Abdurahmon Qoya. Islom axloqi  ( 109233 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 B


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:31:27

Qur’oni karimdagi "Val-asr" surasini Alloh taolo: "Asr (vaqti)ga qasamki..." deb boshlaydi. Bu oyatda vaqtning odamlar uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlangan. Payg‘ambarimiz ham bir hadislarida shunday marhamat qiladilar: "Ikki ne’mat borki, odamlar bularning qimmatini anglab yetmaydilar. Ulardan birinchisi sog‘liq, ikkinchisi esa bo‘sh vaqt". Demak, bo‘sh vaqtlarini yo‘qqa chiqargan kishilar vaqtni isrof etib gunoh qilgan bo‘ladilar. qiyomat kunida odamlardan o‘z umrini qaerda va qanday ishlar bilan o‘tkazgani ham so‘raladi. Yemoq, ichmoqda, kiyinmoqda, uyga kerakli narsalarni olganda isrofdan ehtiyot bo‘lish lozim. O’zimizga yetarli bo‘lganidan ortiqcha olmaslik kerak.
Qur’onda. Alloh buyuradi: "Ey Odam bolalari, har bir sajda chog‘ida ziynatlaningiz (ya’ni toza libosda bo‘lingiz) hamda (xoqlaganingizcha), yeb-ichaveringlar, faqat isrof qilmanglar, zotan U isrof qiluvchilarni sevmas". ("A’rof" surasi, 31-oyat). Demak, doimo toza kiyim kiyish, halol narsalardan ko‘ngil tilagancha yeb-ichish, lekin hech qachon isrof qilishga yo‘l qo‘ymaslik kerak ekan.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:31:53

       Hasad - bir kishining qo‘lidagi ne’matning yoki boylikning yo‘q bo‘lishini tilash demaqdir.
Hasad islom dinida ayblangan va harom qilingan bir harakatdir. Har bir kishining fitratida, tabiatida hasad bordir. Bu hissiyotni odam ichida saqlasa, boshqalarga buning zarari tegmaydi.
Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV): "Barcha odamlar hasadgo‘ydir. Lekin qo‘li va tili bilan ko‘nglidagini oshkor qilmasa, ya’ni boshqalarga bildirmasa, bu hasad boshqa odamga zarar qilmaydi", - degan edilar. Hasad jamiyatda gina va dushmanlikni kuchaytiradi, odamlar orasidagi hurmat va muhabbatni yo‘qotadi. Shuning uchun payg‘ambarimiz: "Odamlar bir-birlariga hasad qilmasalar edi, osoyishtalik va yaxshilik ichida yashagan bo‘lardilar", — deb marhamat qiladilar. Shuning uchun mumkin qadar hasaddan uzoq bo‘lish, bunday zararli bir ilonning dumini bosmaslik lozim. Chunki hasadgo‘yning o‘ziga ham, boshqalarga ham zarari tegadi.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:32:33

Hasad kishi ko‘nglidagi va miyasidagi yomon fikrlar tufayli unga tinchlik bermaydi, rohati, huzurini o‘g‘irlaydi. Hasad kasalligi hasadgo‘yni asta-sekin yeb bitiradi. Lekin o‘zi buni sezmaydi. Shuning uchun ham: "Hasad shunday adolatliki, u avvalo hasadgo‘yning o‘zini yondiradi", - deydilar.
Payg‘ambarimiz bir hadisi shariflarida aytgan ekanlar: "Olov o‘tinlarni yamlab, tugatgani kabi, hasad ham qilingan yaxshiliklarni, savoblarni xuddi shu tarzda yeb bitiradi".Payg‘ambarimiz hasad ikki narsada: bilimda va boylik tilashda joiz, deganlar. Aslida bular hasad bo‘lmay, havasdir. Bu haqda payg‘ambarimiz shunday marhamat qiladilar: "Hasad ikki narsada durustdir. Alloh bir kishiga bilim beradi, u kishi ana shu bilimi bilan halol bilan haromni ajratib, Alloh berganicha yashaydi. Alloh bir kishiga mol va boylik beradi, u kishi ham moli va boyligi bilan yaxshi amallar qiladi, sadaqa, zakotlar beradi. Mana shunday kishilarga havas qilib, ulardek bo‘lishni tilash hasad emasdir". Bu hadisdan anglashiladiki, boshqalarning bilimi va boyligiga havas qilish hasad bo‘lmay, o‘shanday ne’matlarning o‘zimizda ham bo‘lishini tilashdir. Mana shunday fikrlar odamlarni mehnat qilishga undagani uchun muboh hisoblanib, gunoh sanalmaydi.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:33:06

Hasad Allohning yozmishiga rozi bo‘lmaslik demakdir. Chunki hamma narsa Allohning xohishi, Allohning yozgani bilan bo‘ladi. Odamlarga molni, mulkni, boylikni, sog‘liqni, ne’matni va shunga o‘xshagan barcha narsalarni beruvchi Allohdir. Dunyodagi maxluqlarning barchasini Alloh rizqlantiradi. Allohning bergan rizqlariga, ne’matlariga hasad qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shunday odamlar haqida Qur’oni karimda: "Ey Muhammad, Parvardigoringizning rahmati (bo‘lmish payg‘ambarlik)ni o‘shalar taqsimlaydilarmi? (Yo‘q, aslo undoq emas!) Ularning hayoti, dunyodagi maishat tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz O’zimiz taqsimlaganmiz va ba’zilari ba’zilarini qo‘l ostiga olib (ishlatish) uchun ayrimlarini ayrimlaridan baland daraja martabalarga ko‘tarib qo‘yganmiz",- deb marhamat qiladi Alloh taolo ("Zuhruf" surasi, 32-oyat).

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:33:33

Hasadning hasadgo‘ylarga ham zarari bordir. Shayton takabburlik qilgani va hazrati Odamga hasad qilib sajda etmagani uchun abadul abad  Alloh rahmatidan quvildi. Dunyoda eng birinchi qilingan gunohi kabira hasad tufayli ro‘y berdi: Hazrati Odamning o‘g‘illari qobil tug‘ishgani Hobilga hasad qilib, uni o‘ldirdi va kishilik tarixida gunohi kabiralarning birini qilgan bo‘ldi.
Akalari Yusuf payg‘ambarga hasad qilganlaridan chohga tashlab qutulmoqchi bo‘ldilar. Lekin Alloh Yusuf payg‘ambarni qutqazdi, uning martabasini ziyoda aylab podsho qildi.
Ba’zi islom ulamolari "Hasad shifosi topilmagan xastalikdir", - deganlar. Bu xastalikdan qutulish uchun Allohning berganiga rozi bo‘lib, odamlarga hasad qilmaslik kerak.
Payg‘ambarimiz marhamat qiladilar: "Bir-birlaringizga hasad qilmangiz, bir-birlaringizdan bezmangiz, oraga sovuqlik solmangiz, bir-birlaringizdan ayrilmangiz, sizni bir-biringizga bog‘lagan muhabbat rishtalarini uzmangiz, ey Alohning bandalari, do‘st bo‘lingiz!"

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:33:53

 Gunoh oxiratda odamning azoblanishiga sabab bo‘ladigan so‘zlarga, ishlarga va harakatlarga gunoh deyiladi.
Islom dinida gunohlar ikki qismga ajratiladi. Bulardan birinchisiga - gunohi kaboir (katta gunohlar), ikkinchisiga - gunohi sag‘oir (kichik gunohlar) deyiladi. Ba’zi bir islom ulamolari: "Gunoh gunohdir, uning katta -kichkinasi bo‘lmaydi" - deb, bu xil ajratishga qarshi chiqqanlar, hatto bu to‘g‘rida tortishuvlar ham bo‘lgan. Gunoxlarni ikkiga ajratgan kishilar Qur’ondagi: "Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangizlar, qilgan kichik gunohlaringizni o‘chirurmiz va sizlarni ulug‘ manzil - jannatga yuriturmiz ", - degan oyat ("Niso" surasi, 31-oyat) ga asoslanadilar.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:34:25

Ba’zi islom ulamolarining aytishlaricha, gunohi kabiralar o‘n yettitadir:
— Allohga sherik qilish;
— gunohi kabiralarni tashlamay, davom ettirish;
— Allohning rahmatidan umid uzish; —Alloh taoloning kechirishini unutib,
azobigagina ishonish;
— yolg‘on guvohlik;
— nomusli va gunohsiz bir xotinga tuhmat qilish yoki so‘kish;
— sehr qilish;
— odamlarni aldash uchun to‘g‘ri bo‘lmagan masalalar haqida qasam ichish;
— ichkilik ichish va boshqa mast qiluvchi moddalar tanovul qilish;
— yetim molini yeyish;
— bilib va istab foyda yeyish;
— zino qilish;
— livot kilish — bir xil jinsdagi odamlar o‘rtasidagi yaqinlik;
         - odam o‘ldirish;
- boshqa odamning moli yo pulini o‘g‘irlash yoki o‘ynab yutib olish;
- ota-onaga qarshi turish;

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:35:07

Alloh taolo o‘ziga sherik qilishdan boshqa barcha gunohlarni kechiradi. Mutlaqo Allohga yolborib, qilgan ishlaridan o‘kinib yana o‘sha xatoni qilmaslikka va’da bersa va Allohga tavba qilsa, inshaolloh Janobi Haq bu bandasini kechirar, chunki Qur’onda: "Allohning rahmat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz", - ("Zumar" surasi, 53-oyat) deb buyuriladi. Mo‘min hamisha Allohning rahmatini kutib yashaydi.
Alloh taolo odamlarning gunoh qilishlarini istamaydi. Gunoh qilgan bo‘lsalar, ularning tavbalarini kutadi.


Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:36:51

V. DINIY ODATLARIMIZ

1. Bolalarga ism ko‘yish
2. O’g‘il bolalarni sunnat qilish
3. Salomlashish
4. Hayit qilish
5. Qurbonlik qilish
6. Kasal ko‘rish
7. Qabrlarni ziyorat qilish
8. Nikoh va uylanish.

Qayd etilgan


siddiqa  16 Aprel 2009, 07:37:19

Bolalarga ism qo‘yish payg‘ambarimizning sunnatlaridandir. Bola tug‘ilgach, bir haftadan kechiktirmay ismini qo‘yish lozim. Buni bir necha kun avval yoki keyin bajarish ham mumkin. Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV) o‘g‘illari Ibrohim tug‘ilganida, bir haftadan keyin jonliq so‘yib, xalqni ziyofat qilganlar. Mehmonlar yeb-ichib bo‘lishgach, xalq oldida bolaga ism qo‘yilgan. Shu kuni bolaning sochlari qirqilib, sochlarining og‘irligi qadar pul qashshoqlarga sadaqa qilib ulashilgan.
Bolaga ism qo‘yilganda, bir qulog‘iga azon, ikkinchi qulog‘iga iqomat o‘qiladi. Azon va iqomatdan so‘ng bolani duo qilinadi. Duodan so‘ng bir yo uch marotaba bolaning qulog‘iga ismi qichqirib aytiladi. Shu bilan ism qo‘yish marosimi tugallanadi.
Ota-onaning farzandi oldidagi dastlabki burchi ana shu diniy marosim bilan boshlanadi. Ism qo‘yish burchi o‘talganda, bolaga chiroyli va ma’noli ism qo‘yish lozim. Payg‘ambarimiz: "qiyomat kunida o‘z ismlaringiz, otalaringizning ismlari bilan chaqirilasiz. Shuning uchun bolalarga go‘zal ismlar qo‘ying", -deganlar.

Qayd etilgan