Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139078 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 36 B


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:29:13

Bu uning birinchi marta mavlud ziyofatida ishtirok etishi edi. U ukalari va singillarini o‘yladi. Ular narigi xonada kutishyapti, o‘zi ham necha marta kutgan. Qaytarma ko‘krak yoqali kamzulida u o‘zini boshqacha, kattalarday his qildi bugun ertalab, ibodatga borishidan oldin kiyintirishib, onasi mehmonxonaga uni boshlab kirganida otasi yig‘lab yubordi. Chunki uni ko‘rgan payt otasi yodiga tushgan. Charlz tog‘a shunday dedi.
Mister Dedalus idishning qoqog‘ini yopib qo‘ydi va ishtaha bilan ovqat yeyishga kirishdi.
— Sho‘rlik Kristi, — ming‘irladi u, — aftidan u o‘zining makru hiylalariga butkul o‘ralashib qolganga o‘xshaydi.
— Saymon, — dedi missis Dedalus, — sen missis Rayordenga qayladan uzatmayapsan.
— Darvoqe, — dedi u hozirjavoblik bilan, — missis Rayorden, men gumrohning gunohimdan o‘ting.
Denti qo‘li bilan likopchasini to‘sdi:
— Yo‘q, minnatdorman.
Mister Dedalus Charlz tog‘aga o‘girildi:
— Siz-chi, ser?
— Hammasi joyida, Saymon.
— Jon, sizga-chi?
— Menga bas. O‘zingiz olavering.
— Senga-chi, Meri? Likopchangni uzat, Stiven. Olsang-chi, olaver, mo‘yloving tezroq chiqadi. Qani!

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:29:42

U Stivenning likopchasiga qayladan uyub soldi va idishni stolga qo‘ydi. Keyin Charlz tog‘adan go‘sht mazalimi, deb so‘radi. Charlz tog‘a gapira olmadi, og‘zi band edi, boshini sermab qo‘ya qoldi.
— Qadrdonimiz o‘shanda ruhoniyga munosib javob qilganmidi? A? — dedi mister Dedalus.
— Men bunga uning qurbi yetadi, deb o‘ylamagan edim, — dedi mister Keysi.
— "œCherkovning xarajatini men o‘zim to‘layman, hazrat, siz Tangrining dargohini tashviqot yuritadigan minbarga aylantirishni bas qilsangiz bo‘lgani"1.
— O‘z piriga bundan ortiq gap aytib bo‘ladimi, — dedi Denti. — Aniqsa, o‘zini katolikman degan odamning og‘zidan shu gap chiqsa-ya.
— Ular aybni nafaqat o‘zlaridan qidirganlari ma’qul, — dedi mister Dedalus soxta halimlik bilan. — Agar ular aqlliroq bo‘lishganda din bilan mashg‘ul bo‘lishardi, boshqalarning ishiga tumshuq tiqib yurishmasdi.
— Axir, shuning o‘zi din-da, — dedi Denti. — Ular xalqni ogohlantirib, o‘z burchlarini bajarishyapti. Ular o‘z jamoalariga pand-nasihat qilib turishlari kerak-ku.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:31:15

— Biz cherkovga — Tangrining uyiga bosh egib yaratganga ibodat qilish uchun kelamiz, — dedi mister Keysi, — saylovoldi nutqlarini tinglash uchun emas.
— Shuning o‘zi din-da, — takrorladi Denti. — Ular to‘g‘ri qilishyapti. Ular o‘z jamoalariga va’z o‘qib turishlari kerak.
— Mehrobdan turib tashviqot yurgizishlariga nima deysiz? — so‘radi mister Dedalus.
— To‘g‘ri-da, — dedi Denti. — Bu jamoaning ma’naviyatiga daxldor. Agar ruhoniy o‘z qavmiga nima yaxshi-yu, nima yomonligini tushuntirmasa, uning ruhoniyligi qaerda qoladi?
Missis Dedalus qo‘lidagi pichoq bilan sanchqini dasturxonga qo‘yib, dedi:
— Xudo xayringizni bersin, siyosiy munozaralaringni juda bo‘lmasa bugun, shunday kunda qo‘ya turinglar!
— Mutlaqo haqsiz, mem, — dedi Charlz tog‘a. — Bas, yetar, Saymon. Bo‘ldi endi, tamom.
— Xo‘p, xo‘p, — dedi bidirlab mister Dedalus.
U idishning qopqog‘ini ilkis ko‘tardi:
— Xo‘sh, kimga yana kurkadan?

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:31:45

Hech kim javob qilmadi. Denti yana gap ochdi:
— Voizlikni katolikka chiqargan, ha, shubhasiz, katolikka.
— Missis Rayorden, o‘tinib so‘rayman, — dedi missis Dedalus, —buguncha shu gapni to‘xtatib turaylik.
Denti u tomonga o‘girilib dedi:
— Sizningcha, men cherkov a’yonlarini tahqirlashlariga chidab turishim kerakmi?
— Agar ular siyosatga aralashishni bas qilishsa, — beixtiyor gapga qo‘shilib ketdi mister Dedalus, — hech kim ularga bir og‘iz ham gapirmaydi.
— Irlandiyaning yepiskoplari va poplari o‘z so‘zlarini aytishdi, — e’tiroz bildirdi Denti, — ularga bo‘yin berish kerak.
— Ular siyosatdan voz kechsin, — gapga aralashdi mister Keysi, — bo‘lmasa xalq cherkovdan yuz o‘giradi.
— Eshitdingizmi? — dedi Denti missis Dedalusga murojaat qilib.
— Mister Keysi! Saymon! Bas, yetar, o‘tinib so‘rayman, — yalina boshladi missis Dedalus.
— Yaxshimas! Yaxshimas! — dedi Charlz tog‘a.
— Bu qanday gap! — qichqirdi mister Dedalus. — Biz inglizlarning bir ishorasi bilan undan voz kecharmishmiz!

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:32:22

— U xalqni ortidan ergashtirishga noloyiq bo‘lib qolgan edi, — dedi Denti. — U hammaning ko‘z oldida gunohga botib yashadi.
— Hammamiz gunohkormiz, hammamiz gunohkor badbaxt-larmiz, — vazminlik bilan javob qildi mister Keysi.
— "œHoyu havasdan butkul tiyilish mushkul, biroq bundayin gunohdan o‘zini chetga ola bilmaganning holiga voy, — dedi missis Rayorden. — Magar bunday kimsaning gardaniga tegirmon toshini boylasalar, boz uni dengizga tashlasalar tuzuk, toki u o‘zgalarni yo‘ldan ozdirmagay". Mana, muqaddas kitobda nima deyilgan.
— O‘ta bo‘lmagur so‘zlar bular, agar mening fikrimni bilishni istasangiz, — dedi mister Dedalus sovuq ohangda.
— Saymon! Saymon! — Charlz tog‘a uni turtdi. — Yosh bolaning oldida-ya!
— Xo‘p-xo‘p, — dedi xato qilganini payqab mister Dedalus. — Aytgancha... Men aytmoqchi edimki... Bo‘lmag‘ur gaplarni stantsiyadagi bir hammol aytibdi. Shunday desak tuzukroq bo‘lar. Qani, Stiven, likopchangni cho‘z, oshna. Qoldirmagin-a, hammasini yegin.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:32:41

U to‘latilgan likopchani Stivenga uzatdi va Charlz tog‘a bilan mister Keysining likopchalariga kurka go‘shtidan ikkita katta bo‘lakni qo‘yib, ustiga qayladan bostirib qo‘ydi. Missis Dedalus ovqatdan kamgina yedi, Denti esa qo‘llarini tizzasiga qo‘yib o‘tirardi. Uning yuzi qizarib ketgan edi. Mister Dedalus sanchqi bilan kurkaning qolgan-qutganini kovlashtirarkan, dedi:
— Bu yerda yana bitta mazali luqma qoldi, buni arxierey luqmasi deyishadi. Xo‘sh, xonimlar, jentelmenlar, qani kimga?..
U kurka go‘shtini sanchqiga sanchib ko‘tardi. Hech kim og‘iz ochmadi. U luqmani o‘zining likopchasiga qo‘yib dedi:
— Mening ishim taklif qilish. Biroq endi bu o‘zimga qoldi, shekilli, o‘zim yeyman. Keyingi paytlarda negadir kuchdan qolayotgandayman.
U Stivenga ko‘zini qisdi va bir qo‘li bilan likopchasini pana qilib, yeyishga tutindi. U yeb bo‘lgunicha hech kim churq etmadi.
— Havoyam zap havo bo‘ldi-da! — dedi u. — Shaharda musofirlarning ko‘pligini aytmaysizmi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:32:52

Hech kim gap qo‘shmadi. U yana gapira boshladi:
— Menimcha, o‘tgan yilgi mavlud bayramiga qaraganda bu yil ziyoratchilar ko‘p keldi.
U o‘tirganlarning dasturxonga egilgan bir qadar mulzam yuzlariga ko‘z yugurtib chiqdi va hech qanday javob eshitmagach, bir daqiqa sukut saqlab turdi-da, so‘ng alam bilan dedi:
— Xullasi kalom, mening mavlud ziyofatimni buzdinglar!
— Cherkov a’yonlariga hurmat bo‘lmagan uyda, — deb uzib oldi Denti. — baxt-saodatga, xushvaqtlikka o‘rin yo‘q.
Mister Dedalus qo‘lidagi sanchqi bilan pichroqni likopchaga sharaqlatib tashlab yubordi.
— Hurmat!? — dedi u. — Billiga hurmatmi, sharmandalarcha safsata sotgani uchun-a yoki o‘sha armlik meshqorin ochofatgami! Hurmat-a?!
— Cherkov amaldorlari! — achchiq kinoya qildi mister Keysi.
— Lord Leytrimning otboqari, — qo‘shimcha qildi mister Dedalus.
— Ular xudoning yorlaqagan bandalari, — dedi Denti. — Mamlakatning faxri!
— Ochofat meshqorin, — dedi yana mister Dedalus. — U uxlagan paytdagina beziyon. Uning qirovli qish kunida cho‘chqa go‘shtiga karamni qo‘shib urib yotganini bir ko‘rsangiz edi! Polvon!

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:33:09

U tumtoq basharasini bujmaytirdi va lablarini chapillatib qo‘ydi.
— Qo‘ying, Saymon, yosh bolaning oldida yarashmaydi bunday gaplar. Yaxshimas.
— Ha-da, katta bo‘lganda hammasini eslaydi, — gapni ilib ketdi Denti qizishib, — bular bari xudoga, dinga va ruhoniylarga qarshi gaplar-ku, ularni o‘zi tug‘ilib o‘sgan uyda eshitib o‘tirsa-ya.
— Eslasin-da, — stolning narigi tarafidan turib qichqirdi mister Keysi, — ruhoniylarning, ularning malaylarining amru ma’ruflariniyam eslasin. Axir, Parnellning yuragini adoyi tamom qilgan, uni go‘rga joylagan shular-ku! Katta bo‘lganida buni ham eslasin, axir.
— Itdan tarqaganlar! — xitob qildi mister Dedalus. — Ahvoli tang bo‘lganda, payt poylab Parnellni sotishdi-ya! Xuddi palid kalamushlarday unga tashlanishdi, g‘ajishdi! Yovuz ko‘ppaklar! Ko‘ppakdan farqi yo‘q ularning. Xudo haqqi!
— Juda to‘g‘ri qilishgan-da. — qichqirdi Denti. — Ular o‘zlarining yepiskoplariga va poplariga itoatkor bo‘lishgan. Ularga shon-sharaflar bo‘lsin!
— Bas, yetar axir, qo‘yinglar bu bema’ni gaplarni! — xitob qildi missis Dedalus. — Biror kun yo‘qki, ko‘nglingni qop-qora qiladigan shunday bema’ni mojarolarsiz o‘tsa.
Charl tog‘a tinchlaninglar degan ma’noda qo‘lini ko‘tardi:
— Jim, jim, jim! Nahotki odam o‘zining fikrini g‘azabga minmay, so‘kinmay gapirishi qiyin bo‘lsa. Bu yaxshimas, axir!

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:33:22

Missis Dedalus Dentining qulog‘iga shivirlab, uni tinchlantirmoqchi bo‘ldi, biroq Denti o‘shqirib berdi:
— Yo‘q, men jim turolmayman! Cherkovimni, e’tiqodimni himoya qilaman, bu dindan qaytganlarga uni tahqirlatib, tupurtirib qo‘ymayman.
Mister Keysi oldidagi likopchani stol o‘rtasiga ilkis surdi, keyin tirsagini stolga tiradi-da, hirqiragan tovushda uy egasiga qarab murojaat qildi:
— Men sizga o‘sha mashhur tupurish tarixini gapirib berganmidim?
— Yo‘q, Jon, aytganingiz yo‘q, — dedi mister Dedalus.
— Nahotki, — dedi mister Keysi, — ammo juda ibrat olsa arziydigan voqea-da. Bu voqea biroz oldinroq, Uiklou grafligida, hozir siz bilan birga yashab turgan joyda yuz bergan.
U to‘xtab, Dentiga o‘girilib, qahr bilan salmoqlab gapira boshladi:
— Ijozatingiz bilan aytib qo‘yay, xonim, agar siz meni nazarda tutib gapirayotgan bo‘lsangiz adashasiz, men dinidan qaytganlardan emasman. Katolikman men, xuddi otamday, uning otasi ham katolik bo‘lgan, uning otasining otasi ham juda qadim zamonlardayoq katolik bo‘lgan va o‘sha paytlarda biz o‘z e’tiqodimizdan qaytgandan ko‘ra hayotning bahridan o‘tib qo‘ya qolishga tayyor edik.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:33:37

— Demak, sizday odam uchun, — dedi Denti, — hozir og‘zingizdan chiqqan gaplarni aytish battar uyat.
— Ayting, Jon, — dedi mister Dedalus kulimsirab. — Qulog‘imiz sizda.
— Katolik emish! — dedi yana kinoya bilan Denti. — Uchiga chiqqan protestant ham bugun men eshitgan gaplarga o‘lsayam chidab o‘tirmasdi.
Mister Dedalus boshini har yoqqa salanglatib, muqom qila boshladi.
— Men protestant emasman, buni sizga takror aytayapman, — dedi mister Keysi joni chiqib.
Mister Dedalus o‘zicha g‘ingshib va boshini salanglatib turdi-da, tuyqusdan hirqiroq tovushda ping‘illab xirgoyi qildi:
Kelinglar, hoy, katoliklar, siz.
Ibodatdan yuzni burmangiz!!
U qo‘liga pichoq bilan sanchqini olib, yana ovqat yeyishga tutindi va mister Keysiga quvnoq ovozda dedi:
— Ayting o‘shani, Jon, qulog‘imiz sizda, bu ovqat hazm bo‘lishiga yordam beradi.
Stiven mehr bilan mister Keysining yuziga qaradi, mister Keysi boshini qo‘llariga tiragancha bir nuqtaga termilib turardi. Stiven kaminning oldida u bilan yonma-yon o‘tirib, uning qahrli, qoramag‘iz chehrasiga tikilishni yaxshi ko‘rardi.

Qayd etilgan