Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96327 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:26:56

- Yur, men bilan, - taklif qildi Demen. - Seni o’zim bilan olib yuraman.
Mark uning ko’zlariga qaradi. U qaltiramay qo’ydi, amakivachchasiga uzoq tikilib turdi, nihoyat boshini chayqadi:
- Yo’q.
Demen yana bir marta uni ko’ndirishga urindi:
- Meni yalintirma...
Mark so’zida qat’iy turib oldi:
- Yo’q!
Bu e’tirozi uning kuchiga kuch qo’shganday bo’ldi. Mark sakrab turdi va bor kuchi bilan yugura boshladi.
- Mark! - chaqirdi uni Demen.
- Menga yaqinlashma, - dedi u Demenga.
- Mark! - qichqirdi Demen Markning ortidan. Bu ovozni Mark ilgari bir marta eshitgandi. O’shanda Demen Teddiga xuddi shunday ovoz bilan qichqirgandi. - Menga qara! - buyurdi u.
Mark to’xtab qoldi. Uning qadam bosishga holi qolmagandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:27:02

- Iltimos, ket, - yalindi u.
Demenning ovozi uni turgan joyiga mixlab qo’ydi.
- Yana bir marta o’tinaman, - dedi Demen xotirjamlik bilan, - iltimos, yur men bilan.
Mark o’girildi va Demenning ko’zlariga tik boqdi.
- Yo’q, - javob qaytardi u qat’iyat bilan va birdan o’zini xotirjam his qildi. - Sen, Demen, o’z taqdiringdan qochib qutula olmaysan. Men esa - o’z taqdirimdan. - Markka xuddi qandaydir kuch uni shu so’zlarni aytishga majbur qilayotgandek tuyuldi. - Sen peshonangga nimalar qilish yozilgan bo’lsa, shuni qilishga majbursan.
Taqdirga tan bergan Mark jim bo’lib qoldi.
Demenni qahr-g’azab tuyg’ulari o’rab oldi. Bu qahr tobora o’sib borar, uning ko’zlari borgan sari yorqinroq chaqnardi. Birdan uning ko’zlari yoshga to’ldi va Demen osmonga tikilganicha titray boshladi...
Richard va Anna bolalarning izlari bo’ylab kelishayotgandi. Anna xotirjam ko’rinardi. Richard esa tez-tez osmonga qarab qo’yardi. U go’g’ki qandaydir noxushlikni sezayotgandek edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:27:08

Kutilmaganda Mark serjant Neffning xonasi yonida Teddi eshitgan g’alati tovushni eshitdi. Xuddi yupqa metall lappaklar bir-biriga urilayotgandek tovush kelayotgandi.
Bu quzg’un qanotlarining tovushi edi.
Mark ko’rinmas, to’xtovsiz hujum qilayotgan raqibidan o’zini himoya qilish uchun qo’llarini ko’tardi va ortiga tisarildi. U dodlagancha qochishga urinar, lekin yovuz qushning dahshatli tumshuq va tirnoqlari uning tanasiga botardi. U yiqilib tushdi va og’riqdan ingrab yubordi. Uning ko’zlaridan qon oqa boshlagandi: u ro’parasida ko’rgan yagona narsa qaddini tik tutgan, shafqatsiz va sovuq, yovuzlikdan yaralgan Demen bo’ldi.
Qush tumshug’i bilan Markning boshini o’yib tashladi. Bolaning ko’zlari bir umrga yumildi.
Qanot tovushi tindi. Demen Markning jonsiz tanasiga qaradi va ovozining boricha qichqirdi. Uning ovozida yolg’izlik ohangi mujassam edi.
Markning atrofidagi qor oqayotgan qondan tobora qizarib borardi.
Demen cho’kkalaganicha Markning jasadini ko’tarmoqchi bo’ldi. U akasini hayotga qaytarishga urinardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:27:15

Demenning dodlagan ovozi Anna va Richardga yetib bordi. Ular yugurib kelishib, akasining jonsiz tanasi ustida engashib turgan Demenni ko’rishdi. U «Mark, o Mark...», degancha yig’lardi.
Annaning qichqirig’ini eshitib Demen boshini ko’tardi va bir zumda o’ziga keldi. U o’rnidan sakrab turdi.
- Biz aylanib yurgandik... - dedi Demen. - u yiqilib tushdi! U...
- Uyga jo’na! - baqirdi Richard.
Demen e’tiroz bildirishga urindi:
- Men hech narsa qilganim yo’q!
- Uyga jo’na, jin ursin seni! - Richard g’azabdan qaltirardi.
Demen uy tomon keta boshladi. Uning ko’zlaridan duvillab yosh to’kilardi.
- U yiqilib tushdi! - dedi bola yo’l-yo’lakay. - Men unga hech narsa qilganim yo’q!
Richard Demendan yuzini o’girdi va xotinining ustiga engashdi. Uni yelkasidan tutib turgizdi. Anna oyog’ida tura olishiga ishonch hosil qilgach, Richard jonsiz o’g’lini qo’liga oldi.
So’ngra Annaga tik qaradi. Uning ko’zlari xotinini ayblardi.
- Yo’q, yo’q, bu Demen emas. U...
Lekin u gapini tugata olmadi. Richard o’g’lining qonga belangan yuziga yonog’ini bosganicha qadam tashladi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:27:27

12

Tornlarning oilaviy sag’anasi Shimoliy qirg’oqda joylashgandi. Bu yerda Rejinald Torn xotini bilan abadiy uyquda yotardi; Richardning birinchi xotini Meri ham shu yerga ko’milgandi; Merion xola ham akasining yonidan joy olgandi.
Markni onasining yoniga dafn etishdi.
«Kuni kelib, - birdan o’ylay ketdi Richard Torn kichik qabr atrofida yig’ilganlarga bir-bir qararkan, - men ham shu yerdan joy olaman».
Richard bilan Anna qora kiyinishgandi. Annaning yonida turgan Demen moviy rangli kursantlar kiyimini kiyib yengiga qora tasma taqib olgandi.
Pol Buxer dafn marosimida «Torn Indastriz» kompaniyasi nomidan qatnashayotgandi. Akademiyadan faxriy qorovul bilan kelgan serjant Neff ham shu yerda edi. Tobutni qabrga tushirishganida kursantlar qo’llarini chakkalariga tirashdi, ulardan biri esa oldinga chiqib Markning burg’usini chaldi.
Burg’u ovozini eshitgan Anna ho’ngrab yig’lab yubordi. Tornga esa burg’u ovozi uning bolaligidagi qo’shiqni eslatdi. Bir paytlar u ukasi Jeremi bilan Akademiyada o’qishganida kursantlar bilan shu qo’shiqni kuylashardi. Xotiralardan Richardning ko’zi yoshga to’ldi va u yig’lab yubordi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:27:33

Ruhoniy ma’ruza o’qishni boshlagach, Richard teskari qarab oldi. Butunlay notanish odam Mark haqida nima deya olardi?
Richardning ko’zi Demenga tushdi va birdan sergak tortdi. Bola Neffga tikilib turar, Neff esa o’z navbatida Buxerdan ko’z uzmasdi. Buxerning nigohi Demenga qadalgandi. O’ziga xos kichkinagina uchburchak hosil bo’lgandi.
Tornni kimdir yengidan tortganday bo’ldi. U o’girildi va Annani ko’rdi. Uning yuzi yoshdan ho’l bo’lib ketgan, ko’zlari esa marosimdan chalg’imaslikni so’rardi.
Richard xotinining qo’lini siladi va qabrga tikilgancha, ruhoniyning so’zlarini tinglashga urindi. Lekin uni yana xayol olib qochdi.
U doktor Fidlerning xonasida bo’lib o’tgan suhbatni esladi.
- Bu qanday sodir bo’lishi mumkin? - so’ragandi Richard. - Axir siz uni tug’ilganidan beri kuzatib borasiz-ku. Nahotki, birorta ham belgi bermagan bo’lsa?
Oila shifokori qayg’u bilan bosh chayqagandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:27:39

- Ming afsus. Ilgari ham shunday voqeaga duch kelgandim. Bola yoki erkak mutlaqo soppa-sog’ bo’ladi, lekin bu narsa inson tanasida joylashib olib qulay paytni kutadi. Uning arteriya devori juda nozik bo’lgan. Shu devor yorilib ketgan... - Shifokor qo’llarini yoydi.
Anna uning so’zini bo’ldi:
- Demak, u tug’ma bo’lgan ekan-da?
Fidler bosh irg’adi.
- Shunday. Chuqur ta’ziya bildiraman.
Ko’mish marosimi tugadi. Kuchli jala quya boshladi va hamma o’z mashinasi tomon yo’l oldi.
Richard xayrlashayotganlarning ta’ziyalarini qabul qildi, so’ng Anna va Demen o’tirgan avtomobilga o’tirdi. Limuzin asta o’rnidan qo’zg’aldi.
Oradan bir hafta o’tib kechki payt Tornlarning uyida telefon jiringladi. Nyu-Yorkdan bir ruhoniy qo’ng’iroq qildi va Richardning zudlik bilan yetib kelishini so’radi. U doktor Charlz Uorren og’ir ahvolda ekanini va tinmay Richard Tornni so’rayotganini ma’lum qildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:27:47

Richardga narsalarini yig’ishtirish uchun bir necha daqiqa yetarli bo’ldi. Anna undan hech bo’lmasa ertalab ketishini iltimos qildi, lekin u bu haqda eshitishni ham istamasdi. U zudlik bilan yo’lga tushishi kerak edi.
- Men borishni istamayman, - qichqirdi u xotiniga, - lekin borishim shart!
Anna karavotga o’tirdi va sigaret tutatdi. Uning qo’llari qaltirardi.
- Charlz bilan telefonda gaplashib qo’yaversang bo’lmaydimi? - so’radi u. - Nyu-Yorkka borib nima qilasan? Charlz sening eng yaqin do’sting emas-ku, yarim tunda uning yoniga borgani.
- Uning hayoti xavf ostida ekanligini va mening borishim shart ekanligini aytishdi, - dedi Richard. U biror narsani unutmadimmi, degan xayolda xonaga ko’z yugurtirdi.
- Sen bizga bu yerda judayam keraksan, - dedi Anna.
Richard unga qaradi.
- Iloji boricha tezda qaytaman. - U Annaning yonog’idan o’pdi va eshik tomon yo’naldi.
- Ertaga Demenga nima deyman? - so’radi Anna.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:27:54

Ostonada turgan Richard bir oz kalovlanib qoldi. U bu haqda o’ylamagandi.
- Unga, - dedi Richard, - men Charlzga Nyu-Yorkda bojxona masalasida yordam berishim kerakligini ayt. Biror bahona o’ylab top. Faqat haqiqatni aytib qo’yma!
Oyoq uchida zinadan tushib limuzin tomon borayotgan Richard Demenning yotoqxonasi eshigi qiya ochilganini sezmadi. Mushuknikidek sap-sariq ko’zlar zulmatni yorib o’tdi.
Samolyot ko’tarilishi bilan Richard Bugengagenning xatini qo’liga oldi. Torn soatiga qaradi. Soat besh yarim bo’lgandi. Nyu-Yorkka yetti yarimda, kechi bilan sakkizda yetib boradi. Shahar bu paytda endigina uyg’onayotgan bo’ladi.
Richard xatni o’qishga kirishdi:
«Yirtqich shunday yaratilganki, unga sajda qilmagan har bir inson o’ldiriladi».
Torn titrab ketdi. Keyingi bir necha oy ichida shunchalik ko’p o’limlar sodir bo’ldiki, ularni tasodif deyish qiyin edi. Bu o’limlar zanjirida birinchi bo’lib Merion xola turardi. Tornning miyasida uning gaplari aylana boshladi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:28:02

«Demenning ta’siri dahshatli, nahotki buni payqamayotgan bo’lsalaring? - degandi Merion xola. - Nima, Markdan ajrashni, uning o’limini istaysizlarmi?»
Keyin esa anovi jurnalist Joan Xart. Dahshatli fojia. Gazetada yozilishicha, u dahshatli tarzda azoblanib o’lgan. Bu kimga kerak edi?
«Barchangizning hayotingiz xavf ostida! - ogohlantirgandi Joan. - Xudoga ishoning!»
Keyin esa Axerton. Yana bir g’alati yo’qotish. U kimga xalaqit bergandi? Torn mana shuni tushuna olmadi. Pasarianning o’limi ham tushunarsiz edi.
Richard dunyodagi eng yirik korporatsiyalardan biri bo’lgan o’z kompaniyasi haqida o’ylay boshladi. Vaqti kelib, u Demenga o’tadi. Shu zahoti uni o’ylantirayotgan savollarga javob topildi. Axerton Buxerning yo’liga to’g’anoq bo’lgan va shuning uchun yo’q qilingan. Buxer kompaniya prezidenti bo’ldi va uning rejalari amalga osha boshladi. Lekin ish u istaganchalik silliq ketmadi. Qandaydir muammolar paydo bo’ldi va buni birinchi bo’lib Pasarian sezib qoldi. So’ngra... halok bo’ldi.

Qayd etilgan