Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96291 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:08:07

2

Ertasi kuni Devidson harbiy Akademiyasida tantanali parad bo’ldi. Kursantlar maktab harbiy orkestri sadolari ostida butun liboslarini ko’z-ko’z qilib o’tishardi.
Polkovnik Akademiyaning asosiy binosiga olib chiqadigan tosh zinada turar va yosh kursantlarning saf tizib o’tishlarini ko’rib, faxrlanardi.
Uning yonida baland bo’yli, xushsurat yigit turardi. Yigitning muskullari harbiy kiyimi ostidan ham bo’rtib chiqqandi.
Polkovnik talabalarning Shukrona kunini o’tkazib Akademiyaga qaytib kelishlari munosabati bilan tantanali nutq so’zladi. So’ng kelgusi haftalik dars jadvallari e’lon qilindi.
Safda turgan Mark Demenga shipshidi:
- Anavi bo’lsa kerak, - U polkovnikning yonida turgan qomatdor ofitserni nazarda tutayotgandi.
- Chidasa bo’ladi, - javob berdi pichirlab Demen.
- Harqalay, gorilla...
Ayni shu lahzada polkovnikning buyrug’i yangradi:
- Bredli vzvodi joyida qoladi. Qolganlar - oshxonaga. Qadam tashla!

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:08:13

Bolalar ofitserlarning atrofiga tizilishdi. Polkovnik yonidagi yigitga ishora qildi.
- Bu serjant Deniel Neff. U serjant Gudrichning o’rniga keldi.
Bu serjant Gudrich birinchi marta tilga olingan xabar bo’ldi. Harbiy maktabda qanday g’ayritabiiy tuyulmasin, kursantlar bilan imkoni boricha o’lim haqida suhbat bormas, o’z joniga qasd qilish haqida gapirish esa umuman mumkin emasdi, zero bunday harakat erkak kishi uchun uyat hisoblanardi. Shuning uchun bechora Gudrich nomi birinchi va oxirgi marta eslatildi.
- Serjant Neff - tajribali askar, - so’zida davom etdi polkovnik, - va sizlarning Akademiyada eng yaxshi vzvod bo’lib yetishishingizga ishonaman. - Polkovnik jilmaydi. So’ngra Neffga o’girildi: - Endi, buyog’iga o’zingiz tanishib olasiz, serjant.
Neff qo’lini chakkasiga tiradi, so’ng polkovnikni orqasidan kuzatib qoldi.
Vzvodning eng oxirgi safida bo’yi barcha kursantlarnikidan baland o’smir turardi. U gavdali va semiz bo’lib, bo’yni va mushtlari tor ko’ylagining yoqa va yenglaridan beso’naqay tarzda chiqib turardi. Barzangining ismi Teddi edi. o’zining yoqimsiz tashqi ko’rinishini xaspo’shlash maqsadida, u doimo boshqa bolalarni xo’rlab yurardi.
Shu lahzada Teddi yangi serjantda taassurot qoldirishga ahd qildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:08:22

- Janob serjant, - iljaydi u Neffning ko’ksidagi ko’zni olgudek darajada yarqirayotgan medallarga qararkan. - Bu mukofotlarni qaysi ishingiz uchun olgansiz?
- Sizga murojaat qilganimdagina og’zingizni ochasiz, - o’shqirdi Neff. - Har bir so’zimni yaxshilab eshitib oling! Sizlarning tayyorgarligingizni zo’r holatga olib chiqmoqchiman. Shuning uchun muvaffaqiyatingiz nuri butun Akademiyani ko’r qilmaguncha burningizni yerga ishqayveraman.
Neff jim bo’ldi va barcha kursantlarga ko’z yugurtirib chiqdi.
- Tushunarlimi?
Rangi oqarib ketgan bolalar bosh silkitishdi. Teddi boshini yerga egdi va tomog’iga tiqilib qolgan tupugini yutdi. U birovlarning oldida yerga urishganini ko’tarolmasdi.
- Hali har biringiz bilan alohida-alohida gaplashaman. Tushlikdan so’ng mening xonamda. - davom etdi Neff. - Hozir esa ismlaringizni aytib chiqinglar.
U yoqdan bu yoqqa qadam tashlarkan, u Markning ro’parasida to’xtadi.
- Mark Torn, - dedi o’smir ofitserning o’tkir nigohiga dosh berolmay turarkan.
- Torn, mening harbiy unvonim bor va bu unvon hozircha meni qanoatlantiradi.
- Mark Torn, janob serjant.
- Torn, a? - iljaydi Neff. - Akademiya bilan sizning oilangizni ko’p narsa bog’lab turadi, shundaymi?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:08:28

Boylik va dabdaba ichida o’sgan Mark juda yaxshi tarbiya topgan va mashhur ajdodlarining eslatilishi boshqa bolalarning kamsitilishiga olib kelishi mumkinligini his qilardi. Shuning uchun u uyatdan qizargancha, nima deb javob berishni bilmay jim turardi.
- Nima unaqamasmi? - qattiqroq so’radi Neff. Mark muloyimlik bilan javob berdi:
- Otam va bobom shu yerda kursant bo’lishgan.
- Yaxshi, - dedi Neff bolaning tarbiyasidan hayratlanib. - Lekin bilib qo’y. Bu senga hech qanday imtig’z bermaydi, bu yerda hamma teng.
- Ha, janob serjant, - javob berdi Mark ofitserning tezroq uning yonidan ketishini istarkan.
Teddi o’zining kamsitilgani uchun javob qaytarmoqchi bo’ldi.
- Bu gaplarni ilgari ham eshitganmiz, - so’z tashladi u. Kursantlar turgan joylarida qotib qolishdi. Neff Teddiga o’girildi va gap qotdi:
- Lekin mendan eshitmagansan, tushundingmi?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:08:35

Ha, bu «yangi» boshliqni yengish oson emas ekan. Teddi Neffning o’tkir nigohiga bardosh berolmadi va yerga qaradi.
Neff oldinga yurdi.
- Isming?
- Demen Torn, janob serjant.
Neff Mark tomonga nazar tashladi, so’ng yana Demenga tikildi.
- Sizlar bir-birlaringizga o’xshamaysizlar.
- Biz amakivachchamiz, janob serjant, - aniqlik kiritdi o’smir va tavakkal qilib jilmaydi. Neffning ko’zlarida nimadir «yarq» etdi, lekin shu zahoti so’ndi.
- Yaxshi, lekin yuqoridagi gaplar senga ham taalluqli. Hech qanday imtig’z yo’q.
Demen bosh silkidi va komandirini nigohi bilan kuzatib qoldi. Neffning nimasidir Demenni hayajonlantirib yubordi, u boshidan oyog’igacha qandaydir hisni tuydi. Lekin buning nima ekanligini tushunmadi. Hozircha.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:08:46

Akademiyadan oltmish mil narida, Chikagoning qoq markazida Richard Torn baland imorat - «Torn Indastriz»ning bosh idorasi ayvonida qadam tashlardi. Uning yonida kompaniya prezidenti Bill Axerton ham bor edi. Zalda yana bir necha kishi bor edi: ishga juda erta kelganlar hamda tungi navbatchilikni topshirganlar.
Oqko’ngil va unchalik ko’zga tashlanmaydigan Axertondan shubhasiz, juda zo’r josus chiqishi mumkin edi. U oltmish to’rtga kirayotgandi va hayotda asta-sekinlik bilan, lekin ortiqcha zo’riqishlarsiz, ishonch bilan ko’zlagan maqsadi sari siljib borardi.
Kollejni bitirgach, Axerton «Torn Indastriz» kompaniyasining rivojlanish va rejalashtirish bo’limiga ishga kelgandi. U ishda o’zini ko’rsatgan va direktorlar kengashi raisi bo’lgan Richard Torndan keyin ikkinchi shaxs hisoblanardi.
Axerton hali ham to’yidan keyin sotib olgan uyida yashardi. U xotinini qattiq sevar, u uning ilk va yagona ayoli edi. Hayot Bill Axerton uchun kutilmagan sovg’alar in’om etmagandi va u do’stlari taqdiridagi parvozu inqirozlarni hayrat bilan kuzatardi.
Ehtimol, Axerton o’ta muloyimdir, lekin ahmoq emasdi. Ha, aqlsiz bo’lganida «Torn Indastriz»ning prezidenti bo’la olarmidi? Prezidentga ancha vaqtdan buyon bir fikr tinchlik bermasdi. Bu Axertonga bevosita bo’ysunuvchi shaxs - maxsus loyihalash bo’limi direktori Pol Buxer bilan bog’liq edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:08:51

Axertondan deyarli o’ttiz yashar kichik bo’lgan Buxer kompaniya prezidentligiga ko’z tikayotganligini yashirmasdi. Lekin Axertonni tashvishga solayotgan kuch bu emasdi. Prezident o’z o’rnini mustahkam egallagan, o’z vazifasini juda yaxshi ado etar va do’sti Richard Torn hech qanday fitnalarga uchmasligini tushunardi. Axerton Buxerni qanchalik yaqinroqdan o’rgangani sari undagi qahri qattiqlik va qat’iyatsizlik tashvishga solardi. O’rinbosari tomonidan o’tkazilayotgan choralar ertami-kechmi kompaniyaning mavqeiga putur yetkazishi mumkin edi. Va kelajakda vakolatlari yanada kengayishi mumkinligi hisobga olinsa, «Torn Indastriz»ga hozirgidan ham ko’ra jiddiy xavf tug’ilishi mumkin edi.
Bularning hammasi Richard bilan zalni kesib o’tayotgan Axertonning xayolidan o’tdi. Ular «Torn Indastriz» kompaniyasiga qishloq xo’jalik zavodini sotib olish taklifi bilan chiqqan Buxer bilan uchrashishlari va korxonani ko’zdan kechirishlari lozim edi.
Ular zavodga borishlaridan ilgariroq Tornni o’z xavotiridan ogoh qilish uchun Axerton bugun ishga erta kelgandi. U keyin bemalol gaplashish imkoniyati bo’lmasligini tushunardi.
Torn har doimgidek betarafligicha qoldi.
- Pol bilan ishlash qiyinligini tan olaman, - dedi u fikrini bayon etib, - ammo uningdek malakali odamni topish uchun uch yil vaqtimiz ketdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:08:58

- Men uning malakasini muhokama qilmoqchi emasman, - e’tiroz bildirdi Axerton, - men...
- Uning uslubini aytmoqchisan, - uning so’zini yakunladi Torn o’zlarini kutayotgan avtomobil yoniga yetib kelishganida.
Axerton inkor ma’nosida bosh chayqadi:
- Uning uslubi bilan kelisha olaman. Har kuni har xil odamlar bilan uchrashaman. Gap bunda emas. Menga u taklif qilayotgan narsa yoqmayapti. Uning takliflaridan to’ydim.
Myurrey limuzin eshigini ochdi.
- Kel, uning o’zidan eshitib ko’ramiz, - taklif qildi Torn, ular avtomobilning orqa o’rindig’iga qulay joylashib olishgach. - o’z fikrlaringni odatdagidan sal boshqacha... yumshoqroq tarzda ifodalasang yaxshi bo’lardi.
Axertonning tomoq qirishidan so’ng Myurrey eshikni yopdi.
Bredli vzvodining kursantlari navbat bilan yangi komandirning xonasiga kirib-chiqishardi. Ular yo’lakda sabrsizlik bilan navbat kutishardi. Teddi zerikib ketib devorga suyandi. U o’z qig’fasiga shunday tus bergandiki, kursantlar oldida ikki marta yerga urgan Neffdan Teddining qo’rqayotganligi hech kimning xayoliga kelmasdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:09:06

Aslida Teddi qo’rqayotgandi. Va endi yangi serjantga qanday muomala qilish kerakligini o’ylayotgandi.
Odatdagidek Teddining atrofiga ikki-uchta laganbardor to’plangan, ular ham ma’nisiz qig’fada turishardi. Zerikishni yo’qotish maqsadida Teddi kichkinagina tomosha ko’rsatmoqchi bo’ldi. U qirqqa yaqin fotosurat osilgan devor yoniga keldi. Bu suratlarda Akademiyaning barcha futbol jamoalari davriy ravishda aks etgandi. Suratlardan bu yerda turli davrlarda kimlar o’qiganligini bilib olish mumkin edi.
Teddi nihoyat izlagan narsasini topdi:
- Bobom mana bu jamoada o’ynagan. Mana u, - dedi semiz barmog’i bilan suratlardan biriga ishora qilib. Bir necha o’smir suratni ko’rish uchun barzangining yoniga kelishdi. - U oldingi safda o’ynagan, - davom etdi Teddi, so’ng Demenga yuzlandi.
- Jeremi Torn o’ng qanot himoyachisi bo’lgan ekan, - Teddining ovozida ochiq nafrat sezildi. - Menimcha, sen ham istagan narsangni sotib oladigan holatda bo’lsang kerak?
Demen suyanib turgan devordan o’zini oldi:
- Teddi, - do’q urdi u.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:09:12

Barzangi voqeaning rivojini sabrsizlik bilan kutayotgan kursantlarga qaradi va ochiqchasiga masxaralashga o’tdi.
- Sen o’ng qanot himoyachisi o’rnini hali sotib olganing yo’qmi?
Atrofda kulgi ovozlari eshitildi. Demen Teddi tomon qadam tashladi, ammo shu lahzada Neffning xonasi eshigi ochildi va Mark chiqib keldi. U jiyani va Teddi orasidagi ixtilofni shu zahoti sezdi. Mark yo’talib qo’ydi va xotirjamlik bilan dedi:
- Demen, sening navbating.
Demen akasiga qaradi, so’ng Teddiga o’qraydi.
- Otamning ismini hech qachon tilingga olma. Hech qachon, - dedi u ovozidagi tahdidga o’zi ham hayron bo’larkan. Demen keskin o’girildi va eshikni yopib g’oyib bo’ldi. Teddi Markka qaradi va burnini tortib qo’ydi.
- Ukang o’zini juda katta tutyaptimi? - Barzangi atrofdagilarga murojaat qildi. - Bir paytlar bobom Tornlar shlyapalarini o’zlari tikishlarini aytgandi, chunki ularning aqlli va katta boshlariga mos keladigan bosh kiyim hech qaerda yo’q ekan! - Teddi hiringladi va barzangidan qo’rqqan ko’pchilik kursantlar unga qo’shilishdi.

Qayd etilgan