Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96355 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:09:27

Mark Teddining oldiga keldi va sovuq xotirjamlik bilan so’radi:
- Sen filatelistmisan?
Teddi uning maqsadiga tushunmadi. Lekin bunda qandaydir quvlik yashiringanini juda yaxshi bilardi. Markdan hech qanday qarshilik kutmasdi ham. Demen - albatta, chaqilmas yong’oq. Mark esa...
- Nima, nima? - dedi Teddi Markka yaqinlashib bo’ynini cho’zarkan.
- Hozir tushuntiraman, - zaharxandalik bilan davom etdi Mark. - Sen marka yig’asanmi?
- Yo’q, - javob berdi barzangi Tornning nimaga shama qilayotganini tushunmay.
- Unda, - dedi Mark, - yaqinda boshlaysan. Hozirning o’zida!
Va u shu so’zlarni aytarkan, bor kuchi bilan Teddining oyog’iga tepdi. Barzangi bir zumga o’zini yo’qotdi. U bu go’dakning oyog’iga tepganligidan ajablanmagandi, uni Markning qanday qilib bunga jur’at etganligi hayron qoldirgandi. Maktabda hech kim unga bunday munosabatda bo’lolmasdi va Teddi gangib qolgandi.
Barzangi endi nima qilish kerakligini o’ylardi. Mark esa g’amgin bosh chayqagancha uning ikkinchi oyog’iga ham tepdi. Teddi butunlay o’zini yo’qotdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:09:33

Kursantlar kulgidan o’zlarini zo’rg’a tiyib turishardi. Ammo ular asosiy jang hali oldinda ekanligini yaxshi tushunishar va unda kim yutib chiqishini bilishardi. Ular Markni Teddi bilan yuzma-yuz qoldirishib ortga tisarilishdi...
Demen hujjat varaqlab o’tirgan Neffning oldidagi katta yozuv stoli yonida turardi. Neff nimanidir izlardi. Nihoyat u izlagan narsasini topdi. Uning barmog’i bolaning baholar ro’yxati ustida yurardi.
- Matematika, - boshladi u, - «yaxshi». Mantiq... «juda yaxshi». harbiy tarix... tuzuk. - Uning qoshlari chimirildi. - Buni yaxshi o’rganish kerak.
- Ha, janob serjant. - Demen komandirni deyarli eshitmasdi. U og’irligini u oyog’idan bu oyog’iga solgancha, Neffning ortidagi oynaga tikilar, eng kichik yoshdagilar vzvodining dam olishga ketayotganini kuzatardi.
- Jismoniy tayyorgarlik, - davom etdi Neff, - «a’lo». - U hujjatni qo’ydi va barmoqlarini chalishtirib, oldinga egildi.
- Eshitishimcha, sen yaxshi futbolchi ekansan, - Torn titrab ketdi. U yaxshi o’ynashini bilardi. Lekin bu haqda gapirishni yoqtirmasdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:09:43

- O’z yutuqlaringdan faxrlan! - baqirdi Neff va Demen shu zahoti qaddini g’oz tutdi. - Faxrlanishga arziydigan narsadan faxrlanish kerak! - Neff stolga musht urdi.
- Ha, janob serjant.
- Men bugungi o’yinda qatnashaman, - Neff stul suyanchig’iga o’zini tashladi. Demen bosh silkidi. Unda qandaydir hayajon yana uyg’onayotgandi. Neff bolaga g’alati tarzda ta’sir o’tkazayotgandi.
Oraga jimlik cho’kdi. Serjant fikrini bir joyga jamlayotgandek edi. Nihoyat u ko’zlarini qisdi va so’z boshladi:
- Men bu yerga seni o’qitish uchun kelganman. Faqat bugina emas. Men seni... himoya qilishim ham kerak, - Neff har bir so’zni tanlab-tanlab aytardi. - Agar biror muammoga duch kelsang - mening oldimga kel. Qo’rqma...
«Qo’rqma?» - Demenning miyasiga urildi. U diqqat bilan quloq sola boshladi.
- Kechasimi-kunduzimi, qanday maslahat kerak bo’lsa... mening oldimga kel, - Neff ko’zlarini ochdi. - Tushundingmi?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:09:50

Demen hech nimani tushunmadi, lekin tasdiq ma’nosida bosh silkidi.
- Ha, janob serjant.
- Tez orada sen bilan yaqinroqdan tanishamiz, - davom etdi Neff. Keyin hujjatlarga tikildi va satrlardan biriga barmog’ini niqtadi.- Sen yetim ekansan.
Bola yana boshini silkidi.
Neff dalda berish maqsadida jilmaydi.
- Men ham, - dedi u. - Ko’ryapsanmi, oramizda qandaydir umumiylik bor.
Demen serjantga hayronlik bilan tikildi. U butunlay gangib qolgan va nima bo’layotganini tushunmasdi. Birdan Neffning yuzidagi tabassum yo’qoldi, u o’rnidan turdi va derazaga tikildi. Uning ovozi yana quruq, hissiz ohangga qaytdi. U ro’molchasi bilan peshonasini artdi va dedi:
- Foster kirsin.
Demen ovoz chiqarmasdan xonani tark etdi.
Eshik yopilganini eshitgan Neff boshini quyi soldi va chuqur uf tortdi. Murakkab ishning bir qismi amalga oshirilgandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:09:56

Demen yo’lakka Teddi Markka o’xshatib zarba bergan paytda chiqdi. Mark g’ujanak bo’lib yotar va yuzini kaftlari bilan to’sib olgandi. Demen bir lahza ham o’ylab o’tirmay qichqirdi:
- Teddi!
Uning ovozi juda g’alati chiqdi. Bu ovoz bu yerdagilar eshitib o’rganishgan ilgarigi bolaning ovoziga umuman o’xshamasdi. Unda odamni dahshatga soluvchi kuch bo’lib, bu qichqiriqqa bo’ysunmaslikning iloji yo’q edi.
Barzangi o’girildi. Uning lablarida tantanavor tabassum bor edi, ammo Demenning sovuq va o’tkir nigohini ko’rib, uning tabassumi barham topdi.
Kursantlar turgan joylarida qotib qolishgandi.
Birdan qandaydir g’alati, xuddi ikkita metall lappak bir-biriga urilayotgandek tovush eshitildi. Teddi bu tovush qayoqdan kelayotganini bilish uchun atrofga alangladi. Ammo, chamasi, bu tovushni barzangidan boshqa hech kim eshitmayotgandi. Bolalar Teddiga hayron bo’lib qarab turishardi. Tovush tobora qattiqroq eshitila boshladi, nihoyat bu tovush barzangining boshi tepasidagi ulkan, kuchli qanotlarning tovushi ekanligi ma’lum bo’ldi. Barzangi turgan joyida aylandi va faryod urdi:
- Bas qil!

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:10:05

U o’ziga hujum qilayotgan qandaydir ko’rinmas narsani tutib olish uchun qo’llarini silkitardi. Yig’ilganlar og’izlarini ochgancha qotib qolishgandi. Demen xuddi hushini yo’qotgandek turardi. Mark yotgan joyidan sakrab turdi va Teddiga tikildi.
Kutilmaganda barzangini qandaydir kuchli havo oqimi yerdan uzib oldi, yuqoriga va yanada yuqoriga ko’tardi, so’ng zarb bilan devorga urdi!
Shu lahzada xona eshigi ochildi va ostonada Neff ko’rindi. Komandirning paydo bo’lishi Demenni hushiga keltirdi, u boshini silkitdi va ko’zini pirpiratdi. Teddi devor tagida g’ujanak bo’lib yotardi. Tovush tingandi. Kursantlar haykaldek qotib turishardi.
- Bu yerda nima qilib yotibsan? - so’radi Neff Teddidan.
Teddining gapirishga holi yo’q edi. U o’rnidan turishga urinardi.
- Seni kim urdi? - so’radi serjant.
Teddi nihoyat o’rnidan turdi.
- Hech kim, janob.
- O, key, -dedi Neff. - Foster, xonaga kiring.
Serjant xonasiga yo’l oldi. Foster ismli kursant uning ortidan kirib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:10:13

O’rtada chidab bo’lmas jimjitlik paydo bo’lgandi. Demen yig’ilganlarni surib o’tib, tashqariga intildi. Mark uning ortidan yugurdi. Yarim yo’lda Mark ukasining qo’lidan tutdi.
- Uni nima qilding? - hayajon bilan so’radi u.
- Bilmadim, - dedi Demen nima bo’lganini tushunmay. Balki, u ham otasi singari aqldan ozayotgandir?
- Meni orkestrga taklif etishdi, - dedi Mark.
Demen suhbat mavzusi o’zgarganiga chin dildan xursand bo’lib jilmaydi.
- Zo’r, - Demen bir onda yana ilgarigi quvnoq bolaga aylandi. U Markning biqiniga turtdi. - Maydonchaga ketdik, hozir seni boplayman.
Ular sho’x-shodon kulgancha chopib ketishdi. Xuddi boshqa barcha oddiy bolalar kabi.
Tornlar qishga tayyorlanishayotgandi. Xizmatkorlar oppoq choyshablarning changini qoqishar va mebellarning ustiga yopishardi, uy xuddi muzeyga o’xshab qolgandi.
Anna oshxonadan chiqdi va keng marmar zinadan ikkinchi qavatga ko’tarildi. Har yili amalga oshiriladigan bu tayyorgarlik uni charchatgandi, u hamma ishni tezroq tugatishni istardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:10:19

Yotoqxona yonidan o’tayotib, u xonalardan kirlarni yig’ayotgan xizmatchilarni ko’rdi va qizlardan biriga dedi:
- Merion xonim uyqudan turdimi, Jenni?
Xizmatchi inkor ma’nosida bosh chayqadi:
- Nazarimda, u uxlayotganga o’xshadi, Torn xonim. Men eshikni taqillatdim, lekin u javob bermadi.
- Rahmat, - dedi Anna va Merion xolaning yotoqxonasi tomon shoshildi. Anna eshikni qattiq taqillatdi.
Hech qanday javob bo’lmadi.
U qulog’ini eshikka tutdi, lekin hech nimani eshitmadi.
- Merion xola, samolyotdan kech qolmoqchimisiz?
Yotoqxonadan yana hech qanday ovoz eshitilmadi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:10:27

Anna eshikni ochdi va yotoqxonaga kirdi. Joy bo’sh edi. Anna yuvinish xonasi tomon qadam bosdi va Merion xolani ko’rdi. Kampir karavot yonida yotardi.
Merion jonsiz edi. Eski Injil uning cho’zilgan qo’li yonida yotardi.
Anna qichqirib yubormaslik uchun og’zini kafti bilan to’sdi va bu dahshatli haqiqatdan qutulish uchun ko’zlarini yumdi. Kechqurungi janjal ham, unga taqalgan ayblar ham Annaga bema’nilik va shafqatsizlikdek tuyuldi.
Anna ko’zlarini ochdi, uning nigohi katta qilib ochilgan derazaga tushdi. Tong shamoli o’ngib ketgan pardalarni silkitardi.
Chikagoning janubidagi hududlar Kanzasdagi kabi tekisliklardan iborat edi. Bu yerda asosan qishloq xo’jalik korxonalari joylashgandi. Buxerga yoqqan yangi zavod aynan mana shu yerda edi. Zavodning oynavand devorlari xuddi cheksizlikka singib ketgandek edi.
«Torn Indastriz» kompaniyasining pastlayotgan vertolyoti va ularni kutib turgan elektrokar ham kelajakdan kelganga o’xshardi. Elektrokar radiotizim va televizor bilan jihozlangan, superavtomobildan farqi yo’q edi.
Elektrokarni Tornlar kompaniyasining qishloq xo’jalik tadqiqotlari bo’limi boshlig’i Devid Pasarian minib olgandi. U Buxerning odami edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:10:35

Pasarian pastak bo’yli hindu edi. Bolalik chog’laridayoq u ochlik nima ekanligini sinab ko’rgan va undan boshqa odam qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanishga noloyiq edi. Pasarianning bo’limi yer sharining Uchinchi dunyo deb ataladigan narigi tarafini oziq-ovqat bilan ta’minlashning bor imkoniyatlarini izlash bilan shug’ullanardi. Dunyo yagona, bo’linmas, deb o’ylardi u, yoki hammaning qorni to’q bo’ladi yo hamma och bo’ladi.
Pasarian bolalari xuddi yovvoyi itlardek tashlangan Bangladesh ko’chalarini esladi. Ochlikdan qorni shishib ketgan, oriq bu bolalar bir burda non uchun bir-birlarini o’ldirishga tayyor edilar. Pol Buxerning bu mamlakatlarga bo’lgan munosabati qanday bo’lsa, «Uchinchi dunyo» atamasidagi ayirmachilik Pasarianning shunchalik jahlini chiqarardi.
Buxer bolalarga ham, Uchinchi dunyoga ham tupurardi. Uning ko’zlari daromadlarning foizlari yoki yalang’och va sovuq raqamlardan boshqa narsani ko’rmasdi. Pasarian rahbarining sovuq rejalaridan nafratlanardi, lekin asosiy maqsad ochlarni boqish, degan fikr bilan o’zini tinchlantirardi.
Hindu Buxerning Tornni kutib olish haqidagi buyrug’iga bo’ysungandi. Aks holda Pasarian bu yerda, har xil uskunalar bilan jihozlangan aravada o’tirmagan bo’lardi.

Qayd etilgan