Islom ulamolari shunday deydilar: "Ovqat yeyayotgan vaqtda og‘izga kirgan narsalarga e’tibor etgan kabi, zararli va yomon narsalarni tanavvul qilmaslikka harakat qilgan kabi, og‘izdan chiqqan so‘zlarga ham diqqat qilib, o‘zlarimiz bilan boshqalarga zarar yetkazmaslik axloqiy bir burchdir".
Islom dini bu masalaga alohida diqqat qilishga da’vat qiladi. "Har qanday aytilgan gapga ishonavermaslik kerak", - deb uqtiradi. Masalan, Qur’onda buyuriladiki: "(Ey inson), o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil - bularning barchasi to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (ya’ni eshitgan, ko‘rgan va ishongan har bir narsasi uchun kishi qiyomat kunida javob beradi" —("Isro" surasi, 36-oyat). Boshqa bir oyatda: "Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingazda biron qavmga musibat yetkizib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab, tekshirib ko‘ringlar", — deyiladi ("Hujurot" surasi, 6-oyat).