Abdurahmon Qoya. Islom axloqi  ( 78549 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 15 B


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:11:28

XALQARO ISLOM TADQIQOT MARKAZI

ABDURAHMON QOYA

ISLOM AXLOQI

"Movarounnahr" nashriyoti
Toshkent
1997

Tarjimon: Anvar HOJIAHMAD
Mas’ul muharrir: Abdug‘ani ABDULLOH
Tartiblovchi muharrir: Yoqub UMAR

Qo‘lingizdagi kitobcha ma’naviyatimizning azaliy manba’laridan biri bo‘lgan islom axloqiga bagishlangan. Uning sahifalarini varaqlar ekansiz, islomiy qadriyatlar: odamiylik, halollik, adolatparvarlik, do‘stlik, saxovat, vafo singari olijanob fazilatlar mohiyati va ahamiyatini yaxshiroq bilib olasiz, zararli illatlar oqibatini chuqurroq anglab yetasiz, diniy urf-odatlar, bayramlar, muborak kunlar haqida qiziqarli ma’lumotlar olasiz. Ayni vaqtda axloq haqidagi ko‘plab oyati karimalar va hadisi shariflardan bahramand bo‘lasiz.


MUNDARIJA

Tarjimondan
I. Axloq nima?
Axloqiy burchlarimiz qaysilar?

II. Axloqiy burchlarimiz
1. Alloh va payg‘ambar oldidagi burchlarimiz
2. O’zimizning oldimizdagi burchlarimiz
3. Oilamiz oldidagi burchlarimiz
4. Vatan va millatimiz oldidagi burchlarimiz
5. Insoniyat oldidagi burchlarimiz

III. Chiroyli xulqlar
1. To‘g‘rilik
2. Mehnatsevarlik
3. Marhamat va yumshoq ko‘ngillilik
4. Hamdardlik va saxiylik
5. Odob va hayo
6. Do‘stlik va qadrdonlik
7. Sabr
8. Shukr qilish
9. Kattalarga hurmat
10. Kichiklarga mehribonlik
11. Adolat
12. Omonat
13. Ahdida turish
14. Tavba

IV. Yomon xulqlar
1. Yolg‘on va hiyla
2. G’iybat
3. O’g‘irlik
4. Odam o‘ldirish
5. Ichkilik ichish
6. Qimor
7. Zino qilish
8. Tuhmat
9. Takabburlik
10. Isrof
11. Hasad
12. Gunoh

V. Diniy odatlarimiz
1. Bolalarga ism qo‘yish
2. O’g‘il bolalarni sunnat qilish
3. Salomlashish
4. Bayramlar
5. Qurbonlik qilish
6. Kasallarni ziyorat qilish
7. Qabrlarni ziyorat qilish
8. Nikoh va uylanish

VI. Diniy bayramlarimiz
1. Juma
2. Bayram kunlari
3. Ashura kuni
4. Rajab, Sha’bon va Ramazon oylari
5. Rag‘oyib kechasi
6. Me’roj kechasi
7. Baroat kechasi
8. Qadr kechasi
9. Mavlud kechasi

Qayd etilgan


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:13:39

TARJIMONDAN

Islom axloqi... Necha-necha asrlar mobaynida shakllangan, qancha-qancha nasllar sinovidan o‘tib, o‘zining hayotiyligini, hamma zamonlar va avlodlar uchun muvofiqligini, kishilik jamiyati manfaatlariga mosligini, insoniyat kamoliga, ma’naviyat taraqqiyotiga xizmat qilishini amalda tasdiqlagan, shu tufayli davrlaru ellar e’zozini qozonib, zavol bilmay yashab kelayotgan o‘lmas bir ta’limot, umumbashariy hayot dasturi, ijtimoiy faoliyatning betakror qoidalari...
Muqaddas Qur’oni karimning tabarruk oyatlari, sarvari olam Muhammad mustafoning hadislariga asoslanuvchi islom axloqi necha-necha avlodlarni eng olijanob insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalagan, ezgulik, ijtimoiy adolat, o‘zaro totuvlik, birodarlik, mehribonlik kabi yuksak umumbashariy qadriyatlarni barqaror aylab, odamiylik, insonparvarlik tantanasiga xizmat qilib kelgan. Bu qadriyatlar hamon ma’naviyatimizning ustivor omillaridan bo‘lib kelmoqda.
Turk ilohiyotshunos olimi Abdurahmon Qoya qalamiga mansub ushbu kitobchada islom axloqining mohiyati va mazmuni, xilma-xil qirralari, ularning insoniy kamolotdagi o‘rni va ahamiyati yoritiladi.
Islom axloqi, avvalo, har bir mo‘minni o‘z insonlik burchiga sadoqat ruhida tarbiyalaydi. Shuning uchun kitobchada musulmonlarning Alloh va payg‘ambar oldidagi, ona-Vatan va xalq-millat oldidagi, ota-ona va qarindoshlar, oila, butun insoniyat oldidagi, nihoyat, o‘zining oldidagi burchlari mufassal bayon qilinadi.
Islom axloqi insonparvarlik har qaysi musulmonning doimiy odatiga aylanishini, har qadamda odamlarga yaxshilik qilishni, jamiyat manfaatlarini hamisha o‘z manfaatlaridan ustun qo‘yishni taqozo etadi. Shu tufayli muallif o‘z asarida o‘quvchini halollik, mehnatsevarlik, saxovat, do‘stparvarlik, odob, adolat, sabr-qanoat kabi qator fazilatlar mohiyati va ularning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati bilan tanishtiradi.
Inson degan sharafli nomga nomuvofik, hatti-harakatlar, jamiyatga, odamlarga zarar keltiradigan, ularni ranjitadigan xulqu atvor islom axloqiga zid. Binobarin, tekinxo‘rlik va yolg‘onchilik, ichkilikbozlik va zinokorlik, tuhmat va hasad, takabburlik va ig‘vogarlik kabi illatlarning zararli oqibatlari ham kitobchada ancha keng yoritiladi. Asarda, shuningdek, islom olamiga xos urf-odatlar, diniy bayramlar to‘g‘risida ham qiziqarli ma’lumotlar beriladi.
Muallif islom axloqining har bir qirrasini ta’riflar ekan, o‘z fikrlarini Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar bilan dalillab boradi. Asar ravon va xalqchil uslub, sodda, keng ommaga tushunarli til bilan yozilgan, shuning uchun ham hammabopdir.
Kitobchada ta’riflangan axloqiy qadriyatlarning aksariyati faqat ahli islom uchungina xos bo‘lib qolmay, jamiyatimizning har bir a’zosi, xususan, yosh avlod uchun g‘oyat ahamiyatlidir. Ular qadimiy madaniyatimizning muhim manba’laridan biri sifatida yangicha axloqni, istiqlol ma’naviyatini shakllantirish va kamol toptirishga xizmat qilishi shubhasiz. Shunday ekan, mazkur asar keng jamoatchilikka manzur bo‘ladi, deb umid qilamiz.

Anvar HOJIAHMAD

Qayd etilgan


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:16:36

I. AXLOQ NIMA?

Axloqiy burchlarimiz qaysilar?
Axloq - hayotdan yoki o‘qish-o‘rganish va oila tarbiyasi bilan erishilgan ruhiy holat demakdir.
So‘zlarida, ishlarida turli holat va harakatlarida durust bo‘lgan kishiga axloqli inson deyishadi.
Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Xulqi yaxshi bo‘lgan musulmon imon jihatidan eng mukammal musulmondir", - degan edilar.
Din insonlar bilan Alloh orasidagi munosabatlarni ham, odamlarning odamlar bilan munosabatlarini ham aniqlab bergan.
Inson dunyoda boshqa insonlar bilan birga yashaydi. qaerda birdan ortiq kishi bo‘lsa, u yerda insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni belgilovchi qonunlar, qoidalar, urf-odatlar bordir. Islom axloqi xam dinga asoslangan va o‘z kuch- qudratini islom dinidan olgan bir axloqdir.
Axloqiy burchlarimiz qaysilar?
- Alloh va payg‘ambar oldidagi burchlarimiz;
- o‘z oldimizdagi burchlarimiz;
- oilamiz oldidagi burchlarimiz;
- vatan va millatimiz oldidagi burchlarimiz;
- insoniyat oldidagi burchlarimiz.

Qayd etilgan


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:17:35

II. AXLOQIY BURCHLARIMIZ
1. Alloh va payg‘ambar oldidagi burchlarimiz.
2. O’zimizning oldimizdagi burchlarimiz.
3. Oylamiz oldidagi burchlarimiz.
4. Vatan va millatimiz oldidagi burchlarimiz.
5. Insoniyat oldidagi burchlarimiz.

1. Alloh va payg‘ambar oldidagi burchlarimiz
- Allohning borligi va birligiga ishonish;
- Alloh buyurgan ishlarni bajarish;
- Alloh man etgan ishlardan ehtiyot bo‘lish;
- Alloh bergan sanoqsiz ne’matlarga shukr qilish;
- Allohni hamma narsadan ulug‘ tutib, ko‘ngilga Alloh muhabbatini jo qilish;
- Alloh muhabbatini Alloh dahshatidan ustun qo‘yish;
- Allohga chin ko‘ngildan ibodat qilish;
- Alloh oldida hamisha tarbiyali, odobli bo‘lish. Uning ismini hurmat bilan tilga olish.
Insoniyatni qorong‘i bir dunyodan qutqarib, unga yorqin bir olam takdim etgan hamda bizga dunyo va oxirat baxtini hozirlagan kishi payg‘ambarimiz Hazrati Muhammaddir. Payg‘ambarimiz oldida turli bo‘rchlarimiz bor:

Qayd etilgan


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:18:31

- Hazrati Muhammadning payg‘ambarligiga ishonish;
- payg‘ambar xabar bergan diniy masalalarning durustligini xamda ularning Allohdan kelganligini qabul qilish;
- uning axloqidan namuna olish;
- payg‘ambarimizning yolg‘iz bir millat emas, balki butun insoniyatga payg‘ambar qilib yuborilganiga ishonish;
- uning buyruq va tavsiyalarini bajarish, man etganlaridan tiyilish;
- uning hayotini o‘zimizga o‘rnak deb bilib, uning sunnati bo‘yicha yashash;
- uning nomini eshitgan vaqtda "Sollallohu alayxi va sallam" yoki "Alayhissalotu vasallam" deb dildan hurmatlash;
- Alloh va payg‘ambarni o‘z jonimizdan ham ko‘proq e’zozlash va hurmat qilish.
Alloh yaratgan mavjudotlar orasidagi eng ulugi insondir. Uning jismi va bu jism ichida ko‘zga ko‘rinmaydigan ruhi bor. Islom dini inson jismini har turli xastaliklardan va zararli narsalardan saqlashga hamda ruhiy jihatdan kamol toptirishga intiladi. Yaxshi inson bo‘lmoq uchun yolg‘iz jismoniy salomatlikning o‘zi kifoya qilmaydi, balki ruhiy salomatlik ham zarurdir.

Qayd etilgan


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:19:30

Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Alloh sizning tashqi qiyofangizga qaramaydi. Lekin Alloh sizning ichingizga, qalblaringizga qaraydi", — degandilar. Demak, ichki musaffolik, ruh musaffoligi islom dinida nihoyatda muhimdir. Insonning o‘zi oldidagi eng muhim burchlaridan biri ham o‘zini ruhiy jihatdan kamol toptirmoqdir, buzuq va yaramas fikrlardan o‘zini tozalash, boshqalar haqida yomon fikr yuritishdan o‘zini tiymoqdir.
Islom diniga ko‘ra ikki turli xastalik bor. Biri moddiy, jismoniy xastalik bo‘lsa, ikkinchisi ma’naviy xastalikdir. Jismoniy xastalik inson qiyofasida ko‘zga tashlanib, bilinib turadi. Jismimizni turli jismoniy xastaliklardan saqlash o‘z oldimizdagi burchlarimizdan biridir. Ma’naviy xastaliklar inson jismida ko‘rinmaydi. g‘iybat, yolg‘onchilik, tuhmat, hiylakorlik, aldamchilik, takabburlik, xasislik va yalqovlik kabi xastaliklardan ham saqlanmoq kerak.
Payg‘ambarimiz aytadilar: "Ikki kunini bir xil o‘tkazgan kishi zarar ko‘radi". Haqiqiy musulmon har kuni oldinga qarab harakat qiluvchi va doimo o‘zini kamol toptiruvchi insondir. Ko‘p o‘qigan, ko‘proq mehnat qilgan hamda ko‘proq izlangan odam o‘ziga, millatiga va diniga foydali bo‘ladi. O’zini yaxshi tarbiyalagan inson o‘zining oldidagi burchini ado qilgan insondir.

Qayd etilgan


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:21:07

Bir jamiyatning yoki millatning eng kichik bo‘lagi oiladir. Oilaning negizi ota-onadir. Oilada yashovchi kishilarning bir-birlari oldida ham burchlari bor. Bularni uch qismga bo‘lish mumkin:
- Ota-onaning bolalari oldidagi burchlari;
- bolalarning ota-onalari oldidagi burchlari;
- tug‘ishganlar va qarindoshlarning bir-birlari oldidagi burchlari.
Ota-onaning burchi bola tug‘dirishdangina iborat emas. Tug‘ilgan farzandni o‘stirish, yaxshi tarbiyalash, dini va millati uchun foydali qilmoqdir.
Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Farzandlaringizni yaxshi boqingiz, ularni yaxshi tarbiya qilingiz", - deb marhamat qilgan edilar.
- Ota-ona farzandlarini halol rizqlar bilan boqishi;
- bola tug‘ilgach, diniy odatlarga muvofiq chiroyli va ma’noli ism qo‘yishi;
- o‘g‘il bolasini sunnat qildirishi;
- maktab yoshiga yetgach, uni maktabga yuborib o‘qitishi;
- yetti yoshidan boshlab asta-sekin diniy bilimlarni o‘rgata borishi va ba’zi suralarni yodlatishi;
- o‘n yoshiga yetgach, namoz o‘qishga da’vat etishi kerak. Bu yoshdan so‘ng bolaga Qur’on o‘qitish va dinimizning negizlarini o‘rgatish ota-onaning eng muhim vazifalaridandir.
- ota-ona bolalarini bir xil ko‘rishi zarur. Islomiyatdan avval arablar qiz bolalarini yomon ko‘rib, ularni tiriklayin yerga ko‘mardilar. Islomiyat odamlarni bu ahvoldan qat’iy ravishda qaytardi. Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Allohdan qo‘rqing va bolalaringiz borasida adolatdan uzoqlashmang", - degan edilar.

Qayd etilgan


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:22:19

- ota-ona farzandining yaxshi kishilar bilan do‘st bo‘lishiga diqqat qilishi kerak, chunki yomon kishilar bolani yomon yo‘llarga boshlashi mumkin;
- uylanish yoshiga yetganda, bolasini uylantirishi zarur.
Bizning dunyoga kelishimizga ota-onamiz sabab bo‘lgan. Ular bizni avaylab o‘stirishgan, hayotlarining eng qimmatli vaqtlarini bizga baxshida etishgan. Bizni deb ko‘p qiyinchiliklarni boshlaridan kechirishgan. Shuning uchun ham ularning bizda ko‘p haqlari bor. Ota-ona haqini tugal ado etmoqning iloji yo‘q, har qancha tirishsak ham ularning haqlari tamom bo‘lmaydi. Lekin ular bizdan mamnun va rozi bo‘lsalar, biz o‘zimizning farzandlik burchimizni bajargan bo‘lamiz.
- Bolalar ota-onalariga achchiqlanib qaramasliklari, baqirib, qichqirib ularni ranjitmasliklari kerak. Chunki Alloh taolo: "...ota-onaga "uf" deb aytma..." deydi. ("Isro" surasi, 23—oyat)
- Bolalar ota-onalariga hurmat ko‘rsatib, ularga itoatli bo‘lishlari lozim. Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Ota-onaga itoat Allohga itoatdir. Ularni norozi qilish Allohni norozi qilishdir...", - dedilar.

Qayd etilgan


siddiqa  11 Aprel 2009, 06:23:00

- ota-ona chaqirgan vaqtda yugurib kelishlari, ularning topshiriqlarini o‘rniga qo‘yishlari, yumshoq va shirin til bilan javob qaytarishlari zarur;
- muhtoj bo‘lib qolgan ota-onaga bolalari yordam qilishlari;
- bolalar qaerga borsalar ham, ota-onalariga xabar berib, ulardan ruxsat so‘rashlari;
- ota-ona uyga kirganda, bolalar ularni o‘rindan turib qarshi olishlari;
- vafot etgan ota-onalarini bolalar unutmasdan, har vaqt ularni duolar bilan esga olishlari, qabrlarini borib ziyorat qilishlari kerak.
Bolalarning o‘z ota-onalari oldidagi burchlari haqida payg‘ambarimiz o‘zlarining ikki hadislarida shunday marhamat qiladilar;
- "Alloh yaratgan eng suyukli amallar, ishlar vaqtida o‘qilgan namoz va ota-onaga yaxshilik qilishdir".
- "Jannat onalarning oyoqlari ostidadir".


Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:27:10

Ota-onadan so‘ng eng yaqin kishilarimiz tug‘ishganlarimizdir. O’zimizni e’zozlaganimiz kabi ularni ham shu tarzda e’zozlamog‘imiz darkor. Ota-onaning vafotidan so‘ng eng katta o‘g‘il - ota, eng katta qiz - ona o‘rnidadir. Yoshroq tug‘ishganlar aka-opalarini hurmat qilishlari, ular esa yoshroq tug‘ishganlariga shafqat ko‘rsatishlari lozim. Tug‘ishganlar va qarindoshlar:
- ota-onadan qolgan mol va pullarni adolat bilan bo‘lishishlari, meros masalasida bir-birlarini ranjitmasliklari;
- bir-birlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, qayg‘u va shodliklariga sherik bo‘lishlari;
- uylari bir—birlariga yaqin bo‘lsa, tez-tez ko‘rishib turishlari, yiroq shaharlarda yoki boshqa mamlakatlarda yashasalar, xatlar va telefonlar orqali aloqani uzmasliklari lozim.
Bu ishga islom dinida "silai rahm" deyiladi. Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Rizqining keng, umrining uzoq bo‘lishini tilagan odam qardoshlariga borib qarasin, ularni ziyorat qilsin", - degandilar

Qayd etilgan