ham biz bilan namoz o'qidi.
Imom namozni tugatayotib:
- Assalamu alaykum va rahmatulloh, deb salom bergan ham ediki, uy egasi:
- Assalomu alaykum, Ibrohim aka! Assalomu alaykum Ibrohim aka! - debdi : )
Uy egasining ismi Rahmatulloh bo'lib, namoz oxirida otini aytib salomlashish kerak ekan, imom menga salom berdi, men ham unga salom berib qo'yay deb o'ylagan ekan. : )

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 14:53:57

AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:

36. Savol: Ziyouzni "dunyoga keltirish"da kimlar yordam bergan? Qancha vaqt ketgan?

Javob: Ziyouzning tamal toshlari maktab davrlarida qo'yilgan desam ham bo'ladi. Lekin u paytda komputer, internetni yaxshi bilmas edim. Yoshligimdan turli xil ajoyibu-g'aroyibotlarga qiziqishim bois, dastavval kichik daftarlar, so`ngra kundalik (yejednevnik)larga ma'lumotlar yig`ib yurardim. Unaqa katta daftarlar soni 7 taga yetganda, shu ma'lumotlar asosida bir sayt ochib, birodarlarga, xalqimizga xizmat qilsam, degan fikr tug'ilgan.
2004 yilning 9 aprel kuni ziyouz ilk marta internetga qo'yilgan. O'shanda uning manzili - http://ziyo-uz.land.ru bo'lgan. Dastlab bepul serverga joylangan saytimiz ma'lumotlari osha borgani sayin mustaqil manzilda faoliyat boshlashga ehtiyoj ortaverdi. 2006 yili Shuhrat aka (forumda master)ning ko'magi bilan www.ziyouz.com domainini oldik. Dastavval, http://islom.ziyouz.com ni so'ng asosiy sayti va forumni ham yangi manzilga ko'chirdik. Hozirgi kunga kelib, ma'lumotlar bazasi ancha kengayib, portal holatiga keldi. Aytish mumkinki, www.ziyouz.com ayni paytda o'zbek tilidagi eng yaxshi ma'rifiy-madaniy saytdir.


37. Savol: Forumimiz rivoji uchun sizningcha eng katta hissa qo'shgan 10ta user kimlar?

Forum rivoji uchun har bir ishtirokchi o'z hissasini qo'shgan. Agar shu ishtirokchilar, ya'ni sizlar bo'lmaganingizda forum bu holatga yetisha olmas edi. Har bir ishtirokchini eslab o'tishga imkon yo'q. Lekin agar ishtirokchilar nomini alohida keltirib, ular haqida fikr va forumga qo'shgan hissalari haqida so'rasangiz, batafsil gapirib berishim mumkin.
Shunday bo'lsa-da, ba'zi userlarni eslab o'tsam:
Munira xonim. Forumdagi barcha muslima va muslim userlarning sevimli maslahatgo'yi.
Shoir. Eng ko'p post qilgan va ko'p kitob kitoblarning elektron variatini tayyorlashda xolis xizmat qilgan adabiyot muhibi.
Robiya. Nimaniki o'ziga ravo ko'rsa, o'shani forumga ham ravo ko'radigan jonkuyar user.
Musannif Adham. Har bir holatga reallik bilan qarovchi, bizni jahon xabarlaridan boxabar qiluvchi bilimdon user.
Noza. Eng eski uzerlardan biri.
Shoxjahon12. Qariyb 5 yildan beri forum bilan hamnafas bo'gan futbol muhibi. Menimcha ayni paytda ishtirok etayotgan eng eski forumchi.
Y_U_R_I_S_T. Intellekt bo'limining rivoji uchun eng katta hissa qo'shgan bilimdon huquqshunos.
Rukhiya. Pazandalik va Muslima bo'limlarining moderatori. Qo'li gul oshpaz.
Salmoni Forsiy. Tajribali, ilmli, mulohazakor uzer.
Abdulloh. Garchi yosh bo'lsa-da, judayam tirishqoq, ilmga chanqoq user. Qisqa vaqt ichida 10 ga yaqin kitoblarni tayyorlab bergan ukamiz.
Bu ro'yxatni uzoq davom etiirish mumkin. Qiziquvchilar bo'lsa, forum ishtirokchilarini nomma-nom keltirib, fikr so'rashsa, inshaalloh javob beraman.


38. Savol: Kelajakka o'z sohangiz bo'yicha qanaqa rejalar tuzgansiz?

Javob: Xolis axborot bilan ta'minlovchi va musulmonlar manfaatini himoya qiluvchi axboriy tashkilot ochish va uni yuristish niyatim bor.


39. Savol: Jurnalistikada eng katta ahamiyatli narsa nima?

Javob: Jurnalistikada eng katta ahamiyatli narsa - xolislikdir.


40. Savol: Siz sevib o'qigan badiiy 3 ta asardagi 3 ta zo'r iqtibosni keltira olasizmi?

Javob: 1. "Inchunun, mozorda "Hayya alal falah" xitobini kim ham eshitardi?"
("O'tkan kunlar"da Otabek tomonidan zamonga berilgan juda zo'r ta'rif)

2. «Bu dunyoga keldingmi? Endi yasha! Tishni tishga qo‘yib-qo‘yib yasha. Mushtni tugib-tugib yasha. Alp-alp odim otib yasha. Chidab-chidab yasha. Yashashni chidaganga chiqargan!
Bu dunyoga keldingmi? Endi chida! Dunyo — chidaganniki! Oxirigacha chida, xudo bergan kungacha chida!»
(Tog'ay Murodning "Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi" asaridan)

3. Otalar va bolalar
U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. To’rt qiz, uch o’g’ilni oyoqqa turg’azdi. O’g’illarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi. Hammasini uyli-joyli qildi.
Ko’z yumayotganida "œhammalaringdan mingdan-ming roziman", dedi...
Qarashsa, kafanligi yo’q ekan"¦
(O'tkir Hoshimovning "Daftar hoshiyasidagi bitiklari"idan)


41. Savol: Siz sevib o'qigan 3 ta jahon adabiyotidan 3 ta zo'r iqtibos yoki baytni keltira olasizmi?

Javob: Bir kuni Umar qavatiga olti yoshlar chamasidagi qizini olib, Makkadan tashqariga yo‘l oldi.
Xilvat bir joyga keldilar. Umar yelkasidan belkuragini oldi va chuqur qaziy boshladi.
— Nima qilyapsiz, otajon? Nega qaziyapsiz bu chuqurni?! — dedi qizi atrofida girdikapalak bo‘lib.
— Bu yerga seni ko‘maman, — deb javob qildi Umar. Qizchaning rangi oqarib ketdi. Otasini yaxshi odam deb o‘ylardi. Ayni choqda, otasining biron gapni zoe gapirmaydigan odam ekanligini ham juda yaxshi bilardi.
Ko‘zyoshlariga to‘lgan nigohlari otaga qadaldi:
— Otajon, meni o‘ldirmang!..
— Sen xiqillamay tur!
Bu so‘zlardan keyin ham yolvorish bexuda edi. Yagona chora qochish edi. Jon shirin, qizcha o‘lishni istamasdi.
Peshonasidai oqayotgan terlarni arta-arta chuqur qaziyotgan Umar, birdan: «To‘xta, qochma!» deb baqirdi va qizining orqasidan chopa ketdi.
Jonholatda qochayotgan qiz bechoraning ortidan yetib kelgan ota dag‘al qo‘llari bilan sochlaridan tutib, qat’iy siltab to‘xtatdi. Shundan keyin sudrab-sudrab, chuqurning yoniga olib keldi.
Qazish davom etar, go‘dakning ko‘zyoshlari ham beto‘xtov yerga yumalanar edi.
Shu asnoda Umar qo‘lidagi belkurakni yerga qattiq urdi va natijada bir siqim tuproq sochilib, Umarning yuz-ko‘zi changga belandi. Yerga o‘tirib qoldi va ko‘zlarini ishqalay boshladi.
Otasini bu holatda ko‘rgan qizcha sakrab o‘rnidan turdi:
— Otajon, meni o‘ldirsangiz, soqolingizni kim taraydi? Yuzlaringizni kim tozalaydi?! — deya barmoqlari bilan Umarniig soqollarini taray boshladi.
Umar uni ilkis itarib yubordi. Sapchib o‘rnidan turib, yana qaziy boshladi.
Bir oz o‘tgach, Umar to‘xtab qoldi. Boshini egdi, bir muddat o‘yga toldi. Yig‘layotgan qizchasiga ko‘zi tushdi. Olti yilga yaqin silab-siypalab, erkalab kelgan jigari edi u. Bunday yaqin kishisining joniga qasd qilish oson emasdi...
Orada ko‘ngliga bu ishdan voz kechish fikri ham keldi. Qizchasining qo‘lidan tutib, Makkaga qaytishni ham o‘yladi. Shunday qilganida, qanchalar sevinardi bu ma’suma go‘dak... yana hayotga qaytgandek bo‘lardi. Kim biladi, hozir uyda qanday alamli damlar kechayotgan ekan, qanchalar ohlar chekilayotgan, ko‘z yoshlar to‘kilayotgan ekan?!
Ammo bu ishning boshqa jihati ham bor edi. Umar qizini olib ketdi, qo‘llari titrab orqaga qaytarib olib keldi, deb ustidan birodarlari kulishmaydimi? Umr bo‘yi qizi oldidagi vijdon azobiga qanday chiday oladi?
Bir necha soniya vaqt shunday fikrlar og‘ushida o‘tdi. Soatlar, hatto kunlarga tatirli bir-biriga zid fikrlar yashin tezligida miyasidan o‘tdi. Shundan so‘ng yana belkurakka yopishib, chuqur qaziy boshladi.
Yetarli darajada qaziganiga ishonch hosil qilganida, yerda faryod urib yotgan qizcha ham daxshatli fojia soati yetib kelganini sezdi, yalinchoq nigohlarini otasiga qadadi.
Ammo otaning ko‘zlaridan olov sachrardi. Qiz yana tez o‘rnidan sakrab turdi va takror qocha boshladi.
Umar yana qizining ortidan yugurdi, yetib olib qattiq ushladi. Endi qutulish chorasi qolmagan edi. Qizcha hadeb «Otajon, otajon!» deya chinqirar, siltanar edi.
Bir latta kabi uloqtirilgan ma’sum vujud chuqurning chetlariga tegib pastga yumalab ketdi. Umarning baquvvat qo‘llari tuproq uyumini chuqurga tashlar ekan, oyoklari so‘nggi kuchini yig‘ib chuqurdan chiqib ketishga urinayotgan go‘dakni bosib turardi. Boshiga shuvillab tuproq to‘kilib, ko‘zlari ham tuproqqa to‘lgan qizcha bir-ikki chiranishdan so‘ng harakatlari bo‘shashdi, ketma-ket ustiga tushayotgan tuproq uni tobora bosib, nafasini siqa boshladi.
Oyoqlari ostidagi vujudning nihoyat chiranishdan to‘xtaganini anglagan Umar yengil nafas oldi. Peshonasidagi terlarni artib tashladi va qolgan-quttan tuproqni ham chuqur ustiga tashlab, ishini tugatdi.
O‘sha kecha uyda hech kimning ovozi chiqmadi. Umar har doimgidan ham asabiy edi. Uning bu qo‘rqinchli holati uyda biron kimsaning churq etib og‘iz ochishiga yo‘l qo‘ymadi. Faqat, qo‘llar ora-sira ko‘zlardan yumalangan yoshlarni artardi...
("Saodat asri qissalari", Ahmad Lutfiy)

2. O’lim yo‘lda turib, bizni kutmoqda. Inson esa sayr qilish va umrni behuda sarflash bilan ovora.

Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil.
Jaloliddin Rumiydan

3.
JANNATNING IRMOQLARI"¦

Bul jannatning irmoqlari
Oqar Alloh-Alloh deya.
Chiqmish Islom bulbullari
Kuylar Alloh-Alloh deya.

Tebranar Tubo shoxlari
Qur’on o’qiydi tillari
Jannat bog’ining gullari
Hid taratar Alloh deya.

Sof nurdandir ustunlari
Kumushdandir yaproqlari
Uzayguncha butoqlari
O’sar Alloh-Alloh deya.

Oydan oydindir yuzlari
Shakkardan totli ko’zlari
Jannatda huri qizlari
Kezar Alloh-Alloh deya.

Kimlar yeyar, kimlar ichar,
Malaklari rahmat sochar,
Idris nabiy hulla bichar
Tikar Alloh-Alloh deya.

Haqqa oshiq bo’lgan kishi
Oqar ko’zlarining yoshi,
Nurga to’lar ichu tashi
So’ylar Alloh-Alloh deya.

Yunus Emrom, bor yoriga
Qo’yma bugunni ertaga
Erta Haqning devoniga
Borarman men Alloh deya.

Yunus Emro

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 15:03:34

Munira xonimga berilgan savollarga javoblar:

1. Savol: Farzand kamoli nimada? Farzandingiz sizni qachon eng hursand qilgan?

Javob: Farzand kamoli ilmda. Agar siz farzandingizni Iymonli va Allohni tanuvchi shaxs qilib tarbiyat qilsangiz, u har qaysi sohada va ikki dunyoda kamolotga erishadi,Inshaalloh.
Farzandlarim, to'g'risini aytsam meni juda ko'p xursand qilishadi. Ko'chadagilar va qo'shnilarim farzandlarim haqida iliq so'z aytishganida xursand bo'laman.
Lekin menga ular eng katta xursandchilikni Qur'oni karimni mustaqil o'zlari o'qib birinchi suralarini yoddan aytib berishganida juda xursand bo'lganman. Hatto xursandligimdan rosa yig'laganman. Alloh ularni umrini uzun qilsin. Islomga zarra bo'lsa ham foydalari tegadigan va ilmiga amal qilguvchi olimlar qatorida qilsin.
Iltimos buni o'qigan birodarlarim, meni farzandlarim haqqiga duo qilib qo'ying...


2. Savol: Baxt siz uchun nima? Siz baxtlimisiz?

Javob: Insonligim, iymonim, islomim,musulmonligim, Muhammad sav ga ummatligim baxtim.
Oz bo'lsada ibodatdaligim, Qur'on tilovat qila olishim, oilam, farzandlarim, onamni borligi baxtim.
Salomatligim, birodarlarim borligi, dardimni tinglaydigan do'stlarim borligi baxtim.
Alloh taolo menga bergan ne'matlarni sanayversam hech tugamaydi...
Albatta baxtliman. Alhamdulillah.
Alloh shuncha ne'matlarni hadya qilgan inson baxtsizman deyishga haqqi yo'q...


3. Savol: Hayotingizda bo'lgan eng g'ayritabiiy hodisa nima edi?

Javob: 1996 yil opamni ko'zi yoridi. Buni xabarini men hufton vaqtida eshitdim. Biz besh yil intizorlik ila kutgan chaqaloq dunyoga keldi. Men darhol hufton namozini o'qishga kirishdim. Oxirida vitrni o'qib, oxirgi qa'dada o'tirib salom berdim va tasbeh aytishni boshlaganimda, nimagadir yuragimni vahima bosdi. Hamma yoq ko'zimga zimistondek tuyuldi, hozir bir dahshatli ish bo'ladigandek qo'rqdim. Men aslida hayotda bu dunyoni tashvishlaridan ham, zimistondan ham, mahluqotlardan ham, hech narsadan qo'rqmayman. Lekin yuragimni chulg'ab olgan bu qo'rquvdan o'zim ham hayron qolgandim. Birdan hayolimga opamni yangi ko'zi yorigani keldi va birdan opam o'lib qolsachi deb o'yladim....
Ertalab bomdodda opamni o'limi haqidagi xabarni eshitdim....
keyin bilsam Opam huddi men vitr namozini o'qib tugatgan vaqtda olamdan o'tgan ekan...


4. Savol: Farzandlaringizni sizlab muomala qilasizmi.Ular o'zlariga berilgan islomiy darslarga dangasalik qilsalar biror moddiy yutuq evaziga dars qildirasizmi?

Javob: Farzandlarimni baz'ida sizlab murojaat qilaman. Ba'zida esa yo'q. Dars qildirishga kelsak, 4-5 yoshlarida shunday yo'l tutardik, lekin hozirda unday qilmayman. Lekin adasi sal susayib qolishganida shunday va'dalarni beradila.Asosiy, Ramazonda xatm qilishlari uchun hayitlik pulni ko'paytirib berishni va'da qiladilar. :)


5. Savol: Siz har doim o'qiganda yig'laydigan Islom tarixidagi qayg'uli voqea qaysi?

Javob: Rasulullohni sav Toif shahriga borishlari va u yerdagi boshlariga tushgan hodisalar...

Qayd etilgan


shoir  30 Mart 2009, 15:05:24

Munira xonimga berilgan savollarga javoblar:

6. Savol: Qaysi davraga kirsa, shu davradagi insonlarga moslashib suhbat olib boradiganlar, sizningcha qanday kishilar? Masalan:Islomiy kishilarni orasiga kirganda, ularga yoqadigan mavzuda suhbatlashib, boshqa davraga kirganda ularga moslashib....

Javob: Agar haqiqatda ham dunyoviy, ham diniy ilmlardan xabardor bo'lsa + eng asosiysi shu ilmiga o'zi amal qilsa, u holda ikkala davrada ham yaxshi suhbatdosh bo'lish mumkin. Lekin ilmi yo'g'u u yer-bu yerdan eshitib olib, o'zini muttaqiy qilib ko'rsatganlarni menimcha munofiq deyiladi...


7. Savol: Oila qurishda erkak va ayolning yoshi orasidagi farq qanchalik ahamiyatga ega? Erkak ayoldan yosh jihatidan juda ham katta bo'lsa va aksincha bo'lsa...

Javob: Meni fikrimcha, unchalik farqi yo'q. Agarda ular bir-birlarini tushunsa, haqiqiy islomiy oila qurishga ko'zlari yetsa, yosh bu joyda ahamiyatga ega emas. Chunki Rasululloh sav hayotlari bizga o'rnak. Hadicha onamiz va Oisha onamiz r.a.larni yoshlarini hisoblab ko'rilsa bunga boshqa javobni izlashga hojat ham qolmaydi... Bu meni fikrim va Islom olamidan eng ishonchli dalil...


8. Savol: Ayol kishi (muslima ayol)ning avtomobil haydashiga munosabatingiz?

Javob: Bunga ikki xil munosabatdaman:
Birinchisi: Agar ayol kishi o'qish yo ish uchun har kuni ko'chaga chiqishiga to'g'ri kelsa, har xil transportlarda erkaklarni orasida yurganidan o'z avtomabilida yurgan afzal.
Ikkinchisi: Ayollar iloji boricha ko'chga kamroq chiqqanlari va mashina haydamaganlar ma'qulroq...


9. Savol: Asosan turk tilidan tarjima qilingan qissalarga qiziqishingiz boisi nima?

Javob: Men bu kitoblardan juda ko'p narsa olaman.
"O'gay ona"dan, yetimlarga mehr-muhabbatli bo'lishni...
"Qaynona"dan haqiqiy soliha kelin va qaynona qanday bo'lishi kerakligini...
"Aldangan Ayselning tavbasi"dan, chin dildan va ixlos ila qilingan tavba qanday bo'lishi lozimligini va har qanday sharoitda ham Allohdan noumid bo'lmaslikni...
"Bir vijdon uyg'onur"dan, Alloh rizosi uchun qilingan sabr har nedan ustunligini...
"Peshonamdagi nur"dan esa, ALloh taoloning har qanday ishida hikmat borligiga yana bir bor amin bo'lganman...
Bu ro'yhatni davom ettirish mumkin.
Qisqa qilib aytganda, qalbimdagi zanglarni yuvishda, dini Islomni, hijobni, xolis ibodatni, mehr muhabbat va sabrni asl mohiyatini tushunishimga bu kitoblar juda katta yordam bergan...
Qani edi, o'zbeklar orasida ham shunday kitoblarni yozib yoshlarga taqdim etadigan insonlar bo'lsa edi...


10. Savol: Farzandlaringizni ommaviy axborot vositalari (TV, radio, komputer) zararidan muhofaza qila olganmisiz?

Javob: Ha, Alloh qodir qilganicha, himoya qilganman va himoya qilib kelmoqdaman.
Buning uhcun ba'zida shirin so'z bilan tushuntirish lozim bo'lgan bo'lsa, ba'zida esa qattiqqo'llik ham qilishga majbur bo'lganman va bo'lmoqdaman.
Alloh taolo farzandlarimizdan haqiqiy din olimlari va ilmiga amal qilguvchi, dini Islomga hizmat qiladigan insonlarni chiqarsin...

Qayd etilgan