Abdurahmon Qoya. Islom axloqi  ( 109243 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 15 B


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:27:32

boy kishilar muhtoj tug‘ishganlari va qarindoshlariga yordam ko‘rsatishlari kerak. Dinimizda zakot va sadaqa muhtoj kishilarga berilishi ta’kidlangan. Lekin qarindoshlari orasida muhtojlar bo‘lsa, zakot va sadaqani ularga berish savobliroq sanaladi;
- mabodo xato ish qilsalar, bir-birlarini avf etishlari, o‘pkalab yurmasliklari zarur, chunki dinimizga ko‘ra uch kundan ortiq so‘zlashmasdan yurish durust sanalmaydi.
Dini, tili, madaniyati, tarixi, urf-odatlari bir bo‘lgan odamlardan tashkil topgan xalqqa millat deyiladi. Dinlari va tillari bir bo‘lmasa ham shu vatanda yashovchi kishilarga vatandosh deyiladi. Har bir kishining o‘z vatani va millati oldida turli burchlari bor:
- vatandoshlar orasida insoniy munosabatlarni tayinlash uchun o‘sha mamlakatning hukumati qonunlar chiqaradi. Bizning burchlarimizdan biri ushbu qonunlarni hurmat qilishdir. Chunki odamlar qonunlarga asoslanib yashasalar, rohatda va osoyishtalikda bo‘ladilar;
- odamlar o‘zlari topgan pullarning bir qismini hukumatga to‘la-to‘kis to‘lashlari kerak. Bu mablag‘ bilan hukumatlar vatandoshlar uchun kerakli bo‘lgan ishlarni boshqaradilar. Masalan, shifoxonalar, maktablar, yo‘llar, fabrikalar quradilar. Shuning uchun ham hukumat talab qilayotgan soliqni tugal qilib to‘lash muhim bir vatandoshlik burchidir;
- Vatanni saqlash faqat pul bilangina bo‘lmaydi. Hozirgi kunda millatlar o‘z erkinliklari va vatanlarini saqlash uchun yuz minglarcha askarlarni xizmatda tutadilar. Mol burchini soliq bilan, jon burchini esa askarlik bilan ado qilinadi. Vaqt kelganda askarlik burchini o‘tash ham vatan oldidagi burchimiz sanaladi.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:28:06

- Mamlakat ishlarini olib boruvchi hukumat odamlarini vatandoshlar saylaydilar. Saylov vaqtida yaxshi kishilarni hukumatga yoki parlamentga saylash hamda saylovlarga qatnashib ovoz berish vatan va millat oldidagi burchlarimizdan biridir.
Islom diniga ko‘ra butun insoniyat bir ota-onaning, Odam ato bilan Momo Havoning farzandlaridir. Dunyoda turli tusdagi, turli din va e’tiqoddagi kishilar yashaydi. Islom dinida bo‘lgan kishining musulmonlar hamda musulmon bo‘lmagan odamlar oldida turli burchlari bor:
- Boshqa kishilarning hayoti ham bizniki kabi hurmatli, qimmatli va qadrlidir. Har bir kishining bu dunyoda yashashga haqi bor. Dinimizga ko‘ra biron kishini ham haqsizlik bilan o‘ldirish yaramaydi, chunki islom dinida eng zo‘r gunoxlardan biri odam o‘ldirishdir.
- Alloh barcha odamlarni hur qilib yaratgan. Ular tutqinlikda yashash uchun tug‘ilmaganlar. Islomiyatdan avval qullarni bozorlarda mol kabi olib sotardilar. Islomiyat bu holga barham berdi. Payg‘ambarimiz: "Onalaridan hur bo‘lib tug‘ilgan insonlarni qullikka solishga sizning haqqingiz yo‘qdir",- deganlar.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:28:28

- Odamlarning o‘y-fikrlari, e’tiqodlari bir xil emas. Turlicha fikr yurituvchilar bor. Har bir kishining o‘ziga xos bir falsafasi bor. Shunday
ekan, bizga o‘xshab o‘ylamaydigan odamlarning ham fikrlarini hurmat qilish kerak. Ularning yaxshi fikrlarini qabul etish, durust bo‘lmagan fikrlariga esa javob berib, ular bilan bahslashib, haqiqatni anglatish lozim. Fikrlar bir bo‘lmagach, ular o‘rtasida kurash boshlanadi, bu kurash esa odam bolasining fikrlar olamini kengaytiradi.
- Odamlarning nomusi va sharafini hurmat qilishimiz lozim. Inson eng ulug‘, eng sharafli mavjudotdir. Uni obro‘sizlantirish uchun tuhmat qilish, g‘iybat qilish, yomonlash, chaqimchilik qilish islomda harom qilingandir.
- Odamning moli ham joni kabi qimmatlidir. Boshqalarning moli va puliga zarar yetkazmaslik kerak. Haqsizlik va zulm bilan odamlar molini tortib olish haromdir. Kishilarning uylari, ashyolari, hayvonlari kabi turli mulklariga zarar yetkazish gunoh sanaladi. Demak, har bir odamning joni, moli, nomusi, o‘y-fikrlari va e’tiqodini hurmat qilsak, kishilar va insoniyat oldidagi axloqiy burchimizni bajargan bo‘lamiz.


Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:29:00

III. ChIROYLI XULQLAR

1. To‘g‘rilik.
2. Mehnatsevarlik.
3. Marhamat va yumshoq ko‘ngillilik.
4. Hamdardlik va saxiylik.
5. Odob va hayo.
6. Do‘stlik va qardoshlik.
7. Sabr.
8. Shukr.
9. Kattalarga hurmat, kichiklarga muhabbat.
10. Haqiqat.
11. Adolat.
12. Omonatlilik.
13. Va’daga vafo.
14. Tavba.


Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:29:44

To‘g‘rilik - so‘zlarimizda, ishlarimizda va harakatlarimizda yaxshi bo‘lmoq demakdir.
Besh vaqt namoz o‘qiganda, janobi Haqdan to‘g‘rilikni so‘raymiz va: "Bizlarni g‘azabga duchor bo‘lmagan va haq yo‘ldan toymagan zotlarga in’om qilgan yo‘ling bo‘lmish - to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagaysan", - deb duo qilamiz. ("Fotiha" surasi, 6-7 oyatlar.)
To‘g‘ri odam yolg‘on so‘zlamaydi, bironta kishini aldamaydi, hiyla qilmaydi. O’zini obro‘sizlantiruvchi harakatlar qilmagani uchun odamlar orasida sharafli va e’tiborli bo‘ladi, hamma tomonidan seviladi, xotirlanadi.
To‘g‘rilikni Alloh musulmonlarga farz qilgan. Ko‘pgina oyat va hadislarda to‘g‘rilikning ahamiyati ta’kidlangan. Janobi Haq Qur’onda: "Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va imonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz", -deb ta’kidlagan ("Tavba" surasi, 119-oyat).

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:30:25

Musulmon so‘zlaganda uch narsaga diqqat qiladi:
- to‘g‘ri so‘zlaydi;
- va’da bersa, va’dasida turadi;
- qo‘lidan kelmaydigan masalalarda va’da bermaydi.
Payg‘ambarimiz to‘g‘rilikka katta ahamiyat berar va musulmonlarni ham samimiylikka da’vat qilardilar. Bir kuni bir arab kelib payg‘ambarimizga shunday dedi: "Ey Allohning elchisi, men nodon bir odamman. Menga dinda foydasi bo‘lgan bir so‘z o‘rgatasizmi?" Shunda payg‘ambarimiz javob berdilar: "Allohga ishon va har ishingda to‘g‘ri bo‘l".
Har bir payg‘ambarda besh sifat bo‘ladi. Bulardan biri sadoqat, ya’ni to‘g‘rilikdir. Shuning uchun aytilganki: "To‘g‘rilik payg‘ambar sifatidir". To‘g‘rilarni Alloh ham, odamlar ham ardoqlaydi. Yolg‘onchilarni, aldamchilarni Alloh ham, odamlar ham yoqtirmaydi. Yolgonchilik barcha dinlarda harom sanaladi. Qur’onda Alloh: "Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar, to‘g‘ri so‘zni so‘zlanglar", - deb marhamat qilgan ("Ahzob" surasi, 70-oyat).

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:31:13

Musulmon qo‘li va tili bilan boshqalarga zarar yetkizmaydi, o‘ziga tilagan narsani musulmon qardoshiga ham ravo qo‘radi. Musulmon halol moliga va puliga haromni aralashtirmaydi. Oilasi va bolalariga harom rizq yedirmaydi. Payg‘ambarimiz bir hadislarida shunday marhamat qilgan edilar: "Bir musulmonga zarar yetkazgan va uni aldagan kishi bizdan emasdir".Qur’onda ham Alloh marhamat qiladiki: "(O’lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalarga halokat bo‘lgay. Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir". ("Mutaffifun" surasi, 1.-3-oyatlar.)
Bizlar, alhamdulilloh, musulmonmiz. qilgan ishlarimizni Alloh ko‘rib turadi, farishtalar gunoh hamda savoblarimizni yozib turadilar. Odamlarni aldasak ham, Allohni aldash mumkin emasdir.
Musulmonlik mehnatsevarlik dinidir. Dinimizning ahamiyat bilan qaraydigan masalalardan biri mehnatsevarlikdir. Alloh mehnatsevarlikni ham ibodatdan sanagan va farz qilgan. Janobi Haq Qur’onida shunday deb buyuradi: "Alloh senga ato etgan mol-davlat bilan (avvalo) oxirat (obodligini) istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni unutmagin". ("Qasos" surasi, 77-oyat).

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:31:39

Bu dunyosi uchun mehnat qilmagan millatlar qashshoq bo‘lib qoladilar, boshqa millatlarga muhtoj bo‘ladilar, qudratlaridan judo bo‘lib, boshqa millatlarga qaram bo‘lib qoladilar. Bunday millatlar u vaqtda Alloh oldidagi ibodatlarini to‘la-to‘kis ado etolmaydilar, bolalarini o‘qita olmaydilar, nodon bo‘lib qoladilar. Bunday millatning dinlari, imonlari zaiflanib, bu dunyo qayg‘usidan dinlarini kamol toptirishga hollari kelmaydi va og‘ir ahvolga tushib qoladilar.
Bu dunyoga ortiqcha berilib, oxiratni unutgan kishilarda ham mana shunga o‘xshagan holatlar yuz beradi. Din, imon zaiflashadi, masjidlarda namoz o‘quvchilar kamayadi, kishilar o‘rtasidagi yaqinlik va muhabbat tugaydi, odamlarning darajasi pul bilan o‘lchanadi. Takabburlik ortib, do‘stlik va qardoshlik kamayadi. Bularning ikkalasi ham zararlidir. Shuning uchun musulmon kishI bu dunyoni ham, oxiratni ham unutmasligi kerak.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:32:06

Payg‘ambarimiz bir hadislarida shunday deganlar: "Chinakam musulmon oxiratdan ham, bu dunyodan ham voz kechmaydi. Dunyosini qoldirib, yolg‘iz oxirati uchun qayguruvchi kishi xayrli, yaxshi musulmon emas. Oxiratni unutib, yolg‘iz bu dunyosi uchun kirishuvchi ham xayrli musulmon emas. Odamlarning xayrlisi, yaxshisi bu dunyosi uchun oxiratdan kechmaydi, oxirati uchun bu dunyosidan kechmaydi, ikkalasini birga olib boradi va boshqalarga og‘irlik tushirmaydi". Demak, haqiqiy musulmon dunyo va oxirat ishlarini birga olib borgan kishidir. Boshqa bir hadislarida ham payg‘ambarimiz: "Bu dunyo uchun hech o‘lmaydigandek bo‘lib mehnat qil, oxirat uchun esa xuddi ertaga o‘layotgandek bo‘lib mehnat qil", - deb marhamat qilganlar.
Alloh taolo bu dunyoni ham, oxiratni ham imonli qullari uchun yaratgan.
Bu dunyoda ham, oxiratda ham baxtiyor bo‘lmoq musulmonning haqidir. Ba’zi musulmonlar "bu dunyo kofirlarniki, oxirat musulmonniki", - deb ishonadilar. Ya’ni, bu dunyoda musulmonlarga rohat yo‘q, oxiratda kofirlarga rohat yo‘q. yoki kofir bu dunyoda baxtli bo‘ladi, musulmon esa oxiratda baxtli bo‘ladi. Alloh taolo bu dunyoni o‘ziga ishongan qullari uchun yaratgan. Musulmon odam bu ikki jahonda ham baxtiyor bo‘la oladi.

Qayd etilgan


siddiqa  13 Aprel 2009, 00:32:54

Payg‘ambarimizning eng ko‘p qilgan duolaridan biri "Rabbano otino" duosidir. Uning ma’nosi: "Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik va go‘zallik bergaysan. Bizni jahannam o‘tidan saqlagaysan". Payg‘ambarimiz bu duoda dunyo uchun qayg‘u va azob so‘ramaganlar, balki yaxshilik so‘raganlar.
Dunyoda baxtli bo‘lish uchun oxiratni unutmasdan harakat qilmoq lozim. Chunki dunyo hayoti foniydir, juda tez o‘tib ketadi. Oxirat hayoti esa mangudir.
Payg‘ambarimiz bir hadislarida: "Dunyo oxiratning ziroatgohidir. Unga nima eksang, oxiratda shuni o‘rasan", - degan edilar. Bir islom olimi aytishicha, dunyoda ikki turli odam bor. Birini dunyo aldaydi, chunki u Allohni ham, oxiratni ham unutgan, dunyo uchungina harakat qiladi. Ikkinchisi dunyoni aldaydi, chunki u dunyo uchun ham, oxirat uchun ham harakat qiladi. Bu ishlarni birga olib boradi. Siz shu ikkinchilardan bo‘ling. Dunyo sizni aldamasin, siz dunyoni aldang.

Qayd etilgan