Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139154 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 36 B


AbdulAziz  10 Iyul 2006, 19:32:29

Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman)



Muallif: Jeyms Joys
Hajmi: 570 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:02:13


Irlandiyalik buyuk yozuvchi Jeyms Joys (1882-1941) ijodi XX asr jahon adabiyoti tarixida muhim o‘rin tutadi. Uning hozirgi zamon adabiyotlariga ko‘rsatgan ta'siri g‘oyatda ulkan. E.Xeminguey, U.Folkner, T.Vulf kabi dunyoga mashhur adiblar uning shogirdlari bo‘lishgani, ular o‘z asarlari haqida Joysning e'tirofini ilhaq bo‘lib kutishgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. 1982 yili YUNESKO qarori bilan irland realistik adabiyotining klassigi Jeyms Joys tavalludining 100 yilligi butun dunyoda keng nishonlandi. Adibning "œDublinliklar" nomli hikoyalar to‘plami, "œMusavvirning yoshlikdagi shamoyili" va "œUliss" romanlari allaqachon yuzlab xalqlar tillariga tarjima qilingan, jahondagi barcha nufuzli oliy o‘quv yurtlari, o‘rta ta'lim adabiyot dasturlari va majmualaridan o‘rin olgan.

O‘zbek o‘quvchisi bu ulug‘ yozuvchi ijodi bilan Istiqlol sharofati tufayli bahramand bo‘la boshladi. Hozircha uning "œDublinliklar" to‘plamidan bir necha hikoyalar, "œJakomo Joys" nomli nasriy asari gazeta va jurnallarda e'lon qilindi. 1993 yili filologiya fanlari nomzodi Tilavoldi Jo‘raevning oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun mo‘ljallangan "œJeyms Joys" nomli risolasi chop etildi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:03:10

Biz o‘z milliy madaniyatimiz, adabiyotimizni puxta o‘rganish, qadriyatimizni tiklash va e'zozlash bilan bir qatorda dunyo madaniyatida chinakam hodisa sifatida e'tirof etilgan, vaqt va zamonlar sinovidan o‘tgan boshqa xalqlarning nodir ijod namunalaridan ham bahramand bo‘lib borishga haqlimiz. Shu ma'noda irlandiyalik adib Jeyms Joys ijodi bilan o‘zbek o‘quvchilarini tanishtirish kitobxonlarimiz ma'naviy dunyosini boyitishga, badiiy saviyasini yuksaltirishga, go‘zallikni nozik va teran his etishga odatlantirishga, didini o‘stirishga, qolaversa, XX asr adabiyotining eng muhim yangiliklaridan xabardor etishga xizmat qiladi.

Quyida sizning e'tiboringizga havola etilayotgan J.Joysning "œMusavvirning yoshlikdagi shamoyili" romani bir qarashda atoqli o‘zbek adiblari Oybek, Abdulla Qahhor va G‘afur G‘ulomning avtobiografik asarlarini yodga soladi. Yosh bolaning, o‘smirning ongi atrof-muhitni qay tarzda qabul qiladi, u ta'lim-tarbiya olayotgan maskandagi o‘zaro munosabatlar, oiladagi, jamiyatdagi vaziyat bola ongining shakllanishida nechog‘li ahamiyat kasb etadi, muayyan muhitda shakllangan bu ong o‘z-o‘zini anglash jarayonlarini qanday kechiradi — bular barchasi J.Joys romanida nozik psixologik tahlillar orqali juda chuqur ochib berilgan. Muallif asar qahramonining fikrlarini, o‘y-xayollarini, kechinmalari va his-tuyg‘ularini asosan uning ichki monologlari orqali ko‘rsatib beradi.

Tarjimon

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:04:13

Jeyms JOYS

MUSAVVIRNING YOSHLIKDAGI SHAMOILI

Tarjimon: Ahmad Otaboyev



BIRINCHI BOB

Et ignotas animum dimittit in artes*1.
Ovidiy, Metamorfozalar, VIII, 18
Qadim-qadim zamonda Mo‘-mo‘ degan bir govmish yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, kunlardan bir kun aqlli-hushli, yoqimtoy bolakayga duch kelibdi, bolakayning ismi Bo‘-bo‘ ekan.
Bu ertakni otasi unga aytib berardi. Uning yuzlari sertuk edi.
Bo‘-bo‘ degan bola edi u. Mo‘-mo‘ Betti Bern yashaydigan tomondagi yo‘ldan yurib kelardi: Betti limonli obaki sotardi.
Yam-yashil chamanzorda
Gullagan, hoy atirgul.
U shu qo‘shiqni aytardi. Bu uning qo‘shig‘i edi.
To‘shagingni ho‘llab qo‘yganingda oldin issiq bo‘ladi, keyin muzday. Onang klyonka to‘shaydi. Undan yoqimli hid taraladi. Onangdan taralgan hid otangnikidan yoqimliroq. Onasi uni o‘yinga tushsin, deb royalda dengizchilar raqs kuyini chaladi. U o‘yinga tushadi:
Tra-lya-lya, lya-lya.
Tra-lya-lya, tra-lya-lya-lya.
Tra-lya-lya, lya-lya.
Tra-lya-lya, lya-lya.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:04:53

Charlz tog‘a bilan Denti qarsak chaladi. Ular otasi va onasidan katta, ammo Charlz tog‘a Dentidan ham keksaroq.
Dentining jovonda ikkita cho‘tkasi bor. Dastasiga jigarrang barxit qoplangan cho‘tka Maykl Devitt sharafiga, yashil barxit qoplangan cho‘tka esa Parnell sharafiga. Har gal papiros qog‘ozining varag‘ini keltirganida Denti yalpizli obaki beradi.
Venslar yettinchi uyda yashaydi. Ularning ota-onasi boshqa. Hali katta bo‘lsa, u Eylinni oladi. U stolning tagiga bekindi. Onasi:
—Kechirim so‘ra, Stiven, — dedi.
Denti:
—Uzr so‘ramasang-chi, burgut uchib keladi-da, ko‘zingni cho‘qib oladi, — dedi.
Ko‘zingni cho‘qib olur,
Tirrancha, so‘ra uzr,
Tirrancha, so‘ra uzr,
Ko‘zingni cho‘qib olur,
Tirrancha, so‘ra uzr,
Ko‘zingni cho‘qib olur,
Ko‘zingni cho‘qib olur,
Tirrancha so‘ra uzr.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:05:15

* * *
Katta sport maydonlarida bolalar to‘pirlashib, yugurib-elishadi. Bari baravariga baqirib-chaqiradi, tarbiyachilar ham hay-haylashib, ularga dalda berishadi. Kech kirib, kun xira tortgan, havo salqin, har gal to‘p surayotganlarning hujumi va zarbalaridan yag‘iri chiqib ketgan charm to‘p zil-zambil qushday bo‘zargan havoga vazmin ko‘tariladi. U komandasining dumida sudralib, tarbiyachilarning ko‘zidan panaroqda, qo‘pol oyoqlaridan chetroqda yer tepib, depsinib yuribdi, ora-sira o‘zini yugurayotganga o‘xshatib ko‘rsatadi.
Bu to‘dada u o‘zini kichkina va kuchsiz his etadi, uning ko‘zlari ham xira, yoshlanib turadi. Rodi Kikem unday emas: Rodi uchinchi komandaga kapitan bo‘ladi, deyishadi bolalar.
Yaxshi bola-da Rodi Kikem, Sassiq Rouch yomon, isqirt. Rodi Kikemning oyog‘iga kiyadigan himoya qalqonchalari yechinadigan xonada shkafda, qand-qurs solingan savatchasi oshxonada turadi. Sassiq Rouchning qo‘llari beso‘naqay. Marosim oshi — bo‘tqa, deydi u. Bir kuni u so‘rab qoldi:
— Oting nima?
Stiven javob berdi:
— Stiven Dedalus.
Shunda Sassiq Rouch dabdurustdan dedi:
— Bu o‘zi qanaqa ism?
— Stiven nima deb javob berishni bilmay qoldi, Sassiq Rouch esa tag‘in so‘radi:
— Kim sening otang?
Stiven aytdi:
— Jentelmen.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:05:43

Shunda Sassiq Rouch so‘radi:
— Nima, sening otang sudya emasmi?
U to‘p surayotgan bolalar ortidan ilakishib, depsinib yuribdi, ora-sira o‘zicha u yoq-bu yoqqa chopqillaydi. Qo‘llari sovuqdan ko‘karib ketdi. U qo‘llarini belbog‘li kalta kamzulining cho‘ntaklariga tiqdi. Belbog‘ degani bu cho‘ntaklardan balandroqda turadigan bir narsa. Yoqalashganda zo‘r chiqqanni: belbog‘i qoruvli deyishlari shundan.
Bir kuni Kentuellga bir bola shunday dedi:
— Agar xohlasam bir zumdayoq uningni o‘chiraman.
Kentuell dedi:
— Boshqalarga ham tirg‘alib ko‘r-chi. Qani, Sesil Sanderning unini o‘chirish qo‘lingdan kelarmikan. Ko‘raman, ortingga yaxshilab tepki yeganingni.
Bunday tillashish odobdan emas. Onasi kollejda yoqimsiz bolalar bilan jiqqillashib yurmagin, deb tayinlagan. Onajoni judayam chiroyli-da. Birinchi kelgan kun qasrning qabulxonasida xayrlashayotib onasi uni o‘pmoqchi bo‘lib yuzidagi to‘r-chimmatni xiyla ko‘tardi, onasining burni, ko‘zlari qizarib ketgan edi. Biroq u o‘zini bir kuyga soldi, ko‘rmaganga oldi, onasi yig‘lab yuboradiganday tuyuldi unga. Onasi yig‘lasa yuzi o‘zgarib qoladi. Otasi unga ikkita besh shilinglik tanga berdi — harqalay cho‘ntagi quruq turmagani tuzuk. Otasi unga biror zarurat sezsa, uyga xat yozishini aytdi, zinhor o‘rtoqlaring ustidan chaqimchilik qilib yurmagin, deb tayinladi. Shundan so‘ng rektor eshik oldida otasi va onasining qo‘llarini siqib xayrlashdi, rektorning egnidagi uzun yaktagi shamolda hilpiradi, otasi bilan onasi o‘tirgan izvosh jildi. Ular qo‘l silkishdi va izvoshdan unga qichqirishdi:
— Xayr, Stiven, xayr.
— Xayr, Stiven xayr.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:07:25

Uning atrofida bolalar to‘p talashib, ur-sur boshlandi, chaqchaygan ko‘zlarni, loyga belangan boshmoqlarni ko‘rib u qo‘rqib ketganidan enkayib oldi va bolalarning oyoqlari ostiga qaray boshladi. Bolalar yoqalashar, pishqirishar, ularning oyoqlari tipirchilar, bir-birini tepkilardi. Keyin Jek Lotenning sariq botinkasi to‘pni tepib yubordi, boshqa botinkalar va oyoqlar uning ortidan yugurib ketdi. U biroz chopib borib to‘xtadi. Yugurishga hojat yo‘q. Hali-zamon yotoqqa qaytishadi. Kechki ovqatdan so‘ng, sinfxonada, partasiga yelimlab qo‘yilgan raqamni—etmish yettini yetmish olti qilib o‘zgartiradi.
Hozir bu yerda, izg‘irinda uloqib yurgandan ko‘ra sinfxonada o‘tirgani yaxshi. Havoning avzoyi buzuq, bosh binoda, qasrda esa olov yonib turibdi. U o‘zicha, Gamilton Rouen qaysi derazadan shlyapasini chakalak ustiga otgan ekan, deb o‘yladi, o‘sha paytda ham deraza tagida gulxona bo‘lganmikan. Bir kuni, qasrdaligida, bu yerlik xizmatchi unga askar otgan o‘qning eshikdagi izini ko‘rsatdi va jamoa iste’mol qiladigan yong‘oqli qotirma non berdi. Qasrda olovga termulib o‘tirish mazza-da, issiq. Xuddi kitobchada yozilganday. Lester abbatligi shunaqa bo‘lgandir, ehtimol. Doktor Kornuellning darsligida qanday yaxshi gaplar bor edi. Ular she’rga o‘xshaydi, biroq she’r emas, husnixatni mashq qilish uchun berilgan misollar, xolos:

Uolsi Lester abbatligida qazo qildi,
Abbatlar uni shu yerga dafn etdilar.
Giyohlarni qurt-qumursqa yeb bitiradi,
Jonzotlarni qisqichbaqa kemiradi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:07:46

Hozir kamin yonidagi gilamga cho‘zilib yotib, iyagingga kaftlaringni tirab bu gaplarning mag‘zini chaqsang. U seskanib ketdi, badanida allaqanday sovuq shilimshiq suyuqlik oqib tushayotganday bo‘ldi. Uelss pastkashlik qildi-da, uni hojatxona teshigiga qarab itarib yubordi, jajji tamakidonini oshiqqa alishmagani uchun shunday qildi, uni Uelss qimorda qirq marta yutib olgan edi. Suv sovuq, shilimshiq edi-ya! Bir bola katta kalamushning bo‘tqaga o‘zini otganini ko‘rib qolgan. Onasi bilan Denti kamin yonida, Brijetning choy olib kelishini kutib o‘tirishibdi. Onasi oyoqlarini kaminning panjarasiga qo‘ydi, munchoqdan gul solib tikilgan paypog‘i isidi, ulardan xushbo‘y hid, mayin harorat taraldi. Dentining bilmagan balosi yo‘q. Denti unga Mozambik bo‘g‘ozi qaerdaligini, Amerikadagi eng uzun daryo, oydagi eng baland tog‘ qanday atalishini o‘rgatadi. Hazrat Arnoll Dentidan ham ko‘p biladi, chunki u ruhoniy, biroq otasi bilan Charlz tog‘a Denti aqlli, o‘qimishli ayol, deyishadi. Ba’zan Denti ovqatdan so‘ng, og‘zini qo‘li bilan to‘sib, g‘alati tovush chiqaradi: bu — kekirik.
Maydonning narigi chetidan kimdir qichqirdi:
— Hamma uyga!
Unga kichik va tayyorlov sinflari bolalarining ovozi qo‘shildi:
— Uyga! Hamma uyga!

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:08:02

Qizarib-bo‘g‘riqib ketgan, ust-boshlari loyga belangan bolalar bir joyga to‘planishdi, u bolalarning orasida ketayapti, yotoqqa qaytayotganidan xursand. Rodi Kikem to‘pni sirpanchiq bandidan ushlab ko‘tarib borayapti. Bolalardan biri unga oxirgi marta to‘pni tashlab ber, dedi, biroq Rodi pinagini buzmadi, hatto javob ham qilmadi. Saymon Munen jim yur, nazoratchi kuzatib kelayapti, dedi. Shunda haligi bola burilib, Saymon Munenga shunday dedi:
— Nima uchun bunday deyayotganingni bilamiz. Sen uchiga chiqqan xushomadgo‘ysan.
"œXushomadgo‘y"œ qandaydir g‘alati so‘z. U bola Saymon Munenni behuda haqorat qilmadi. Saymon Munen ba’zida nazoratchi Makgleydga orqa qilib, yeng uchida ish bitiradi, nazoratchi bo‘lsa go‘yo o‘zini jahli chiqqanday ko‘rsatadi. Bu so‘zning ohangi yoqimsiz. Bir safar u Uiklou mehmonxonasida hojatxonadagi chanoqda qo‘lini yuvdi, keyin otasi zanjirga bog‘lab qo‘yilgan tiqinni ochib yubordi va shunda yuvindi suv teshikdan pastga oqib tusha boshladi. Suv sekinlab oqib ketgandan so‘ng chanoqning teshigidan: "œx-u-sh" degan tovush chiqdi. U shuni esladi, yana hojatxonaning oppoq devorlari esiga tushdi, badani junjikib, sovqotganday bo‘ldi, keyin qizib ketdi. U yerda ikkita jo‘mrak bor, ularni burash kerak, shunda sovuq va issiq suv oqadi. Badani bir zum sovqotib qaltiradi, keyin biroz qiziganday bo‘ldi. U jo‘mraklarga muhrlangan so‘zlarni ko‘rdi. Bunda qandaydir g‘alati sir bor edi.

Qayd etilgan