Mardikor hikoyasi (bu to'qima emas)
O'shanda ayni yoz chillasi edi. Yonimda bir so'm ham pulim qolmagandi. Maktabdan bo'shaganimda daladan ikki gektar yer olib, suvchilik qilardim. Har holda o'zimni kamimga yarab turadi. Buning sababi oshnalarimni orasida ham uyalib qolmasligim uchun edi. Aksiga olib pul o'rniga besh qopdan bug'doy berdi. Dadam ko'rib: - Yaxshi o'g'lim, sening ham qo'lingdan ish keladigan bo'lib qolibdi, - deb xursand bo'lib ketdilar. - Men ishdaman o'g'lim, kasallar kutib tura olmaydi, shunga uy ishlari sening bo'yningda endi dedilar. - Ha dada, hechqisi yo'q deb: Men ham ozroq kerilib qo'ydim. Ertasiga o'rtog'im chiqib, shu hafta oxirida og'aynilar bilan o'tirishimiz bor deb qoldi. Bilasiz do'stlar bilan yig'ilishda albatta pul ko'p ketadi. Uni ustiga o'zimga ozgina kiyim-kechak deganday, olmoqchiydim. Agar bug'doyni sotsam bo'lmaydi. Damamdan so'ray desam? Yo'q bo'lmaydi. Shu o'ylar bilan ertasiga ertalab, azon soat to'rtlarda turdimda velisopedimni minib, qo'shni Qirg'iziston Respublikasiga ish qidirib o'tdim. Niyatim mardikorlik qilib ozroq pul topish edi. Uyimiz o'zi chegaraga uncha uzoqmas, rosa borsa yarim soatlik yo'l. Ikkala chegaradan ham o'tib, sekin temir yo'lga bordim. Poyezd kam yurgani sababli, ish qidirib kelgan odamlar shu yerga to'planadi. Hozir ham erta sahar bo'lmaganiga ham qaramay odamlar gavjum. Biri kechagi «xozayinini» kutadi, biri yangi ish kutadi. Ko'pchiliklari guruh-guruh bo'lib olishgan. Ba'zan ishchi qidirib kelganlar «optom» odam oladi. Mening sherigim ham yo'q. O'zi birinchi ishga chiqishim. Sal yotsirabroq turibman. Lekin o'rtoqlarim bilan mol boqqani, qirg'iz qizlar bilan tanishgani, bekorchilikda aylangani borardik. Bir payt bir qirg'iz oldimga kelib, (sal-pal o'zbekchani bilarkan) - Ey sort ne ish qilasen, deb so'radi. - Ha endi nima ishingiz bo'lsa ham qilaveraman dedim unga qarab. - Jahsi, Jur men minan. Daraxt buteysin. Men indamay unga ergashdim. Velisopedimni mashinasining orqasiga yukladimda, u bilan jo'nab ketdim. Biz katta trassa bo'ylab ketardik. Ancha yo'l yurdik. Mashina bir shipon yo'lga burildi. Iya, bu yer axir Sharqiratma-ku. Naxotki shunday bo'lsa. Lotok kanaldan o'tsam No'mon akaning bog'i. Orani bitta kanal bo'lib turadi. Yaxshi bo'ldi, kanaldan osongina o'tib uyga ketaveraman. U yergacha yarim soatlik yo'l. Shipon yo'lida yigirma yettita tut savlat to'kib turardi. Menimcha shularni butasam kerak. Yo'lni yarmiga kelganda to'xtadik. Qirg'iz menga qarab, - tush dedi. Men mashinadan tushib, velisopedimni oldim. U yana mashinadan bitta bolta, arra va qayroq tosh oldi. Menga berib, o'zi dedi: - San shu tutlardi butaysan men sanga to'rt ming o'zbek pul beraman, kelishdikmi? - Mayli roziman faqat ozgina qo'shsa bo'lmasmikan? - Qancha? - Yana bir ming so'm bo'lsa bo'lardi. Negaki shuncha tutni bir kunda bo'lish osonmas. Uni ustiga butalganlarini tashish ham kerakdir? - San butab qo'yaver, qolgani minan ishing bo'lmasin. Mayli ming so'm qo'shib beraman. - Men kelishdik deb qo'l tashladim, u esa qo'lini cho'zmay qo'limni qaytardi. Indamay qo'yaverdim. U tushda kelishini aytib ketdi. Men esa ishni boshladim. Boltasi ham toshni suvday kesarkan. Ishimni ancha osonlashtirdi. Iloji boricha ertaroq tugatishga harakat qilardim. Soat birlar chamasida (Qirg'iziston vaqti bilan) yo'l o'rtasida bir Jiguli chunonam tormoz berdiki, asti qo'yaverasiz. Ishni tugatishimga oz qoluvdi. Atigi uchta tut daraxti. Qarasam haligi meni ishga olib kelgan qirg'iz. Yo'l o'rtasida alang jalang bo'lib kelayapti. Turishidan to'ygunicha ichganligi bilinib turardi. Meni yoniga chaqirdi. Men tushlik olib kelgan bo'lsa, ozroq tamaddi qilib olarman deb sekin oldiga bordim. Qornim ham ochib ketgandi. U menga qaradida, - O‘v sen kimsan? dedi. - A, aka siz meni ishga olgansiz, shu tutlarni butash kerak ekan. Ishni tugatsam, siz menga besh ming berishga kelishganmiz deb - yotig'i bilan sekin tushuntirdim. U menga qaradida, - O‘v agar men seni ishlatsam hohlaganimcha ishlataman. Masalan bo'yningdan bog'lab. U shunday deb mashinasidan arqon olib keldi va undan sirtmoq yasab meni bo'ynimga tashlamoqchi bo'ldi. Bir indamadim, ikki indamadim, qarasam meni mol qilib olmoqchi. Shart o'zimni qo'lga olib, bo'ynimdagi sirtmoqni chiqardimda, yelkasidan ushlab burniga qarata ikki-uch marta tizza berdim. Yotib qolgandan keyin rosa tepdim. Urishish tugul ovozi ham chiqmasdi. O'lar holatga keltirib kaltakladim. O'sha paytda eslasam umuman o'zimni yo'qotib qo'ygan ekanman. Asabim qo'zib ketdi. Nima men unga molmanmi? Bir payt qaydan bilmayman qo'limga tut butagan bolta tushib qolibdi. Shaytonim yelkamga minib «Chop uni chop» derdi. Shunda birdaniga qirg'iz aka-a-a - deb baqirib yuborsa bo'ladimi? Eh kallam qursin. O'tgan yili tog'am shularning dalasidan tarvuz olgandilar. Dadasi o'n migga tortishgandi o'shanda. Bular yetti aka-uka, bu iflos esa eng kenjasi. Shiponda uning dadasi va akalari borligini unutibman. Shoshganimcha velisopedimni minib, kanal tarafga qarab chopdim. Avvallari velosipedimni umuman zanjiri tashlamasdi. O'chakishib zanjir tashlab yubordi. Shoshganimcha uni to'g'irlab qochdim. Oldin lotok kanaldan uncha yaxshi o'tolmasdim. Shu sababli o'rtoqlarim orasida «qo'rqoq» degan nomim bor edi. Xudoning qudrati bilan u yerdan qanday o'tib olganimni ham bilmayman. Yana velosiped bilan. Bog' ichidan chiqib oldim. Ollohga shukur omon qoldim. E puli ham qursin. Shu-shu Qirg'izistonga o'tmay qo'ydim. Bolta ham qo'limda qolib ketgan ekan. Bilmayman qachon qo'limga tushib qoldi ekan? U menga o'sha ma'shum kunni eslatib turadi.
Nuriddin O'ktam.