Abdurahmon Qoya. Islom axloqi  ( 109228 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 B


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:22:05

Bu oyatlardan ayon bo‘ladiki, har qanday so‘zga ishonmaslik kerak. Ko‘pincha odamlar mubolag‘a qilib so‘zlaydilar. Shu tufayli haqiqiy ahvol bir yoqda qolib, yolg‘on gap kuchayib boradi.
Tuhmat kishilik tarixining har qaysi bosqichida mavjud bo‘lgan. Hatto payg‘ambarimiz zamonlarida ham yuz bergan; hatto payg‘ambarimizning xotinlari Oysha onamizga tuxmat qilganlar.
Payg‘ambarimiz melodiy 626 yili Bani Mustalik nomli bir qabila bilan urush qilishga majbur bo‘ldilar. Bu urushga otlangan vaqtda xotinlari Oyshani ham birga olib ketdilar. Musulmonlar dushman bilan urishib yengdilar va shartnoma tuzib orqaga qaytdilar. Yo‘lda bir joyda to‘xtadilar. Oysha onamiz bomdod namozidan oldin uyg‘ondilar. Tahoratdan avval hojat uchun odamlardan panaroq joyga ketdilar. Yo‘lda munchoqlari tushib qoldi.  qaytib kelgach, munchoqning tushib qolganini sezib, izlab hojatga borgan joyga qarab yo‘l oldilar. Munchoqni izlab topguncha biroz vaqt o‘tdi. qabila tushgan joyga qaytib kelib qarasalar, barcha sipohlar ketib qolishgan ekan. qanday qilib bo‘lsa ham meni topishar, degan xayol bilan shu yerda o‘tirdilar.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:22:43

Payg‘ambarimiz urush davrida hamisha bir odamni orqada yuruvchi qilib tayinlar edilar. U kishi unutilib qolgan narsalarni to‘plab yurar edi. O’sha kuni Safvon binni Muattal ismli bir sahoba bu vazifani bajarardi. Mana shu kishi kelayotib hazrati Oyshani ko‘rdi va tuyasiga mindirdi. O’zi tuyaning jilovidan ushlaganicha, lashkar ortidan yo‘lga ravona bo‘ldi. Bir necha soatdan keyin lashkarga yetib oldilar. Lekin ba’zi odamlar hazrati Oysha bilan Safvon haqida yo‘q so‘zlarni so‘zlab, g‘iybat qila boshladilar, payg‘ambarimiz bilan hazrati Oyshaning oralariga sovuqlik soldilar. Hazrati Oysha kasal bo‘lib qoldilar. Payg‘ambardan ruxsat so‘rab, otalari hazrat Abu Bakr uyiga ketdilar. Bu hol ularning ikkovlari uchun ham o‘ng‘aysiz edi. Bir necha vaqtdan so‘ng payg‘ambarimizga bu to‘g‘rida oyat nozil qilindi va bu oyatda hazrati Oyshaning aybsiz ekanligi bildirildi. Ushbu oyatda oilali va gunohsiz ayollarga tuhmat qiluvchilar agar guvohlari bo‘lmasa, 80 qamchi bilan jazolansinlar, deyildi. ("Nur" surasi, 4-oyat). Mana shu oyatdan so‘ng bu tuhmatni boshlagan Abdulloh binni Ubay binni Salul, Hasan binni Sobit hamda Hamna binti Jahsh ismli kishilar 80 qamchi bilan savalandilar. Bu jazo tuhmat jazosi deb ataldi. Bu - payg‘ambarimizning sog‘-omon vaqtlarida bo‘lib o‘tgan voqea. Agar Alloh taolo oyatlar bilan hazrati Oyshaning gunohsiz bo‘lganini bildirmasa, ularning holi ne kechardi? Ular umr bo‘yi qayg‘u-azobda yashar edilar. Lekin Alloh payg‘ambarimizga oyatlar nozil qilib, bu xatoni tuzatdi.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:23:14

qilingan nojo‘ya ishlar hech qachon yashirin qolib ketmaydi. Boshqalarga zarar yetkazgan odam yerning usti ham, osti ham bor ekanini unutmasin. Balki bu dunyoda yovuz odamlar uchun qochishga joy topilar, lekin oxirat hayotida qochishga o‘rin yo‘qdir. U kunda ular "qiyomat" surasidagi oyatga ko‘ra: "Qaerga qochib qutilish mumkin?" - deb qoladilar. ("Qiyomat" surasi, 10-oyat).

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:23:51

Takabburlik - o‘zini boshqalardan yuqori qo‘yish, o‘zini ulug‘lash, maqtash, boshqalarni mensimaslik, pastga urish demakdir.
Islomiyatning maqsadi odamlarni bir-biriga yaqinlashtirib, totuvlikda yashatish, bu dunyo va oxiratda baxtli qilishdir. Lekin Allohning maxluqlari xulqi va tabiati jihatidan turlichadir. Ba’zilari yumshoq ko‘ngil va kamtarin, boshqalari toshbag‘ir va takabburdir.
Shayton mag‘rurlangani va o‘zini boshqalardan ustun ko‘rgani uchun Alloh dargoxotidan mangulikka quvilgandir.
Takabburlik islom dinida haromdir. Qur’oni karimda yozilganidek, Alloh: "... mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi" ("Niso" surasi, 36-oyat), "Albatta, U zot mutakabbir kimsalarni sevmas" ("Nahl" surasi, 23-oyat).Chunki takabburlik Allohga maxsusdir, yolg‘iz Allohning haqidir. Odamlarning esa takabbur bo‘lishga haqlari yo‘q. Allohning 99 sifatidan bir Al-Mutakabbirdir.
      Takabburlik qilgan odam Allohni g‘azablantiradi. Bir qudsiy hadisda Janobi Haq shunday marhamat qiladi: "Buyuklik va takabburlik mening kiyimim, kibriyo, ya’ni ulug‘lik mening to‘nimdir. Takabburlik va ulug‘likda menga tenglashmoqni istagan odamning belini sindiraman".

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:24:08

Qur’ondagi juda ko‘p oyatlarda takabburlikdan saqlanish buyurilgan. Masalan, Alloh taolo shunday deydi: "Yer yuzida kibr-havo bilan yurmagin. Chunki sen yerni teshib ketolmaysan va bo‘yi bastda tog‘larga yetolmaysan" ("Isro" surasi, 37-oyat).
Payg‘ambarimiz ham bir hadislarida: "Takabbur odamni Alloh pastga tushiradi, kamtar odamning esa darajasini ko‘taradi", -deydilar.
Nuh payg‘ambar vafotidan bir oz avval bolalarini chaqirib, ularni ikki narsadan: Allohga sherik qilishdan va takabbur bo‘lishdan qaytargan edi.
Payg‘ambarimiz hamisha kamtarin inson bo‘lganlar va buni bizlarga ham tavsiya etganlar. Payg‘ambarimizni birinchi bor ko‘rgan bir arab ul zotning huzurlarida qo‘rqib qaltiray boshlagan edi. Shu vaqt payg‘ambarimiz: "Ey do‘stim, qo‘rqma! Men ham quraysh tuprog‘idan arpa noni yegan bir ayolning farzandiman", - deb samimiylik ko‘rsatganlar hamda o‘zlarining payg‘ambarliklari bilan maqtanmaganlar

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 06:24:34

Turli sabablar tufayli odamlar takabbur bo‘ladilar. Boyligi, nasli, mansabi yoki bilimi bilan maqtanib takabbur bo‘lganlar bor. qays binni Mutatiyya ismli bir kishi payg‘ambarimiz masjidlarida namoz o‘qishga kelganda, azon vaqtini kutib turganlar orasida arab bo‘lmagan bir necha musulmonni ko‘rib: "Bular Erondan kelgan Salmon Forsiyga, Habashistondan kelgan Biloli Habashiyga va nasroniylikni tashlab musulmon bo‘lgan Suhaybi Rumiyga kim bo‘ladilar? Bularning bittasi ham arab emas. Biz, arablar islomiyatga katta xizmatlar qildik. Islomiyat arablar orqali xalq orasiga tarqaldi", - deb o‘zining qavmi bilan maqtandi. qaysning so‘zlarini payg‘ambarimizga aytib berishdi. Namozni o‘qib bo‘lgach, payg‘ambarimiz jamoatga so‘zladilar va: "Rabbingiz bir Allohdir, otangiz ham bir ota, ya’ni hazrati Odamdir. Arablik sizning otangiz ham, onangiz ham emasdir. U bir tildir, arabcha so‘zlashgan odam arabdir", - deb odamlarni nasli va qavmi bilan maqtanishdan qaytardilar.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:19:40

"Meni takabbur odam deyishmasin, men kamtarin odam bo‘laman", - deb hamma narsaga ko‘naverish ham to‘g‘ri emas. Musulmon odam sohibi viqordir. Viqor, vazminlik takabburlik ham emas, yengillik ham emas, balki o‘rta holatdir.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:20:10

Isrof - pul, mol va Alloh tomonidan bizga berilgan ne’matlarni nojo‘ya sarflash demakdir.
Iktisod - yeganda, ichganda, pul va molni sarf qilganda, o‘rta yo‘lni izlash va bulardan ortib qolganini saqlash, jamag‘rish demakdir.
Isrof-qiluvchilarni musrif deb ataladi. Alloh musrif odamlarni yoqtirmaydi. Isrofning ziddi baxillikdir. Isrof ham, baxillik ham islom dinida haromdir. Chunki bulardan birinchisi pul va molni sochish, keraksiz joylarga sarflashdir. Ikkinchisi mol va pulni to‘plab, qo‘lda ushlash, u mol va puldan o‘zini ham, boshqalarni ham foydalantirmaslikdir. Bu ikki yo‘lning o‘rtasida iqtisod bordir.
    Islom dini barcha ishlarda mo‘‘tadillik yo‘lini - o‘rta yo‘lni tavsiya etadi. Payg‘ambarimiz ham bir hadislarida: "Ishlarning yaxshisi o‘rta yo‘ldir", - deb aytganlar.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:20:52

Qur’onda Alloh saxiy odamlarni maqtab shunday marhamat qiladi: "Ular (Allohning suyukli bandalari) infoq-ehson qilgan vaqtlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (balki ehsonlari) ana o‘sha (xasislik bilan isrofning) o‘rtasida mo‘‘tadil bo‘lur". ("Furqon" surasi, 67-oyat). Demak, ular isrof qiluvchilar ham, xasislar ham emasdirlar.
Har bir ishda isrof haromdir. Masalan, bir o‘quvchi o‘ziga kerakli maktab ashyolarini, qalam, ruchka, o‘chirg‘ich kabilarni ortig‘i bilan olib, ba’zilarini ishlatmasdanoq yoki ozgina ishlatib, tashlab yuborsa, bu isrof sanaladi. Bir kishiga bir necha kostyum yoki oyoq kiyimi yetarli, u juda ko‘p kiyim olib, ularni kiymaydigan bo‘lsa, bu ham isrof hisoblanadi. Oshxonada ikki xil ovqat bilan to‘yish mumkin bo‘lgan holda besh-olti xil ovqat olib, ulardan bir qismini yemasdan qoldirish isrofdir. Namoz va g‘usl tahoratini olganda, suvni ortiqcha ishlatish ham isrofdir. Ana shunday kishilar haqida Alloh taolo Qur’oni karimda: "... isrof qiluvchilar shaytonning do‘stlari bo‘lgan kimsalardir", -deydi ("Isro" surasi, 27-oyat).

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:21:12

Hamma sohada isrofdan saqlanish lozim. Hatto ibodat qilganda ham o‘rta yo‘l tavsiya etiladi. Payg‘ambarimizning sahobalaridan biri tun-kun namoz va Qur’on o‘qir, kunduzlari ro‘za tutardi. Bir kuni o‘sha kishining xotini payg‘ambarimiz oldilariga borib: "Yo Rasululloh, mening erim muttasil ibodat bilan shug‘ullanadi. Menga hamda bolalariga qarashga vaqti yo‘q. Bizni og‘ir ahvolga tushirib qo‘ydi", - dedi.Payg‘ambarimiz bu so‘zlarni eshitgach, sahobalarini chaqirib, ibodatlari va ro‘zasini kamaytirib, oilasi va bolalari uchun vaqt ajratishga buyurdilar.
Ba’zi odamlar pul va mollaridan tashqari vaqtlarini ham isrof qiladilar. Vaqt ham Allohning ne’mati. Uni yaxshi va foydali ishlarga sarflamoq darkor. Payg‘ambarimiz bir kunni uch qismga bo‘lardilar. Bir qismini ibodat bilan, bir qismini oila ishlari bilan, yana bir qismini xalq ishlari bilan o‘tkazar edilar. Xalq ishlari uchun ajratilgan vaqt kifoya qilmasa, oilalariga ajratgan vaqtdan olar, ibodat vaqtiga tegmas edilar.

Qayd etilgan