Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139072 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 36 B


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:09:01

Dahliz ham sovuq, havosi allaqanday bo‘g‘iq, zax. Hechqisi yo‘q, hademay gazni yoqishadi, gaz yonib turganda, xuddi ashula xirgoyi qilganday, bir maromda vishillaydi. O‘sha, har doimgi ashulasini kuylaydi, bolalar shovqin qilishmasa dam olish xonasida xirgoyini eshitsa bo‘ladi.
Arifmetika darsi boshlandi. Hazrat Arnoll doskaga bir qiyin masalani yozdi-da, bolalarga qarab shunday dedi:
— Xo‘sh, qani, kim g‘olib chiqarkan? Boshla, York! Tez bo‘l, Lankaster!
Stiven jon-jahdi bilan kirishdi, biroq masala juda murakkab edi, u chalkashib ketdi. Ko‘kragidagi, kamzulining ustidan oq atirgul qo‘shib taqilgan shoyi nishoncha titray boshladi. U arifmetikadan kuchli emas edi, biroq Yorklar yutqazib qo‘ymasin, deb jon-jahdi bilan tirishdi. Hazrat Arnoll yuziga jiddiy tus berdi, biroq u jahlga minmagan, miyig‘ida kulib turardi. Tuyqusdan Jek Loten barmoqlarini qirsillatdi va Hazrat Arnoll uning daftariga nazar tashlab, dedi:
— To‘g‘ri, yasha Lankaster! Qirmizi atirgul yutdi. Qani-qani, bo‘sh kelma, York! Qani, tez bo‘l.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:09:19

Jek Loten o‘tirgan joyidan ularga qarab-qarab qo‘yadi. Uning dengizchilar kiyadigan moviy ko‘ylagidagi qirmizi atirgul qo‘shib taqilgan jajji shoyi nishoncha judayam yarashiqli edi. Stiven yuzlari qizarganini his qildi, shu damda u bolalarning tayyorlov sinfida kim kuchli: Jek Lotenmi yo Stivenmi, deb bahs boylashganini eslagandi. Birinchi o‘quvchi nomini bir hafta Jek Loten, bir hafta u qo‘lga kiritgan vaqtlar ham bo‘lgan. Navbatdagi masalani yechar ekan, uning oq shoyi nishonchasi titrab, qulog‘i ostida Hazrat Arnollning ovozi jaranglab turdi. Keyin uning g‘ayrati susayib qoldi, manglayiga sovuq ter tepchidi, yuzlari bir zumda sovub qolganini his qildi. Betim sovib ketdi, demak, oqarib ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi u. Masalani yecha olmadi, biroq tashvishlanmasa ham bo‘ladi. Oq atirgul, qirmizi atirgul—bari chiroyli gullar! Birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘quvchiga beriladigan guvohnomalarning ham hammasi birday chiroyli: qirmizi, oq sariq va binafsha. Oq sariq, binafsha va qirmizi atirgullar ham chiroyli. Balki yovvoyi atirgullar aynan shundaydir: bexosdan xayoliga maysazordagi yovvoyi atirgul haqidagi qo‘shiq keldi. Biroq atirgullarning yashil ranglisi bo‘lmaydi. Kim bilsin tag‘in, bir joylarda bo‘lsa bordir.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:09:32

Qo‘ng‘iroq jiringladi va o‘quvchilar sinf-sinf bo‘lib birin-ketin dahlizdan yurib oshxonaga yo‘l olishdi. U likopchasidagi ikki tuyur sariq yog‘ga termilib o‘tiribdi, biroq yelimshak nonni yeya olmadi. Dasturxon ham ho‘l, shilimshiq. Shunga qaramay, u oq etak bog‘lab olgan qo‘pol xizmatchi krujkasiga shopirib quyib ketgan issiq choyni bir ko‘tarishda sipqordi. Sassiq Rouch bilan Sorin qahva ichdi, ularga qahvani uyidagilari tunuka qutilarda yuborishadi. Bu yerning choyini ichib bo‘lmaydi, yuvindiga o‘xshaydi, deyishadi ular. Ularning otalari — katta sudya, deb gapiradi bolalar.
Bolalar unga juda g‘alati tuyuladi. Ularning hammasining otasi, onasi bor, hammasining kamzullari va ovozlari har xil. Shu zumda uylarida bo‘lib qolsa, qani endi onasining tizzasiga boshini qo‘yib yotsa. Biroq buning hech iloji yo‘q, qani bu o‘yinlar, darslar, ibodatlar tezroq tugay qolsa, borib to‘shakda cho‘zilib yotardi.
U yana bir krujka qaynoq choy ichdi, shu payt Fleming so‘radi:
— Senga nima bo‘ldi? Biror joying og‘riyaptimi?
— Bilmayman, — dedi Stiven.
— Qorning og‘riyotgan bo‘lsa kerak, — dedi Fleming, — ranging oqarib ketganga o‘xshaydi. Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi.
— Ha, — dedi Stiven.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:10:19

Biroq uning qorni og‘rimayotgandi. Yuragim og‘riyapti, deb o‘yladi u, agar shu joy og‘rishi mumkin bo‘lsa. Fleming ko‘ngli ochiq bola, undan hol so‘radi. Yig‘lagisi keldi uning. Tirsaklarini stolga tiradi va kaftlari bilan ikkala qulog‘ini mahkam bekitdi, keyin ochdi. U har gal qulog‘ini chippa bekitib, keyin ochganda oshxonadan kuchli shovqin eshitiladi. Bu xuddi tunda shitob bilan ketayotgan poezd shovqiniga o‘xshaydi. U qulog‘ini bekitsa shovqin tinadi, poezd tunelga kirib ketganday. O‘sha oqshom Dokida poezd mana shunday gumburlagan edi, tunnelga kirishi bilan shovqin tindi. Stiven ko‘zlarini yumdi, poezd yurdi—shovqin, so‘ng jimlik, yana shovqin—jimlik. Uning gumburlashini, keyin tinchlanishini eshitish maroqli, mana, tag‘in tunneldan otilib chiqdi, gumburladi, jimib qoldi.
Keyin yuqori sinf bolalari saflanishib, oshxona o‘rtasidagi poyondozdan yurib o‘ta boshlashdi. Peddi Ret, Jimmi Mejji, ispan bola, unga tamaki chekishga ruxsat berilgan, kichkina portugal ketayapti, jun qalpoq kiyib yuradi. Keyin kichik sinflar va tayyorlov bo‘limi qo‘zg‘aldi. Har qaysi bolaning o‘ziga xos ravish-raftori bor.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:11:10

U dam olish xonasining bir burchagida, o‘zini go‘yo domino o‘yinini tomosha qilayotgan ko‘yga solib o‘tiribdi, ora-sira birmi, ikki bor gazning xirgoyisini eshitishga muvaffaq bo‘ldi. Nazoratchi bolalar bilan eshik oldida tik turibdi. Saymon Munen odatdagiday uning soyasida kuymalanadi. Nazoratchi bolalarga Tallabeg haqida nimanidir gapirayotir.
Keyin u eshikdan nariroqqa yurdi. Uells esa Stivenga yaqin kelib, so‘radi:
— Ayt-chi, Dedalus, sen uxlash oldidan onangni o‘pasanmi?
— Ha, — deb javob berdi Stiven.
Uells bolalar tomonga o‘girilib, dedi:
— Eshitdinglarmi, bu bola har kun oqshom uxlash oldidan onamni o‘paman, deyapti.
Bolalar o‘yinni to‘xtatib, o‘girilib qarashdi va kulib yuborishdi. Stiven ularga qarab, kulishlaridan lovullab tutaqib ketdi:
— Yo‘q, men o‘pmayman.
Uells uning gapini ilib oldi:
— Eshitdinglarmi, bu bola uxlash oldidan onasini o‘pmas ekan.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:11:33

Yana kulgi ko‘tarildi, Stiven ularga qo‘shilib kulishga urindi. Birdan a’zoyi badani qizib ketdi, o‘zini noxush sezdi. Qanday javob berish kerak edi? Unday desa ham, bunday desa ham Uells kuldi-ku! Uelss, aftidan, nima deb javob berishni biladi, chunki u uchinchi sinf. Stiven Uellsning onasini ko‘z oldiga keltirmoqchi bo‘ldi, biroq Uellsga qarashga botinolmadi. Uellsning basharasi unga yoqmasdi. Shu Uells uni kecha hojatxona teshigiga itargiladi, u jajji tamakidonini oshiqqa alishmadi, oshiqni Uells qimorda qirq bor yutib olgan. Uells pastkashlik qildi, bolalar shunday deyishdi. Suv muzday, shilimshiq edi. Bir bola katta kalamushning bo‘tqaga "œshalp" etib tushganini ko‘rib qolgan.
Badanida allaqanday yoqimsiz sovuq shilimshiq suyuqlik yugurganday bo‘ldi, darsga qo‘ng‘iroq chalinganda bolalar dam olish xonasidan tizilib chiqa boshlashdi, u dahlizda, keyin zinapoyada ketayotib kiyimining tagidan izillab sovuq kirayotganini his qildi. Hanuz miyasida nima deb javob berish kerak edi, degan o‘y charx uradi. Qaysisi to‘g‘ri — onasini o‘pgani ma’qulmidi, o‘pmagani? O‘pich degani nima? Onangga "œxayrli tun" deyish uchun boshingni mana bunday ko‘tarasan, onang yuzini tutadi. Shu-da, axir, o‘pich degani. Onasi uning iyagiga lablarini bosadi, onasining lablari yumshoq, lablari uning iyagiga sovuqqina tegadi va qisqagina mayin tovush chiqaradi: pts. Odamlarning bir-birlariga yuzlarini tutishining nima keragi bor ekan?

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:11:45

U o‘z o‘rniga o‘tirib, partasining qopqog‘ini ochdi va tagiga yelimlangan raqamni—etmish yettini yetmish olti qilib o‘zgartirdi. Mavlud ta’tiligacha hali juda uzoq, biroq qachondir baribir u kunlar keladi, axir, yer tinimsiz aylanib turibdi-ku.
Uning geografiya darsligining birinchi betida Yer rasmi bor. Ulkan shar bulutlar orasida. Flemingda bir quti rangli qalamlari bor, bir kuni kechqurun mustaqil dars payti Fleming yerni yashilga, bulutlarni esa jigarrangga bo‘yadi. Bu Dentining javondagi ikkita cho‘tkaday: dastasiga yashil barxit qoplangan cho‘tka Parnell sharafiga, jigarrang barxit qoplangan cho‘tka Maykl Devitt sharafiga. Biroq bunaqa ranglarga bo‘yashni u Flemingdan iltimos qilgani yo‘q. Fleming o‘zi shunday bo‘yadi.
U dars tayyorlamoqchi bo‘lib geografiyani ochdi, biroq Amerikadagi atamalarni yodida saqlay olmadi. Har xil joylar turlicha nomlarda ataladi. Ular turli mamlakatlarda, qit’alarda, qit’alar esa Yerda, Yer esa Koinotda.
U yana birinchi betni ochdi va qachondir o‘zi yozib qo‘ygan so‘zlarni o‘qidi: mana uning o‘zi, ism-sharifi va yashayotgan joyi.
Stiven Dedalus
Tayyorlov sinfi
Klongous Vud Kollej
Sellinz
Kilder grafligi
Irlandiya
Ovrupo
Yer
Koinot

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:12:11

Buni o‘zi qo‘li bilan yozib qo‘ygan. Fleming esa bir kuni kechki payt hazillashib shu betning orqasiga bunday deb yozdi:
Stiven Dedalus — ismim mening,
Irlandiya — mening vatanim.
Klongous — boshpanam mening
Osmon — mening panohim.
U she’rni teskari tomondan o‘qidi, biroq endi she’rga o‘xshamadi. Keyin u birinchi betdagi yozuvni quyidan yuqoriga qarab o‘qib chiqdi va o‘zining ismiga keldi. Mana bu uning o‘zi. U tag‘in hammasini yuqoridan quyiga qarab o‘qidi. Koinotdan keyin nima keladi? Hech nima. Biroq koinot tevaragida, balki uning qaerda tugashini va bu hech nima qaysi joydan boshlanishini belgilaydigan bir nima bordir? U qalin devor bilan to‘silmagandir, ehtimol tevaragini yupqa gardish o‘rab olgan bo‘lishi mumkin. Bor butunicha va hamma joyni o‘rab olishi — g‘alati-ku? Aqlga sig‘maydi. Yolg‘iz tangrigina bunga qodir. Bu cheku chegarasiz ulkan fikrni tasavvur qilishga urindi, biroq xayoliga faqat tangri keldi, xolos. Tangri — tangrining ismi bu, xuddi uning ismi Stiven bo‘lganiday. Dieu—tangri shunday bo‘ladi, tangrini shunday deb ham atashadi, kimdir birov tangriga sig‘inayotib Dieu deb murojaat qiladi, shunda tangri sig‘inayotgan frantsuzligini darhol payqaydi. Ismi turli tillarda turlicha bo‘lsa-da, tangri hammasini tushunadi, odamlar o‘z tillarida tilovat qilishsa-da, nimani gapirishayotganini bilib turadi, baribir tangri tangriligicha qoladi va uning haqiqiy ismi Tangri.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:15:13

Bu fikrlardan u juda toliqdi. Nazarida boshi xumday shishib ketganga o‘xshadi. Varaqni ochib, uyquli ko‘zlari bilan jigarrang bulutlar orasidagi dumaloq yashil yerga qaradi. U o‘ylab boshladi, qaysi to‘g‘ri — yashil rangni yoqlash kerakmi yoki jigarrangnimi, chunki bir kuni Denti qaychi bilan cho‘tkaning dastasidagi Parnell sharafiga qoplangan yashil barxitni so‘kib tashladi va unga eshittirib, Parnell — yaramas odam, dedi. Hozir uylarida bu haqda munozara qilishayotganmikan. Bu siyosat deyilardi. Ikki taraf bo‘lardi: Denti bir taraf, otasi va mister Keysi — boshqa taraf, biroq onasi bilan Charlz tog‘asi biror-bir tarafga qo‘shilishmasdi. Har kuni ro‘znomalar bu haqda nimalardir yozishardi.
Siyosat nima ekanini yaxshi tushunmasligi, Koinot qaerda tugashini bilmasligi unga alam qiladi. U o‘zini kichkina va nimjon sezdi. Qachon u poeziya va ritorika sinfidagi bolalarday bo‘larkan? Ularning tovushi katta odamlarnikiday, barmoqlari ham katta-katta, ular trigonometriyani o‘tadi. Bungacha hali juda uzoq. Avval ta’til bo‘ladi, keyin esa navbatdagi semestr, undan keyin yana bir semestr, undan keyin yana ta’til. Bu poezdga o‘xshaydi, tunnelga kiradi, tunneldan chiqadi va yana shovqinga o‘xshaydi, agar oshxonada qulog‘ingni bekitib turib ochsang, bir eshitilib, bir tinadigan shovqinga. Semestr — ta’til, tunnel — tashqari, shovqin — jimlik, ehe, hali bu judayam uzoq! Qaniydi, tezroq to‘shakka kirib uxlab qolsa. Cherkovda ibodat qilib olinsa bo‘ldi — to‘shakka sho‘ng‘iydi. Uni bezgak tutdi, esnadi. Choyshablar ozroq isigandan keyin to‘shakda yotish mazza-da. Kirgan paytingda muzday bo‘ladi. Buni xayoliga keltirib, badani qaltirab ketdi. Keyin isiydi, shundan so‘ng uyquga ketasan. O‘zingni horg‘in sezishning gashti bor. U yana esnadi. Kechki ibodat tugadimi — tamom, to‘shakka sho‘ng‘iysan, u kerishdi va tag‘in esnagisi keldi. Bir necha daqiqadan so‘ng huzur qilasan. U shitirlayotgan sovuq choyshabga iliq nafas urilayotganini, birdan isib ketayotganini his qildi, a’zoyi badani qizib ketdi, keyin biroz sovuganday bo‘ldi, bezgak tutdi va esnagisi kelib og‘zini ochdi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:15:24

Kechki ibodatga qo‘ng‘iroq chalindi va ular juft-juft bo‘lib zinadan yurib, dahliz orqali cherkovga borishdi. Uzun dahlizdagi chiroqlar ham xira. Hademay hammasi o‘chadi, tinchiydi. Cherkov sovuq, oqshomgi salqin havo ufuradi, marmar ustunlarning esa rangi tungi dengiznikiday. Dengiz sovuq, kechasi ham, kunduzi ham, biroq kechasi sovuqroq. Quyiroqda, ularning uylarining yonida, to‘lqinga qarshi qurilgan g‘ov atrofi ham sovuq va qorong‘i. Uylarida olovda qozoncha qaynayapti, unda punsh pishayapti.
Ruhoniy tepasida turib duo o‘qidi va uning xotirasida duo satrma-satr muhrlandi.
Tangrim! Kalomimni o‘zing rost etgaysan,
Kalomim sharaflarga burkagay nomingni Sening,
Shoshil, Xudoyim, menga najot bergali.
Cherkov sovuq, oqshom nafasi hukm suradi. Biroq bu ilohiy nafas. Bu yakshanba kunlari ibodat chog‘ida ulardan orqaroqda tiz cho‘kib o‘tiradigan dehqonlardan anqiydigan hidga o‘xshamaydi. Dehqonlardan qishloq havosining, yomg‘irning, torf va dag‘al matolarning hidi anqiydi. Ularning nafasi shundoq uning kiftiga urilib turadi, cho‘qinganida ular xo‘rsinib qo‘yishadi. Ular Kleynda yashaydi, deydi bir bola. Kichik-kichik uychalar bor Kleynda. Bir safar ular Sellinzni yoqalab yo‘ldan o‘tib ketishayotganida u qiya ochiq eshikda qo‘lida bola ko‘tarib turgan ayolni ko‘rgan. Qani, uychada bir oqshom tunab, torf tutab yotgan o‘choq oldida, lovullab qizib yotgan cho‘g‘ning alangasi yoritgan g‘ira-shira qorong‘ilikda dehqonlardan anqigan hiddan, yomg‘ir, torf va dag‘al matolarning hididan to‘yib-to‘yib nafas olsang. Biroq daraxtlar orasidan o‘tgan yo‘l qop-qorong‘u! Bunday zimistonda adashib qolganning holiga voy! Bu haqda o‘ylab, uni vahima bosdi. U tilovatning so‘nggi so‘zlarini o‘qigan ruhoniyning tovushini eshitdi. Cho‘qina boshladi, biroq xayolini daraxtlar orasidagi qorong‘ulik haqidagi o‘y tark etmasdi.

Qayd etilgan