Demen hamma narsani juda yaxshi eslashiga birgina Merion Tornning imoni komil edi.
Merion xola, uni shunday chaqirishardi, Rejinald Tornning singlisi edi. U injiq va qaysar edi. Merion xolani hech kim yoqtirmasdi, chunki u doim birovlarning ishiga burnini suqardi. U erga ham tegmagan bo’lib, butun hayotini jiyanlari va ularning oilalariga bag’ishlagandi. Ammo Merion Jeremini ko’proq yaxshi ko’rardi. Uning kutilmagan va fojiali o’limi xolaning qalbini shunchalik larzaga soldiki, o’shandan buyon uning Demenni ko’rgani ko’zi, otgani o’qi yo’q edi. Merion xola fojianing asl sababini bilmasa-da, jiyanining o’limiga bolaning qandaydir tarzda aloqadorligini his qilardi.
Merion xola o’zini yoqtirmasliklarini bilardi, biroq bu uni tashvishlantirmasdi. Ilgarilari ham u boshqalarning e’tiboridan chetda edi. Uni tushlikka kamdan-kam chaqirishar, hattoki oilaviy bayramlarga ham taklif etishmasdi.
Bu safar Merion xola g’ururini yengishiga to’g’ri keldi. U hech qanday taklifsiz Shukrona kunini nishonlash uchun Tornlarnikiga tashrif buyurdi. Zero, Merion xola ularga o’ta muhim gapni aytmoqchi edi.