Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96326 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:11:57

3

Tornlarning Chikagoda joylashgan uyidagi qop-qora yog’och qoplangan oshxonasi muhtasham ko’rinar, mebellar oyna va jigarrang charmga muvofiq xromlangan metalldan tayyorlangandi. Odatda Torn oshxona yonidagi keng va yorug’ xonada ovqatlanardi. Ammo bugun u Buxer bilan gaplashib olish maqsadida oshxonada nonushta qilishni lozim ko’rgandi.
Ular mayizni ham yeb bo’lishdi, lekin bugungi uchrashuvning belgilanishiga sabab bo’lgan mavzu haqida og’iz ochishga ikkalasi ham jur’at qilolmasdi.
- Bu ko’rgazmani qachon ochmoqchisizlar? - so’radi Buxer Tornning arxeologiyaga qiziqishini hisobga olib.
- Bu so’nggi konteynerlarning qachon kelishiga bog’liq, - dedi Torn. - Biz uni Pasxa bayramiga mo’ljallayapmiz. Sening hisoboting esa, Pol, qoyilmaqom. Qanday qilib, bir oy ichida shunday narsani tayyorlaganingga aqlim yetmayapti.
- Ammo... - cho’zdi Buxer, muhim mavzudagi suhbatga qanday qilib tezroq o’tishni tasavvur qilarkan. - Ammo... yuqoridagilarning to’la qo’llab-quvvatlashisiz bu loyihaning amalga oshishiga ishonchim komil emas. Buning ustiga, Bill Axerton bu loyihaga qarshi.
- Ha, men unga ishonaman. Sen ham Billga ishonishing kerak. U mahmadonalardan emas, o’z ishini yaxshi biladi. - Torn qahvadan ho’pladi. - Bill bilan munosabatlaringni yaxshilab olishingni maslahat berardim. Bu sening kompaniyada yuqori ko’tarilishingga imkon beradi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:12:04

Buxer navbatdagi so’zlari tavakkal ekanligini tushunsa-da, baribir gapirdi:
- Richard, agar Bill Axerton meni ezaversa va mening mavqeim unga bog’liq bo’ladigan bo’lsa, yaxshisi ishdan bo’shab qo’ya qolay?
- Bekor aytibsan, - e’tiroz bildirdi Torn. So’ng tabassum bilan qo’shib qo’ydi: - Hali sening ham davring keladi.
Buxer, ichida tantana qilar ekan, bosh silkidi.
- Bo’pti, - rozilik berdi u, - bu fikrni miyamdan chiqarib tashlayman. - Ichida esa o’yladi, «Faqat haqiqatan ham mening davrim kelgunga qadar».
Nonushta qilib bo’lishgach, ular avtomobil tomon yo’l olishdi. Merion xolaning o’limiga qaramasdan, Torn muhim uchrashuvda ishtirok etish uchun Vashingtonga uchishi lozim edi. Limuzin haydovchisi uni aeroportga eltib qo’yish uchun kutib turardi. Xayrlashayotib, Torn Buxerga murojaat qildi:
- Bolalarning tug’ilgan kuniga kelasanmi? Ko’l yonidagi uyga.
- Bu imkoniyatni qo’ldan boy bermayman, - dedi Pol Torn bilan munosabatini silliqlashga urinib. - Ko’l muzladimi?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:12:15

- So’raysan-a! - Torn Buxerning yelkasiga qo’l tashladi. - O’zing bilan konki olib kel.
Pol jilmaygancha Richardga qo’l silkidi va taksi to’xtatish uchun burchakka shoshildi. U muzlagan ko’l ustida palto va sharfga o’ralib konki uchayotgan Bill Axertonni tasavvur qilib ichida kuldi. Ana tomosha.
Myurrey ochgan eshik tutqichiga qo’l uzatgan Torn ortida ayol kishining ovozni eshitdi:
- Janob Torn? Hoy, janob Torn!
U o’girildi va qo’llarini silkitib chopib kelayotgan sohibjamol ayolni ko’rdi. Uning ustida mo’yna yoqali to’q qizil palto, qo’llarida qizil qo’lqop, oyog’ida esa uzun poshnali qora etik bor edi. Ayolning yelkasiga qora rangli katta charm sumka osilgandi.
Torn bir necha soniyaga nima qilishini bilmay qoldi. Bu maftunkor ayolning qig’fasi unga tanishdek tuyuldi, ammo u bu ayol bilan hech qachon uchrashmaganligini aniq bilardi. Shu payt Richard uni qaerda ko’rganligini esladi: Uorren ko’rsatgan suratlardan birida u «Bobillik adashgan ayol» tasviri oldida turgandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:12:23

U muxbir Joan Xart edi. Bu go’zal ayolning qig’fasi uyg’otgan yoqimli hislar shu zahoti g’oyib bo’ldi. U bor-yo’g’i bir muxbir edi. Va doktor aytganidek, u intervyu olmoqchi edi. Joan Xart uning yoniga yetib keldi.
- Kechirasiz, qichqirishga majbur bo’ldim, sizni to’xtatib qolmasam bo’lmasdi...
- Hechqisi yo’q, - uning so’zlarini sovuqlik bilan bo’ldi Richard. U Joanning nima uchun bu yerdaligini bilar va uning bema’ni savollariga javob bermaslikka tayyor turgandi.
- Mening ismim Joan Xart. Charlz Uorren sizga men haqimda aytgan bo’lsa kerak.
- Ha, aytgandi. Va men unga siz...
- Aytuvdi, aytuvdi, - Joan sabrsizlik bilan Richardni bo’ldi. Keyin birdan suhbat mavzusini o’zgartirib, shikoyat qildi: - Bu yer sovuq ekan. Yaxshisi, avtomobilingizga o’tirsak-da, nima uchun intervyu berishni rad etganingizni aytib bersangiz.
Torn istar-istamas jilmaydi.
- Sizdan haqiqiy xonim chiqishi mumkin edi. - U Joanga avtomobilning keng orqa o’rindig’ini ko’rsatdi.
Ular o’tirishlari bilan, Joan sumkasini titkilay ketdi. «Bunday katta sumkaga, - birdan o’ylay boshladi Richard, - Bugengagenning tug’ilganidan tortib to o’lgunigacha bo’lgan ma’lumotlar sig’ishi mumkin». Joan sumkadan boshqa har qanday ayol jon deb bo’yniga o’raydigan qimmatbaho shoyi ro’mol oldi va unga burnini qoqdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:12:31

- Sovuq havoda birpasda tamom bo’laman.
- Xart xonim, - so’z boshladi Torn.
- Bilaman, bilaman. Muxbirlarga toqat qilolmaysiz.
- Bundan tashqari, aeroportga shoshilyapman, - qo’shib qo’ydi Richard.
- Bor-yo’g’i bir necha daqiqa. Sizdan buni o’tinib so’rayman.
- Lekin samolyotdan kech qolsam bo’lmaydi. Balki, boshqa safar uchrasharmiz?
- Men doim samolyot Richard Tornni kutadi, deb o’ylardim.
- Faqat bunisi emas.
- Unday bo’lsa, men sizni aeroportgacha kuzatib qo’yaman. - Joan tabassum qildi. - Qaerga uchasiz?
Torn Myurreyga gapirish uchun so’zlashish qurilmasining tugmasini bosdi.
- Yurgizing, Myurrey.
Keyin Joanga javob berdi:
- Vashingtonga.
Joan yana jilmaydi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:12:38

- Hech kimni kutmaydigan birinchi raqamli samolyot. U yerda nima qilasiz? Prezidentga mamlakatni qanday boshqarish to’g’risida maslahat berasizmi?
- Yo’q, - javob berdi Torn uning hazilini tushunib. - Davlat kotibiga. Xo’sh, sizga qanday foydam tegishi mumkin?
Joan Xart yana sumkasini titkiladi va charm muqovali yon daftari bilan qalamini oldi. Ayolga yon daftar va qalam qandaydir kuch bag’ishlagandek edi. U ehtirossiz muxbirga aylandi. Joan o’z qurbonidan o’ziga kerakli ma’lumotlarni birma-bir sug’urib ola boshladi.
Aeroportgacha bo’lgan yo’lning yarmiga yetishganida intervyu o’yini Tornning joniga tegdi.
- Xart xonim, menga yettita savol berdingiz va ularning hammasi negadir pul bilan bog’liq, - dedi u.
- Pul butun dunyoni aylanishga majbur qiladi, shunday emasmi?
- Ha, nafaqat butun dunyoni - dedi Torn.
Joan Richardning asabiylasha boshlaganini sezdi, lekin eng asosiy gapni hech ayta olmasdi. Hozir mavridi emas. Sal keyinroq.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:12:44

- M-m-m, otangiz muzey qurdirgan ekan, - u yon daftariga qarab oldi, - 1940 yilda. Bu unga necha pulga tushgan?
- O’n million atrofida.
- Otangiz birinchi marta Chikagoga kelganida birjaga ishga kirganmi?
- To’g’ri.
- Ayting-chi, u sizni va ukangizni kambag’allik nima ekanligini his qilishingiz uchun sovuq xonada yoki polda yotishga majbur qilmaganmi?
Torn xaxolab kulib yubordi.
- Bunaqa bema’ni gapni sizga kim aytdi?
Shu payt limuzin keskin tormoz berdi. Ular Michigan-avenyu yaqinidagi ko’tariluvchi ko’prikka yaqinlashishgandi. Ogohlantiruvchi qo’ng’iroqlar va o’chib-yonayotgan qizil chiroqlar kemani o’tkazib yuborish uchun ko’prik ko’tarilishini bildirib turardi. Richard mashina oynasidan qaradi va «Torn Indastriz»ga tegishli tankerni tanidi. Tornning yo’lini uning o’ziga qarashli kema to’sgandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:12:51

Joan Xart bu imkoniyatdan foydalandi va kutilmaganda hujumga o’tdi:
- Siz Bugengagen bilan hech uchrashmaganmisiz?
- Yo’q, - javob berdi Torn Joanning mavzuni keskin o’zgartirganini his qilib.
- U faqatgina arxeolog bo’lmaganligini bilasizmi? Bugengagen eng avvalo ekzortsist - Shaytonni quvuvchi bo’lgan.
- Buning nima ahamiyati borligini tushunmayapman.
- Belvuar qo’rg’onini qazish paytida uning suyaklarini topishgan, - davom etdi Joan uning so’zlariga e’tibor bermay. - Buni bilarmidingiz?
- Kimningdir suyaklarini, Xart xonim. Menimcha, kimniki ekanligi rasman aniqlanmagan.
Ayolning ovozida qat’iy ishonch yangradi.
- U yerdan ikki kishining suyaklari topilgan, janob Torn. Biri - Bugengagenniki, ikkinchisi esa - Maykl Morgan ismli yosh arxeologniki. Maykl mening yigitim edi. Men ular bilan o’sha g’oyib bo’lishgan kuni uchrashganman.
Ayni shu lahzada shlagbaum ko’tarildi va Myurrey motorni yurgizdi. Torn shartta so’zlashuv qurilmasining tugmasini bosdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:12:56

- Myurrey, to’xtab turing. Xart xonim tushib qoladi.
Joan shoshilib so’zlay boshladi:
- O’limidan bir hafta ilgari ukangiz Bugengagen bilan uchrashish uchun Isroilga kelgan. Uning o’limidan bir necha kun keyin esa Bugengagen va Maykl Morgan tiriklayin ko’milishgan. Bu sizni hushyor torttirmaydimi, janob Torn?
«Shu yetmay turuvdi, - o’yladi Richard. - hozir u menga Kennedini kim o’ldirganini aytadi». U sovuqqonlik bilan dedi:
- Sizni haydab tushirishga meni majbur qilmang. Biz harakatni to’xtatib qo’ydik.
- Politsiya ukangizni nima uchun otganini bilasizmi? - Joanning yovvoyilarcha yonayotgan ko’zlarida qandaydir telbalik zohir bo’ldi. - Pichoq haqida biror narsa bilasizmi?
Myurrey mashinadan tushdi va orqa eshikni ochdi.
- Menga bitta narsa ma’lum: siz o’zingizning va mening vaqtimni olyapsiz...
- Iltimos, menga quloq soling! - o’tindi ayol. - Bularning barchasini o’rganish uchun men bir necha yilni sarfladim. Hammasi mos kelyapti... endi...

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:13:05

Richard ingrab yubordi. Faqat bu emas. U ukasining o’limi atrofidagi sirli tuman butunlay tarqalib ketgan, deb o’ylardi.
Myurrey qo’pollik bilan Joanning qo’lidan tortdi. U o’rindiqqa yopishgancha qichqirdi:
- Hayotingiz xavf ostida!
- Yo’qoling bu yerdan! Sizni qaytib ko’rmay! Tushundingizmi?
- Xudoga ishoning! - qichqirdi Joan.
- Myurrey, Xudo haqqi!
- Xudoga ishoning! - ho’ngrab yig’lab yubordi ayol.
Myurrey uni mashinadan tortib tushirdi va eshikni yopdi. Joan turgan joyida qichqirishni davom ettirdi:
- Xudo haqqi! Faqat ugina sizni himoya qila oladi! Igael devorini ko’ring, janob Torn! Shaytonning yuzini ko’ring va u kimning yuzi ekanligini ayting!
- Myurrey, jin ursin. Bu telbadan tezroq uzoqlashaylik! - o’shqirdi Torn.
Myurrey mashinaga uchib chiqdi va motorni o’t oldirdi.

Qayd etilgan