AMIR TEMUR O`GITLARI.  ( 132464 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 B


Fatima  10 Aprel 2009, 11:20:05


                                    51

Sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarga o‘z sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli mikdorda oltin berilsin. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tikin uchun zarur urug‘ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalarni yetkazib berib, unga yordam berilsin.

                                    52

Garchi yaxshi so‘zni hammadan eshitish zarur bo‘lsa ham, lekin boshqalar so‘zda, saltanat ishlarida podshohga sherik, yoxud undan ustun bo‘lmasliklari shart.

                                     53

Sulton har narsada adolatpesha bo‘lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlar saqlasin, toki podshoh zulm qilgudek bo‘lsa, odil vazir uning chorasini topsin. Agarda vazir zolim bo‘lsa, ko‘p vaqt o‘tmay saltanat uyi qulaydi.

                                    54

Podshoh har ishda o‘zi hukm chiqarsin, toki hech kim uning hukmiga aralashib, o‘zgartira olmasin.

                                    55

Podshoh har ishda qarorida qat’iy bo‘lsin, ya’ni har qanday ishni qilishga qasd qilar ekan, to bi-tirmagunicha undan qo‘l tortmasin.

                                    56

Podshoh hukmi joriy etilishi darkor. Biron kimsa garchi hukmni zararli deb bilgan bo‘lsa ham, unga monelik qilolmasin.

                                    57

Podsholik ishlarini tamoman boshqaga topshirib, erkni unga berib qo‘ymasinkim, dunyo — xiyonatchi xotin singari, uning xushtori ko‘pdir. Agar shunday qilar ekan, o‘zganing nafsi tez orada podshoh bo‘lishni tilab, saltanat taxtini o‘zi egallashga kirishadi.

                                    58

Podsho saltanat ishlarida har kimning so‘zini eshitsin, har kimdan fikr olsin. Qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, uni ko‘ngil xazinasida saqlab vaqtida ishlatsin.

                                    59

Vazirlar, amirlar biron kimsa haqida yaxshi-yomon so‘z qilar ekanlar, podsho eshitsin. Lekin uni amalga oshirishda butun haqiqat ayon bo‘lmagunicha shoshmay, mulohaza bilan ish tutsin.

                                    60

Podsho majlis axdidan ogoh va hushyor bo‘lsinkim, ular ko‘pincha ayb axtarib, uni tashqariga tashiydilar. Podshohning so‘zidan, ishidan vazirlarga, amirlarga xabar berib turadilar.

Qayd etilgan


Fatima  10 Aprel 2009, 11:26:15

                                    61

Qaysi hokim hukmining ta’siri cho‘p bilan kaltaklash ta’siridan kamroq bo‘lsa, unday hokim hukumat yurgizishga yaroqsizdir.

                                    62

Agar o‘g‘illarimdan qaysi birovi saltanat martabasiga da’vogarlik qilib bosh ko‘tarar ekan, uni urib-so‘kib, o‘ldirishga yoki muchasidan biron joyini kamaytirishga hech kim jur’at qilmasin, lekin uni ko‘z tagida saqlasinlarki, toki o‘z da’vosidan qaytsin va Tangri taoloning mulkida fasod chiqmasin.

                                    63

Davlat ichida talay olchoq, yomon odamlar bordirki, davlat dushmanlarini yaxshilab, uning jon fidolarini turli makr-hiylalar bilan xarob qiladilar. Bularning maqsadlari saltanat qo‘rg‘oniga raxna solishdir.

                                     64

G’arazgo‘y, buzuqi va hasadgo‘y odamlarning vazirlar haqidagi uydirmalarini eshitmasinlar, chunki bu tabaqadagi kishilarning dushmani ko‘p bo‘ladi, negaki, olam ahlining barchasi dunyotalabdir. Agar vazirlar bunday odamlarning ko‘ngliga qarasalar, davlatga xiyonat qilgan bo‘lurlar, qaramasalar, ular vazirlarga dushmanlik qilurlar.

                                    65

Agar dorug‘alar va hakamlar xalqqa zulm qilib, ularni xarob  qilgan bo‘lsalar, qilgan ishlariga loyiq jazo berilsin. Agar biror kimsaning gunohi isbotlangandan so‘ng undan jarima olsalar, boshqa yana darra bilan urmasinlar. Agar darra urish bi-lan jazolasalar, undan jarima olmasinlar.

                                     66

Kimki birovning molini zo‘rlik bilan tortib olgan bo‘lsa, mazlumning molini zolimdan qaytarib olib, egasiga topshirsinlar. Agar kimda-kim tish sindirsa, ko‘zni ko‘r qilsa, quloq va burun kessa, sharob ichsa, zino ishlar qilsa, uni devondagi shariat qozisi yoki ahdos qozisiga olib borib topshirsinlar.

                                     67

Vazirlar ushbu to‘rt sifatga ega bo‘lgan kishilardan bo‘lishlari lozim: birinchisi — asillik, toza nasllilik; ikkinchisi — aql-farosatlilik, uchinchi-si — sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada bo‘lish; to‘rtinchisi — sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik. Kimki shu to‘rt sifatga ega bo‘lsa, unday odamni vazirlik martabasiga loyiq kishi deb bilsinlar. Uni vazir yoki mas-lahatchi etib tayinlasinlar. Bunday vazirga to‘rt imtiyoz: ishonch, e’tibor, ixtiyor va iqtidor berilsin. Kamolotga erishgan vazir ulkim, davlat muomalalarini tartibga keltirib, mulkiy va moliyaviy ishlarni to‘g‘rilik bilan, asli-nasli tozaligini ko‘rsatib, ajoyib tarzda bajaradi.

                                    68

Qaysi vazir g‘iybat gaplarni aytsa, uydirma gaplarga quloq solsa, jabr-zulm qilsa, o‘ziga yoqmagan kishilarni yo‘qotish payiga tushsa, uni vazirlikdan tushirish lozim. Nasliyu zoti yomon, hasadchi, gina-kek saqlovchi, qora ko‘ngilli kishilarga zinhor vazirlik lavozimi berilmasin. Buzuqi, qora ko‘ngilli, zoti past odam vazirlik qilsa, davlatu saltanat tez orada qulaydi.

                                    69
 
Ruxsat etuvchi va taqiqlovchi buyruqlarida vazirning asilligi va toza naslligi ko‘rinib turadi. Dushmanlik va jabr-zulm qilmaydi. Xoh sipohdan, xoh raiyatdan bo‘lsin, har kimning nomini yaxshi so‘zlar bilan tilga oladi. Birovdan yomonlik axtarmaydi, aytsalar eshitmaydi. Agar birovdan yomonlik ko‘rgan bo‘lsa, unga nisbatan shunday muomala qiladiki, u shaxs oxiri yomonligidan qaytadi. O’ziga yomonlik qilgan odamga nisbatan shunday yaxshilik qiladiki, u oldiga bosh egib keladi.

                                    70

Asli toza, nasli pok, ulug‘ zotlardan bo‘lgan, yaxshi ravishli kishilardan topib, vazir qilinglar. Chunki asli toza kishi xatolikka yo‘l qo‘ymaydi, badasl esa vafo qilmaydi.


Qayd etilgan


Fatima  10 Aprel 2009, 11:29:55

                                     71

Qaysi vazir soflik, to‘g‘rilik bilan vazirlik ishiga kirishib, davlatning moliya-mulkiya ishlarini diyonat, savob bilan, nafsi buzuqlik qilmay, omonatga xiyonat etmay bajarar ekan, unday vazirni eng oliy martabalarga yetkazsinlar. Qaysi vazir buzuqlik qilib, yomonlik yo‘li bilan mamlakat ishlarini yurgizar ekan, ko‘p o‘tmay saltanatdan xayru barakat ko‘tariladi.

                                     72

Dono vazir shuddirki, o‘z o‘rniga qarab, goh qattiqqo‘llik, gohida esa muloyimlik bilan ish yuritadi. Bunday vazir ortiqcha qattiqqo‘llik ham qilmaydi, ko‘p muloyimlik bilan yumshab ham ketmaydi. Agar ko‘p muloyimlik qilsa, dunyotalab, ta’magir odamlar uni yutib yuboradilar. Agar ortiqcha qattiqlik ishlatsa, undan qochadilar va unga boshqa murojaat qilmaydilar. Demak, dono vazir shuldirki, saltanat korxonasining ishlarini eng to‘g‘ri chorayu tadbirlar qo‘llab, yaxshi anglagan holda amalga oshirib, davlatni tartib-intizomga keltiradi.

                                     73

Davlatu saltanat uch narsa bilan: mulk, xazina va lashkar bilan tikdir. Dono vazir bularning har uchalasini tadbirkorlik bilan yaxshi ahvolda, saranjom tutadi.

                                    74

Aqlli, bilimdon va hushyor vazir shunday bo‘lurki, bir to‘g‘ri tadbir qo‘llab g‘anim qo‘shinini parokanda qilib yubora oladi. Bunday vazir valine’matining soqchisi bo‘lib, podshosining boshiga tushgan muhim va mushkul ishlarini tadbirkorlik bilan va uzoqni ko‘ra bilishi bilan osonlashtiradi. Agar saltanat ishlarida jumboq uchrasa, aqlu farosatini ishlatib, uni yechadi.

                                    75

Agar podshoh zolim bo‘lib, vaziri odil bo‘lsa, podshohning jabr-zulmini to‘xtatish chora-tadbirini ko‘radi. Lekin vazir zolim bo‘lsa, saltanat ishlari tez muddatda parokandalikka uchraydi.

                                    76

Uch yuz o‘n uch amirimning barisi aql-hush egalari, bazmu razm sherlari, mahoratli sarkarda, g‘anim lashkar to‘pini buzib, uni mag‘lub etuvchi kishilar edi. Jangning sir-asrorini, g‘anim askarlarini sindirish yo‘lini bilgan, urush qiziganda o‘zini yo‘qotmasdan, qo‘l-oyog‘i bo‘shashmasdan, lashkar favjlarini jangga boshlay oladigan, agar qo‘shin safiga raxna tushsa, uni tezda tuzata oladigan kishigina amirlik va hukmronlikka loyiq hisoblanadi. Amirlardan qaysi biri o‘zi qiziqib ish so‘rar ekan, unga buyursa bo‘lur.

                                    77

Qilich chopishda o‘zini ko‘rsatgan bahodirlarni birinchi martaba bo‘lsa — o‘nboshi, ikkinchi martaba botirlik qilsa — yuzboshi, uchinchi martabasida esa — mingboshi qilib tayinlasinlar.

                                    78

Hech bir sipohiyning xizmati nazardan chetda qolmasin, chunki ular davlat xizmatida bo‘lib, boqiy hayotlarini foniy dunyo naqdi uchun ayamaganliklarining o‘zigagina ham in’omga va moddiy ta’minotda bo‘lishga haqli va loyiqdirlar. Uni in’omidan mahrum qilib, xizmatlarini ko‘rsatmasalar insofsizlik qilgan bo‘lurlar.

                                     79

Yoshi ulug‘, keksa sipohiylarni hurmatlab, aziz tutsinlar. Ulardan foydali maslahatlar olsinlar, chunki ular aytadigan gaplar o‘z tajribalarida ko‘rib, bilganlaridir. Ularni saltanat korxonasining ustunlari deb bilsinlar. Ulardan keyin o‘g‘illarini o‘rinlariga o‘tqazsinlar.

                                    80

G’anim tomonidan bizning qo‘limizga har qanday sipohiy asir bo‘lib tushsa, uni o‘ldirmasinlar. Unga ixtiyor berilsin. Agar navkarlikni qabul qilsa, navkar qilsinlar, yo‘q esa uni ozod etsinlar.


Qayd etilgan


Fatima  10 Aprel 2009, 11:34:08

                                     81

G’anim sipohiylaridan qaysi biri o‘z davlatining tuzini oqlab, bizga qarshi qilich chopgan, so‘ngra ixtiyoriy ravishda yoki majbur bo‘lib panohimizga kelsa, bunday askarga ishonib, uni aziz tutsinlar. Chunki u o‘z sohibiga vafodorlik qilib, yegan tuz-namagi haqini saqlagan.

                                     82

Haqiqiy podsholarga lozimdirki, qaysi navkarni o‘zlari ulug‘lab ko‘targan bo‘lsalar, tezda uni xorlab tuban qilmasinlar. O’zlari ko‘targan kishilarni tashlamasinlar. Kimni bilgan va tanigan bo‘lsalar, unutmasinlar. Agar ahyon-ahyonda uning izzat-nafsiga tegib xo‘rlagan bo‘lsalar, evaziga ilgarigidan ikki barobar ortiq izzatini oshirsinlar.

                                     83

Qaysi bir navkar o‘z ixtiyori bilanmi yoki ixtiyorsizmi begidan ajrab ketgan bo‘lsa-yu, keyinroq yana qaytib kelsa, uni hurmatlasinlar, chunki u ajralib ketganidan pushaymon bo‘lgani uchun ham qaytib kelgan.

                                    84

G’anim tomonidan bo‘lgan navkar bizga qarshi qilich ko‘targan bo‘lsa, o‘z yurtining tuz haqini halollagan bo‘ladi.

                                    85

Har bir navkar g‘anim nazdida hurmat-e’tiborga ega bo‘lib qadrlansa-yu, biroq jangu jadal vaqtida o‘z begiga xiyonat qilib, uning dushmaniga do‘stlik qilsa, tuz haqini, bek hurmatini unutsa, o‘z begining dushmaniga yon bosib, uni o‘z begidan ustun qo‘ysa, bunday kimsani xizmatga yo‘latmasinlar.

                                     86

Agar navkarlardan biri qilich chopishib, g‘animni sindirar ekan, g‘arazgo‘y odamlarning uning haqida aytgan gaplariga quloq solmasinlar. Uning qilgan xizmatlarini yashirmaslik lozim, aksincha, bir xizmatini o‘nga yo‘ysinlar, martabasini oshirsinlar, toki boshqa navkarlar buni ko‘rib jonbozlik qilishga rag‘batlansinlar.

                                     87

Agar navkarni biron mamlakatga hokim qilgan bo‘lsalar-u, u bevafoligidan dushman bilan kelishib, mulkni unga taslim qilsa, o‘lim jazosiga mahkum qilsinlar. Mamlakatni himoya qilib, dushmanni yo‘latmagan navkarni yuqori martabaga ko‘tarib, hurmatlasinlar.

                                    88

Menga hasad qilib, o‘ldirishga qasd qilgan kishilarga shunchalik sovg‘a-in’omlar berib, muruvvatu ehson ko‘rsatdimki, bu yaxshiliklarni ko‘rib, xijolat teriga g‘arq bo‘ldilar. Hamisha mening roziligimni olib ish tutgan do‘stlarim oldimga panoh tilab kelganlarida, ularni o‘zimning baxtu davlatimga sherik bilib, hech qachon ulardan mol-mulk va tirikchilik ashyolarini ayamadim.

                                     89

Sodiq va vafodor do‘st ulkim, o‘z do‘stidan ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z dushmani deb biladi. Agar kerak bo‘lsa, do‘sti uchun jonini ham ayamadi.

                                    90

Aqlli dushman johilu nodon do‘stdan yaxshiroq.


Qayd etilgan


Fatima  10 Aprel 2009, 11:37:46

                                    91

Agar dushmaning bosh urib panohingga kelsa, rahm qilib yaxshilik va muruvvat ko‘rsat.

                                    92

Dushman sendan muruvvat va xayr-ehson ko‘rsayu yana qaytadan dushmanlik yo‘lini tutsa, uni parvardigorning hukmiga topshir.

                                    93

Chin do‘st uldirki, do‘stidan hech qachon ranjimaydi, agar ranjisa ham, uzrini qabul qiladi.

                                    94

Qaysi mamlakatda dindan qaytish (ilhod) va zindiqlik kuchaysa va u diyorning aholisi, sipohu raiyat turli maslakka kirib ittifoqlari buzilsa, u mamlakatning halokati yaqindir.

                                    95

Bugungi ishni ertaga qoldirma.

                                    96

Yumshoqlik qilishga to‘g‘ri kelsa, muloyimlik qildim qattiqqo‘llik ishlatish vaqti yetsa, qat’iy choralar ko‘rdim. Shoshmaslik kerak yerda shoshilmadim, shoshilarli ishlarni kechiktirmadim. Qaysi ishni chorayu tadbir bilan bitirishning iloji bo‘lsa unda qilich ishlatmadim.

                                    97

Zinodan tug‘ilgan kishi o‘ziga yaxshilik qilgan odamga yomonlik qilmaguncha dunyodan ketmaydi.

                                    98

To‘qayga o‘t tushsa, ho‘lu quruqqa qaramay barchasini kuydiradi.

                                    99

Qaysi mamlakatni zabt etgan yoki qo‘shib olgan bo‘lsam, o‘sha yerning obro‘-e’tiborli kishilarini aziz tutdim; sayyidlari, ulamolari, fuzalo va mashoyixiga ta’zim bajo keltirdim va hurmatladim, ularga suyurg‘ol, vazifalar berib, maoshlarini belgiladim; o‘sha viloyatning ulug‘larini og‘a-inilarimdek, yoshlari va bolalarini bo‘lsa o‘z farzandlarimdek ko‘rdim.

                                    100

Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim.


Qayd etilgan


Fatima  10 Aprel 2009, 11:41:47

                                    101

Sipohiylardan biron kishi raiyatning xonadoniga zo‘rlik bilan kelib tushmasin, raiyatning ot-ulovlarini tortib olmasin.

                                    102

Buyurdimki, har mamlakatning gadolariga vazifa yuklab ish bersinlar, toki shu yo‘l bilan gadolik rasmi yo‘qotilsin.

                                    103

Avliyolar, din peshvolarining mozorlari va maqbaralariga vaqfdan mablag‘ ajratsinlar. U yerlarni gilam, taom va chiroq bilan ta’minlasinlar.

                                   104

Har bir mamlakat fath etilgach, u yerning gadolarini to‘plab, kundalik yemish-ichmishlarini berib, ularga biron vazifa belgilasinlar. Hamda barchasin tamg‘olasinlar, toki boshqa gadolik qilmasinlar. Agar tamg‘odan keyin ham gadolik qilgudek bo‘lsalar, ularni uzoq mamlakatlarga sotib yuborsinlar yoki haydasinlar. Shundagina gado zoti mamlakatda yo‘qoladi.

                                   105

Har bir mamlakat fath etilgach yoki qo‘shib olingach, turli ko‘ngilsiz hodisalardan emnu omonlikda bo‘lsin, uning hosil va daromadlarini hisobga olib ish tutsinlar. Agar yerlik fuqaro azaldan berib kelgan xiroj miqdoriga rozi bo‘lsa, ularning ro-ziligi bilan ish ko‘rsinlar.

                                    106

Kimki biron sahroni obod qilsa, yoki koriz qursa yo biron bog‘ ko‘kartirsa, yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, uchinchi yili esa oliq-soliq qonun-qoidaga muvofiq xiroj yig‘ilsin.

                                   107

Xarob bo‘lib yotgan yerlar egasiz bo‘lsa, xolisa tarafidan obod qilinsin. Agar egasi bo‘lsa-yu, lekin obod qilishga qurbi yetmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar bersinlar, toki o‘z yerini obod qilib olsin.

                                   108

Xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga yangi ko‘priklar qursinlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar qursinlar. Yo‘llarga kuzatuvchi va soqchilar qo‘ysinlar, har bir rabotga bir nechta odamni joylashtirsinlarki, yo‘llarni kuzatish va saqlash ishlari shularga tegishli bo‘lsin. Yo‘lovchilar mollarini g‘aflat bosib, o‘g‘irlatib qo‘ymasliklarining vazifasi ham o‘shalarning zimmasida bo‘lsin.

                                    109

Katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona solsinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasinlar. Har bir shaharda dor ul-amorat va dor ul-adolat qursinlar. Raiyatu ziroatni qo‘riqlovchi qo‘rchilar ham tayinlasinlar.

                                    110

O’lganlarning mollarini o‘z vorislariga yetkazsinlar. Agar vorisi yo‘q bo‘lsa, uni xayrli ishlarga sarf qilsinlar yoki Makkayi muazzamaga yuborsinlar.


Qayd etilgan


Fatima  10 Aprel 2009, 11:47:18

                                  111

Chorasi bo‘lmagan ishga kirishma, chunki undan qutulib bo‘lmaydi.

                                  112

Kuch — adolatdadir.

                                  113

Bir kunlik adolat — yuz kunlik toat-ibodatdan afzal.

                                  114

Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib — shukr.

                                  115

Ilm va dinning mashhur kishilari o‘z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelganlar. Sizlar esa menga nisbatan bunday qilmayapsizlar. Mening maqsadim — mamlakatda adolat o‘rnatish, tartib va tinchlikni mustahkamlash, fuqaroning turmushini yaxshilash, yurtimizda qurilishni kuchaytirish, davlatimizni rivojlantirishdir. Sizlar bu ishlarni amalga oshirishda menga o‘z maslahatlaringiz bilan ko‘maklashishingiz kerak. Mamlakatning ahvoli, devonning suiiste’mol qilinganligi va qilinmayotganligi, oddiy odamlarning joylardagi hokimlar tomonidan ezilayotgani mendan ko‘ra sizlarga ayondir. Shular haqida ma’lumot beringiz, bu kabi adolatsiz ishlarni bartaraf etuvchi hamda shariat va qonunlarga muvofiq chora-tadbirlarni aytsangizlar yaxshi bo‘lurdi.
(Amir Temurning olim-ulamolar oldida aytgan nutqidan).

                                    116

Agar mamlakat hokimsiz qolsa unga xalal yetadi, hol-ahvolida fahsh yuz ko‘rsatadi, xalqi baxtsizlik qahri va dushmanning xiyonatkorligi tufayli tamom qirilib ketadi.

                                   117

Boshsiz mamlakat jonsiz tanga o‘xshaydi. Bejon tanning ahvoli vayronalikka yaqindir.

                                   118

Ma’quli shulkim, Siz (amakisi Hoji barlos) Xurosonga ketmoqchisiz, men bo‘lsam Kesh tarafga qaytaman. Ulusni o‘zimga moyil qilib olaman-u, so‘ng Ilyosxo‘ja xonning xizmatiga kiraman, umaro va arkoni davlatdan ko‘z-quloq bo‘lib turaman, toki viloyat xarob bo‘lmasin, Tangri taoloning duogo‘yi bo‘lgan raiyat zahmatu tashvishga qolmasin.

                                    119

To‘rt qo‘shin bo‘lishsin va har bir suvoriy ikki bog‘dan uzun shox-shabbani otining ikki biqiniga bog‘lab shunday chopdirsinlarki, changu g‘uborni osmonu falakka ko‘tarsin va o‘sha taraflarning dorug‘alari katta qo‘shinni mushohada qilib, qochib qolishsin.

                                   120

Firuzi asar lashkardan qochgan rumliklarni ta’qib qilib borganlar orasida bo‘lgan Sulton Mahmudxon Boyazid Ildirimga yetib keldi va uni tutib, shu ondayoq jahongir sohibqironning huzuriga jo‘natdi. Davlat do‘stlari vaqt taqozosi bilan qaysari Rumning qo‘llarini bog‘lab xuftonda olam podshosining dargohiga olib keldilar. Sohibqironning xush tabiati podshohona jo‘sh urdi va homiylarcha otifat qilib, uning qo‘llarini yechib, hurmat bilan oliy dargohga olib kirishlarini buyurdi. Izzat-hurmat bilan uchrashganlaridan keyin, sohib-qiron hurmat-ehtirom ko‘rgazib, yonidan joy ko‘rsatdi. So‘nggina o‘rniga yaxshilikni so‘zlovchi, nodir narsalarni bayon etuvchi va gavhar sochuvchi og‘izlarini so‘zga ochib dedilarki; «Qanday bo‘lmasin olam ahvoli tamoman parvardigorning irodasi va qudratiga bog‘liqdir, hech kimsaning buni tahqiq etishga ixtiyor va qudrati yetmaydur. Lekin, insof bilan rostini aytish kerakki, sen o‘zingdan boshqani ko‘rmaydigan bo‘lib qolgansan... ko‘p vaqtlardan beri bosar-tusaringni bilmay qolding, meni o‘zingga intiqom uchun gina-kudurat saqlab yuribdi, deb o‘ylading. Shu diyorda istiqomat qilib turgan kofirlarni g‘azo qilish maslahatida edim, musulmonlik va xush andishalik borasida nimaiki lozim bo‘lsa, sen bilan murosayu madora va murosasozlik qilib keldim. Va o‘yladimki, maslahatlarimga quloq osasan...»


Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 16:18:15

                                    121

Ildirim Boyazid xijolat va uyat maqomida qolib va xato-kamchiliklarini e’tirof etib dedi: «Darhaqiqat xato qildim, hazrati Sohibqironning so‘zlariga quloq solmadim, shuning uchun jazoimni tortib turibman. Agar podshohona inoyat qilib, gunohimni kechsalar, o‘zimu farzandlarim to hayot ekanmiz oyog‘imizni farmonbardonlik va xizmatkorlik tariqidan boshqa yo‘lga qo‘ymagaymiz». Oliyhimmat sohibqiron uning yelkasiga podshohlarga munosib chopon tashladi, uni turli-tuman siylov va navozishlar bilan siyladi. Qaysar hazrati sohibqironning xush axloqini mushohada qilib, duoyi sanodan so‘ng, arz qildi: «Farzandlarim Muso bilan Mustafo jang chog‘ida yonimda edilar, yo‘qolib qolishdi. Agar ularning hol-ahvolini taftish qilish, tirik bo‘lsalar huzurimga olib kelishlari haqida farmoni oliy bersalar, bu avval ko‘rgizgan iltifotlariga qo‘shimcha bo‘lur edi.» Farmoni oliy berildi va tavochilar shu zahotiyoq ularni qidirib ketdilar. Bir necha kundan keyin Musoni topib, hazrati sohibqironning huzuriga olib keldilar. Hazrati sohibqiron unga podshohona marhamatlar ko‘rsatib, uni xos chopon bilan siyladi va otasining qoshiga jo‘natdi.

                                   122

Adlu ehson bilan jahon gulshani obod bo‘ladi.

                                   123

Baxtu saodat va molu mulk eshiklarining menga ochilishi, fath qilingan dunyo kelinchaklarining menga kulib boqishi faqatgina Seiston o‘qlari sababidan bo‘ldi. O’sha vaqtdan, ya’ni dushman o‘qlari meni majruh etganlaridan beri to shu kunlarga qadar men faqat ravnaq topishda davom etaman.

                                   124

Mana shunday janglarda er kishi imtihon qilinib, sinaladi.

                                   125

Bir kun keladiki, zolim o‘z barmoqlarini tishlaydi.

                                   126

Kurashib erishilmagan g‘alaba g‘alaba emas.

                                   127

Davlat — lashkarlaru fuqarolarning sadoqati va fidoyiligi-la qudratlidir.

                                   128

Yozilgan narsa avlodlar xotirasida qilingan ishdan ham uzoqroq yashaydi.

                                   129

Qudratimizga shak-shubhangiz bo‘lsa, biz qurdirgan binolarga boqing.

                                   130

Ulkan meros doimo ulkan muxoliflik tug‘diradi.

                                   131

Adovat emas — adolat yengadi.

                                   132

Avval yo‘ldosh — keyin yo‘l.

Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 16:25:12

                                    133

Betkay ketar, bel qolar,
Beklar ketar, el qolar.

                                    134

Bilagi zo‘r — birni yiqar, bilimi zo‘r — mingni.

                                    135

Bir kalima shirin so‘z qilichni qinga kiritar.

                                    136

Bir tayoqni sindirmoq mumkin, Ko‘p tayoqni bukib ham bo‘lmas.

                                    137

Bir qinga ikki qilich sig‘mas.

                                    138

Botir jangda bilinar, Dono — mashvaratda.

                                    139

Botirlik — qal’a oladi.

                                    140

Boshga qilich kelsa-da rost so‘zla.

                                    141

Bo‘ridan qo‘rqqan o‘rmonga kirmaydi.

                                   142

Vaqt o‘tgandan keyin qilichingni toshga chop

                                   143

Vahima — dushmanning yo‘ldoshi.

Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 16:29:55

                                   144

Dushmanning kulgani — siringni bilgani.

                                   145

Dushmandan qo‘rqma, munofiqdan qo‘rq.

                                   146

Yemsiz ot dovon osholmaydi.

                                   147

Mergan ovda bilinar, botir — yovda.

                                   148

Nomussiz hayotdan, nomusli o‘lim yaxshi.

                                   149

Oltmishga kirgan otadan osh so‘rama.

                                   150

Ot mingan otasini unutadi.

                                   151

Ota bo‘lmagan ota qadrini bilmas.

                                   152

Og‘zingga qon to‘lsa ham dushman oldida tupurma.

                                   153

Qilich o‘tkir bo‘lsa-da o‘z sopini kesmagay.

                                   154

Sayyohda makr bo‘lmasa, domiga ov ilinmas.

                                   155

So‘zlaguvchi gar nodon erur, tinglaguvchi dono o‘lsin.

                                   156

Toy mingan — ot ham minadi.

                                   157

Tuya mingan odam qo‘y orasiga bekinmas.


Qayd etilgan