- Ben! - qichqirdi Keyn. - Xudoga shukr, joyingda ekansan! Bir daqiqaga oldingga tushmoqchiman.
- Umuman olganda, - xirildoq ovoz eshitildi, - men ketyapman.
- Iltimos, bu juda muhim, - so’radi Keyn.
- Bo’pti, tushaqol, - rozi bo’ldi hamkasbi.
- Rahmat, Ben. hozir tushaman. - Keyn go’shakni qo’ydi, qon tahlili olingan suratni avaylab kitob orasiga joyladi va liftga yo’naldi.
Ko’ldagi burchakda hamma qotib uxlardi. Faqatgina Demen uyg’oq edi. U joyida qimirlamay yotardi. Ko’zlari esa bir nuqtaga tikilgandi. Bolaning ko’zlari o’ziga kerakli narsani izlab topdi. U bor kuchini jamladi. Bolaning peshonasidan ter oqib butun tanasi titray boshladi.
Keyn liftga kirdi va tugmani bosdi. U o’n oltinchi qavatga tushishi kerak edi. Eshiklar zich yopildi va lift harakatga tushdi.
Lekin negadir pastga tushish o’rniga yuqoriga chiqa boshladi.
Shifokor lift ichidagi yonib-o’chayotgan yozuvlarga qaradi. 21... 22... 23... U yana «16» yozuvi bor tugmani bosdi. Lift to’xtadi va eshiklar ochilib-yopildi.