Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96332 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:10:42

Vertolyot yerga qo’ndi. Kelganlar salomlashib, elektrokarga o’tirishdi va dalaga jo’nashdi. Pasarian mashinani boshqarar, Torn uning yonida o’tirar, orqada yana ikki kishi bor edi. Buxer Axertonning butun xavotirini tasdiqlab, o’z fikrini bayon etishni boshladi.
- Bu yerda Bill adashyapti, - dedi Buxer engashgancha, Tornning qulog’iga qichqirib. - Hisobotimda men «Torn Indastriz» uchun ayni paytda energetika sohasi eng manfaatli ekanligini ta’kidlaganman. Men faqat masalan, mana bu zavodda nimalar amalga oshirilayotganini inkor etayotganimizni isbotlamoqchiman. Axir bizning kelajakda oladigan daromadimiz, - Buxer o’pkasini to’ldirib nafas oldi, - bizning kelajagimiz faqat bitta narsaga bog’liq: ocharchilikka!
Buni eshitgan Axerton burnini jiyirdi.
- Pol, - dedi u boshini sarak-sarak qilarkan. - Axir bu shafqatsizlik va...
- Haqiqat! - yakunladi Buxer. - Yo’q, bu shafqatsizlik emas. Bu haqiqat.
Axerton oldinga, Tornga engashdi va so’z boshladi:

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:10:49

1980 yilga kelib neft o’rta Sharq mamlakatlariga yiliga yigirma milliard dollarga tushadi. Biz millat va butun dunyo oldida energiya uchun javobgarlikni bo’ynimizga olganmiz, shunday ekan, kelinglar, vaqtimiz va pulimizni uning rivojlanishi uchun sarflaylik. Quyosh, yadro va gravitatsion energiya yo’nalishida boshlagan dasturlarimiz nima bo’ldi? Nima, bu sohadagi barcha yutuqlarimizni axlatga uloqtiramizmi? Nima, bularning bari bekordan bekorga qilindimi, shuncha vaqt bekorga sarflandimi?
- Darvoqe, vaqt haqida, Bill, - gapga aralashdi Buxer soatiga qarab qo’yarkan. - Hozir sen energetika sohasidagi olamshumul yutuqlarimiz haqida gapirgan vaqt ichida sakkiz kishi ochlikdan vafot etdi. Umuman, har olti-sakkiz soniyada dunyoning u yoki bu burchagida bir kishining joni uziladi. Ochlikdan. Bir daqiqada yetti kishi. Bir soatda - to’rt yuz yigirmata. Hammasi bo’lib - bir kunda o’n mingta.
Axerton g’azabini yashira olmadi.
- Nimaga shama qilyapsan, Pol?
- Hamma narsaga, Bill, - jo’shib, sabrsizlik bilan dedi Buxer, - agar birorta ham foydalanuvchi tirik qolmaydigan bo’lsa, energetikaning yangi manbalarini yaratishdan ma’no yo’q.
Torn bahsga aralashish vaqti kelganligini tushundi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:10:54

- Pol, taxmining sal xiraroq emasmi? - ikkilandi u.
- Qo’rqinchli kun yaqinlashyapti, Richard, - ishonch bilan dedi Buxer. - Sen o’ylaganingdan ko’ra tezroq.
- Xo’sh, keyin-chi? - so’radi Torn.
Buxer yengil xo’rsindi.
- Men esa sen gaplarimni eshitmaysan ham, deb o’ylovdim.
Axerton ojiz qolib o’rindiqqa suyandi va xo’mrayganicha qo’llarini chalishtirdi. Pasarian kulib qo’ydi. Buxer tomonidan biror muammoni yechish uchun tanlangan har qanday uslub har doim o’z tasdig’ini topardi.
Elektrokar issiqxonaga yaqinlasharkan, bahslashayotganlarning hech biri ularga bor kuchi bilan qo’lini silkitayotgan xizmatchini ko’rmadi. U Richard Tornni chaqirayotgandi. Gap shundaki, bir necha daqiqa ilgari telefon qo’ng’irog’i bo’lgandi. Richard Tornni o’ta zarur va shoshilinch ish bilan chaqirishgandi.
Issiqxonada to’rttala erkak yam-yashil o’simliklar ummoni o’rtasidagi uzun yo’lakdan yurib borishardi. Ular atrofdagi manzaradan zavqlangancha jim ketishardi. Aql bovar qilmas darajadagi katta sabzavotlar yonidagi kichkina qutilarda mitti o’simliklar o’sardi. Buxer ko’z qiri bilan hatto Axerton ham hayratda qolganligini ko’rdi. Nihoyat ular allaqanday texnikalar ko’rgazmasi qo’yilgan binoga kirishdi. Devorlarga xarita va ko’rsatkichlar ilib tashlangandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:11:03

- Mana bunda, - Buxer qandaydir tarhni ko’rsatdi, - zamonaviy fermerni ko’rib turibsizlar. Mana, u markaziy minoradagi nazorat bo’lmasida o’tiribdi. Kompyuter monitori unga dalalarning holati haqidagi ma’lumotni ko’rsatadi. Masofadan turib boshqariladigan kichkina havo uskunasi yerga ultratovush to’lqinlarini yuborib, fermerning o’rniga yer chopadi. Turli avtomatlar tayyor qishloq xo’jalik mahsulotlarini yig’adi, saralaydi va qutilarga joylaydi. Bularning barchasi kompyuterda boshqariladigan mexanika yordamida amalga oshiriladi.
Nihoyat Axerton tilga kirdi.
- Bularning barchasidan, aytaylik, och qolgan xitoylik qanday manfaat ko’radi?
- Ularni mana shu boqadi, - qichqirdi Buxer. - Xitoyliklar bir kunda bir pig’la guruch yeyish bilan qanoatlanishlaridan faxrlanishadi, lekin buning nimasidan faxrlanish kerak? Va biz ularni boqishimiz lozim! - Shu lahzada Buxer otini qamchiladi. - Bunga erishish uchun guruchning tez o’sadigan yangi navlarini yaratish, sun’iy go’sht ishlab chiqarish yo’llarini topish kerak. Va biz - «Torn Indastriz» buning boshida turishimiz kerak. Biz shunday o’g’itlar ishlab chiqaramizki, ular o’simliklarni xuddi xamirturushdek tez o’stiradi, shunday mashinalar yaratamizki, unumsiz yerlar va zaharlangan dengizlar gullagan bog’larga aylanadi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:11:10

- Bu xomxayollar olamida siz qanday o’rin egallaysiz?- kinoya qildi Axerton. - Podsho bo’lasizmi?
Buxer bundan zig’ircha ham xafa bo’lmadi. U yashil ummonga bir qarab oldi va dedi:
- Bilasizlarmi, bir paytlar Meksikaning baland tog’larida bir ibtidoiy qabila bo’lgan ekan. Ular juda serhosil yerda yashasalar-da, undan foydalanishni bilishmas ekan. O’sha atrofga Amerikaning qurilish kompaniyasi kelib yo’l quribdi. Ishlarini tugatib, kompaniya bu qabilaga traktor sovg’a qilibdi. Qabiladagilarga uni qanday boshqarish kerakligini yaxshilab tushuntirishibdi. Xo’sh, ular yer haydashni o’rganib olishgach, traktorni nima qilishibdi?
- Uni yeyishibdi, - dedi Pasarian ertalabdan buyon birinchi marta gapga aralashib. Buxer hinduning so’zlaridagi kinoyani payqadimi - yo’qmi, tushunarsiz edi, lekin u bu fikrni rad etdi.
- Ular traktorni ibodatxona mehrobiga qo’yishibdi va unga sig’inishibdi. Butun qabila tiz cho’kib uni Xudodek ko’ribdi.
Birdan Axertonning butun a’zoyi badani muzlab ketdi.
Shu payt oq xalatli texnik ularning oldiga yugurib keldi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:11:18

- Kechirasiz, janob Torn, - dedi u, - sizni telefonda so’rashyapti. Shoshilinch.
Richard uzr so’rab, telefonda gaplashgani ketdi. Qaynoq bahs davom etardi.
- Neft mamlakatlari hech ikkilanmasdan bo’g’zimizga pichoq qadashyapti, shunday emasmi? - dedi Buxer. - Nimaga ovqat masalasida biz boshqacha yo’l tutishimiz kerak?
- Biz barcha ochlarni yollanma fermerlarga aylantirmoqchi ekanmiz, - g’azabini zo’rg’a bosib gapirdi Axerton, - nega birato’la qulga aylantirib qo’ya qolmaymiz?
- Qul emas, iste’molchi, - Axertonning gapini to’g’riladi Buxer, - gap shundaki, biz ularning qornini to’ydiramiz!
- Men Polning fikriga qo’shilaman, - dedi Pasarian. - Menimcha, bu yo’nalishni rivojlantirish kerak.
Ular Richardni ko’rishdi. Uning rangi oqarib ketgandi.
- Kechqurun Merion olamdan o’tibdi, - dedi u. - Yurak yetishmovchiligi.
Axerton qotib qoldi.
- E, Xudo, Richard. Chuqur ta’ziya bildiraman.
Torn parishon holda bosh irg’adi: uning xayoli ko’mish marosimida edi.
- Sizlarni tark etishimga to’g’ri keladi, - u Axertonga murojaat qildi. - Meni vertolyotgacha kuzatib qo’y.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:11:26

- Bo’pti, - dedi u.
- Pol, - dedi Torn, - iltimos, direktorlar kengashiga qo’ng’iroq qil. Zavod boshqaruvchisi maqomi bo’yicha barcha xorijiy vakillarga telegramma jo’nat.
- Bo’pti, bo’pti, - dedi Buxer.
- Yig’ilish o’n kundan keyin. Dafn marosimi esa uch kundan so’ng o’tkaziladi. Kardiologiya jamg’armasiga badal ham to’lash kerak. Bank va Uoll-strit bilan o’zim shug’ullanaman. - Richard hamma bilan xayrlashdi va Axerton hamrohligida tashqariga yo’l oldi.
Buxer uning yengidan tutdi.
- Richard, - so’z boshladi u, - balki ertaga birgalikda nonushta qilib, bu loyihaning muhokamasini yakunlarmiz.
Axerton norozilarcha qadamini davom ettirdi, Richard bu taklifga xotirjamlik bilan yondoshdi.
- Ha, albatta, - rozi bo’ldi u, - ertaga soat sakkizda uyimga kel.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:11:32

Pasarian boshini sarak-sarak qildi. «Ha, u vaqtini zoe ketkazmaydi. Kampir o’ldi. Xo’sh, nima bo’pti, degan bo’lardi Buxer, boshqalar yashayapti-ku. Albatta, Pol Tornga hukmini o’tkazadi va Pol Buxerning fikri kompaniyaning hal qiluvchi qaroriga aylanadi».
Buxer Pasarianning xayolini bo’ldi.
- Demak, Tornlar shaharga ko’chishdimi? - qiziqdi u.
- Bugun, - bosh irg’adi hindu.
- Yana qish, - qunishdi Buxer. Va Tornning ko’rsatmalarini bajarish uchun telefon tomon ketdi.
Merion Torn hatto o’lib ham hammaga bir dunyo tashvish keltirgandi.
Ayni mana shu daqiqalarda Gibraltar bo’g’ozi yaqinida, Atlantika ummonidan o’ttiz ming fut balandlikda reaktiv samolyot uchib borardi. U Tel-Avivdagi aeroportdan ko’tarilib, Farb tomon yo’l olgandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:11:38

Sayyohlar salonida ko’zlari chaqnoq mallasoch ayol o’tirardi. U Joan Xart edi. Doktor Uorren ma’lum qilganidek, u Richard Torndan intervyu olish uchun safarga chiqqandi. Ammo Joanni bu harakatga Torn taxmin qilganidek, oddiy qiziqish undamagandi.
Do’sti Maykl Morgan bedarak yo’qolganiga ham yetti yil bo’lgandi. Bu davr ichida Joanning o’zi qandaydir tadqiqotlar o’tkazdi: u Injilni va g’alati o’limlar bilan bog’liq ma’lumotlarni batafsil o’rgandi. Va bularning barchasi qandaydir tushunarsiz tarzda birgina bolakay - Demen Torn atrofida aylanardi.
Nihoyat Joan zimmasida turgan vazifani tushunib yetdi. Bugengagen Mayklni o’zining yordamchisiga aylantirishga uringan bo’lsa-da, amalga oshmadi. Ammo o’sha uchrashuvda Joan ham bor edi - u hammasini eshitgan va buning oddiy tasodif emasligini tushungandi. Va uni yetti yil ilgari qahvaxonaga yetaklagan Kuch, endi uni Iblis o’n uch yoshga to’lmasligi uchun harakat qilishga majbur etayotgandi. Zero, aynan o’sha kuni Iblis o’zining kim ekanligini anglab yetadi va unda Iblisni yo’q qilish uchun deyarli imkoniyat qolmaydi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:11:47

Joanning boshiga Kassandraning qismati tushgandi: unga hech kim ishonmasdi. Uni ilgaridan taniganlar uning ustidan kulishar, Joanning bashoratlari tez orada o’tib ketadigan alahsirash, deyishardi. Notanish kishilar undan xuddi telbani ko’rgandek qochardilar.
Joanning o’zi ham ancha vaqtgacha qilayotgan ishining to’g’riligiga to’liq ishonmadi. Bir hafta ilgari ham uni shubha-gumonlar qiynayotgandi. O’shanda unga Belvuar qo’rg’onidagi qazuv ishlari haqida reportaj yozish topshirilgandi. U anchadan buyon bu daqiqalarni kutayotgandi. Xarobalar orasida yurar ekan, Joan, shubhasiz XX asrda yashagan ikki kishining jasadi qoldiqlariga duch keldi. U ularni osonlik bilan tanidi. Joan Igael devorini ham diqqat bilan ko’zdan kechirdi.
Shundagina u Richard Tornga haqiqatni aytish uchun Shtatlarga uchishga qaror qildi.
Bevosita xavf ostida turgan barchani dahshatli xatardan ogoh qilish kerak edi, zero Shaytonning o’g’li ular orasida edi.
Vazifa og’ir va xatarli edi, ammo Joan bu vazifani haqiqiy e’tiqodi butun kishilarga xos quvonch bilan bajarishga harakat qilardi.

Qayd etilgan