Mavlud - tug‘ilish vaqti yoki tug‘ilgan kun demakdir.
Islom olamida bu kunga Mavludin Nabi, ya’ni payg‘ambarning tug‘ilgan kunlari deyiladi. Bu kun barcha musulmon mamlakatlarida katta shodlik bilan kutib olinadi.
Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV) arab oylariga ko‘ra Rabiul avval oyining 11-kechasidan 12-kuniga o‘tar kechasi, tun o‘rtasidan so‘ng Makka shahrida tug‘ildilar. To‘liq 63 yil yashadilar va yana shu oyning shu kunida vafot etdilar. Ya’ni, payg‘ambarimizning tug‘ilgan va vafot etgan kunlari bir kundadir.
Payg‘ambarimiz Hazrati Muhammad (SAV) 571 milodiy yili Amina ismli onadan va Abdulloh ismli otadan tug‘ildilar. Otalari payg‘ambarimiz tug‘ilmaslaridan ikki oy avval, onalari ham payg‘ambarimiz olti yoshlik chog‘larida vafot etdilar. Ya’ni, payg‘ambarimiz olti yoshlarida yetim bo‘lib qoldilar. Sakkiz yoshlarigacha bobolari Abdulmutallib., 25 yoshlariga qadar amakilari Abu Tolib payg‘ambarimizni asradilar. 25 yoshga yetganlarida Xadicha onamizga uylandilar. Bu nikoxdan ikki o‘g‘il va to‘rt qiz, jami 6 bola tug‘ildi. 40 yoshga yetganlarida hazrati Muhammad (SAV) payg‘ambar bo‘ldilar va bu sharafli vazifani 23 yil bajardilar. Payg‘ambarimiz 63 yoshlarida Madina shahrida vafot etdilar.
Dunyodagi eng og‘ir narsalardan biri odamlarni tarbiya qilishdir. Biron temirni, biron taxtani, biron qog‘ozni istaganingizcha qo‘llay olasiz. Chunki ular sizga qarshilik qilmaydilar. Lekin odamlarni o‘zgartirishga kirishsangiz, ularning dinga mos kelmaydigan urf-odatlarini, e’tiqodlarini, fikrlarini almashtirishga tutinsangiz, doimo qarshi bo‘lishadi, siz bilan urishishadi, tortishishadi. Hatto sizga dushman bo‘lib qolishadi. Odamlarga haq va haqiqatni anglashish, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish yengil ish emas.
Mana payg‘ambarimiz 23 yil davomida o‘jar va nodon bir xalq bilan olishdilar. Arablar butlarga, olovga, toshlarga va tog‘larga topinardilar, barchalari ham e’tiqod zaifligi ichida yashashardi. Bir-birlari bilan to‘xtovsiz urishishar, odam o‘ldirishni bahodirlik deb bilishardi. O’g‘rilar, talovchilar, hiylakorlar va qaroqchilar mamlakatning eng mashhur kishilari edi. Zaif va qashshoqlar, miskinlarning ahvoli g‘oyat zaif edi. Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV) shunday bir millat orasiga payg‘ambar qilib yuborildilar. Allohning amr va ta’qiqlarini odamlarga anglata boshlagach, barchalari payg‘ambarimizga dushman bo‘lib qoldilar. Yahudiylar, xristianlar, butga va olovga topinuvchilar, shoirlar, adabiyotchilar, sehrchilar, hatto payg‘ambarimizning yaqin qarindoshlari va ba’zi amakilari ham dushman bo‘ldilar. Bu odamlar payg‘ambarimizga va musulmonlarga qarshi qattiq zulmlar va yomonliklar qildilar. Ba’zi musulmonlarni o‘ldirib, shahid etdilar.