Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat qissa). Richard Bax  ( 32723 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


AbdulAziz  10 Iyul 2006, 19:38:20

Oqcharloq Jonatan Livingston



Muallif: Richard Bax
Hajmi: 86 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:29:47

«QUSH TILI»GA SIRDOSHLIK

Adabiy mavzular zamonlar osha ko‘chib yuradi. Bir xalq adabiyotidagi majoziy obrazlar boshqa bir xalq badiiy tafakkurida butunlay o‘zgacha shaklda va janrda namoyon bo‘ladi. Bu — uzluksiz jarayon. Qolaversa, bu umuminsoniy madaniyatning mushtarakligini tasdiqlovchi hodisadir.
Bundan besh asr muqaddam yaratilgan ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning «Lisonut-tayr» dostoni jahon adabiyotidagi badiiy kashfiyotning bir namunasi sifatida hanuz kishilarni hayratga solib keladi. «Chun «Lisonut-tayr» ilhovi bila tarannum tuzubmen, qush tili ishorasi bila haqiqat asrorin majoz suratida ko‘rguzubmen», deb yozgan ulug‘ shoir.
«Majoz suratida» inson orzu-umidlarini ifodalashga intilish bizning zamonimizda ham qalam ahlining tafakkurini band etib keldi. Sharq uyg‘onish davrining ma’rifiy ta’siri G‘arbning keyingi asrlar mobaynidagi taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgani sir emas. Sayyor syujetlar, umuminsoniy qadriyatlarni mujassam etgan obrazlar har qaysi davrning o‘ziga xos badiiy shaklu shamoyilida munosib ifodasini topdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:30:09

Xususan, XX asr G‘arb adabiyotining e’tiborli namunalarida bizning mumtoz madaniyatimizga ohangdosh, mohiyatan juda yaqin asarlarni ko‘plab uchratamiz. Shulardan biri amerikalik mashhur adib, buyuk kompozitor Iogann Sebastyan Baxning avlodi Richard Baxning «Oqcharloq Jonatan Livingston» nomli rivoyat-qissasidir.
Juda ko‘plab tillarga tarjima qilinib, millionlab nusxada chop etilgan bu asar adibga katta shuhrat olib keldi, o‘z vaqtida betsellerga aylandi. O‘tgan asrning 70-yillarida alohida kitob holida nashr etila boshlangan «Oqcharloq Jonatan Livingston» kattalar ham berilib o‘qiydigan o‘smirlar adabiyotining mumtoz namunalaridan biridir.
Richard Bax bu asarining yozilishi bilan bog‘liq sabablarni sirli voqea tarzida bayon etgan. Adibning e’tiroficha, u Kaliforniya shtatidagi Belmont Shor kanalining tumanli qirg‘og‘i bo‘ylab kezib yurgan paytda qulog‘iga qandaydir tovush chalinadi. Tovushda ifodalangan: «Oqcharloq Jonatan Livingston» degan sirli so‘z ijodkor xayolini band etadi va u shu «tashqi ta’sir» tufayli mazkur qissani yoza boshlaydi...

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:30:28

Qissa nashr etilib, yozuvchiga shon-shuhrat olib kelgandan keyin ham muallif «Oqcharloq Jonatan» bilan bog‘liq sirli hodisani ko‘p bor takrorlagan: o‘zi yozgan boshqa romanlardan farqli o‘laroq, bu qissaga boshqa hech narsa qo‘sha olmasligini, Oqcharloq g‘oyasi o‘ziga tegishli emasligini, g‘oyibdan eshitganini qog‘ozga tushirganini ta’kidlagan.
Xullas, nima bo‘lganda ham, «Oqcharloq Jonatan» rivoyat sifatida ham, falsafiy ertak yoki nasrdagi doston sifatida ham, qanday ta’riflanishidan qat’i nazar — dunyoning millionlab kitobxonlari sevib o‘qiydigan kitobiga aylandi. Ayrim adabiyotshunoslar asar muvaffaqiyatini undagi voqealarning Injil syujetiga hamohangligi bilan bog‘lashsa, ba’zilar uni «iste’molchilar jamiyati»dagi ma’naviy inqirozlar davrining dolzarb muammosini ko‘tarib chiqqan asar sifatida baholaydi. Kundalik mayda g‘am-tashvishlarda — baliq ichak-chavog‘iyu non ushoqlari uchun talashib-tortishib kun o‘tkazishdan ko‘ra, cheksiz mashaqqat chekib bo‘lsa-da, yuksak parvoz san’atini puxta egallash ishtiyoqida yongan Oqcharloq Jonatan , ayniqsa, o‘tgan asr ikkinchi yarmidagi g‘arb yoshlariga ulkan bir ibrat namunasi, insoniy komillikka da’vatday ta’sir etgan edi. Yoshlar bu majoziy obrazda o‘z botinlaridagi Parvozga ehtiyojni his etgandilar, ular Jonatanda o‘zlarining amalga oshirilmagan, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istak-xohishlarini ko‘rgan edilar. Bu qissa ular uchun ermakka o‘qiladigan kitob emas, balki ruhni chiniqtirish, bardam qilish yo‘lidagi ma’rifiy mashg‘ulotga aylangandi.
«Ma’rifat» mushtariylariga Richard Baxning rivoyat-qissasi tarjimasini taqdim etarkanmiz, avvalo, tarjima matni ustidagi ijodiy ishimiz, hali davom etayotganini, bu asar qayta-qayta sayqal berishni talab etishini aytib o‘tish lozim, deb o‘ylaymiz. Va ularga Oqcharloq Jonatanga xos parvoz ishtiyoqi, yuksala bilish zavqi hamroh bo‘lishini tilaymiz.

Tarjimon (Ahmad Otaboyev)

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:31:11

Richard BAX
 
Asl Jonatanga — har birimizda yashaydigan Oqcharloqqa bag‘ishlanadi.

BIRINCHI QISM

Tong pallasi edi, bo‘y ko‘rsatgan quyosh jimirlab yotgan dengiz betini oltin tusga belagan.
Baliqchi qayig‘i qirg‘oqdan bir mil narida. Suv uzra chaqiriq tovushi taraladi — bu nonushta xabari. Katta yig‘in. Chorlov tag‘in bot-bot yangraydi, nihoyat minglab oqcharloqlar uchib kelib o‘zini to‘daga urmaguncha takrorlanadi. Har qaysi qush ayyorlik va abjirlik bilan tashlanib yog‘liroq luqmani yulib qochishga urinadi.
Biroq Jonatan Livingston ismli Oqcharloq to‘dada yo‘q edi. U mashq qilardi — boshqalardan olisda, yolg‘iz o‘zi, qayiqdan va qirg‘oqdan juda balandda parvoz etardi. Osmonga yuz fut yuksalib, pardali panjalarini bo‘sh qo‘ydi, tumshug‘ini ko‘tardi va butun kuchini yig‘ib qanotlarini egdi, juda qattiq og‘riqqa chidab ularni yoy shakliga keltirdi. Qanotlarni bunday shaklga keltirish, uning fikricha, parvozni imkon qadar sekinlatishi lozim edi. Va Jonatan havoda tobora sekin va sekin sirg‘andi. Qulog‘iga urilayotgan shovullagan tovush eshitilar-eshitilmas shivirlashga aylandi va tubanda okean muallaq qotdi. Ko‘zlarini qisib, zo‘r berib diqqatini jamlagancha Jonatan nafasini ichiga yutdi. Yana... birgina... bir... dyuym... birdan... bu... egri... Uning parlari titradi, chuvalashdi, u tezlikni butkul yo‘qotib qo‘ydi, chalqanchasiga ag‘darilib ketdi va pastga quladi.
Sizga ma’lum bo‘lsa kerak — oqcharloqlar hech qachon bunday tang ahvolga tushmaydi. Oqcharloqning parvoz chog‘ida tuyqusdan to‘xtagani, tezligini yo‘qotgani kechirilmas hol. Bu — uyat, bu — sharmandalik.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:31:23

Biroq, ayni damda Oqcharloq Jonatan Livingstonga uyat hissi begona edi. U tag‘in, juda qattiq og‘risa-da, qanotlarini egik shaklga keltirdi — sekinlik bilan, ohista sirg‘aldi va mashqi tag‘in muvaffaqiyatsiz chiqdi. U mashqni takrorlayverdi. Chunki, u oddiy qushlardan emas edi.
Aksar oqcharloqlar uchishning jo‘ngina qoidalari bilan qanoatlanadi, jiddiyroq parvoz qilishni o‘rganishga o‘zlarini urintirib o‘tirmaydi. Qirg‘oqdan oziqqacha uchib borib uchib qaytilsa — shuning o‘zi kifoya ular uchun. Ko‘pchilikka parvoz emas, faqat ozuqaning o‘zi zarur, xolos. Biroq, Jonatan Livingston otliq Oqcharloq uchun muhimi parvoz. Ozuqa esa — bu shunchaki... Chunki, dunyoda Jonatan barchasidan uchishni yaxshi ko‘radi.
Hayotga bunday munosabat, Jonatanning anglashicha, oqcharloqlar galasida unga obro‘ keltirmasdi. Hatto ota-onasi ham uning har kuni yolg‘iz o‘zi, yuz martalab sekin pastlab sho‘ng‘ib uchishni mashq qilishidan sarosimaga tushardi.
U hali ko‘p narsani, misol uchun, qanotlarini yarim qoqib ucharkan, havoda o‘zining uzoqroq va deyarli zo‘riqishsiz turishining sababini tushunmasdi. Jonatan hech qachon sekin pastlab qo‘nishni odatdagi tarzda yakunlamas — panjalarini kerib, qanotlarini keng yoygancha qorni bilan «tap» etib suvga o‘tirib olmasdi. Buning o‘rniga u havoda davomli bir tekis sirg‘alib, tanasi bo‘ylab oldinga uzalgan panjalari bilan suv betiga tegib-tegmay uchishni mashq qilardi. Qushloq sohilga sirg‘alib uchib qo‘nishni o‘rgana boshlagan paytda, har gal mahkam siqilgan panjalari bilan qumloqqa tepadan tushib kelarkan, uni ko‘rgan ota-onasining o‘takasi yorilguday bo‘lardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:31:36

— Nega bunday qilasan, Jon, nega? — deb qayg‘urardi onasi. — Nahotki, hamma qatori uchib-qo‘nib yurish shuncha qiyin bo‘lsa?! Soqqaqush shunday past uchadi. Albatroslar ham. O‘shalar mashq qilaversin suv ustida pastlab uchishni! Axir, sen — oqcharloqsan! Nega hech ovqat yemaysan? O‘zingga bir qara, o‘g‘lim — pating suyagingga yopishib ketibdi-ku!
— Mayli, yopishsa yopishar. Biroq, men o‘zimni hecham yomon his etayotganim yo‘q, ona. Menga shunisi qiziq: osmonda nimaga qurbim yetadi, nimaga yetmaydi — men shuni bilishni xohlayman, xolos.
— Gapimni eshit, Jonatan, — deya g‘azabdan xoli ohangda gapirdi unga otasi. — Hademay qish kiradi, dengizda kemalar siyraklashib qoladi. Suv betida yashaydigan baliqlar tubroqqa ketadi. Agar senga biror-bir narsani o‘rganish zarur bo‘lsa, ozuqa topish yo‘llarini o‘rgangin. Sening bu uchish mashqlaring — ular, albatta, yaxshi, biroq, o‘zing tushunasan, sekin pastlab qo‘nishni mashq qilish bilan qorin to‘ydirib bo‘lmaydi. Sening uchishdan maqsading ovqat topish. Buni unutish yaramaydi.
Jonatan itoatkorona bosh irg‘adi. Va bir necha kun mobaynida o‘zini tiyib, xatti-harakatlari boshqa barcha oqcharloqlarnikidan farq qilmasligiga urindi. Buni u baliq ovlaydigan kemalarda va ular to‘xtaydigan joyda oqcharloqlar galasi uyushtiradigan jangga — baliq ichak-chavog‘i, qotgan non bo‘laklari uchun kechadigan qiy-chuv va to‘polonga qo‘shilib, o‘zicha halol va hafsala bilan talashib-tortishib ko‘rsatishga harakat qildi. Biroq, yashash uchun bunday kurashishga nisbatan o‘zida jiddiy munosabat uyg‘otish Jonatanga muyassar bo‘lmadi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:31:47

— Qandaydir bema’nilik, — o‘yladi u uchib borarkan va ming mashaqqat bilan talashib tortib olgan luqmani atay tushirib yubordi.
Jonatanning ortidan quvib kelayotgan qari oqcharloq luqmani ilib oldi.
Jonatan o‘yladi:
— Shuncha vaqtni men parvoz sirlarini o‘rganishga sarflasam bo‘lardi. Axir, hali qancha narsani bilishim kerak!
Shunday qilib, hayal o‘tmay Oqcharloq Jonatan yana dengizda paydo bo‘ldi — u yolg‘iz o‘zi, och-nahor, biroq, xush kayfiyatda uchish ilmini o‘rgana boshladi.
Bu safar tezlikni o‘rganish vazifasi qo‘yilgandi va bir hafta davom etgan mashqlardan Jonaton parvoz tezligi haqida shunchalik ko‘p sirlarni bilib oldiki, eng chaqqon oqcharloq ham buning uchun butun umrini sarf etgan bo‘lardi.
Zo‘r berib qanotlari bilan harakatlanib, u ming futlar balandlikka ko‘tarilib oldi va shu joydan tikkasiga tashlab, quyiga to‘lqinlarga peshvoz yeldek uchdi. Va shu lahza ichida oqcharloqlar nima sababdan hech qachon qanot qoqib pastga sho‘ng‘ib uchmasligini tushundi. Arzimagan besh-olti soniyada u soatiga yetmish mil tezlikni oldi — bu eng yuqori natija bo‘lib, bunday tezlikda, odatda, qanotlar harakatlanayotgan daqiqada shiddatli havo oqimi ta’sirida muvozanat yo‘qoladi.
U qayta-qayta urindi. Bor imkoniyatini ishga soldi. U hushyor va ehtiyotkor edi. Biroq, har gal katta tezlikka erishganida boshqaruvni eplay olmay qolardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:32:04

Ming futlar yuksakka ko‘tarilishning o‘zi bo‘lmaydi. Shitob bilan to‘g‘riga uchish, keyin — qanotlarni ishga solib quyiga — tik sho‘ng‘ish g‘oyatda mushkul. Shunda — bu har gal sodir bo‘lardi — chap qanot dosh berolmasdi. Ayovsiz bostirib kelayotgan kuchli oqim Jonatanni zarb bilan chapga otdi, o‘ngdan ham shunday shiddatli oqim nisbatan bardoshli o‘ng qanotga kelib urildi va xuddi shamolda lopillagan alanga singari, Jonatan muvozanatni yo‘qotdi, qulab o‘ngyoqlamasiga parmaday buralgancha quyiga sho‘ng‘ib ketdi.
Qarshisidan bostirib kelgan oqimga basma-bas kurashishda unga aniqlik yetishmagani ochiq ko‘rinib turardi. U o‘n martalab harakat qilib ko‘rdi va har gal soatiga yetmish mil tezlikni oldim deganida boshqaruvni eplay olmay chuvalashib qolgan patlari yig‘ilib, suvga qulab tushardi.
Nihoyat, jiqqa ho‘l bo‘lgan Jonatanning miyasidan shunday fikr kechdi: bu holatdan chiqishning birdan-bir yo‘li qanotlar harakatini vaqtida to‘xtata bilish — ellik milgacha yelday uchib keyin qanotlarni bir zaylda harakatsiz tutish.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:32:28

Jonatan yana bir marta, endi hatto ikki ming futlar yuqoriga ko‘tarilib, mashqni olishga qaror qildi. U yeldek uchdi va nafasini ichiga yutib, kerilgan qanotlari bilan tik sho‘ng‘idi. Ellik millik tezlik chegarasi arang bosib o‘tilgan, bu masofa undan haddan tashqari ko‘p kuch sarflashni talab qilgan esa-da, ayni usul qo‘l kelayotgandi. O‘n soniya o‘tib tag‘in tepaga ko‘tarilib olganidan so‘ng Jonatan to‘qson milli chegarani zabt etdi. Bu oqcharloqlar uchun jahon rekordi!
Biroq, g‘alaba quvonchi, g‘alabaning o‘zi kabi, uzoqqa cho‘zilmadi. Jonatan tepaga ko‘tarilishni to‘xtatib, muvozanatni saqlash uchun qanotlarining holatini o‘zgartirishga uringani hamon uni kuchli havo oqimi halokatli tiyiqsiz kuch bilan uloqtirib yubordi. Soatiga to‘qson mil tezlikda parvoz qilayotgan qush uchun bu dinamit zaryadining portlashiga monand holat edi. Jonatan pastga qulab tushdi, okean sathi g‘isht yotqizilgan yo‘lakday qattiq edi.

Qayd etilgan