Rimda boshlangan shamol shahar tashqarisiga o’tgan, kuchli yomg’ir mashinaning tez yurishiga xalal berar, ular shossedan tor va loy ko’chaga burilishgach, ularning yurishi yanada qiyinlashgandi. Bir marta mashinaning orqa g’ildiragi chuqurga tushib tiqilib qoldi, ular mashinani surib chiqarishlariga to’yori keldi. Tong otib kelayotgandi. Nihoyat ular manzilga yetib kelishdi. Ularning oldida temir panjara namoyon bo’ldi, panjara ortida esa qabrlar ko’zga tashlanardi. Jennings mashina yukxonasini ochib fotoapparatini topdi va unga yangi tasma qo’ydi. Uning nigohi yukxonaning bir burchagida qalashib yotgan moy yuqi lattalar orasidagi temir lomga tushdi. Jennings uni kamariga qistirgancha panjara bo’ylab keta boshladi. Yer quruq edi, Jennings sovuqdan qaltiragan ko’yi qabriston darvozasini izlardi. Ammo darvozani topolmadi. Fotoapparatini yana bir marta tekshirib olgach, u daraxtga osilib panjara ustiga chiqdi. Muvozanatini yo’qotganicha, qabriston ichiga ag’anadi. Jennings o’rnidan turib, ichkariga yo’l oldi. Osmon yorishib ketgan, u endi atrofdagi qabrlar va haykallarning siniq parchalarini bemalol ko’rayotgandi.
Ayozga qaramasdan, Jennings terlab ketganini sezdi. U asabiy holatda yon atrofga alanglaganicha yo’lida davom etardi. Jennings xuddi birov o’zini kuzatib turgandek his qilardi. Haykallar uni kuzatayotgandek tuyulardi. Jennings o’zini bosib olish uchun to’xtadi va yuqoriga qaradi. Uning ro’parasida Jenningsga vajohatli ko’zlarini tikkan ulkan haykal turardi. Jenningsning nafasi ichiga tushib ketdi, haykalning irg’ib chiqqan ko’zlari go’yoki uning bu yerdan tezda jo’nab ketishini talab qilayotgandek edi. Tosh qiyofaning uzun sochlari peshonasiga tushgan, burni go’shtdor, katta og’zi g’azab bilan ochilib turardi. Jennings o’zidagi qo’rquvni yengdi va haykalni uch marta suratga tushirdi...