- Qo’rqma, Demen, - dedi Torn. — Biz to’y tomosha qilamiz.
Bolaning qo’rquvi kuchaydi. Mashina tobora cherkovga yaqinlashayotgan edi.
Torn bolasidan ko’z uzmayotgan Katerinaga qaradi. Demenning yuzi oqarib ketgan, olomon yo’q bo’lsada, u g’ujanak bo’lib olgandi.
- Hammasi joyida, Demen, - shivirladi Katerina. — Odamlar ketishdi"¦
Ammo bolaning ko’zlari cherkovga tikilgan, o’zi esa dag’-dag’ titrardi.
- Unga nima bo’ldi? — so’radi Torn.
- Bilmadim.
- Senga nima bo’ldi, Demen?
U o’lgudek qo’rqib ketgandi.
Bola dam Tornga, dam Katerinaga qarardi.
- Bu bor-yo’g’i cherkov, - dedi Katerina.
Bola yuzini keskin burdi. Uning lablari qurib qolgan, nafas olishi sekinlashayotgandi.
- E Xudoyim! — qichqirdi Katerina.
- Unga nima bo’ldi?
- Uning tanasi sovub qoldi. Xuddi muzga o’xshaydi!
Limuzin cherkov oldida to’xtadi va xizmatchilardan biri eshikni ochib Demenga qo’l uzatdi. U dahshat bilan onasining ko’ylagidan mahkam ushladi.
- Demen! — qichqirdi Katerina. — Demen!
U bolaning qo’llarini bo’shatmoqchi bo’ldi, ammo u yanada mahkamroq ushladi.
- Jeremi! — Katerina o’zini yo’qotib qo’ydi.
- Demen! — baqirdi Torn.
- U ko’ylagimni yirtib yuboradi!