Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat qissa). Richard Bax  ( 32727 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:33:11

***

Jonatan hushiga kelganida qosh qorayib qolgan, u oy shu’lasida yiltillab yotgan dengiz betida qalqib suzib yurardi. Jiqqa ho‘l qanotlar qo‘rg‘oshindan quyulganday edi. Biroq, shafqatsiz mag‘lubiyat uni bundan-da ortiq ezardi. Jonatan umidlandi, boshiga tushgan shu ko‘rgulikning o‘zi uni suv qa’riga tortib ketishi uchun yetarli bo‘lar. Shu bilan barchasi barham topsa, koshkiydi.
Jonatan suvga chuqurroq sho‘ng‘idi va shu tobda ich-ichidan g‘alati bir ovoz jarangladi:
«Barchasi bekor. Men — oqcharloqman. Qismatim — imkoniyatimning cheklanganidan. Tez uchishni va parvoz san’atini mukammal egallashim uchun, aslida, tug‘ilganimdayoq tanam shunga mos sifatlarga ega bo‘lishi lozim edi va o‘shanda aqlim ham shuni taqozo etadigan darajada ishlardi. Tez uchish uchun qirg‘iyning qanotlari zarur, menda esa, bunday qanotlar yo‘q. Men, qaynoq qumdagi kalamushlar bilan emas, suvdagi sovuq baliqlar bilan oziqlanaman. Otamning aytgan gaplari to‘g‘ri. Bu befoyda mashg‘ulotlarni bas qilish kerak. Uyga qaytay — Galaga — va tirik yurganimga, borligimga shukr qilib yuraveray. Axir, men — bir notavon oqcharloqman, imkoniyatlarim cheklangan va men bunga tan berishim lozim».
Ovoz o‘chdi. Jonatan rozi bo‘ldi. Tunda oqcharloqning qo‘nalg‘asi — qirg‘oqda. U o‘ziga va’da berdi: shu daqiqadan e’tiboran u oddiy oqcharloqday yashay boshlaydi. Shunday qilsa, bu barchaga ma’qul ish bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:33:27

Jonatan holsiz suv betiga tayanib zo‘rg‘a ko‘tarilib olib, qirg‘oq tomon ucharkan, kam kuch sarflab pastlab uchishni o‘rganib olgani uchun taqdiriga shukr qildi.
«Ammo endi, — o‘yladi u, — baribir, mashqlarni butkul yig‘ishtiraman. Nimaki bilgan, o‘rgangan bo‘lsam barisi — tugadi, unutaman endi. Oqcharloqdan qirg‘iy chiqmaydi, men kimman — oddiy hamma qatori bir oqcharloqman. Va hamma qatori tinchgina uchib-qo‘nib yuraveraman endi.»
Shunday o‘ylar bilan Jonatan, og‘riqqa bardosh berib, amallab yuz fut ko‘tarildi. Qanotlarini og‘ir silkigancha qirg‘oqqa yo‘l oldi.
Endi To‘daga — oqcharloqlar qatoriga qo‘shilib, ular kabi yashashga qaror qilganidan vujudida yengillikni his etdi. Bu qarori bilan u uchish ilmini egallashga o‘zini tobe qilib qo‘ygan Kuchga bog‘langan rishtalarni uzgan edi. Shu tariqa, kurashlardan ham, mag‘lubiyat alamlaridan ham biryo‘la qutilgan edi. O‘ylamay, bosh qotirmay shunchaki yashash istagi, tun qo‘ynida uzoq qirg‘oq ortida jilvalangan gulxanga talpinib jimgina uchish unga huzur bag‘ishladi.
— Zulmat! — tuyqusdan yangragan tashvishli ovoz sukunatni buzib yubordi. — Oqcharloqlar tunda uchmaydi! Hech qachon!
Negadir Jonatan ovozga zarracha e’tibor ham qilmadi. Bunga uning holi yo‘q edi.
— Biroq shunday bo‘lgani yaxshi! — o‘yladi u. — To‘lin oy, qirg‘oqdagi gulxanlar, jimirlagan suv betida yo‘l ko‘rsatib—belgi berib turgan shu’lalar... Tinch-osuda, xotirjam... Juda yaxshi!

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:33:45

— Darhol qirg‘oqqa tush! Hech qachon oqcharloqlar qorong‘u zulmatda uchgan emas! Bunga tug‘ma qobiliyat kerak! Boyqushning ko‘zlari, qirg‘iyning kalta qanotlari kerak!
Tuyqusdan tunda, yuz fut tepada Jonatanga g‘oyibdan eshitildi bu ovoz. Va vujudidagi og‘riqlar, haligina ont ichib kelgan qat’i qarori — barisi, go‘yo hech qachon bo‘lmagandek, zumda yo‘qoldi.
Mana, parvozning siri qaerda! «Qirg‘iyning kalta qanotlari! Jumboqqa javob — shu! Shu qadar ahmoq bo‘lmasam men! Axir, qanotni kaltaroq qilolsam kifoya edi-ku! Buning uchun qanotlarni yig‘ib olib, faqat dum qismini yoyiq holda tutib harakatlanish kerak edi, xolos. Kalta qanotlar — shu-da!»
Borliqni unitib, na o‘lim va na mag‘lubiyatni o‘ylab, Jonatan shu zumdayoq tungi qoramtir dengiz uzra ikki ming fut osmonga ko‘tarildi, qanotlarining keng-mo‘l qismlarini badaniga mahkam yig‘ib-bosib, faqat yoysimon uchqur dumini bostirib kelayotgan havo oqimiga qarshi yoydi va quyiga tik tashladi.
Boshida shamolning vahimali guvillashi... Soatiga yetmish mil, to‘qson, bir yuz yigirma... Tezlik muntazam oshib borayotir! Soatiga bir yuz qirq milga yetdi, bosim esa, yoyilgan qanotlari bilan soatiga yetmish mil uchgandagiga qaraganda, behisob darajada sust; qanotlarining uchini bilinar-bilinmas harakatlantirgani shiddatli sho‘ng‘ishdan chiqib olishiga kifoya qildi va u oy yog‘dusida misoli zambarakning kulrang o‘qiday to‘lqinlar uzra uchib o‘tdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:33:59

Jonatan, shamoldan ayab, ko‘zlarini qisdi. Ko‘zlari bir chiziqday ensiz tirqishga aylandi. U mamnun edi. Soatiga bir yuz ellik mil! Va yana boshqaruvni yo‘qotmagan holda! Agar ikki ming emas, besh ming futga ko‘tarilsa-chi... Qiziq, unda tezlik qanaqa bo‘larkan...
Bundan atigi bir necha daqiqa oldingi ahdu qarori unut bo‘lgan, shiddatli shamolda to‘zg‘ib uchib ketgan edi. Jonatan o‘ziga bergan va’dasini buzdi, biroq o‘zini aybdor his etmadi. Bunday va’dalar kundalik oddiy hayot tarziga ko‘nikib ketganlar uchun qandaydir ahamiyat kasb etar, ehtimol. Biroq bilimi va uquvi bilan favqulodda hodisalarni anglab yetadiganlar uchun — ahamiyatsiz.
Quyosh bo‘y ko‘rsatgan pallada Jonatan mashq qilardi. Besh ming fut balanddan baliqchi qayiq suvga tashlangan cho‘pga o‘xshaydi, nonushtaga yig‘ilgan To‘da — ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas gir aylanayotgan g‘uborday.
Jonatan o‘zining tirik ekanini his qildi va qoniqish hissidan tuygan quvonchdan vujudi yengilgina titradi, botinidagi qo‘rquvni yenga olganidan g‘ururlandi. Deyarli qiyinchiliksiz qanotlarining old qismini yig‘ib, ularning o‘tkir uchini shamolga to‘g‘rilagancha dengiz sari — quyiga sho‘ng‘idi. To‘rt ming fut masofaga parvoz etib, Jonatan eng yuqori tezlikni oldi. Qarshisidan bostirib kelayotgan havo oqimi metinday qalin sershovqin to‘siqqa aylandi, uni yorib o‘tishning hech iloji yo‘q edi. Bu oxirgi marra edi. Jonatan tez harakatlana olmasdi, u soatiga ikki yuz o‘n to‘rt mil tezlikda uchayotib o‘zini quyiga tik tashladi. Agar bunday tezlikda qanotlari yoyilguday bo‘lsa — halokat muqarrarligini, ayovsiz oqim zarbasi o‘zini million bo‘laklarga titib yuborishini va okean betiga faqat shu bo‘laklargina yetib borishini bilib yutindi. Biroq bu shiddatli parvozda o‘zgacha Kuch bor edi, quvonch va shaffof bir go‘zallik mujassam edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:34:13

Ming fut balandlikda Jonatan sho‘ng‘ishdan chiqishga kirishdi. Quturib bostirib kelayotgan oqimda qanotlarining uchi g‘uvillab titradi, kema va oqcharloqlar To‘dasi ko‘z o‘ngida bezovta to‘lg‘andi va uchar yulduz tezligida yiriklasha bordi, ular shundoq Jonatanga ko‘ndalang turardi.
Jonatan o‘zini to‘xtata olmas, chetlab o‘tib ketishning ham iloji yo‘q edi. Bunday vaziyatda qanday amalni qo‘llash zarurligini u bilmasdi.
Har qanday to‘qnashuv esa bir lahzada kechadigan o‘lim bilan yakun topishi aniq edi.
Va u ko‘zlarini chirt yumdi.
Shunda, ayni tong mahali, quyosh endi bo‘y ko‘rsatgan pallada Oqcharloq Jonatan Livingston nonushtaga yig‘ilib gir aylanib uchayotgan oqcharloqlar to‘dasining qoq o‘rtasiga yorib kirdi. Soatiga ikki yuz o‘n ikki mil tezlikda To‘daning o‘rtasidan shuvillab uchib o‘tdi — ko‘zlari chirt yumilgan — bir siqim par va shamoldan iborat misoli zambarak o‘qiday. Faqat bu gal omad kulib boqdi — hech kim halok bo‘lmadi.
Sho‘ng‘ishdan chiqib olgach, uning tumshug‘i tag‘in tepaga ko‘tarildi — Jonatan hanuz olg‘a uchar va uchish tezligi soatiga oltmish milni tashkil etardi. Tezlik yigirma milgacha kamayganda esa, to‘rt ming fut balandlikda kema suvga tashlangan xasday bo‘lib ko‘rindi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:34:29

Bu chinakam zafar edi. U buni bilardi. Tezlikning eng yuksak nuqtasi — shu! Soatiga ikki yuz o‘n to‘rt mil! Oqcharloqlar To‘dasi tarixida eng ulug‘vor yutuq — chinakam yuksalish. Oqcharloq Jonatan Livingston hayotida bu mutlaqo yangi davrning boshlanishi edi.
U odatda uchish mashqlarini o‘tkazadigan joyga yo‘l oldi. Sakkiz ming fut balandlikdan tik sho‘ng‘ish uchun qanotlarini yig‘ib oldi, endi tezlik oshganda burilishni o‘rganishni maqsad qilgan edi.
U qanotining uchidagi birgina pat bir dyumga joyidan qo‘zg‘atilganda vujudi katta tezlikda havoda egri chiziqli yo‘l hosil qilib bir tekis uchishini bilib oldi. Biroq Jonatan buni tushunib olgunga qadar boshqa bir qaltis xavfni — agar shunday tezlikda uchayotib bittadan ortiq patni joyidan qo‘zg‘atsa, tanasi miltiqdan otilgan o‘qday buralib-aylanib chirpirak bo‘lib ketishini anglab yetgan edi... Shunday qilib, Jonatan yuksak parvoz san’atining sir-asrorlarini egallagan Yerdagi birinchi oqcharloq bo‘ldi.
Shu kuni boshqa oqcharloqlar bilan muomala qilishga uning bo‘sh vaqti bo‘lmadi. Kun botgunga qadar mashq qildi. Kumrovni yechib, yarim charxpalak, to‘la charxpalak yasab, tik ko‘tarilib, doira yasab tik tashlab uchish sirlarini kashf etdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:35:32

Jonatan sohilda dam olayotgan To‘daga kelib qo‘shilganida tun yarmidan oqqan edi. U holdan toydi, boshi aylandi, biroq o‘zidan mamnun kayfiyatda qo‘nishdan oldin sohil ustidan keng doira hosil qilib, yerga tushguncha esa bir karra charxpalak yasab, keyin qo‘ndi. «Ularga buning hammasini aytib bersam, ular bu Kashfiyotlarni eshitsa, boshlari osmonga yetguday xursand bo‘lishadi, — deb o‘yladi Jonatan. — Endi hayot juda qiziqarli bo‘ladi! Avvallari zerikarli mayda tashvishlarda — qirg‘oqdan kemaga, kemadan qirg‘oqqa uchib-qo‘nib umr o‘tardi, endi parvozning mazmuni o‘zgacha bo‘ladi, endi uchishda katta maqsad bo‘ladi!»
«Bizda g‘aflatni tark etishga imkonimiz bor, biz o‘zimizdagi kuch-qudratni, aql-idrokni ishga solishimiz kerak. Biz o‘z ozodligimizni qo‘lga kiritishga qodirmiz. Nihoyat biz chinakam parvozga o‘rgana olamiz!»
Oldinda quvonchlarga to‘la, orzu-umidlarning ushalishini daraklayotgan baxtiyor damlar kutayotir, ochilayotgan beqiyos imkoniyatlarning ishtiyoqida yurak hapqiradi.
Yerga qo‘nib, Jonatan To‘daning umumiy majlisi ustidan chiqqaniga guvoh bo‘ldi. Majlis allaqachon boshlangan, oqcharloqlar Jonatanni kutishayotgandi.
— Oqcharloq Jonatan Livingston! — Jamoa oqsoqoli xuddi tantanali marosimdagiday dabdabali ohangda gapirdi. — Sen Oqcharloqlar Kengashi muhokamasiga chaqirilgansan!
Kengashga chaqirish kimnidir muhokamaga tortib sharmandayu sharmsor qilmoqni yoki olqishlarga ko‘mmoqni anglatardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:36:04

«Tushunarli, — o‘yladi Jonatan, — demak, gap ertalab nonushta mahali ro‘y bergan voqea haqida. Ular mening To‘dani yorib uchib o‘tganimni ko‘rishgan! Biroq olqishu maqtovlarning menga keragi yo‘q. Sardor bo‘lishga ham xohishim yo‘q. Men o‘zim kashf etgan usullarni o‘rgatishim, aslida har birimizda bor bo‘lgan aql bovar etmaydigan imkoniyatlarni namoyish etishim mumkin, xolos.»
U shu o‘ylar bilan Kengash ahli davrasi tomon odimladi.
— Oqcharloq Jonatan Livingston! — davom etdi o‘sha ohangda jamoa Raisi. — O‘rtaga o‘t, qilmishlaring uchun ta’na-dashnomlarni eshit, To‘dadagi birodarlaring guvoh bo‘lishsin buning barisiga...
Bu zardali gaplar xuddi tomdan tarasha tushganday qo‘qqisdan aytildi — Jonatan boshiga zarba yeganday gangib qoldi. Tizzalari qaltiradi, qanotlari shalvirab tushdi, quloqlari esa tushinarsiz shovqindan tom bitdi. Sharmandalik? To‘daning o‘rtasiga — ta’na-dashnom eshitish uchun?! Biroq bunday bo‘lmasligi kerak! Axir, u kashfiyot qildi-ku! Ular buni tushunmabdi! Bu yerda qandaydir tushunmovchilik bor! Ha-ha, xato qilishayotir, ular nohaq!
— ... zotan, sen yo‘l qo‘ygan mislsiz beandishalik va mas’uliyatsizlik Oqcharloqlar Jamoasining yuksak axloqiy an’analarini oyoq osti qilish bilan barobarki, shu bois, sen sharmandayu sharmsor etilishga loyiqsan...

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:36:28

Umumiy majlisda ta’na-dashnom olgan jamoa a’zosi, albatta, Oqcharloqlar Jamoasi safidan quvg‘in qilinadi. To‘dadan haydalib, Olis Qoyalarga surgun etilgan quvg‘indi oqcharloqning qismati esa yolg‘izlikka mahkumdir.
— ... va sen — Oqcharloq Jonatan Livingston — bir kun kelib mas’uliyatsizlik qanday oqibatlarga duchor etishini anglab yetasan. Bizga hayot mohiyatini anglashga urinish buyurilmagan. Faqat bir narsa ayon: bu dunyoga biz rizqimizni topib yeyish va shuning evaziga imkon boricha uzoqroq umr ko‘rish uchun kelganmiz, xolos.
Kimki Oqcharloqlar Kengashi muhokamasiga tortilgan bo‘lsa, To‘da ahli bilan majlisda bahslashishi taqiqlangan edi, biroq Jonatan o‘zini tutib turolmadi:
— Beandishalik deysizmi?! — xitob qildi u. — Sizlarga nima bo‘ldi, birodarlar?! Hayotning mohiyatini tushunishga urinish, katta maqsadlarga olib boradigan yo‘llarni izlash — axir, buning nimasi beandishalik? O‘zingni bu olijanob ishlarga bag‘ishlash — mas’uliyatni to‘la his etish-ku! Axir, biz hozirgacha nimani tushunib yetdik — baliqning ichak-chavog‘ini talashib minglab yillarni boy berdik... Endi bizda ibtidomizni — nima uchun yashayotganimizni anglash imkoniyati paydo bo‘ldi. Kashf etish, tushunish, ozod bo‘lish imkoniyati! Menga bir martagina imkon bering, nima topganimni ko‘rsatishga izn so‘rayman...
Jonatanning qarshisidagi To‘da tosh qotdi.
— Biz senga birodar emasmiz, yo‘ldan ozgan?! — bir ovozdan baqirdi oqcharloqlar va quloqlarini mahkam bekitishib unga orqa o‘girib olishdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:36:53

Qolgan kunlarini Oqcharloq Jonatan Livingston yolg‘izlikda o‘tkazdi, u Olis Qoyalardan ham uzoqroqqa uchib ketgan edi. Uning bag‘rini ezayotgan alam yolg‘izlik azobi emas, balki oqcharloqlarning yuksak parvoz shavqini tuyushni istamagani edi. Ular ko‘zlari ochilishini va olamni ochiq ko‘z bilan ko‘rishni rad etishdi.
Kun osha Jonatanning bilimi ortib bordi. U katta tezlikda sho‘ng‘ishni o‘rganib olgach, o‘n futlar suv ostida to‘da-to‘da bo‘lib suzadigan kamyob va juda xushta’m baliqlarni ovlay boshladi. Endi uning tirikchilik g‘amida baliqchi kemalarga uchib-qo‘nib yurishiga, mog‘orlagan, ivib ketgan non bo‘laklariga ehtiyoji qolmagan edi. U endi, yo‘lidan adashmay, uchayotib ham uxlab olishga o‘rgandi. Bunda unga tunda quruqlikdan esadigan yengil shabada qo‘l keladi, kun botgandan tong otgunga qadar yuzlab mil masofani shu zayl bosib o‘tadi. Jonatan quyuq dengiz tumani orasida uchishda ham o‘zining ichki nazorat tartibini saqlay bildi, muntazam yuqorilab parvoz etib tumandan tepaga — shaffof osmonga ko‘tarila bildi... bu payt boshqa barcha oqcharloqlar yer bag‘irlab o‘tirar va ularning ko‘rgan-bilgani faqat yomg‘iru rutubatli g‘ira-shira qorong‘ulik edi. Yuksak-yuksaklarda yelday uchgan Jonatan esa qirg‘oqdan uzoqlarga — quruqlikning ichkarisiga kirib borar, bu joylarda turli-tuman hasharotlar — mazali ozuqalar serob edi.
U erishgan ne’matlaridan yolg‘iz o‘zi bahramand bo‘lar, ularni To‘dadagi barcha oqcharloqlar bilan baham ko‘rishni niyat qilardi. U chuqur shamollarga basma-bas uzoq-uzoqlarga uchishni o‘rgandi va bu yo‘lda chekkan ranju alamlariga hecham o‘kinmadi.
Yurakni siqadigan xunobgarchilik, qo‘rquv, kin-adovat — umrning zavoli. Shuni anglab yetib, Jonatan fikru xayolini diqqatbozlikdan, qo‘rquv va adovatdan xalos etdi va chinakam baxt-saodatga muyassar bo‘ldi.

Qayd etilgan