* * *
Cherik tuzib, navkar olmokda uch qoidaga amalqildim: birinchidan — yigitning kuch-quvvatiga, ikkinchidan — qilichni o‘ynata olishiga, uchinchidan aql-zakovati-yu kamolotiga e’tibor qildim. Shu uch fazilat jamuljam bo‘lsa, navkarlik xizmatiga oldim. Negakim, kuch-quvvatli yigit har qanday qiyinchiliklarga, azobu uqubatlarga chidamli bo‘ladi, qilich o‘ynata oladigan kishi raqibini mag‘lub eta oladi, oqil navkar har joyda aql-idrokini ishga solib, mushkulotni bartaraf etmog‘i mumkin.
* * *
Piru komil shayx Bahouddin Naqshbandiyning: «Kam yegin, kam uxla, kam gapir» degan pandu nasihatlariga amal qildim. Arkonu davlatga, barcha mulozimlarga ham aytar so‘zim shu bo‘ldi: «Kam yenglar — ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono bo‘lasizlar.»
* * *
O’g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog‘liq-salomatligini, jismonan kamolotini aniqladim. Kelinbo‘lmish nasli-nasabi, odob-axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli bo‘lsagina el-yurtga katta to‘y-tomosha berib, kelin tushirdim.
* * *
O’g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishni ma’n etdim. Zero, sharobning ta’sirida bunyodga kelgan farzand nasl-nasabining buzilishiga ta’sir etgay, debon shu pokiza yo‘lni tutdim.
* * *
Har kimdan kengash oldim, har kimdan fikr o‘rgandim, qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, uni ko‘ngil xazinasida saqlab, ishlata bildim.
* * *
Ulamo bilan suhbatda bo‘ldim va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpindim. Ularning himmatlaridan ulush tilanib, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini o‘tindim. Darvesh, faqir va miskinlarni o‘zimga yaqin tutdim, ularning ko‘ngillarini og‘ritmadim va hech bir talablarini rad etmadim. Buzuqi va og‘zi shaloq g‘iybatchi odamlarni majlisimga yo‘latmadim, so‘zlariga amal qilmadim. Biror kimsaga tuhmatu g‘iybat qilsalar, quloq solmadim.
* * *
Qilichim o‘tkir bo‘lsa-da o‘ylab qinidan chiqardim, shirin so‘z aytib, g‘animning imon topmog‘iga yo‘l ochdim.
* * *
Men hayotim mobaynida besh narsaga qat’iy e’tiqod qo‘ydim va hamishalig‘ ularga amal qildim. Ular ushbulardir:
OLLOH— ul har narsaga qodir kuch, sidqidildan sig‘insang istagan murodu maqsudinga yetkazadi.
TAFAKKUR — fikrlash va mushohada qobiliyati, quvvai hafizasi kuchli inson har qanday mushkulu mushkulotni oson qilish yo‘lini topa oladi.
IMON — ul insonni barcha jonlilardan farqlantirib turguvchi xususiyatdir. Imonli odam xiyonat qilmaydi, qarindosh-urug‘lari, elu xalqning or-nomusini himoya qiladi, halollik va poklikni fazilat biladi.
KITOB (bitik) — barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir.
QILICh — ul yigitning yo‘ldoshi, el-yurt osoyishtaligining posboni, har qanday dushmanni mahv etish quroli, aning qudrati ila dinsizlarni dinga solmoq mumkin.