IMOM MUSLIMNING ASARLARI
Imom Muslim ko‘pdan-ko‘p asarlar yaratgan bo‘lib, ularning aksariyati hadis ilmiga bag‘ishlangan. Ulardan ba’zilarining faqat nomlarigina bizga ma’lum, xolos. Olimning quyidagi asarlari bizgacha yetib kelgan:
1. «Al-Jome’ as-sahih». Shubhasiz, bu Imom Muslimning yirik va mo‘‘tabar, shoh asari hisoblanadi. Bu asar haqida keyinroq to‘xtalamiz.
2. «Al-munfaridat va-l-vahdon» (Alohidalar va yakkalar). Ushbu asar payg‘ambar alayhissalom haqidagi hadislardap bitta roviy aytganlari haqida. 1323 hijriy yilda Haydarobodda bosilgan bo‘lib, 34 sahifadai iborat. Bu kitob bilan birga Imom al-Buxoriyning «Az-Zuafo us-sag‘iyr» va Imom an-Nasoiyning «Az-Zuafo va-l-matruqiyn» degan asarlari ham chop etilgan.
3. «Kitob al-kuno va-l-asmo» (Kunyalar va ismlar haqida kitob). Ushbu kitob, nomidan ham ko‘rinib turganidek, kunyalari bilan mashhurbo‘lgan hadis roviylari va ismlari bilan mashhur bo‘lgan roviylarning kunyalari haqidagi kitobdir. Ilmiy nuqtai-nazardan qaraladigan bo‘lsa, bu hol juda muhimdir, chunonchi roviy bir joyda ismi bilan zikr qilinib, ikkinchi joyda kunyasi yoki laqabi bilan atalgan bo‘lsa, uni ko‘pchilik ikki kishi deb tushunishi mumkin. Mana shu tarzdagi chalkashliklarga barham berishuchun Imom Muslimning ushbu kitobi beqiyos darajada qimmatlidir.
Ushbu asarning hijriy beshinchi asrda ko‘chirilgan qimmatli bir qo‘lyozmasi Damashqdagi Al-Zohiriya kutubxonasida saqlanadi. Ushbu asar qo‘lyozmalaridan bir nusxasi Hindistonning Botina va yana bir nusxasi esa Turkiyaning Ali Shahiyd kutubxonasida saqlanadi.
4. «Kitob ut-tamyiz» (Ajratish (farqlash) haqida kitob).
Ushbu asarning oltinchy hijriy asrda ko‘chirilgan bir qo‘lyozma nusxasi Damashqdagi Al-Zohiriya kutubxonasida bo‘lib, oxirida (hammasi 15 varaqdan iborat) biroz noqis sahifalari bor. Qo‘lyozmaning tashqi g‘ilofiga «Imom Muslim «Kitob ut-tamyiz» kitobining birinchi qismi» deb yozilishidan, bu qo‘lyozma mazkur asarning faqat bir qismi bo‘lishi kerak.
5. «Rijol Urva ibn az-Zubayr» («Urva ibn az-Zubayr a’yonlari»). Ushbu asarning bir qo‘lyozma nusxasi Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasida bo‘lib, u 463 hijriy yilda iroqlik mashhur tarixchi al-Xatib al-Bag‘dodiy tomonidan ko‘chirilgan.
6. «Kitob at-tabaqot» («Roviylarning tabaqalari haqida kitob»). Muslim ibn al-Hajjojning bu asarida payg‘ambar alayhissalomni ko‘rganlar va undan rivoyat qilganlar haqida fikr yuritiladi. Asarning bir qo‘lyozma nusxasi Saroy (Turkiya)dagi Ahmad as-Solis kutubxonasida (â„–624/26) bo‘lib, u 628 hijriy yilda ko‘chirilgan.
Bulardan tashqari, Imom Muslimning yana bir qancha asarlari bo‘lib, ular bizgacha yetib kelmagan hisoblanadi. «Al-Afrod», «Afrod ash-shomiyyin», «Al-Akrom», «Avhom al-muhaddnsipn»,. «Al-Ilal», «Kitob at-ta’rix» va boshqalar shular jumlasidandir.
Avvalroq zikr etganimizdek, Muslim ibn al-Hajjoj butun umri davomida ilm talabida o‘z davrining ko‘plabolimlari bilan muloqotda bo‘ldi. Ayniqsa, uning bilan alloma Imom al-Buxoriy o‘rtasida do‘stona, samimiy aloqalar o‘rnatilgan edi. Muslim ibn al-Hajjoj uchun Imom al-Buxoriydan buyuk, yuqori martabali obro‘-e’tiborli bir alloma dunyoda yo‘q edi. U o‘z umrining oxi-rigacha ilmini oshirdi, ijodini to‘xtatmadi, ilm yo‘lida turli shaharlarda bo‘ldi.