AMIR TEMUR O`GITLARI.  ( 132661 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 B


Fatima  24 Aprel 2009, 16:32:20

                                   158

Qo‘liga qilich olgan bahona qidirmaydi.

                                   159

Kechira olishlik — mardlik, kechira bilmaslik nomardlik sanaladi.

                                   160

Qonni qon bilan emas, suv bilan yuvishni o‘rgan.

                                   161

Eng baland minora ham yerdan ko‘tarilgay.

                                   162

Yaxshi it o‘z o‘ligin ko‘rsatmagay.

                                   163

Yaxshi odam yurt tuzar, yomon odam yurt buzar.


Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 16:42:54

                                      SOHIBQIRON  HIKOYATLARI

Bir kuni padari buzrukvorimiz — Amir Tarag‘ay bahodir ko‘p qo‘ylarni menga berib, Samarqand bozoriga savdoga yo‘lladilar. Qo‘ylarning hammasini ming oltinga sotib, pullarni belga bog‘lab sayr qilib yurur edim. Bir yerda xushovoz qalandar odamlarga so‘zlab turgon ekan: qo‘lida qog‘oz-she’r bitilgan, u der edi:
— Shul yozuvning qadriga yetib, kim ming oltunga olsa, dunyoning oxiriga yetadi...
Himmatim jo‘shib, ming oltunni qalandarga tutqazdim. U menga tikilib turdi-da, so‘ng nasl-nasabimni so‘radi. Aytdim. So‘ng tayin qildi:
— Otang oldiga borg‘il, buni otang oldida o‘qi, borg‘uncha ochma...
 Qog‘ozni keltirib, padari buzrukvorga berdim. chib o‘qidilar. Forscha ruboiy ekan — ma’nosi qo‘yidagicha: zulm bilan dunyoda nom qoldirib bo‘lmaydi. Jamshid, Sulaymon, Iskandarlar o‘tib ketdi, navbat senga ham yetishi tayin. Dunyoga keldingmi yaxshilik bilan nom qoldir...
Ruboyining muallifi — o‘shal qalandar-alloma shoir Kamol Xo‘jandiy erkan. Ul zotni padari buzrukvorimiz ko‘p hurmat qilar erkanlar.
— Barakallo, o‘g‘lim, ko‘p dono ishga oltunlarni sarf etibsan. Endi, ming oltung‘a olg‘on ushbu hikmatga qat’iy rioya qilmoq lozimdur...
Padari buzrukvorning aytqonlarini bosh ustida tutdim

                                                   * * *

Qarshi qal’asin zabt etolmay, dilga kadar tugib qaytmoqda edim. Qizildaryodan kechib, bir qishloqqa qo‘ndik. Men bir kulbani ixtiyor etdim. Unda ushoqqina kampir yashar, tirikchiligi yolg‘iz echkidan erkan. Momodan biror ovqat qilib bermoqni o‘tindim. Ko‘p o‘tmay og‘och tovoqqa suzilgan atala dasturxonda paydo bo‘ldi. Och erdim. Og‘och qoshiqni tovoqdagi atalaga mo‘ldirib, yutoqib yegan edim, og‘zi-tilim kuygandan-kuydi. Shunda momo dedi:
— Sen-da Amir Temurga o‘xshash shoshqoloqlardan ekansan.
— Temurbekning shoshqoloqligini qaydin bildingiz, momo, — so‘radim.
— Eshitishimcha, Amir Temur Qarshi qal’asiga tik borib, uni ololmabdi. Magarki, avval qal’a atrofidagi kichik-kichik qishloq va mahallalarni egallab, kuch to‘plab, so‘ng qal’aga hujum qilmoq lozim edi. U esa bir yo‘la beklikni olmoqchi bo‘ldiyu, shashti sindi... Shunga o‘xshash sen ham shoshding va og‘zingni kuydirding. Atalani avval tovoqning girdidan olib, sekin-sekin yalab ko‘radi, sovuganini bilgach, so‘ngra qoshiqni to‘ldirib yeydi-da...
Shunda xatoyimni anglaganday bo‘ldim. Va dedim:
— Darxon momo, o‘shal shoshgich Amir Temur mendirman. Tanbehingizni bosh ustiga oddim. Tilang tilagingizni...
Darxon momo odamlar uchun ariq qazib, suv chiqarib berishni so‘radi. Oradan ko‘p o‘tmay Tanqos daryosidan ariq qazib, suv chiqarib berdim.


Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 16:44:35

                                                    * * *

Qarshi qal’asini zabt etib, muzaffarlik tug‘i birla qaytar edim. Kechda Ko‘kbuloqqa yetib, shu yerda tunamoqni ixtiyor etdik. Navkarlarni xonadonlarga taqsimlab, o‘zimiz soy bo‘yida yashil chodir tikdik.
Subhidam atrofga razm solmoqda edim, Ittifoqo, bir ayol kishining ot yetaklab, soy tomon ketmog‘iga nazarimiz tushdi. Shunda bizni o‘y cho‘lg‘adi. Mulozim yo‘llab, ul ojizaning erkagini topdirib keltirdik. Savol ayladik:
— Nechuk, zavjangizni ot sug‘org‘ali yo‘llaysiz ? "Ot sug‘ormoq erkak kishining xizmati-ku?!
 — Sohibqiron, — javob ayladi ul kishi, — ot boqish ham, ot sug‘orish ham erkakning yumushi ekonini bilaman. Ammo uyimga qoplonsifat to‘rt navkaring tushibdir. Ularning niyatin bilmasman. Shul boisdan ayolimni ot sug‘ormoqqa yo‘llab, uyda qolgan ikki bo‘ydor qizimni qo‘riqlamoq istadim... Biz mulohazaga berildik. Va o‘z xatoyimizni anglab, hamishaliqqa qaror berdik: bundan buyog‘inda navkarlar xonadonlarga joylashtirilmasin. Navkarlarim yalang o‘tloq va suvloq joylarda chodirlarda ; umrguzaronlik qilishsin.
Ko‘kbuloq qishlog‘iga quyosh mo‘ralamasdanoq navkarlarni xonadonlardan chiqarib, chodirlarga joyladim va shu tariqa el osoyishtaligini ta’min etdim...

                                                    * * *

Samarqand taxtini egallab, azim Movarounnahr bizning hukmimizga kirgach, yurtda adolat o‘rnatmoqqa ahd etdik. Arkonu davlat atrofinda ko‘p nobakor
mardumlar in qo‘ymoqchi erdi. Inchunin, ularning ,zamzamasidan xunob bo‘lib, bir tadbir buyurdim: «Musavvir kelgan arzigo‘yning suratin chizib, men-
ga kiritsin. Arzigo‘yning qiyofatiga boqib, qabulimni aytarmen...
Musavvirlar saroyga kelganlarning suvratin chizib, menga kiritishar, arzigo‘yning peshona, burun, dahan, ko‘z va boshqa sifatlariga qarab, uning maqsad va fe’lini oldindan bilib turardim. Badfe’l va xiyonatkorlarni qabulimga yo‘latmaslik harakatida bo‘ldim. Bunda pirim — shayx Shamsiddin Parrandadan «Ilmi qiyofa» — qiyofaga qarab baho berish va oldindan taqdirni bashorat etish ilmini mukammal egallaganligim g‘oyat qo‘l keldi. Ittifoqo, bir arzigo‘yning suvratin keltirish-di. Suvratga tikilib, aning g‘iybat va bo‘htonga ruju qo‘yganin angladim. Qabul buyurmadim. Ammo ul kishi mulozimlarga zo‘rlik bilan huzurimga g‘avg‘o solib kirdi.
— Sohibqiron, — derdi u kishi, — siz haqsiz. Keyingi umrimda men-da ko‘p qatori g‘iybat va bo‘htonga ruju qo‘ydim. Ammo ilgari chin ko‘ngil kishi erdim. Naylayki, zamon zayli meni shu ko‘yga soldi... Ortiq chidashim mushkul... Arzim ham zamona zayli-dandur. Fayz beruvchi suhbatingdan mahrum etma!..
Shundan so‘ng qabulga izn berdim. Mulozimlar bu kishini xos xonaga boshlashdi.


Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 16:51:33

                                                   * * *

Qo‘l ostimizga o‘n to‘rt mamlakat raiyati jam bo‘lg‘onda, Samarqand kelib katta to‘yu tomoshalar berdik. Ziyofatlarga yaqin-yiroqdin barchani chorladik. Odamlar ko‘p kunlar to‘kin dasturxon atrofida bo‘lishib, to‘yg‘uncha yeb-ichishdi. Ziyofatga kelg‘onlarning barisi shodumon erdi, ziyofatlar tugadi. Kelg‘onlarni yanada xursand etmoq niyatida (ro‘zg‘origa, bola-baqrasiga yaratar degan umidda) har bir mehmonga bir boshdan hisori qo‘y tuhfa etmoqni buyurdim. Bakovullar har kishig‘a bittadan qo‘y tutqazib, jo‘nataverishdi... Bexos, xayol oldi: mehmonlarim rostdan-da mamnunmikan? Usti-boshimni o‘zgartirib, ziyofatdan qaytayotgan odamlar to‘dasiga kirdim. Chahor yo‘lda odamlar kuymanishar, dala-dashtda
 o‘sgan qo‘ylarni sudrab, uddasidan chiqolmas erdi. Ayniqsa, besh-olti puddi hisori qo‘chqorni yetaklab olgan kishi qo‘yni harchand tortmasin o‘rnidan qo‘zg‘a- tolmas erdi. Shunda ul kishi tutoqib dedi:
 — Qo‘yniku berishga berding, bir quloch arqonni qizg‘anib nima qilarding. Bir quloch arqon bilan boyib qolarmiding, ey podshohi ziqna...
Bu kishi fikriga qo‘shilg‘onlar bo‘ldi. Shunda el ko‘nglini, odamlar ko‘nglini olmoq naqadar mushkul kanini angladim. Keyin ushbu sabokdan xulosa olib, nuqsonlarga aslo yo‘l qo‘ymaslik tadorikini ko‘rdim.

                                                    * * *

Shom sari yurish oldidan Qorabog‘da chodir tikib uzoq turib qoldik. Harbu zarb mashkdarini puxtalamoq uchun qo‘shin ichinda bo‘lib, ochiq havoda tunadik. Ko‘p vaqt o‘tkazib, safar oldidan chodirga qaytsam, ajib manzaraning guvohi bo‘ldik. Bizning yo‘g‘imizda chodir to‘ynugidan ikki kabutar tushib, juftu halollik qilmishlar. Ular bizning xos o‘rindiqqa xas-xashak-la in qurib, biri tuxum bosib yotur edi Tangri taoloning bu beozor jonivorlariga xalal yetkazmaslik uchun chodirni o‘zga qildik. Ertasi kuni, safarga jo‘nar avvalida, to‘rt nafar navkarni mulozim birla qoldirdik. Ularga tayin etdikkim:
— Tangri taoloning beozor qushlari tuxum ochib, paloponlari uchurma bo‘lg‘uncha, shu yonda bo‘lursiz. Poloponlar uchib chiqqach, chodirni yig‘ib, ortimizdan yetib borg‘aysiz...
Shom safariga otlandik. Jonivorlar borasida tuzgan tadbirimiz Tangri taologa xush yoqib, zafar tug‘ini hilpiratdi..

                                                   * * *

Aziz avliyolar, sahobalar maqbaralarini, qutlug‘ qadamjolarni ziyorat etmoqni ham farz, ham qarz bilur edim. Qayda bo‘lmay, ziyoratgohlar oldida otdan tushib, tahorat olgach, yalang oyoq bilan borib, ziyoratni o‘rinlatdim. Arkonu davlat, barcha mulozimlarim ham ziyoratgohlarni ana shunday tavof etmoqni odat bilishdi.

                                                    * * *

Chaqaloqlarni yig‘latmang‘iz, bolalarga ozor bermangiz — bu gunohi azim erur. Bunday gunohni Olloh xush ko‘rmagay...

                                                    * * *

Hamishalig‘ ta’kid etur edim: xon bo‘lsang-da bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da bog‘ yarat — bir kunmas bir kun mevasini tatirsan...


Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 16:58:37

                                                   * * *

Cherik tuzib, navkar olmokda uch qoidaga amalqildim: birinchidan — yigitning kuch-quvvatiga, ikkinchidan — qilichni o‘ynata olishiga, uchinchidan aql-zakovati-yu kamolotiga e’tibor qildim. Shu uch fazilat jamuljam bo‘lsa, navkarlik xizmatiga oldim. Negakim, kuch-quvvatli yigit har qanday qiyinchiliklarga, azobu uqubatlarga chidamli bo‘ladi, qilich o‘ynata oladigan kishi raqibini mag‘lub eta oladi, oqil navkar har joyda aql-idrokini ishga solib, mushkulotni bartaraf etmog‘i mumkin.

                                                    * * *

Piru komil shayx Bahouddin Naqshbandiyning: «Kam yegin, kam uxla, kam gapir» degan pandu nasihatlariga amal qildim. Arkonu davlatga, barcha mulozimlarga ham aytar so‘zim shu bo‘ldi: «Kam yenglar — ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono bo‘lasizlar.»

                                                    * * *

O’g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog‘liq-salomatligini, jismonan kamolotini aniqladim. Kelinbo‘lmish nasli-nasabi, odob-axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli bo‘lsagina el-yurtga katta to‘y-tomosha berib, kelin tushirdim.

                                                   * * *

O’g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishni ma’n etdim. Zero, sharobning ta’sirida bunyodga kelgan farzand nasl-nasabining buzilishiga ta’sir etgay, debon shu pokiza yo‘lni tutdim.

                                                    * * *

Har kimdan kengash oldim, har kimdan fikr o‘rgandim, qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, uni ko‘ngil xazinasida saqlab, ishlata bildim.

                                                    * * *

Ulamo bilan suhbatda bo‘ldim va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpindim. Ularning himmatlaridan ulush tilanib, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini o‘tindim. Darvesh, faqir va miskinlarni o‘zimga yaqin tutdim, ularning ko‘ngillarini og‘ritmadim va hech bir talablarini rad etmadim. Buzuqi va og‘zi shaloq g‘iybatchi odamlarni majlisimga yo‘latmadim, so‘zlariga amal qilmadim. Biror kimsaga tuhmatu g‘iybat qilsalar, quloq solmadim.

                                                   * * *

Qilichim o‘tkir bo‘lsa-da o‘ylab qinidan chiqardim, shirin so‘z aytib, g‘animning imon topmog‘iga yo‘l ochdim.

                                                    * * *

Men hayotim mobaynida besh narsaga qat’iy e’tiqod qo‘ydim va hamishalig‘ ularga amal qildim. Ular ushbulardir:
OLLOH— ul har narsaga qodir kuch, sidqidildan sig‘insang istagan murodu maqsudinga yetkazadi.
TAFAKKUR — fikrlash va mushohada qobiliyati, quvvai hafizasi kuchli inson har qanday mushkulu mushkulotni oson qilish yo‘lini topa oladi.
IMON — ul insonni barcha jonlilardan farqlantirib turguvchi xususiyatdir. Imonli odam xiyonat qilmaydi, qarindosh-urug‘lari, elu xalqning or-nomusini himoya qiladi, halollik va poklikni fazilat biladi.
KITOB (bitik) — barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir.
QILICh — ul yigitning yo‘ldoshi, el-yurt osoyishtaligining posboni, har qanday dushmanni mahv etish quroli, aning qudrati ila dinsizlarni dinga solmoq mumkin.
 

Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 17:00:16

                                             AMIR TEMUR VASIYATI

Anglab turibmanki, ruh qushi qalb qafasidan parvoz qilmoqchi. Tangri taoloning dargohiga jonimni baxsh etayotibman. Sizlarni uning lutfu mar- hamatiga topshirdim. Obidida qilib o‘ltirmanglar, ohu nola chekmanglar, chunki bundan foyda yo‘q. Ruhimni fotiha va takbir bilan shod etinglar. Alhamdulilloh, Tangri taoloning yordami-la ma’murayi olamni shunday zabt etdimki, bugun tamom Eronu Turonda biron kishining boshqalarning ishiga aralashish yoki jabru bepok qo‘lini bechoralarga ozor berish uchun ko‘tarishga majoli yo‘kdir. Gunohim qancha ko‘p bo‘lsa ham kechiringlar deb, Tangri taoloning mulkini beqiyos saxiylik bilan qo‘riqladim, zolimlarning taaruzli qo‘lini mazlumlarning hayot etagidan yulib tashladim. Saltanat qurib o‘ltirganimda, eshitmagan yoki menga xabar qilmagan, yoxud dunyo sobit bo‘lmagan paytlardan boshqa vaqtda zo‘ravonning zaif ustidan zo‘ravonlik qilishiga yo‘l qo‘ymadim...
 — Shunday bo‘lsa-da, dunyo menga vafo qilmadi, sizlarga ham vafo qilmaydi.
 Lekin zo‘ravonlikka monelik qilish ishini kechiktirish mamlakatni xavfu g‘avg‘o ostida qoldiradi, jumlai xaloyiqning huzur-halovatini buzadi, maslagu tariqatning buzulishiga olib keladi. Qiyomat kuni buni bizdan so‘raydilar, surishtiradilar.
Shu kundan e’tiboran farzandimiz Pirmuhammad Jahongirni o‘zimizg‘a valiahd va toju taxt vorisi etib tayinladikkim, Samarqand taxti uning amr-farmonida bo‘lg‘ay, tamkinlik va istikdol bilan mulku millat, lashkar va raiyatning mu-him yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lsin. Sizlar esa unga tobe’lik va bo‘ysunish marosimini o‘rniga qo‘yinglar, uni birgalikda qo‘llab-qo‘ltiqlanglar, toki olam buzilmasin...
O’g‘illarim! Millatning ulug‘ martabasini, saoda-tini saqlamoq uchun sizlarga qoldirayotgan vasiyat va tuzuklarni yaxshi o‘qing, aslo unutmang va tatbiq eting.
Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifan-gizdir. Zaifalarni qo‘ring, yo‘qsullarni boylar zulmiga tashlamang. Adolat va ozoddik — dasturingiz, rahbaringiz bo‘lsin. Men kibi uzun saltanat surmoq istasangiz qilichingizni yaxshi o‘ylab chekingiz. Bir da’fa chekkandan so‘ngra-da uni ustalik-la qo‘llangiz. Orangizga nifoq tuxumlari ekilmasligi uchun ko‘p diqqat bo‘ling. Ba’zi nodimlaringiz va dushmanlaringiz nifoq tuxumlari sochmoqqa, bundan foyda-lanmakka intilajakdurlar. Faqat vasiyatimda sizga idora shaklini, uning ilkularini ko‘rsatdim. Bularga sodiq qolsangiz, tosh boshingizga tushmas...
Mendan so‘ng xoqon Pirmuhammad Jahongir bo‘lajakdur. Unga menga itoat etar kibi itoat etajaksiz. Qo‘mondonlarim, hozir itoat oyinini ado etingiz...
(Barcha ko‘mondonlar. saroy odamlari yig‘layarak: «Omin» deb fotiha o‘qidilar. Amir Temur 1405 yil 18 fevral kuni vafot etdi. Sohibqironning so‘nggi so‘zi «Lo-iloha illolloh» bo‘ldi.)


Qayd etilgan


Fatima  24 Aprel 2009, 17:04:29

                                       IZOHLAR

ANVAR — ravshan, eng nurli
AXDOS QOZISI — urf-odatlar va kundalik ishlarning bajarilishini nazorat qiluvchi
BARLOS — o‘zbek urug‘laridan biri
BETKAY — tog‘ va qirning kungay tomoni; quyosh nur sochgan tarafi
VALIAHD — toju taxt vorisi, o‘rinbosar
VALINE’MAT — hukmron, boshliq
VOLIY — hokim
GARDUN — falak, osmon
DOR UL-ADOLAT — adolat uyi, qozixona
DOR UL-AMORAT — amirlik uyi, hokim mahkamasi
DORUG’A — shahar hokimi
YOG’IY — dushman, yov
JAYHUN — Amudaryoning qadimgi nomi
JAHONGIR — jahonni bo‘ysundiruvchi, dunyoni oluvchi
JOHID — din yo‘lidagi urush, g‘azovot
ZAVJA — xotin, turmush o‘rtog‘i
ZINDIQLIK — xudosizlik, hurmatsizlik qilish
ZINO — g‘ayri qonuniy jinsiy aloqa; o‘zaro nikohda turmagan erkak va ayolning jinsiy aloqada bo‘lishi
ZIROAT — dehqonchilik, ekinzorlar
ISTIFODA — foydalanish
KADAR — g‘am, qayg‘u, alam, g‘urbat
KORIZ — yer ostidan o‘tkazilgan suv yo‘li
MASHVARAT — davlat arboblari bilan o‘tkaziladigan maslahat kengashi
MUDARRIS — madrasa o‘qituvchisi
MULK — podsholik yeri, davlat hududi, mamlakat
MUQARNAS — binoning qatma-qat uymasi, qabariq shakllar berib ishlangan qubba shaklidagi chiroyli naqshlar
OYIN — qoida, rasm, tartib, usul, odat, ravish
OTIFAT — shirinso‘zlik
PADARI BUZRUKVOR — otaga nisbatan ishlatiladigan hurmatli so‘z
RABOT — karvon qo‘nib o‘tadigan joy, karvonsaroy
RAIYAT — biror podsho yoki xonga qarashli aholi
SADR — urug‘, mansab
SEISTON — hozirgi Pokistondagi bir viloyat
SIPOH — otliq askar, otliq qo‘shin
SOHIB — ega, tasarruf etuvchi
SUYURG’OL — toju taxt oldida ko‘rsatilgan katta xizmatlar evaziga beriladigan yer in’omi
TARIQAT — islom dini oqimi
TAFSIR — Qur’oni karimni izohlash
TILOVAT — «Qur’onni qiroat bilan o‘qish
ULUS — el, xalq
FAVJ — qism, qo‘shin bo‘lagi
FIQH — musulmon huquqshunosligi
XOJA — ega, oila boshlig‘i, uy egasi
XOLISA — davlat daromadlari va yerlari bilan shug‘ullanuvchi mansabdorlardan iborat hay’at
XONAQOH — g‘arib-miskinlar, qalandarlar to‘xtaydigan, istiqomat qiladigan joy, g‘aribxona
XUTBA — juma kunlari va hayitlarda o‘qiladigan namoz (unga davlat boshlig‘i ismi qo‘shib o‘qilgan)
CHERIK — qo‘shin, harbiy tuzilma
SHAYXULISLOM — musulmon jamoasining boshlig‘i
SHAMS — quyosh
SHAHID — qurbon bo‘lish
QAVM — bir mahalla, qishloq kishilari, bir urug‘ vakillari
QAYSAR — Rum va yunon podshohlarining qadimiy laqabi
G’ADDOR — xiyonatchi, aldamchi
G’ANIM — qarshi tomon, dushman, yov
G’USL — cho‘milish
HADIS — Qur’ondan keyingi muqaddas manba
HISOR — qo‘rg‘on, qal’a, harbiy panohgoh

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 21:20:27

Amir Temur o'gitlari



Nashrga tayyorlovchi: Bo'riboy Ahmedov
Hajmi: 231 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan