5
Torn tunni bedor o’tkazdi. U ayvonda o’tirganicha sigaret chekar, tamakining ta’midan uning ko’ngli aynib ketay derdi. Yotoqxonadan Katerinaning ingrashi eshitildi va Torn u tushida qanday mahluq bilan olishayaptikin, deb o’yladi. Tushkunlik uni yana ta’qib etmayaptimikin? Torn butun tunni xayollar girdobida o’tkazdi.
Katerina uyg’onganida, uning jarohatlangan ko’zi yanada shishib, butunlay yumilib qolgandi. Torn ishga ketayotib, unga shifokorga uchrashish lozimligini aytdi. Ular boshqa hech narsa haqida gaplashmadilar. Katerina jim turar, Torn esa yangi kunning muammolari bilan band edi. Saudiya Arabistoniga safar uchun ayrim mayda-chuydalarni olish qolgandi xolos, ammo u yerga bormasligi lozimligi haqidagi fikr Tornni o’yga toldirgandi. U qo’rqardi. Katerina uchun, Demen uchun, o’zi uchun tashvishlanar, lekin nega bunday bo’layotganini tushunmasdi. Ularning hayoti go’yoki qil ustida turgandek edi. Ilgarilari Torn o’lim haqida umuman o’ylamasdi. Ammo hozir u hayoti xavf ostidaligini his qilayotgandi.
Limuzinda ketayotib, u yo’l bo’yi sug’urta varaqalarini to’ldirib bordi, o’limidan so’ng nimalar qilish lozimligi haqida ko’rsatmalar yozdi. Va nihoyat, yozishni tugatgach, Tornni birdan qo’rquv hissi chulg’ab oldi. Jeremi qandaydir xatarni sezayotgandi.
Limuzin to’xtadi. U oldiga ikki kishi yugurib kelayotganini ko’rdi. Ulardan biri fotoapparatini chiqillatdi, ikkinchisi esa uni savolga tutdi. Torn elchixona tomon yurmoqchi bo’ldi, lekin ular uning yo’lini to’sishdi.