Abdurahmon Qoya. Islom axloqi  ( 109340 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 15 B


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:33:50

Payg‘ambarimiz bir kuni sahobalari bilan o‘tirganlarida, qo‘llariga ikkita qisqa tayoq olib, ulardan birini yonlariga qo‘ydilar, boshqasini uzoqqa otdilar. So‘ng sahobalardan: "Bu harakatlarimning ma’nosini bilasizmi?" - deb so‘radilar. Sahobalar: "Alloh va uning elchisi bilur", - deb javob berishdi. Shunda payg‘ambarimiz bu harakatning mazmunini bunday deb tushuntirdilar: "Bu qisqa tayoqlarning biri amal, biri esa ajaldir. Uzoqqa uloqtirilgan tayoq odamning amali, ya’ni dunyodagi tilaklaridir. Kishi hamma vaqt shu tilaklar orqasidan yuguradiyu, lekin hecham yetolmaydi. Yonimga qo‘yilgan tayoq esa kishining ajalidir. Ajal, o‘lim odamga juda yaqin, lekin odamlar ajaldan g‘ofildirlar. Odam amalining orqasidan yugurib yurgan vaqtda ajal uni tutib oladi va dunyodagi hayoti tugaydi. Dunyo hayoti sizni aldamasin, chunki Alloh odamga shox tomiridan ham yaqinroqdir". O’lim bilan oxiratni hamisha yodda tutish kerak. Bir kun kelib bizdan u foniy dunyoda qilgan botin ishlarimiz so‘raladi.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:34:32

Islom dinida shafqatli bo‘lishga va yordam qilishga marhamat deyiladi.
Alloh taolo Rahmon va Rahimdir. Ya’ni bandalariga bu dunyoda va oxiratda g‘oyatda shafqatli va mehribondir. Binobarin, marhamat ilohiy bir tuyg‘udir. Musulmon tosh bag‘ir, qattiq ko‘ngilli emas, aksincha, marhamatli va yumshoq ko‘ngilli bo‘lishga intilishi lozim. Allohning maxluqlariga ko‘nglida shafqat va marhamat mavjud bo‘lgan kishi afzal odamdir. Bunday inson Allohning rahmon va rahimlik sifatlaridan ulush olgani uchun har turli ehtiromga loyikdir. Allohning rahmati va marhamati esa cheksizdir. Ularning kichik bir hissasigina odamlarga berilgan. Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Alloh taolo rahmat va marhamatini yuz qismga bo‘ldi. To‘qson to‘qqiz qismini o‘ziga qoldirib, bir qisminigina yer yuziga tushirdi. Mana shu bir ulushning marhamati tufayli odamlar bir-birlariga marhamat ko‘rsatadilar - degan edilar.
qattiq ko‘ngilli kishilar, boshqalarga zulm qilib azob beruvchilar bu dunyoda ham, oxiratda ham baxtiyor bo‘la olmaydilar. Islom dini qattiq ko‘ngilli kishilar bo‘lishni harom qilgan. Islomiyatdan avval arablar zolim va nodon odamlar bo‘lgandilar. To‘xtovsiz urush qilib, bir-birlarini o‘ldirardilar, qiz bolalarni yoqtirmasdan tirikligicha yerga ko‘mardilar. Islom dini bunday hollarni qatiy ravishda ta’qiqlab, odamlarni shafqatli bo‘lishga da’vat qildi. Mana shu shafqat toshbag‘irlikni tugatib, ko‘ngillarni yumshatadi. Dushmanliklarni do‘stlikka aylantiradi.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:35:02

Bir kuni payg‘ambarimiz nabiralari hazrati Hasanni quchoqlab o‘pgan vaqtlarida Aqro ibni Habis otli do‘stlari buni ko‘rib, payg‘ambarimizga shunday dedi: "Demak, siz bolalarni o‘pasiz. Mening o‘n bolam bor, men ularni hech qachon o‘pmaganman". Payg‘ambarimiz bu kishiga tabassum bilan bokdilarda, shunday dedilar: "Marhamat qilmagan kishiga marhamat qilinmas";
Boshqa bir hadislarida payg‘ambarimiz: "Odamlarga marhamat qilmagan kishiga Alloh ham marhamat qilmas", - deydilar. Bu hadislardan ko‘rinib tiribdiki, marhamatsiz va qattiq ko‘ngilli odamlarga Allohning ham marhamati yo‘qdir.
Islom dini musulmonlarni bir gavdaning a’zolari deb biladi. Gavdaning a’zolari bir-birlariga g‘amxo‘rlik qilib, gavdaning salomatligini saqlagani kabi musulmonlar ham bir-birlariga tayanib, bir-birlarining qayg‘ularini o‘rtoqlashib, marhamat va shafqat ko‘rsatib, oralaridagi muhabbat va hurmatni ziyoda qiladilar.
Qur’onda Alloh taolo:
"Rahmatim mehribonligim esa hamma narsadan kengdir", - deydi. ("A’rof" surasi, 156-oyat).

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:35:31

Islom dini tomonidan bizga da’vat etilgan marhamat barcha insoniyatga, hatto butun maxluqotga taalluqlidir. Musulmon odam insoniyatgagina emas, hayvonlar olamiga ham marhamatli bo‘ladi, zararsiz hayvonlarni o‘ldirmaydi, och va suvsiz qoldirib yoki behudaga qiynab hayvonlarga azob bermaydi. Islom dinida hayronning ham haqqi va huquqi bor.
Bir safar payg‘ambarimiz sahobalarga do‘zaxi bir xotin haqida so‘zlab berdilar. Bu xotin mushugidan xafa bo‘lib, bir katakka qamaganda, ovqat, ham, suv ham bermagan, shu tufayli mushukning och qolib o‘lishiga sababchi bo‘lgan. Ana shu xotin mushukka raxm qilmagani uchun do‘zaxi bo‘lgan. Islom dini odamlargagina emas, barcha jonivorlarga ham shafqatli va marhamatli bo‘lishga buyuradi.
Saxiylik muhtoj kishilarga beg‘araz, xolis yordam berishga saxiylik deyiladi.
Bir jamiyatda turli odamlar yashaydilar. Ularning hammasi ham bir xil emas. Oralarida kuchlilari bor, zaiflari bor, olimlar va nodonlar bor. Inson olamda qanchalik boy, qanchalik kuch-qudratli bo‘lsa ham, bir o‘zi yashay olmaydi. U boshqa kishilarga ehtiyojlidir. Shuning uchun ham dinimiz o‘zaro yordamlashishni farz qilgan.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:36:24

Hamdardlik va saxiylik Qur’onda farz qilingan va payg‘ambarimizning hadislarida ulug‘langan. Saxiylikning ziddi bo‘lgan xasislik esa harom qilingandir. Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV) bir hadislarida marhamat qiladilarki: "Saxiylik shoxlari dunyoga tushib turgan jannat daraxtlarining biridir. Kim bu daraxtning shoxlaridan birini ushlasa, u shox o‘sha odamni jannatga yetaklaydi. Xasislik shoxlari bu dunyoga tupshib turgan jahannam daraxtlarining biridir. Kim bu daraxtning shoxlaridan tutsa, u shox o‘sha odamni jahannamga yetaklaydi".Islom tarixida eng katta saxovat ko‘rsatuvchi, hech shubhasiz, payg‘ambarimiz Hazrati Muhammad sallollohu aLayhi vasallamdurlar. Ul zotning sahobalaridan Sobir roziallohu anhu shunday deydilar: "Payg‘ambarimizdan bir narsani so‘rasang, hech qachon quruq qaytarmas edilar. Bor bo‘lsa berardilar, yo‘q bo‘lsa, berishga va’da qilardilar".Odamlar o‘rtasida sevgi va muhabbatni orttiruvchi eng muhim narsa o‘zaro yordamlashish va saxovatdir. Alloh o‘zining sevgan bandalarini saxovat hissidan bahramand qilgan.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:36:57

Payg‘ambarimiz o‘z hadislaridan birida marhamat qilib aytadilarki: "Shubhasiz, saxiy kishi Allohga, odamlarga va jannatga yaqin, jahannamdan uzoqdir. Xasis kishi esa Allohdan, odamlardan va jannatdan uzog‘u, jahannamga yaqindir".
Dinimizda saxovat ikki qismga bo‘linadi:
- moddiy saxovat - mol va pul bilan berilgan har- xil yordamlar;
— ma’naviy saxovat - qayg‘uli kishilarni shirin so‘zlar bilan yupatish, odamlarning xatolarini ko‘rganda o‘git-nasihat qilish, ilmi bilan odamlarga haq va haqiqatni anglatish, odamlar oldida ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘lish kabi ishlardir.
Bu ikki xil saxovatda ham savob bor. Qur’onda Alloh buyuradiki: "Kim biron chiroyli amal qilsa, unga o‘n barobar qilib qaytarilur. Kim biron yomon ish qilsa, faqat o‘shaning barobarida jazolanur va ularga zulm qilinmas" ("An’om" surasi, 160-oyat).
Madadkorlik va saxovatning qimmatini oshiradigan narsalardan biri qilgan yaxshiliklarimizning Alloh bilan bizning oramizda qolishidir. Saxovatni oshkor qilish esa maqtanish bo‘lib, durust hisoblanmaydi. Chunki Alloh yashirin bo‘lsin, oshkor bo‘lsin, qilgan barcha ishlarimizni bilib turadi.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 06:33:47

Odob - tarbiya, go‘zal axloq, nazokatlilik demakdir.
Hayo - uyalish, Allohdan qo‘rqib yomon ishlardan saklanish, tortinish demakdir.
Har bir musulmonda bo‘lishi kerakli eng muhim narsalardan biri odob va hayodir. Agar odamlarda odob va hayo bo‘lmasa, Allohdan qo‘rqish va ijtimoiy nazorat bo‘lmasa, balki olam tartiblari buzilib ketardi. Har bir kishi qilgan xato va gunohlaridan uyalmasa, odamlardan tortinmasa, Allohdan qo‘rqmasa, yomon va nojo‘ya ishlarni to‘xtatib bo‘lmas edi. U chog‘da mamlakatlar yovuz odamlar qo‘liga o‘tib, tinchlik va osoyishtalik tugar, hayotning lazzati qolmasdi.
Odobli odam boshqalar bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, kattalarni hurmat qiladi, kichiklarga shafqat ko‘rsatadi. Odobli kishi o‘z obro‘sini to‘kadigan harakatlardan uzoq bo‘ladi. Mabodo shunday bir harakatni sodir etsa, uyalib yuzi qizaradi va vijdoni azoblanadi. Ana shunday hissiyotga ega bo‘lgan kishi odobli va hurmatli inson sanaladi

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 06:34:27

Ba’zi kishilar o‘zlari bilmagan yoki bexabar holda biron xato ish qilib qo‘ysalar, uyatdan boshlarini ko‘tarolmay qoladilar. Boshqa bir kishilar esa katta xato qilib qo‘ysalar ham, aslo parvo qilmaydilar. Chunki bunday odamlar odobu hayolarini, vijdon tuyg‘usini yo‘qotgan kishilardir. Islom dini bo‘yicha odob va hayo odamlarni nojo‘ya ishlardan saqlovchi bir qalqon, himoyachidir.
Islom dinida gunoh ish qilish qoralanadi. Lekin bir kishi qandaydir bir sabab tufayli ayb va gunoh ishni qilishga majbur bo‘lsa, uni odamlarga ochiq ko‘rsatib bajarishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki nojo‘ya va foydasiz ishlar odamdan odamga o‘tadigan kasallikka o‘xshaydi. Agar biron kishi xatoga yo‘l qo‘ysa, bu bilan beixtiyor boshqa kishilarga o‘rnak bo‘lmaslik uchun odamlardan uyalib, pinhon tutishi darkor.
Payg‘ambarimiz bir hadisi shariflarida: "Uyalmagan odam bilganini qilsin", -degandilar. Demak, boshqalardan uyalmagan odam har xil nojo‘ya ishlarga yo‘l qo‘yadi, lekin oxirida o‘z jazosini oladi. Boshqa bir hadislarida: "Odamlardan uyalmagan Allohdan ham uyalmas ", - deydilar.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 06:35:21

Uyalish ikki turli bo‘ladi:
- Allohdan uyalish;
— odamlardan uyalish. 
Allohdan uyalmoq odamlardan uyalishdan afzalroqdir, chunki Allohdan uyalish odamlarni har xil yovuzliklardan va o‘salliklardan qaytaradi.
Islom dini do‘stlik va qadrdonlik haqida ham bir qator da’vatlar va tavsiyalar yaratgan. Qur’onda do‘stlik to‘g‘risida turli oyatlar mavjud. Masalan, Haq subhonahu va taolo shunday amr qiladi: "Sizning do‘stingiz faqat Alloh, Uning payg‘ambari va ta’zim-tavoze’ qilgan hollarida namozni to‘kis ado etadigan, zakotni (haqdorlarga) ato etadigan mo‘minlardir" ("Moida" surasi, 55-oyat).
Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV) shunday deganlar: "Odam do‘stining yo‘lidadir. Kim bilan do‘stlashishingga e’tibor qil".Inson qayg‘uli damlarda ham, xursandlik chog‘larida ham do‘stlarga muhtojdir. Chunki qayg‘u va shodliklarimizni do‘stlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. Og‘ir va qayg‘uli vaqtlarimizda ular biz uchun katta tayanch bo‘ladilar.
Islom olimlarining Payg‘ambarimiz hadislariga asosan do‘st tanlash haqidagi tavsiyalari quyidagilardir.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 06:35:58

Do‘sting aqlli bo‘lsin.
Nodonlar bilan do‘stlashgan odamlar hech bir vaqt balodan qutulmaydilar. Chunki bunday kishilarning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ladi. Ular niyatlari yaxshi bo‘lganida ham, yaxshilik qilaman, deb yomonlik qilib qo‘yadilar.
Aqlli kishining dushmanligi nodon odamning do‘stligidek zararli bo‘lmaydi. Aqlli dushman zarar yetkizganida ham, me’yoridan oshirmaydi, zararning chegarasini biladi. Shuning uchun ota-bobolarimizning hikmatli so‘zlarida: "Aqlli dushmandan qo‘rqma, ahmoq do‘stdan qo‘rq", "Do‘sting o‘zingdan yaxshiroq bo‘lsin", — deyilgan.
Do‘sting diyonatli, e’tiqodli bo‘lsin.
Do‘st tutinadigan kishining diyonatli va odobli bo‘lgani yaxshi, chunki diyonatsiz odam o‘z-o‘zining dushmanidir. Uz-o‘ziga dushman bo‘lgan kishi qanday qilib boshqalarga do‘st bo‘lsin. Haqiqiy do‘stlar ishimiz tushganida - yordamchi, qayg‘uli damlarimizda yupatuvchi yolg‘iz qolganimizda bizni xotirlovchi kishilardir. E’tiqodsiz kishilardan har turli noma’qulchiliklarni kutish mumkin. Chunki, ular uchun faqatgina hayot, dunyo hayoti bor. Ular hayotni rohat-farog‘atda o‘tkazish uchun Allohdan hadiksiramay, turli nojo‘ya ishlar bilan shugullanadilar.

Qayd etilgan