Omen (birinchi kitob). Devid Zeltser  ( 92795 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 19 B


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:51:02

2

Tornlar katoliklarga mansub bo’lishsada, hech qachon ibodat qilishmasdi. Katerina ba’zida duo o’qib turar, cherkovga esa faqatgina diniy bayramlarda borardi. Torn Katerinadan farqli o’laroq, o’g’li Demenni cho’qintirishmaganiga befarq qarardi. To’g’ri, ular bunga urinib ko’rishdi. Ular chaqaloqni cherkovga olib borishdi, lekin cherkovga kirganlarida chaqaloqning dahshatga tushib chinqirganini ko’rishgach, ortga qaytishni ma’qul topishdi. Muqaddas suvni olib ularning ortidan ko’chaga chiqqan ruhoniy, agar ular farzandini cho’qintirishmasa, u Xudoning dargohiga hech qachon tusha olmasligini aytdi. Ammo Torn go’dakning qattiq qo’rqqanini ko’rib, cho’qintirishdan voz kechdi. Katerinani tinchlantirish uchun Demenni keyinroq cherkovga olib borishini aytdi.
Lekin bu narsa bo’lmadi. Tez orada ular ishga shunchalik berilib ketishdiki, cho’qintirish butunlay xayoldan ko’tarildi. Iqtisodiyot masalalari bo’yicha konferentsiya yakunlanib, Tornlar yana Vashingtonga qaytishdi. Torn prezident maslahatchisi lavozimida ishga kirishdi va ko’zga ko’ringan siyosiy shaxsga aylandi. Ularning Virjiniya shtatidagi qarorgohida yig’ilishlar o’ta boshladi. Gazetalar va jurnallar orqali Tornlar hammaga tanila boshlashdi. Ular boy edilar va yuqoriga tez ko’tarilishdi. Ularning davrasida prezidentni ham tez-tez ko’rish mumkin edi. Shuning uchun Tornning Buyuk Britaniyaga elchi sifatida tayinlanishi ham kutilmagan hol bo’lmadi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:51:12

Londonga kelishgach, Tornlar o’n yettinchi asrga mansub Pirford qo’rg’oniga joylashishdi. Ularning hayoti, ayniqsa Katerina uchun shirin tushga o’xshardi, u judayam baxtli edi.
Pirford qo’rg’onining tarixi qadim zamonlarga borib taqalardi. Bu yerda tepaliklar bor edi. Atrof esa bir paytlar qirol Genrix V to’ng’iz ovlagan o’rmon bilan o’ralgandi.
Uydagi ishlarni bajarish uchun xizmatchi Gortonlardan tashqari yana bir necha xizmatchilar yollandi. Katerina o’z ishlari bilan mashg’ul bo’lgan paytda Demenga Chessa ismli enaga qiz qarardi. U ko’plab o’yinlarni bilar, Demenni xuddi o’z o’g’lidek yaxshi ko’rardi. Ular soatlab birga bo’lishar, Chessa unga ko’lmakdan itbaliq va ninachilar tutib berardi.
Bolakay juda chiroyli edi. U uch yoshga to’lgandi. Bundan tashqari, Demen o’ta aqlli bo’lib, juda kuzatuvchan ham edi. U tikilganda ancha-muncha kattalar ham uning nigohiga dosh berolmasdi. Bolakay olma daraxti tagida odamlarni soatlab kuzatib o’tirishdan charchamasdi. Oila haydovchisi Gorton Demenni mashinasida tez-tez olib yurardi. Unga bolakayning indamay o’tirishi yoqardi.
- U xuddi o’zga sayyoralikka o’xshaydi, - dedi bir kuni Gorton o’z xotiniga, - uni odamlarni o’rganish uchun yerga yuborishgan shekilli.
- Onasi eshitib qolsa xafa bo’ladi, - dedi xotini.
- Men hech qanday yomon narsani nazarda tutganim yo’q. Faqat u juda g’alati bola.
Yana bir g’alatilik shunda ediki, Demen kamdan-kam ovoz chiqarardi. U quvonganini tabassum bilan bildirar, xafa bo’lganda esa ovoz chiqarmay yig’lardi. Bir kuni Katerina bu haqda shifokorga aytganida, shifokor uni tinchlantirgandi.
Albert Eynshteyn to’rt yoshigacha gapirmagan, Demen esa endigina uch yarimga to’lgandi. Nima bo’lmasin, u Katerina bilan Jeremining hayotlari ifodasi edi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:52:01

3

Gaber Jennings ismli kishi Dalv burji ostida tug’ilgandi. U bema’ni soch turmagi va qaysarligi bilan ajralib turardi.
Jennings o’ta mutaassib fotomuxbir edi. U xuddi mushuk sichqonni poylagani kabi suratga olishning qulay vaqtini kutib o’tirishdan zerikmasdi. Uni kamyob suratlar muallifi sifatida bilishardi. U birorta ham hamkasbi tushira olmaydigan suratlarni topib kelardi. U Chelsida bir xonali uyda yashardi.
Keyingi paytda uning e’tiborini amerikalik elchi o’ziga tortgandi. Uning qanday kamchiliklari bor? U birortasi bilan yuradimi? Balki elchi shahvoniy jurnallar sotib olar? Jenningsni mana shu savollar qiziqtirardi. Bu savollarga hozircha javob topmagan bo’lsada, u umidini uzmagan va kuzatishda davom etardi.
Bugun u Pirfordga borishi kerak edi. Balki bu yerda u kerakli suratni ololmas, chunki usiz ham suratkashlar ko’p bo’ladi, ammo u birorta xizmatchini qarmoqqa ilintirishi mumkin.
Jennings saharlab o’rnidan turdi, fotoapparatlarini tekshirib ko’rdi. U karavoti ostidan kiyimlarini oldi va ozg’in badaniga ildi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:52:27

Uydan chiqib ketishdan oldin u taklifnomani izladi. Pirfordda Tornning o’g’li to’rt yoshga to’lishi munosabati bilan ziyofat o’tkazilishi kerak edi. Pirford tomon yetim-esir va nogiron bolalar to’ldirilgan avtobuslar kelayotgandi. Jennings ko’ngil yozish uchun nasha chekib oldi.
Tornlarning qo’rg’onidan bir milya narida mashinalarni kuzatayotgan va taklifnomalarni tekshirayotgan politsiyachilar turishardi. Jennings ular taklifnomani tekshirgunlaricha, atrofni tomosha qilib turdi.
Nihoyat u ulkan darvozalar oldida paydo bo’ldi va nashaning kayfini yozishga harakat qildi. Butun qo’rg’on bayramona bezatilgandi. Bolalar o’ynab yurishar, xizmatchilar esa mehmonlarga turli shirinliklar va mevalar tarqatishardi. Ularning ovozini chalinayotgan organ ovozi bosib ketardi. Bu yerda hatto folbin ayol ham o’z chodirini tikkan va Londondagi ancha mashhur kishilar chodir oldida navbat kutishardi.
Kichkinagina shotland poni otlari qo’rg’on bo’ylab chopib yurishardi. Ajoyib ziyofatdan og’zi qulog’ida bo’lgan suratkashlar to’xtovsiz suratga tushirishardi, ammo Jennings uchun bu yerda suratga oladigan narsa yo’q edi.
- Ha, hamkasb? Fototasmang tugadimi?
Bu «Gerald Nyus»ning suratchisi Gobi edi. U zudlik bilan yangi tasmani fotoapparatga soldi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:53:01

- Mushakbozlikni kutyapman, - dedi Jennings.
- Bunaqa joyda har doim ham bo’lavermaysan.
- Nima bo’pti? Kerak bo’lsa, sendan surat sotib olaman.
- Bironta g’ayritabiiy narsani kutyapsanmi?
- Menga boshqa narsa kerakmas.
- Bo’pti, omad tilayman. Omading kelmasa kerak, Tornlar bu yerdagi eng yaxshi oila.
Kutilmagan surat. Jenningsga mana shu kerak edi. Hech kim ko’ra olmagan narsani ko’rish. U Tornlarni kuzata boshladi. Agar ularning IChIGA kirib olsa edi"¦
Hammaning nigohi uy ichidan olib chiqilayotgan ulkan tortga qaratildi. Enaga masxaraboz kiyimini kiyib olgan, yuziga oppoq upa chaplangan, lablariga esa tabassumni ifodalovchi labbo’yoq surtilgandi. U Demenni quchoqlab, uning yuziga yuzini bosdi.
Jennings bir burchakda turgan Katerina Tornni ko’zlari bilan izlab topdi. Uning yuz ifodasidan suratkash Katerina hozirgi voqeani yoqtirmaganini tushundi. Bayram torti atrofida yig’ilganlar qarsak chalishdi. Katerina oldinga yurdi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:53:29

- Uni folbinga olib kirmaysizmi? — qichqirdi muxbirlardan biri.
- Kelinglar, olib kiramiz, - dedi hamma bir ovozdan enagani folbinning chodiri tomon sudrashib.
- Uni men olib kiraman, - dedi Katerina Chessaning yoniga kelib.
- O’zim olib kiraveraman, xonim, - dedi enaga.
- Yo’q, o’zim, - sovuq jilmaydi Katerina.
Ularning ko’zlari uchrashdi va enaga indamay bolani onasiga berdi. Bunga hech kim e’tibor bermadi va faqat Jenningsgina buni ko’rdi. Enaga yolg’iz o’zi qoldi, uning ortida minora ko’rinib turardi. Chessa ortiga qayrilib uyga kirib ketguncha, Jennings uni ikki marta suratga olishga ulgurdi.
Folbinning chodiri oldida Katerina muxbirlardan tashqarida qolishlarini so’radi va ichkari kirdi.
- Salom, bolakay.
Folbin ayol kichkinagina yashil stol oldida o’tirar va iloji boricha sirli ovozda gapirishga harakat qilardi. Uning yuziga ham yashil bo’yoq surtilgandi. Demen unga qaradi va onasiga mahkam yopishdi.
- Qo’rqma Demen, - kuldi Katerina. — U yaxshi pari. To’g’rimi?
- Albatta, - dedi folbin, - qo’rqma.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:54:14

- U seni kelajakda nima kutayotganini aytib beradi, - dedi Katerina.
- Kel yonimga, - chaqirdi folbin, - qo’lingni ber.
Demen onasiga yanada mahkamroq yopishdi. Folbin uning yoniga keldi.
- Qo’rqma, men ham odamman.
Demen tinchlandi va qo’lini uzatdi.
- O, qanday chiroyli qo’lcha! Kelajaging juda yaxshi bo’ladi.
Birdan u bolaning kaftiga qarab jim bo’lib qoldi.
- Bu qo’lingni uzat-chi.
Demen ikkinchi qo’lini ham uzatdi va folbin yanada taajjubga tushdi.
- Bunaqasini hech qachon ko’rmaganman, - dedi ayol. - Uch yildan beri folbinlik qilsamda, bunaqasini birinchi marta ko’rib turibman.
- Nimani ko’rdingiz?
- O’zingiz qarang. Uning kaftida hech qanday chiziq yo’q!
- Nima?
Katerina o’g’lining kaftiga qaradi.
- Uning qo’li kuymaganmi?
- Yo’q.
- O’zingizning qo’lingizga qarang. Mana bu chiziqlarni ko’ryapsizmi? Mana shu chiziqlar har bir kishining o’zigagina xos. Bu chiziqlar sizning taqdiringiz.
Oraga jimlik cho’kdi, bolakay esa nima gunohi borligini bilmoqchi bo’lganday qo’llariga qarardi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:54:35

- Qarang, barmoqlarining uchi qanday silliq, - dedi ayol. — Uning barmoq izlari ham yo’q!
Katerina haqiqatan ham shunday ekanligini ko’rdi.
- Juda yaxshi, - kuldi ayol. — Agar u birorta bankni o’marsa, uni hech kim topolmaydi.
- Uning kelajagini aytib berolmaysizmi? Bu yerga shuning uchun kirgandik.
Katerinaning ovozi qaltirar, uni qandaydir xavotir chulg’ab olgandi.
- Albatta.
Ayol bolaning qo’lidan ushlashi bilan tashqarida qattiq qichqiriq eshitildi.
- Demen! Demen! Buyoqqa chiq! Senga sovg’am bor!
Folbin jim bo’lib qoldi. Chessaning ovozi g’alati edi.
- Demen, bu yoqqa chiq. Qara, sen uchun nima qilaman!
Katerina Demenni ko’tarib chodirdan chiqdi va uyning tomiga qaradi. Yuqorida qo’lida arqon ushlagan Chessa turardi. U arqonni ko’tarib, uning bir uchi bo’yniga boyolanganini ko’rsatdi. Pastda to’planganlar jimgina qarab turishardi. Masxaraboz kiyimidagi enaga esa tom chetiga keldi va xuddi o’zini hovuzga tashlayotganday qo’llarini birlashtirdi.
- Qara, Demen! — qichqirdi Chessa. — Bu sen uchun! — Va tomdan sakradi.
Uning uchib tushayotgan tanasini arqon to’xtatib qoldi, keyin esa jonsiz tana chayqala boshladi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:55:08

Pastda turganlar u yoqdan-bu yoqqa chayqalayotgan tanaga xuddi sehrlangandek tikilib qolishgandi. Shu payt dahshatli chinqiriq eshitildi. Katerina dod solayotgandi. To’rt kishi unga yordamga shoshilishdi va uning uyga kirib ketishiga yordam berishdi. Demen o’z xonasida yolg’iz qoldi. U hozirgina bo’shab qolgan maydonchaga, tomga chiqib Chessaning bo’ynidagi arqonni yechayotgan politsiyachiga qaradi. Jasad pastga gursillab tushib, boshi majaq bo’ldi. Chessaning ko’zlari osmonga tikilgan, yuzida esa o’sha masxaraboz tabassumi turardi.
Chessani ko’mishdan bir kun ilgari havo bulutli edi. Pirford osmoni qora tusga kirgan va momaqaldiroq gumburlardi. Katerina butun kunni ko’zlarini uzoqlarga ma’nosiz tikkancha, mehmonxonada o’tkazdi. Tergovchining yozma dalolatnomasiga ko’ra, Chessaning qonidan allergiyaga qarshi ichiladigan dori topilgan, bu esa ishni yanada chigallashtirgandi. Atrofda hamma enaganing o’z joniga qasd qilgani haqida gapirardi. Torn esa muxbirlardan yashirinib, uydan chiqmadi. U xotinining ruhiy iztirobga tushishidan qo’rqayotgandi.
- Bunchalik g’am chekma, azizam, - dedi u mehmonxonaga kirib. — Axir Chessa oilamiz a’zosi emasdi-ku.
- Edi, - dedi jimgina Katerina. — U doimo biz bilan yashashni istashini aytgandi.
Torn bosh chayqadi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:55:27

- U ahdidan voz kechgan ekan. — Torn xotinining ko’ziga qarashdan cho’chiyotgandi. - Kechir, - qo’shib qo’ydi u, - lekin menga bunday o’tirishing yoqmayapti.
- Hammasiga men aybdorman, Jeremi.
- Sen?
- Tug’ilgan kunda bir voqea bo’lgandi"¦
Torn uning yoniga o’tirdi.
- Unga hamma e’tibor qaratdi, - davom etdi Katerina, - va men rashk qila boshladim. Men undan Demenni tortib oldim, chunki o’zim hammaning e’tiborini tortishni istagandim.
- Menimcha, sen o’zingga nisbatan juda talabchanlik qilyapsan. Qizning ruhiyati barqaror emasdi.
- Meniki ham, - dedi Katerina. — Agar e’tiborda bo’lish men uchun shunchalik muhim bo’lsa.
U jim bo’lib qoldi. Hamma gap aytib bo’lingandi. Torn uni quchoqladi va u uxlab qolguncha kutib turdi. Bir soatcha shunday o’tirdi, keyin xotinini asta ko’tarib, yotoqxonaga olib kirdi. Ertasiga ertalab Katerina Demenni olib Chessani ko’mish marosimiga bordi. To’planganlar bor-yo’g’i qizning yaqinlari va Katerina bilan Demen edi. Ko’mishdan oldin ruhoniy duo o’qidi. Torn jamoatchilik fikridan qo’rqib, unda ishtirok etmadi va Katerinadan ham u yerga bormaslikni so’radi. Ammo u enagani yaxshi ko’rardi.

Qayd etilgan