Abdurahmon Qoya. Islom axloqi  ( 109191 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 15 B


siddiqa  14 Aprel 2009, 07:01:22

Payg‘ambarimiz bolalarni yaxshi ko‘rar va ularni ardoqlashga da’vat etardilar. Bolalarni ko‘rganlarida, muborak yuzlari nurlanib, ularni quchoqlar edilar. Mahallada uchrashgan bolalar bilan salomlashib so‘zlashar ekanlar, ularga qiziq-qiziq gaplarni aytardilar. Tuyasi bilan yurgan bo‘lsa, ularni tuyaga mindirib qo‘yardilar. Hatto bir marta musobaqalashayotgan bolalar bilan birga yugurib, ularni nihoyatda xursand qilgan edilar. Usama binni Zayd shunday rivoyat qilgan edi: "Payg‘ambarimiz meni bir tizzalariga, nevaralari Hasanni bir tizzalariga olib o‘tirib, bizlarni quchoqlab turib, "Allohim, bolalarga marhamat ayla, tavfiqli, baxtli qil. Men bularning yaxshi hamda baxtli bo‘lishini istayman ", - dedilar ".
Bolalar bu dunyodagi hayotning bezagi, keksalar esa hayotning barakoti. Kichik bolalarga shafqat, keksalarga hurmat dinimizning negizlaridandir.


Qayd etilgan


siddiqa  14 Aprel 2009, 07:02:17

Haq -to‘g‘rilik, durustlik, adolat, demakdir. Allohning sifatlaridan biri.
Islom dinida umuman ikki turli haq bor:
- Alloh haqi;
— bandaning haqi (inson haqi).
Alloh o‘ziga oid, aloqador bo‘lgan haqlarni xohlasa kechadi. Chunki bu haq Alloh bilan odam orasidadir. Lekin bandaning haqini (inson haqini) yolg‘iz inson kechadi, Alloh kechmaydi. Shuning uchun musulmonlar ba’zan bahslashadilar. Safarga chiqqanda, hajga ketganda, birovning moli va joniga zarar yetganda bahslashadilar, kechishini so‘raydilar. Bundan maqsad insonning haqi va huquqidan qutulmoqdir. Chunki Alloh kechirmaydigan gunohlardan biri insonning haqidir. Alloh o‘z oldiga banda haqi, ya’ni odam haqi bilan borishimizni istamaydi. Payg‘ambarimiz bu masalada e’tiborli bo‘lishimizga da’vat qiladilar. Vafotlaridan bir necha kun avval payg‘ambarimiz masjidga borib, namoz o‘qiganlar va qavmlariga shunday deganlar: "Hoy odamlar! Oralaringizda kimga zarar yetkazgan bo‘lsam, aytsin, men uni to‘layman. Oralaringizda kimning orqasidan so‘kkan bo‘lsam, u kelib meni so‘ksin. Kimlardan qarzim bo‘lsa, aytsin, to‘layman". Shu vaqt jamoatdan biri o‘rnidan turib: "Yo Rasululloh, bir qashshoqqa sadaqa qilib berish uchun yoningizda pulingiz bo‘lmaganida, mendan uch dirham pul olgan edingiz", - dedi. Payg‘ambarimiz voqeani xotirlab qarzlarini to‘ladilar va u kishiga rahmat aytdilar. So‘ng shunday dedilar: "Oxiratda Alloh oldida uyalishdan ko‘ra bu dunyoda odamlarning oldida uyalish yaxshiroqdir".

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:04:07

Mo‘min odam kundalik hayotda musulmon qardoshining moliga va joniga zarar yetkazmaydi, ularni qo‘li va tili bilan ranjitmaydi. Agar shunday qilgudek bo‘lsa, musulmon qardoshidan kechirim so‘rab, orani ochiq qiladi.
Payg‘ambarimiz bir hadislarida shunday degan ekanlar: "Kimda bir odamning haqi bo‘lsa, vafot etmasidan avval odamlar bilan orani ochiq qilib olsin. Chunki qiyomat kuni kishining moli-boyligi o‘ziga foyda bermaydi". Payg‘ambarimizning hadisi shariflaridan ayon bo‘lishicha, boshqalarning moli va joniga zarar yetkazgan, so‘z bilan ranjitgan, musulmon qardoshlari haqida yomon tilak va fikrlar bildirgan odamlar boshqalar haqiga ziyon yetkizgan bo‘ladilar.
Islom ulamolari fikricha, bandaning haqi (inson haqi) Alloh haqidan muhimroqdir. Odamning haqini shak-shubhasiz haq egasiga topshirish zarur. Agar haq egasi vafot etsa, unda haqni uning vorislariga to‘lash kerak. Allohga va oxirat kuniga ishongan har bir musulmonning bu masalada hushyor bo‘lishini dinimiz buyurgan. Chunki Qur’on oyatlariga ko‘ra: "Kim (hayoti dunyodalik paytida) zarra misqolichalik yaxshilik qilsa, (qiyomat kunida) o‘shani ko‘rur. Kim zarra misqolichalik yomonlik qilsa, uni ham ko‘rur" ("Zalzala" surasi, 7-8-oyatlar).

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:04:48

Payg‘ambarimiz vafotlaridan avval sahobalari bilan hisoblashib bu dunyo bilan xayrlashganlar. qiyomat kunida Alloh haqlik va adolat bilan hukm qilajak haq egalariga haqlarini topshiradi. Bu dunyoda qilingan nuqsonlar odamlarga noma’lum bo‘lib qolmaydi.
Adolat: haqiqatga va to‘g‘rilikka rioya qilmoq, zulmdan yuz o‘girib, haqni- haq egasiga topshirmoq, ishlarimiz, harakatlarimiz va so‘zlarimizda o‘rta yo‘lni izlamoq demakdir.
Bir yerda birdan ortiq kishi bo‘lsa, u yerda adolat kerak. Odamlarning va millatlarning baxti adolat bilan ro‘yobga chiqadi. Adolatsiz millatlar va mamlakatlar uzoq yashamaydilar.
Islom axloqida eng oldin qo‘yilgan va eng muhim masalalardan biri adolatdir. U juda ko‘p oyatlar va hadislar bilan mo‘minlarga farz qilingan. Har jumada xutbadan so‘ng baland ovoz bilan shu oyat o‘qiladi: "Alloh adolatga, chiroyli amallar qilishga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurur hamda buzuqlik, yomon ishlar va zo‘ravonliklardan qaytarur. ("Nahl" surasi, 90-oyat). Bu oyat bilan eng kamida haftada bir martaba musulmonlarga adolat eslatiladi.
Koinotning va dunyoning tartibi adolatga bog‘liqdir. Adolat bo‘lmagan joyda zulm avj oladi. Zulm islom dinida haromdir va eng zo‘r gunohlardandir. Qur’onda Alloh zolimlarni yomon ko‘rishini bildirgan. Payg‘ambarimiz ham bir hadislarida: "Kufr, ya’ni kofirlik, dinsizlik davom etishi mumkin, lekin zulm davom etmas", - deydilar. Tarixda zo‘r zolimlar bo‘lgan, lekin bularning zulmlari abadiy davom etmagan va hech qachon davom etmaydi ham.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:05:10

Adolatsizlik har bir mamlakatning tartibini buzadi va samimiyat tuyg‘ularini yo‘qqa chiqaradi. Odamlar orasida gina va dushmanlik boshlaydi.
Odamlar bir-birlariga ishonmay qo‘yadilar. Shuning uchun Alloh Qur’onda: "...odamlar orasida hukm qilganingazda, adolat bilan hukm qilishga..." buyuradi. ("Niso" surasi, 58-oyat).  Qur’onda yana: "Alloh adolat qilguvchilarni sevadi", - deb marhamat qilinadi ("Mumtahana" surasi, 8-oyat).
Qur’oni karimda Allohning adolatli ekanligi qayta-qayta ta’kidlangan. Allohning 99 sifati bor. Bulardan biri Al-Adldir. Ya’ni, Alloh bandalariga adolatlidir. Islom dinini tadqiq etgan ba’zi bir ovrupalik olimlar ham islom dinini adolat dini deb ataganlar.
Melodiy 630 yili Makka shahri musulmonlar tomonidan ishg‘ol qilingan vaqtda qabilaning mashhur odamlaridan birining xotini o‘lja olingan mollarning ba’zi qimmatli narsalarini o‘g‘irladi. Payg‘ambarimiz buni eshitgach, u xotinga jazo berishni istadilar. Lekin ba’zi kishilar o‘rtaga tushib shunday dedilar: "Yo Rasululloh, bu ayol mashhur bir qabiladandir, o‘zi ham sharafli va shuhratlidir. Bu ayolga jazo bermasangiz va avf etsangiz". Shunda payg‘ambarimiz juda xafa bo‘lib: "Sizdan avvalgi millatlar mashhur va boy bir kishi o‘g‘irlik qilsa, hech qanday jazo bermay, uni avf etishar edi. qashshoq va zaif bir kishi o‘g‘irlik qilganda esa uni jazolardilar. Bu adolatsizliklari u millatlarning yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ldi. Allohga ont ichib aytamanki, agar qizim Fotima o‘g‘irlik qilsa, uni o‘z qo‘lim bilan jazolar edim", - dedilar va o‘sha o‘g‘ri ayolning munosib jazosini berdilar.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:05:31

Inson qaerda bo‘lmasin, salohiyati va mansabi qay darajada bo‘lmasin, boy yo qashshoq, do‘st yo dushman, yaxshi yo yomon, katta yo kichik ekanligidan qat’iy nazar, adolat bilan hukm qilinishi kerak. "Niso" surasining 135-oyatida o‘zimizning ota-ona hamda yaqin qarindoshlarimizning zarariga bo‘lsa ham adolat bilan guvohlik berishga da’vat qilinadi. Adolat faqat mahkamadagina bo‘lmaydi. Mamlakatning hamma joyida adolat barqaror bo‘lishi lozim. Uyda ota-ona bolalariga, maktabda o‘qituvchi o‘z shogirdlariga, badavlat kishilar o‘z qo‘l ostidagi ishchi va xizmatchilarga adolat qilishga majburdirlar. Mo‘minlar har vaqt Allohni eslab, Allohdan qo‘rqib so‘zlarida, ishlarida va harakatlarida to‘g‘ri bo‘lishga intilishlari va hech qachon adolatdan yuz o‘girmasliklari kerak.


Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:05:53

Omonat: Saqlash uchun bizga topshirilgan har bir narsaga omonat deyiladi.
Amin: Ishonilgan, hech kimga zarari tegmagan, tinch, bexavotir odam demakdir.
Payg‘ambarimizni payg‘ambar bo‘lmaslaridan avval ham "Muhammad-ul-amin", ya’ni ishonchli, amin odam der edilar.
Omonat so‘zining xilma-xil ma’nolari bor. Omonat faqatgina bizga saqlash uchun qoldirilgan mol emas. Payg‘ambarimiz melodiy 632 yili, vafot etmaslaridan uch oy avval haj vaqtida yuz mingdan ortiq musulmonga Arafot tog‘ida o‘qigan vido xutbalarida shunday marhamat qiladilar: "Sizga bir omonat qoldiraman. U omonatni saqlasangiz, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaysiz. Bu omonat Allohning kitobi Qur’oni karimdir". Demak, Qur’on musulmonlarga bir omonatdir. Bu omonatni ikki ko‘zimiz kabi avaylab asrab, bizdan so‘ng keladigan nasllarga topshirishimiz kerak. Agar dinimizni saqlamasak, kitobimizni o‘rganmasak, bora-bora dinimiz unutiladi. U vaqtda biz omonatni saqlay olmaganimiz uchun gunohkor bo‘lurmiz.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:06:17

Dindan va Qur’ondan tashqari jon ham insonga bir omonatdir. Jonni beruvchi Allohdir, vaqti kelganda bu omonatni qaytib oladi. o‘z-o‘zini o‘ldirgan kishilar Allohning bu omonatiga xiyonat qilganliklari uchun katta gunohkor bo‘ladilar. Jismimizni turli kasalliklardan ehtiyot qilish, uni salomat saqlashga harakat qilish ham omonatni saqlash hisoblanadi.
Bizga topshirilgan vazifalar, burchlarimiz ham omonat sanaladi. Bu vazifalar yoki ishlarni qo‘limizdan kelganicha juda yaxshi qilib bajarishimiz kerak. Agar burchlarimizni, ishlarimizni to‘la-to‘kis bajarmasak, omonatga xiyonat qilgan bo‘lamiz.
Davlat va millat ham bizga bir omonatdir. Millat ishlarini olib boruvchi odamlarni saylagan vaqtda eng yaxshi kishilarni saylab, omonatni munosib insonlarga topshirishimiz kerak. Qur’onda: "Albatta, Alloh sizlarni omonatlarini o‘z egalariga topshirishga buyuradi", - deyilgan ("Niso" surasi, 58-oyat). Davlat va millat moli ham bir omonatdir. Ularga zarar yetkazish va o‘z foydamizga ishlatish yaramaydi.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:06:33

Hazrati Umar bir kuni kechasi hukumat uyida millat ishlari bilan shug‘ullanar ekanlar, Abdurahmon binni Avor ismli bir do‘stlari kelib qoldi. Salomlashib hol-ahvol so‘rashishganidan so‘ng, hazrati Umar bir shamni olib yoqdilar, shungacha o‘z oldilarida yonib turgan shamni o‘chirib bekitib qo‘ydilar. Do‘stlari Abdo‘rahmon binni Avor hazrati Umarning bu harakatiga qarab turdida, so‘radi: "Yo Umar! Shamning bittasini yoqdingiz, bittasini o‘chirdingiz. Bularning ikkalasi ham bir xil sham. Nega bunday qildingiz?" Hazrati Umar shunday javob berdilar: "Sen kelgan vaqtda davlat ishi bilan shug‘ullanayottan edim. Shuning uchun davlatning shamini yoqqandim. Lekin sen kelgach, ishimni qoldirib sen bilan so‘zlasha boshladim. Sen bilan so‘zlashayotganimda, davdatning shamini yoqishga haqqim yo‘q. Shuning uchun o‘z pulimga sotib olgan shamni olib yoqdim".

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:06:49

Har bir insonga bolalari va oilasi omonat hisoblanadi. Ularni din va axloq jihatidan tarbiyalab, urf-odatlarimizni o‘rgatib, milliy va diniy ruxda tarbiyalashimiz darkor.
Sizga sir sifatida aytilgan so‘zlar ham bir omonatdir. Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Bir kishi senga bir so‘zni so‘zlaganda, yon-atrofga qarab gapirsa, bilgilki, u so‘z senga bir omonatdir. U so‘zni boshqalarga so‘zlama", -degan edilar.
Omonatni saqlamagan va zarar yetkizib xiyonatkorlik qilgan kishiga "xoin" deyiladi. Omonatning ziddi xiyonatdir. Bizga topshirilgan bir narsaga zarar yetkizish, burchlarimiz, ishlarimizni to‘la-to‘kis ado etmaslik omonatga xiyonatdir va dinimizda haromdir.
Biron odamga yoki odamlarga va’da bersak, uni ado etish ham diniy bir burch sanaladi. Islom dinida ba’zi bir ibodatlar farz qilingani kabi ayrim ishlar va harakatlar ham farzdir. Shulardan biri va’da bergach, ahdida turmoqdir.

Qayd etilgan