Torn birdan dunyoda sodir bo’layotgan voqealarni o’ylab ketdi. Yaqin Sharqdagi vaziyat borgan sari umumiy urushga aylanib ketish xavfi ostida turar, ehtimol, unga ko’plab davlatlar qo’shilishi mumkin edi. Bu Uchinchi jahon urushi deb ataladi. Albatta, agar buni shunday deb ataydigan biror inson tirik qolsa.
Yadroviy qurollanish jadal sur’atlarda tarqalayotgandi. Deyarli har bir davlat atom bombasiga ega edi. Bor-yo’g’i bitta bomba portlasa kifoya - shu zahoti zanjirli reaktsiya boshlanadi: har bir davlat yer yuzidan yo’qolib ketmaslik uchun boshqa davlatni yo’q qilishga tushadi.
Nyu-York bu yil fojiaga duch kelgan shaharlar qatorida edi. London, Parij, Moskva, Tokio - bu shaharlarda dahshatli fojialar yuz bergandi. Hamma yoqda talonchilik, o’g’irlik, zo’ravonlik va qotilliklar avjga chiqqan, ular borgan sari shafqatsiz tus olayotgandi.