IKKINCHI QISM
— Ajabo, Osmonu Falak deganlari shunaqa ekan-da, — o‘yladi u va o‘zining hayratlanganidan kulgisi qistaganini yashira olmadi. Ehtimol, bepoyon Falakka baho beradigan nazar bilan qarash endigina uchib kelgan qush uchun odobdan sanalmas.
Yerdan uzoqlashib, uchovlon bir ixcham bo‘g‘in bo‘lib bulutlarni quyida qoldirib tobora yuqorilab borarkan, Jonatan vujudi shaffoflanib o‘ziga hamroh qushlarning vujudiday nur tarata boshlaganini ko‘rdi. Shubhasiz, botinida u aslicha qolgan — o‘sha yovqur, ko‘zlarida olov chaqnab turgan Jonatan, biroq tanasining shaklu shamoyili o‘zgargan edi.
Garchi tani oqcharloqniki esa-da, Jonatanga hozirgiday parvoz hech qachon nasib etmagandi. «G‘alati-ya, — o‘yladi u, — ikki baravar kam kuch sarflayapmanu, biroq ikki karra tez uchayapman, Yerda o‘tgan eng omadli damlardan ko‘ra ikki hissa ko‘p ishlashga kuch topa olayapman!»
Uning patlaridan haroratli nur taralar, qanotlari esa ishlov berilgan kumushday silliq edi. Jonatan harakatlarining muntazamligini oshira borib, yangi mukammal qanotlar xosiyatini izchil o‘rganishga kirishdi.
Tezlikni soatiga ikki yuz ellik milgacha oshirib, Jonatan to‘g‘riga uchish tezligining so‘nggi nuqtasiga yeta boshlaganini his etdi. Ikki yuz yetmish uch mil tezlikni olganida esa, endi bundan ortiq tez ucholmasligini angladi. Bu uni biroz ranjitdi. Yangilangan vujudning imkoniyatlari, har jihatdan afzalligiga qaramay, cheklangan edi. To‘g‘riga uchishda Jonatan olgan bu eng yuqori tezlik oldin o‘zi erishgan yutuqlardan ancha yuqori edi, biroq baribir oldda to‘siq — devor ko‘ndalang turar, uni yorib o‘tish behad ko‘p kuch sarflashni talab etardi. «Ha-ya, — o‘yladi u, — go‘yo osmonda hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerakday.»